Oilasi o‘zi xizmat qilgan hukumat tomonidan o‘ldirilgan ayol – birinchi o'zbek aktrisasining fojiali qismati


Saqlash
17:54 / 26.12.2024 105 0

Atoqli o‘zbek teatr va kino aktyori, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq artisti Zikir Muhammadjonov (19212012) hayoti davomida sahnada va kinoda ko‘plab obrazlar yaratgan, o‘zbek sahna san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan siymolardandir.

 

Z.Muhammadjonov sahnadagi sermahsul faoliyatidan tashqari ko‘plab san’atkorlar haqida ko‘rgan-bilganlari va xotiralarini qog‘ozga tushirib, kelajak avlodga qimmatli manbalar qoldirgani ma’lum.

 

Birinchi o‘zbek aktrisalaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Ma’suma Qoriyeva tavalludiga bu yil (2018) 116 to‘lmoqda. Shu munosabat bilan quyida Zikir Muhammadjonovning ushbu aktrisa xususidagi xotiralarini to‘ldirilgan holda e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Mazkur xotira-esse o‘quvchilarimizga Ma’suma Qoriyevaning shaxsi, san’atkor sifatidagi qiyofasi, qalb jasorati haqida keng tasavvur beradi.

 

O‘zbekiston xalq artisti Ma’suma Qoriyevaning haqiqiy ismi Sa’diya Nizomiddinova edi. U aslida tatar qizi bo‘lib, o‘zbeklar ichida o‘sib-ulg‘aydi va shu tariqa o‘zbek qiziga aylangandi. O‘tgan asrning boshlarida rus, tatar va ozarbayjon teatr truppalari o‘lkamizga gastrolga kelib, turli tomoshalar namoyish etardi. 1916-yilda 15 yoshli Ma’suma Bokudan Toshkentga gastrolga kelgan teatr truppasi a’zolari ijrosida “Layli va Majnun” spektaklini tomosha qilishga muvaffaq bo‘ladi. Hatto teatr truppasi rahbari Sidqi Ruhillodan iltimos qilib, ommaviy sahnalarda ishtirok ham etadi. Shu-shu qizcha sahnaga maxliyo bo‘ladi-yu, aktrisa bo‘lish orzusi bilan yashaydi. O‘zbek ayolining sahnaga chiqishi favqulodda hodisa hisoblanardi. Ana shu sharoitda cho‘chimay, dovyuraklik bilan sahnaga otilgan xotin-qizlardan biri Ma’suma Qorievadir.

 

O‘sha yillari taraqqiyot yo‘liga tushgan, o‘zlarini “jadid” deb nomlagan yoshlardan bir nechtasi teatr tuzish payida bo‘ladilar. Chor Rossiyasining Toshkentdagi general-gubernatoriga sovg‘alar taqdim etib, “Layli va Majnun” spektaklini qo‘yishga ruxsat so‘raydilar. Ayyor general-gubernator sovg‘alarni mamnunlik bilan qabul qiladi-yu, hal etishni boshidan soqit qilib, Peterburdan ruxsat olib kelishlariga ruxsat berganday bo‘ldi. Bunday uzoq safarga borib, byurokrat amaldorlar eshiklarini qoqib, olti oydan so‘ng, spektaklni faqat bir martagina ko‘rsatishga ijozat olib qaytadilar. Garchi bir marta bo‘lsa ham ular zavq-shavq bilan ishga kirishadilar. Ammo shariat ayol kishining sahnaga chiqishiga monelik qilardi. Ma’suma Qoriyeva toshbo‘ronga tayyor turgan holda rol ijro etishga kirishadi. Boshqa ayol rollarini erkaklar ijro etishga majbur bo‘lgan edi. Spektakl shu qadar muvaffaqiyat bilan chiqqan ediki, bir marta ijro etib kifoyalanishga hech kim rozi bo‘lolmasdi. Nihoyat, pyesani ruschaga tarjima qilib, yana amaldorlar eshigiga yugurishdi. Xullas, har safar spektakl qo‘yilmoqchi bo‘lar ekan, albatta, shunday to‘qnashuvga duch kelishlari aniq edi.

