Botqoqdan binafsha izlaganlar
Federiko Garsia Lorka. Eng qaygʻuli shodlik. Odam bolasining hayotida hadeb ham aql peshvolik qilavermaydi, baʼzan-baʼzan junun degan ichkin bir bezovtalik yuzaga chiqishi ham bor. Bu hol peshonasini chitroʻmol bilan tangʻib bogʻlagan dehqondayam, boʻynini boʻyinbogʻ bilan sirib qisgan amaldordayam sodir boʻlib turadi. Chunki inson tiynatida, xamirturushida tabiatdan yuqqan isyon bor – u gohi-gohi bosh koʻtarib qoladi.
Lorka janoblari ana shu jununni goʻyo musavvirdek chizib koʻrsata bilgan, hech bir shaklga sigʻmaydigan jazavalarni soʻzlar handasasiga solgan, iztiroblarni majoz orqali qurama shakllarga puxta yashira olgan shoirdir. Koʻhna ispan xalq ogʻzaki ijodi bergan quvvat esa uni chinakam ruhiyat va timsol qiroliga aylantirdi. Baqalar, chigirtka-yu kapalaklar, qoʻngʻiz-u shilliqqurtlardan tortib oyu yulduzlargacha – barini satrlarga birma-bir bogʻlab chiqqan Lorka inson iztirobi nomli manzarani chizadi.
Lorkaning chinakam oshigʻi va omonatdor tarjimoni Shavkat Rahmon taʼbiri bilan aytganda, “gul yigʻisini sheʼrda yangratgan” shoir butun yozganlarida allanechuk tushunarsiz chiziqlardan, qorishib yotgan ranglardan favqulodda tushunarli adabiyot yaratgan edi. Bugun ikki karra ikki toʻrtdek sap-sayoz yozmalardan, minbarlarda atayin yasama bayramona tus berib oʻqilayotgan maddoh tizmalardan qochib eson-omon uyimga yetib olsam, xuddi yuragi oʻynagan odam korvalolga chopganday, men ham Lorkaga oshiqaman. Kitobning istalgan varagʻini ochaman-da, masalan:
Shivit, ilon, qamish,
hid va iz, soya,
havo, yer, yolgʻizlik.
(Oyga uch zinapoya), –
degan satrlarini yoki:
Qurigan oʻtlar yoʻldan
borar daryo boshiga.
Bu yoʻl yorugʻ, ulugʻdir –
borar daryo boshiga.
(Yoʻlga tushmaymizmi deb,
yurak gʻamgin soʻraydi), –
kabi misralarini yutoqib oʻqiyman. Yuragimga Andalusiyaning bepoyon kengliklari havosi va inson deb atalmish yaratiqning qafasga solib boʻlmas ruhi inadi. Shunda manovi hayot deb atalgan moddiyat olamining zil-zambil yuki yelkamdan tushib, oʻrnida chayir qanotlar oʻsa boshlaydi. Atrofimdagi odamlar gul, minora, shamol, kaltakesak, chivin kabilarga aylanib, tabiatning ziynati va... sarqiti boʻlib soʻzlay ketadilar. Shoir meni zamindan uzib, ramzlar olamiga gʻarq qiladi.
Shu oʻrinda oʻzining, qilich ruhining ispancha muqobilini adashmay topa olgan Shavkat Rahmonga tasanno deyman. Ruscha tarjimadan koʻngli toʻlmay, sakkiz oy ichida ispan tilini oʻrganib, Lorkani asliyatdan tarjima qilishni uddalagan shoir matonati meni hamon hayratda qoldiradi. Lorkaning oʻzi aytgan – beligacha botqoqqa botib binafsha izlash, qora mehnat bilan yop-yorugʻ dunyolar yaratish asli mana shudir balki...