 

Ma’sumaxonim Mannon Uyg‘ur rahbarligida Toshkentda tashkil etilgan o‘zbek teatr truppasida qabul qilinadi. Truppa aktyorlaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Sayfi Olimov M.Qoriyevani eslab shunday deydi: “Dastlabki yillarda truppada ayollardan yolg‘iz uning o‘zi ishlagan. Tashviqot poyezdida shaharma-shahar kezgan. U tabiati bilan san’at fidoyisi edi. Shuning uchun ham hamisha odamlar ichida bo‘lar, xalqqa xizmat qilgisi kelardi”.

 

O‘zbek teatri truppasi rahbari Mannon Uyg‘ur Ma’sumadagi talantni ko‘rib, unga hamisha yordamlashgan va deyarli hamisha bosh rollar ijrosini ishonib topshirgan. Shu tariqa u G‘.Zafariyning “Halima”, Cho‘lponning “Yorqinoy”, U.Hojibekovning “Arshin mol olon”, F.Shillerning “Makr va muhabbat”, H.Jovidning “Shayx San’on”, Xurshidning “Layli va Majnun” pyesalarida Halima, Yorqinoy, Gulchehra, Luiza, Xumor va Layli rollarini mahorat bilan ijro etib, el-yurtga tanila bordi. U lirik rollarni qiyomiga yetkazib, tomoshabinlarga taqdim etgan.

 

30-yillarga kelib, M.Qoriyeva o‘z talantini, san’atkorlik qudratini A.Faykoning “Portfelli kishi” (Buvi), N.Pogodinning “Mening do‘stim” (Kseniya), M.Gorkiyning “Yegor Bulichev va boshqalar” (Varvara) asarlarida sinab ko‘rishga jazm etadi. Mazkur asarlardagi bir-biridan tubdan farq qiluvchi uchala obraz uning ijrosida yanada tiniqlashadi va sayqal topadi. Xalqimizning sevimli san’atkori Sora Eshonto‘rayeva o‘sha yillarni xotirlab, shunday deydi: “Men M.Qoriyevani ustozim deb bilaman, mening sahnaga chiqishimda uning juda katta xizmati bor. Shuningdek, qator obrazlar yaratishimda ham hamisha unga suyanardim. “Portfeli kishi spektaklida men Gogo rolini, Qoriyeva esa mening buvim rolini ijro etdi!”. Aktrisa “Gamlet” fojiasidagi shahzodaning onasi – Gertruda obrazini yaratish uchun ko‘p yillar mobaynida tayyorgarlik ko‘rdi. So‘zlarni qayta-qayta yod oldi, tinimsiz izlandi. Oqibatda Shekspir tragediyasidagi ushbu Gertruda obrazi ishqda ehtirosli, ayni paytda farzandi Gamletga g‘amxo‘r va mehribon ayol sifatida sahnada namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, asarning so‘nggi ko‘rinishlaridagi Gertrudaning o‘zini o‘g‘li oldida gunohkor sezishi tomoshabinda bu obrazga nisbatan xayrixohlik to‘yg‘usini uyg‘otadi.

 

Bu obrazni M.Qoriyevadan tashqari ko‘plab aktrisalar, xususan, uning shogirdlari ham ijro etdilar.