Siylov ortidagi sinov
Onore de Balzak. Muhabbat tilsimi (Sagʻri teri tilsimi). “Tila tilagingni!” deguvchi qudrati cheksiz hojatbaror personajlar dunyo xalqlari ogʻzaki va yozma ijodida, xususan, ertak va rivoyatlarda istagancha topiladi. Ularning qiyofasi, shakl-shamoyili esa turfa. Masalan, ruslarda teshik togʻoradan qutqarib koʻshk-saroy tuhfa qiladigan tilla baliq, armanlarda tukdor sumbati va yakka koʻzi bilan oʻta vajohatli koʻrinadigan, biroq oʻzi rahmdil dev, arab xalqlarida koʻzadan chiqib keluvchi jin, bizda goh turna yo laylak, goh moʻysafid chol yo kampir, uchratib qolganda bosh barmogʻini mahkam ushlab olish kerakligi uqtiriladigan Xizr siymosida keladi. Nega bunday qahramonlar barcha xalqlar adabiyotida keng tarqalgan? Odam zoti yaralibdiki, hamisha sehr-makrga ishqiboz, moʻjiza roʻy berib tez va oson boyish, kuchli va qudratli boʻlish istagi yuragida har doim lovillab turadi. Qizigʻi shundaki, hojatbaror mavjudot odam bolasiga qay yoʻsinda, qay makon va qay fursatda roʻpara kelmasin, albatta bir sharti, toʻlash ogʻir boʻlgan tovoni boʻladi – bajargan odamga yo tole kuladi, yo... Balzak oddiy bir parcha hayvon terisini ana shunday jodu vositasiga aylantirib, butun boshli roman yaratgan sehrgar adibdir.
Fizika qonuniyati jihatdan oʻylab koʻrilsa, issiqda yoyilib-yumshab, sovuqda tortishib-tirishib qolish har qanday tabiiy teriga xos xususiyatdir. Biroq har tilak aytganda oʻsha bir parcha terining kichrayishi va inson umri ham shunga mos ravishda poyonlab borishini oʻzaro bogʻlab falsafa yaratish muallifning ulkan mahoratiga shohidlik beradi. Gʻayritabiiy cholning almisoqdan qolgan doʻkonidan, lash-lushlar ichidan hayotdan siqilib yurgan bir sharqshunos yigitga taklif etilgan parcha matoh – sagʻri teri bu dunyoning ramzi-timsoli asli!
Asarni talabalikda – semestr imtihonlarini topshirish mahali, xonadoshlar bitta buxankaga chaqalab pul toʻplagan kezlarimizda, yaʼni hayotimizga sehr, moʻjiza juda zarur boʻlib turgan bir choqda oʻqiganim uchun, anavi sharqshunos yigit ham oʻzimizga oʻxshab yupungina, rangpargina, tushkungina boʻlgani uchun, menga qiziqarli voqealar yigʻindisidek, taxminan “Sariq devni minib” asaridek taassurot qoldirgan edi. Biroq yoshim ulgʻaygan sari, boshimdan issiq-sovuq oʻtgani sari, bu dunyo hech narsani shunchaki, evazsiz bermasligini anglaganim sayin Balzakning tagdor falsafasini tushuna boshladim.
Mening sharqshunos Rafaeldan nima kamim bor? Qirqqa kirgunimcha hayot menga cheksiz mukofotlar berdi – ularning sanogʻi yoʻq, Yaratgan Egam yorlaqab ne martabalarga erishdim, taqdir siylab ne orzularim amalga oshdi, ilhom koʻnglimga baqamti kelib nelardir yozdim... Biroq olayotgan har bir nafasim boy berishlar, yoʻqotishlar, oʻrni toʻlmas achchiq toʻlovlar evaziga boʻlayotganini bilmaymanmi?! Hech qachon choʻkmaydigan togʻlardek koʻringan ota-onam nurab borayotgani, yoshligim tashlab ketgani, qalbimni kuzgi bogʻlar xazonidek ustma-ust armonlar egallagani, begʻubor yillarda topgan doʻstlarim manfaatlar boʻronida yoʻqolib-yitgani, aziz ustozlarim birma-bir tark etgani – bular bari “sagʻri teri”mning qanchalik tez qisqarib borayotganiga isbot emasmi?! Balzak daho adib edi. U faqat insongagina xos boʻlgan fikr va shukr tushunchalarini bir parcha teri ustida jamladi. Tilaklar va imkonlar, orzular va armonlar bahsini bir boʻlak matoh misolida koʻrsatdi. Bechora yigit orzu qilishdan, tilak aytishdan ham qoʻrqish mumkinligini mening, sizning, butun bashariyatning oldida isbotladi.
Shukrki, bizda taʼlimot boshqa, eʼtiqod boshqa. Bizda sagʻri terilar emas, duolar bor. Oʻzini shart daryoga tashlab oʻlib ketaverishdan avval ota-onani, farzandlarni oʻylamoq neʼmati, farosati bor. Biroq Balzak jamiyat ogʻrigʻini donishmandona idrok etib, uning yuziga koʻzgu tutdi. Darvoqe, farang adibi bilan bir yilda tugʻilgan rus shoiri Pushkin (1799-yil) ham ertak yoʻsinida boʻlsin, “Oltin baliq” fojiasini bitgan edi. Daholar – insoniyatning Haq oldida ojiz ekanini anglatuvchi xoslardir.
Hayot ustidan oʻqilgan hukm
Chingiz Aytmatov. Tanlangan asarlar. Qissalar. “Sharq” nashriyotida ishlab yurgan kezlarim. 2016-yil 30-may kuni jonimizning bir parchasini yulganday boʻlib oʻzbek adabiyotining yana bir ustuni, chinakam ustoz, dilbar shoir, noyob shaxs Erkin Vohidovni ulkan izdihom ishtirokida tuproqqa qoʻydik. “Chigʻatoy”dan ikki aka-uka, Erkin akaning chin oshuftalari – Ahror Ahmedov va kamina bir-birimizga suyanishib qaytar ekanmiz, toʻsatdan Ahror aka soʻrab qoldi:
– Erkin akaning hamma sheʼrlari sizda jam boʻlib turibdimi?
– Ha, tap-tayyor, – dedim uning miyasiga yangi bir gʻoya kelganini anglab.
Gap shundaki, ustozning vafotigacha uning sakkiz jildga moʻljallangan asarlar toʻplamining dastlabki toʻrt jildi chop etilgan, ularni Erkin akaning oʻzi ham koʻrishga ulgurgan edi. Bu toʻrt jildda shoirning faqat nazmiy ijodi kulliyot sifatida tayyorlangan edi.
– Biron nima qilmasak, yurakning hovuri bosilmaydi, Nosirjon! – dedi Ahror aka.
Shu “biron nima” oradan bir oz vaqt oʻtib muhtasham kitoblar turkumini boshlab berdi. Bu turkumdagi kitoblar qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi.
Xullas, muvaffaqiyat ila boshlangan seriya jahon adabiyotiga ham koʻchdi, keyingi kitob Chingiz Aytmatov qissalaridan iborat jamlanma boʻldi. Vafo Fayzulloh yigʻib turgan 10 ta qissani zudlik bilan nashrga tayyorlab, ikkinchi oʻqni ham nishonga bexato urdik. Oddiy oʻquvchidan tortib amaldorlargacha bir-biriga sovgʻa qiladigan goʻzal kitob dunyoga keldi.
“Sarvqomat dilbarim”ni eng avval – oʻsmirlik yillarim oʻqiganim bois uni muallifning boshqa asarlaridan koʻproq yaxshi koʻrganman. Moʻylabim endi sabza urayotgan vaqtlardayoq Ilyos boʻlib yashaganlarim, uning iztiroblarini tuyganlarim yodimda. Hatto unikiga oʻxshash yuk mashinalarini koʻrib qolsam, xayolan necha bor rul chambaragida Ilyos boʻlib oʻtirganim-u necha bor yoʻldan qizil durrachali qizni yonimga oʻtqazganimni oʻzim bilaman. Keyin Toshkentga oʻqishga kirib, Qamchiqdan har oʻtganda Pomirdagi Ilyos ishlagan dovon ham shunday boʻlsa kerak, yoʻldagi Tangatopdi, Koʻkkoʻl, Serkaqirildi degan qishloqlar Asal yashagan joylardek boʻlsa kerak, deb oʻylar edim.