 

Meni teatrga ishga qabul qilishgan yillari zamon alg‘ov-dalg‘ov edi. Har kuni kimningdir yaqin kishisi hibsga olingani haqida xabar topardik. Aktyorlarimiz bir-birlari bilan ko‘rishganlarida sekingina: “Tinchlikmi?” deb so‘rab qo‘yishardi. Jamoa a’zolari ayniqsa, Mannon Uyg‘urdan xavotirlanar, u kishi teatrga kirib kelishi bilan hamma “Xudoga shukr” deganday quvonib ketishardi. Chunki u kishining safdoshlari allaqachon hibsga olingan edi. Biz mashhur yozuvchi, dramaturg, teatrning direktori Ziyo Saidning qamalishi Mannon Uyg‘ur taqdiriga ta’sir etadi, deb o‘ylardik. Og‘aning bo‘layotgan voqealardan ich-ichidan qayg‘urayotgani sezilib turardi. Har kuni teatrga kirib kelishi bilan biz – yoshlar Og‘a huzuriga kirar ekanmiz, sochlaridagi oqlarning ko‘payotganini ko‘rib, yuragimiz ezilardi. Og‘aning bu qayg‘ulardan beli bukchayib ketgandi. Hatto bir kuni sahnaga qo‘ltiqlab olib chiqqanimiz esimda.

 

Bir kuni endigina repetitsiyani boshlamoqchi bo‘lib turgan edik, Ma’suma Qoriyeva to‘g‘ri Og‘a huzuriga keldi-yu, o‘zini uning bag‘riga tashladi. Ma’lum bo‘ldiki, u kishining ham boshiga tashvish tushgan. Uning turmush o‘rtog‘i, o‘sha zamonning ma’rifatparvarlaridan bo‘lib, katta idoralardan birida rahbarlik lavozimida ishlardi. Mas’uma Qoriyeva o‘zini biroz tutgach, Bosit Qoriyevni ham kechasi olib ketishganini aytdi. Mannon Uyg‘ur biroz sukutdan keyin M.Qoriyevaning yelkasiga qo‘l qo‘yib, “dadil bo‘l” ishorasini qildilar. Ha, o‘sha yillari biror narsa deb hamdardlik qilish ham xavfli edi. Artist Muhsin Hamidov bir yozuvchi qamalganida “noto‘g‘ri” deb yuborgani uchun bir necha kun so‘roq berganini hammamiz bilardik. Qamalgan kishining oilasi, bola-chaqasi, hatto yaqin tanish-bilishlarining ham ahvoli tang edi. Ayniqsa, oila a’zolari ko‘p narsadan chetlatilardi. Ana shunday fojia Ma’suma Qoriyevaning ham boshiga tushdi. Ijodkor uchun ijoddan chetlatilish barchasidan ham mudhishdir.

 

1939-yil Hamza Hakimzoda Niyoziy vafotiga o‘n yil to‘lishi munosabati bilan uning “Boy ila xizmatchi” pyesasi Komil Yashin tahriri bilan qaytadan sahnalashtiriladigan bo‘ldi. Asarni talqin etish mashhur rejissyor Yatim Bobojonovga yuklatildi. Pyesada rollar nihoyatda ko‘p bo‘lib, har biri alohida sayqal bilan tasvirlangan. Aktyorlar shunday pyesalarda obraz yaratishni orzu qiladilar. Ayniqsa, ayollar obrazi shu qadar ko‘p ediki, bundan teatr jamoasi xotin-qizlari mamnun bo‘lgan edilar. Rol taqsimotida M.Qoriyevaning nomi chiqmadi. Bunga faqat aktrisa emas, balki hamma hayron bo‘ldi. Chunki u kishi ijro etishi mumkin bo‘lgan rollar ko‘p edi. Bunda teatr rahbarlarining, ayniqsa, Yatim Bobojonovning aybi yo‘q ekanligi ma’lum bo‘lsa-da, Ma’suma Qoriyevadan sababini so‘rashganida, u yelkasini qisib qo‘ydi. Demak, aktrisa shubha ostiga olingan.