Keyin-keyin Aytmatovni butunlay xatm qildim. Hatto “Qiyomat”ni bir oʻtirishda, yetti soatda joyimdan jilmay oʻqib tugatdim. “Jamila”dan tortib “Oq kema”gacha barcha qissalarni deyarli yod oldim. Qissalar bamisoli qoʻshiq, romanlar yaxlit bir girya edi.
Toʻgʻri, hammaning oʻz Aytmatovi bor. Ammo men uchun u olislardagi qoʻl yetmas yozuvchi emas, har kuni bir piyola choy ustida suhbatlashib oʻtiradigan qadrdon inson. Mushtariylar manmanlikka yoʻymasinlar, feʼl-atvorimdan kelib chiqib aytamanki, agar men Remark, Dumbadze yo Aytmatov bilan teng-toʻsh, zamondosh boʻlganimda, adabiy maqomdan qatʼi nazar, ular bilan yaxshi doʻst boʻlardim.
Aslida, ulkan isteʼdodlar toqqa, ummonga, dashtga oʻxshaydi – bir dona tosh olsang yo qoʻysang, bir hovuch suv ichsang yo quysang, bir kaft tuproq ayirsang yo uysang, oʻzgarib qolmaydi. Ular kichraymaydi. Yana nazarimda, isteʼdod egalari ikki xil boʻladi: birinchisi – buyuk sanʼatkor, ular yuksak izhorlar bilan cheklanadi, bundaylar koʻp; ikkinchisi – shaxslar, ular hayotni, his-tuygʻularni, umuman, borliqni beayov tahlil qila oladi. Bu toifadagilar shunchaki asar yaratmaydi, balki hayot haqiqatini koʻrsatib beradi. Chingiz Aytmatov ham hayot ustidan hukm oʻqishga qodir adib edi.
Boʻyalmagan qiyofalar
Shukur Xolmirzayev. Saylanma. Besh jildlik. 1-jild. Hikoyalar. Dastlab sakkizinchi sinf adabiyot darsligida “Oʻzbek xarakteri”ni oʻqib, vijdon azobi degan tushunchani aniq-tiniq anglagan edim. Boysun dalalarida boʻlib oʻtgan voqeani qishlogʻimdagi odamlar va paxtazorlarga koʻchirib koʻp dilgir boʻlib yurganman. Birinchi kursligimizda esa Aziza ismli kursdoshim ul-bul qoralab turishimni bilib, Shukur Xolmirzayevni oʻqishingiz kerak, deb qoʻlimga bir jurnal berdi. Jurnalda adibning “Bodom qishda gulladi” degan hikoyasi bosilgan ekan. Qizigʻi, qahramon – bemor yigit otdoshim ekan. Shu-shu Shukur Xolmirzayevga mubtalo boʻldim.
Bizga oʻxshagan Shukur akaning ishqibozlari uchun bir-ikki yildan soʻng uning tomligi nashr etila boshlandi. Men ham uning ulkan ijodini bir boshdan oʻqimoqqa tushdim. Toʻgʻri, ungacha Chexov va Qahhor, fransuz hikoya ustasi Andre Morua laboratoriyasiga bir qur bosh suqib koʻrgan edim. Biroq Shukur Xolmirzayev togʻlar-u kakliklari, jaydari odamlar-u hayotiy voqealari bilan chin maʼnoda oʻzimizniki edi.
Meni hamisha hayratga soladigan jihat: adibda bironta toʻqima voqea, sunʼiy xarakter yoki yolgʻondakam drama yoʻq. Indallosini aytganda, u kundalik yozib yurgan-u har bir yozgani keyinchalik hikoyaga aylangandek tuyuladi menga. Bunday sodda va ortiqcha ohanjamasiz yuksak badiiy asar yaratish, oddiy odamlarning joʻn turmushidan chinakam drama yasay olish uchun oʻsha hayotda yashab koʻrish kerak.
2003-yilning kech kuzi. Men u kezlar Iqbol Mirzo bilan Rahmon Qoʻchqor davrasiga ergashib yurardim. Ular esa haftada bir marta Nabijon Boqiyning Doʻrmondagi dalahovlisida osh qilib, tongotar suhbatlar qurishardi. Oʻsha davralarning birida meni nima jin urdi-yu Oʻtkir Xidirov degan shoir akamizning koʻcha eshik oldida turgan yap-yangi mashinasini minib koʻrmoqchi boʻldim. Hali rulga oʻtirmagan men notavon uni beton ustunga qarsillatib soldim. Hovlidan yugurib chiqqan akalar mening ahvolimni koʻrib indashmadi, biroq oʻrtaga muztarlik tushdi. Kamina esa, Iqbol aka taʼrifi bilan aytganda, magʻrur qahramondek rulda oʻtirardim.
Mening “sharofatim” bilan hech kimga osh tatimay turganda, koʻcha tomondan “Nabi, uydamisan?” degan qaldiroqdek ovoz keldi – Shukur aka ekan. “Rahmon bilan Iqbol kepti, bir uramizmi deb chiqyotuvdim, kelgunimcha urib boʻlibsanlar-da...” dedi u koʻchaga – majaqlangan mashinaga ishora qilib. Uning tashrifimi, kelasolib tagdor hazil qilishimi, hammadan gʻuborni chiqarib yubordi. Adabiy suhbatdan davra qoʻr oldi. Shukur aka mening hozirgacha u haqda eshitgan “afsona”lar taʼsirida paydo boʻlgan tasavvurimga zid oʻlaroq, davra toʻrida chinakam metin qoyadek, oʻzbek adabiyotining muhtasham ustunidek turar, har bir gapini dalillab, salmoqlab gurung berar edi.
U gapiryapti-yu shu vaqtgacha oʻqigan hikoyalarim birma-bir xayolimdan oʻtadi: asarlardagi goh kaklik ketidan poylab yurgan oʻsmir yigitcha, goh shahardan qishloqqa borib boychechak teradigan boysunlik, goh qaysidir darada gulxan atrofida oʻtirgan ovchilar – hammasi Shukur aka boʻlib koʻrina boshlaydi. Shunda adib guldirak ovozi bilan yana meni hayratda qoldiradi:
– Rahmon, manavi behilarga qara! – deya u hovli girdida tarvaqaylab oʻsib yotgan, har bir mevasi kosadek keladigan daraxtlarga imo qiladi. – Mana shu behilarga qarasam, oʻpkam toʻlib ketadi – rangimi, ustidagi mayin tuklarimi qanaqadir maʼyuslikni eslataveradi menga!
Davradagilar jim qolishdi, oqsoqol kuz tasvirini shu qadar aniq chizib bergan ediki, hatto Nabi akaning koʻzida yosh gʻiltillab ketdi. Adib hammaning koʻnglida kuzning faromush lahzalari, ezgin xayollari, otini topib boʻlmaydigan nedir shikastaliklari boʻlishini shu birgina taʼrifda ifodalab bergan edi.
Shukur Xolmirzayev oʻsha gurungdan ikki yilcha oʻtib vafot etdi. Qalbimda uning oʻsha chehrasi, qoʻlimda tomligi qoldi. Garchi dastavval uch jild (ikki jildda hikoyalar, uchinchisida esselar) nashr etilishi belgilangan boʻlsa-da, vaqt oʻtib qissa va romanlari jamlangan 4-5-jildlar ham chiqdi. Oxirgi ikki jildni muallifning oʻzi koʻrganmi-yoʻqmi, bilmayman, ammo ularni oʻzbek adabiyoti koʻrdi. Alqissa, adabiyot oʻlmadi, oʻlmagay!..
Nosirjon JOʻRAYEV,
Shoir.
“Tafakkur”jurnali, 4-son.
“Huzunvor xurramlik” maqolasi
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q