 

1939-yili Katta Farg‘ona kanaliga butun san’at jamoalari qatori Milliy teatr jamoasi ham otlandi. Ammo boradiganlar ro‘yxatida M.Qoriyevaning nomi yana chiqmadi. Demak, u kishini chetlashtirish haqida buyruq berilgan. Safardan qaytishimiz bilan teatr jamoasining bir necha yoshlari u kishidan xabar olgani uylariga bordik. Ma’suma opa har safargidek endigina o‘sha idora eshiklaridan qaytgan ekan. Ikki o‘g‘illari bizni kutib oldi. Ma’suma opa eshikdan kirib, bizni bag‘irlariga bosdi. Shu bir oy ichida insonning bu qadar o‘zgarib ketishi mumkinligini Ma’suma Qoriyeva misolida birinchi bor ko‘rgan edim.

 

Aytishlaricha, hali biror marta erlari bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. Hatto, xat olish ham taqiqlangan. Ularga siyosiy mahbus deb qaralar, “xalq dushmani”ga chiqarishgan edi. Ma’suma opaning aytishlaricha, o‘g‘illariga ta’na toshlari otilaverib, ular maktabdan soviy boshlabdi. U kishi hamma narsaga dosh bersa ham, bolalarining haqoratlanishiga chiday olmasdi. Ota-ona bu ikki o‘g‘ilni juda katta orzular bilan voyaga yetkazishni niyat qilishgandi. Xullas, bolalar ham maktabga bormay qo‘yishdi. Shunday kunlarning birida teatrimizga Moskvadan Nikolay Vladimirovich Ladigan kelib, bosh rejissyor bo‘ldi. Mannon Uyg‘ur bosh rejissyorlik lavozimidan navbatchi rejissyorlikka o‘tkazildi.

 

40-yillarda “Otello”ni sahnalashtirish teatr jamoasining katta orzusi edi. Mannon Uyg‘ur G‘afur G‘ulom bilan birga asar tarjimasini tayyorlab yurar edi. N.V.Ladigan badiiy rahbar bo‘lgandan so‘ng, bu asarni sahnalashtirishni o‘z qo‘liga oldi.

 

Rol taqsimotida Ma’suma Qoriyeva yana ijrochilikdan chetlatilganiga qaramay, Mannon Uyg‘ur Emiliya rolini unga berishni Ladigindan iltimos qildi. Xullas, jamoaning qat’iyligimi yo Mannon Uyg‘ur tashabbusi bilanmi, bu rolga uchinchi ijrochi sifatida Ma’suma Qoriyeva tasdiqlandi. Ish boshlandi. Ammo safdoshlar Toshxon Sultonova, Zaynab Sadriyevalar Emiliyani Ma’suma Qoriyeva ijro etishiga imkoniyat yaratib berishga intilishdi, shu bilan biroz bo‘lsa-da ruhan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishdi. Ladigin ham jamoaning tashabbusiga qarshilik qilolmadi. Shunday qilib, asosiy repetitsiyada Ma’suma Qoriyeva qatnashdi. Bu aktrisaga ancha ruh bag‘ishlagandek bo‘ldi.

 

Ijod qiziq narsa. Rol yoqib, unga berilib qolsang, butun fikr-zikring o‘sha bilan band bo‘lib, shaxsiy qayg‘ularing biroz bo‘lsa ham chekinadi. Ma’suma Qoriyevada ham shunday bo‘ldi. Hatto, u kishi teatrda yotib qolar edi. Men shu spektaklda yordamchi rejissyor bo‘lib ishlaganimdan va doim teatrda bo‘lganim uchun uning holidan xabar olib turardim. Qachon qaramay, o‘z xonasiga kirib olib, o‘sha rol bilan shug‘ullanar edi.

 

Nihoyat, “Otello” sahna yuzini ko‘rib, katta dovruq qozondi. Otellodan tortib, boshqa hamma rollar shu qadar qiyomiga yetgan ediki, bu haqda matbuotda ham Otello, Dezdemona va Yago rollari qatorida Mas’uma Qoriyeva ijro etgan Emiliya roli alohida tilga olindi. Bu hol aktrisaning ruhiga ruh bag‘ishlab, uni ancha tetiklashtirdi. Xuddi shu kunlarda urush boshlangani haqida xabar tarqalgach, “Otello” spektaklidan chiqqan Ma’suma Qoriyeva allanimalarni o‘ylab xayolga toldi. Ertasiga ma’lum bo‘ldiki, u ikki o‘g‘lini frontga jo‘natsam, otasi tufayli otilgan ta’na toshlaridan qutilar, deb o‘ylagan. Bolalar ham onaning shu taklifini kutib turgandek urushga otlangan. Ikki o‘g‘ilni harbiy komissarlikka yetaklab olib borgan bu ayol yana bir kaltakka duch keldi. Ya’ni, “xalq dushmani”ning o‘g‘illari frontning faqat “shtrafnoy” bataloniga olinishi mumkin ekan. O‘g‘illar bunga ham rozi ekanliklarini bildirishdi.

 

Ma’suma Qoriyevaning eski g‘amlari yana yangilangandek bo‘ldi. Endi nafaqat erining tashvishlari, balki ikki o‘g‘ilning tashvishi bilan ham sochlari oqara boshladi. Biz bir necha bor borib, u kishini uyidan topolmasdik. Endi opaning o‘z uyiga kirishga ham uning yuragi betlamay qolgan, xonadoni huvillab qolgan edi. Ma’suma Qoriyeva ko‘rpa-to‘shagini olib kelib, teatrda istiqomat qiladigan bo‘ldi. Teatr jamoasi u biron ish bilan ovvora bo‘lsa, qayg‘ulari kamayar, degan umidda kasaba uyushmasi ishini unga topshirishni mo‘ljalladi.

 

Partiya tashkilotining kotibi Ma’suma Qoriyevaning rais bo‘lishiga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ammo teatr jamoasi ham oyoq tirab turib oldi. Birlashgan ko‘pchilikning kuchi sezildi. Ma’suma Qoriyeva qiyinchilik yillarida mahalliy qo‘mita raisi bo‘lib, jamoaga onaxonlik qildi. Artistlar turmushi juda og‘ir bo‘lgan bir paytda ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga bel bog‘ladi.

 

Ma’suma Qoriyeva qayerlardandir so‘rab, iltimos qilib bo‘lsa ham, oziq-ovqat undirib kelib, teatrda har kuni bir mahal issiq ovqat tashkil qilgani esimizda. Xuddi shu yillarda iqtisodni nihoyat yaxshi tushunadigan, aktyorlarga g‘amxo‘r Sobir Azizov teatrga direktor edi. Ular birgalashib jamoaga ko‘p manfaatlar keltirishgan. Xususan, Qorasaroy ko‘chasidagi katta bog‘ olindi. Oziq-ovqatlar beriladigan do‘kon ochildi.

 

Bir qiziq voqeani aytib beray. O‘sha yillari Amerikadan keltirilgan tuxum uni bo‘lar edi. M.Qoriyeva o‘sha undan ikki qopini qayerdandir undirib keldi-da, keyin tuxum unini mol go‘shtiga almashtirdi. Go‘shtni esa tirik molga almashtirib, aktyorlarga tarqatadi. Ma’suma Qoriyevaning g‘amxo‘rligidan, tadbirkorligidan yigirmata sigir teatr hovlisiga bog‘lab qo‘yilganini o‘zim ko‘rganman. Buning taqsimoti qanday bo‘lgani ham qiziq. Oilasi kattalar ro‘yxatga olinib, nohaqlik bo‘lmasin deb, chek tashlashga qaror qilishdi. Ana shunday qilib, yigirmaga yaqin aktyorimizning xonadoniga sigir-buzoq bog‘langan edi. Ma’suma Qoriyeva o‘zlari istamagan holda ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsalar ham, u kishiga chek chiqqach, sigirni Azim aka degan ko‘p bolali sahna ishchisiga berib yuboradi.

 

Qorasaroy ko‘chasidagi teatr jamoasi uchun ajratilgan bog‘da biz – yoshlar deyarli har kuni borib ishlardik. Opa bizni mehribonligi, yaxshi so‘zlari bilan mehnatga rag‘batlantirardi. Ekilgan kartoshka hosili hammaga barobar taqsimlanardi. Kunlar sovib qolganiga qaramay, M.Qoriyeva hosil yig‘ib olinguncha bog‘da istiqomat qiladigan bo‘ldi. Kunlarning birida borsak, o‘rtada olov yonib turibdi-yu opa olovga tikilgancha xayolga tolgan. Jamoadan ko‘pchilik o‘ziga tegishli kartoshkalarni olib ketgan, ustiga ism yozig‘liq bir necha xaltada kimlarningdir kartoshkasi turar edi. Biz opaning yoniga kelib o‘tirib, hol-ahvol so‘ragan bo‘ldik. U kishi hamon uzoqqa nazar tashlab, allanimani o‘ylayotgani sezilib turardi. Birdan o‘rinlaridan turib “Endi Moskvaga bormasam bo‘lmaydi”, dedilar. Turmush o‘rtog‘i, o‘g‘illaridan dom-darak yo‘q edi.

 

Xullas, Ma’suma Qoriyeva haqiqat qidirib, Moskvaga jo‘nagan edi. Ming afsuski, ko‘p o‘tmay, o‘zlarining hayotdan ko‘z yumganligi haqida shum xabar yetib keldi. Biz buning sababini avval shunday o‘yladik, kishining sevinchdan ham yuragi yorilishi mumkin-ku! Yo‘q, aksincha bo‘lgan ekan. Erlari otilgan, o‘g‘illarining ikkalasi ham halok bo‘lgan ekan. Bu dahshatli qayg‘u o‘zi hilvillab turgan yurakni to‘xtatib qo‘ygan ekan...

 

Shu tariqa mehribon ona, ajoyib aktrisadan ayrildik. Voqeadan xabar topishimiz bilan teatr direktori Sobir Azizov Moskvaga jo‘nadi. Uning Moskvada bir necha kun qolib ketishi bizni yana tashvishlantira boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, jasadni samolyotga olmagan, poyezdda noqulay bo‘lgan. Natijada jasadni kuydirishga qaror qilingan. Shunday qilib, ajoyib qalbli ona, o‘zbek xalqining katta aktrisasi kul qilinib, kichik bir idishda keltirildi. Biz motam marosimini to‘rt kishining halokatiga bag‘ishladik. Ularning birortasi ham o‘z ajali bilan o‘lmagan edi. To‘rt kishiga bir qabr qildirib, o‘sha idishdagi xokni qo‘yib, qabr tepasiga to‘rtalasining ismini yozdirdik. Hamon uni “ramziy qabrlar” sifatida ziyorat qilib turamiz.

 

Shunday saxovatli qalb egasi, yoshlarning onaxoni va ustozi, tajribali aktrisaning 43 yoshida vafot etganini eslasam, ko‘zlarimdan yosh qo‘yilib, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolaman. M.Qoriyeva oramizdan ketgan bo‘lsa-da, uning nomi hamisha barxayot. U boshlab bergan san’atni dastlab Nazira Aliyeva, Toshxon Sultonova, Zamira Hidoyatova, Zaynab Sadriyeva, Xolida Xo‘jayeva va Suydi Sotbodiyevalar, keyinchalik Yayra Abdullayeva, Erkli Malikboyeva, Iroda Aliyeva, Lola Badalova, Rihsi Ibroximova, Gulchehra Jamilova, Oydin Norboyeva, To‘ti Yusupovalar davom ettirdilar. Bugun parvoz qilayotgan sahna qaldirg‘ochlarini ko‘rib, ular uchun yo‘l ochib bergan ilk qaldirg‘ochlardan biri – Ma’suma Qoriyeva xotirasini iftixor bilan yodga olamiz.

 

Zikir MUHAMMADJONOV,

O‘zbekiston Qahramoni

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2018 yil 3-son.

“Matonat timsoli” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//