Milliy o‘zligimizni anglash ahvoli o‘tgan asrdan durust emas – Shomirza Turdimov og‘riqlari


Saqlash
17:03 / 26.12.2024 18 0

Xalq aytadiki, “Naqlda aql bor – aqlda naql”. Bu naqllar oqil ko‘rinish, aql o‘rgatish g‘arazida to‘qilmadi, bil’aks, “...izhor etib ket” degan da’vatga javob tarzida ko‘ngildan to‘kildi.

 

Abror hayrati

 

O‘qish, uqishning manzillari yig‘ilib yagona Kitobga eltadi. Kimki shu kitobga yetsa, hikmat xazinasiga yo‘liqadi. Xazina tilsimi Alouddin topgan “sim-sim” kabi bittagina SO‘Zga ochiladi. Bu kitob o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi, birov tortib ololmaydi. Har kim kitobdagi kalit so‘zga ega chiqsa, so‘z unga ko‘zdek ko‘ngil oltinlari, dur-u javohirlarini hadya etadi. So‘z egasi ko‘nikmalardan hayrat topadi. Bu hayrat – ABROR hayrati bo‘lib, soyaning soyasida qolishdan saqlaydi. ASL mag‘zini, mohiyatni ko‘rsatadi. So‘z sohibi “Yosin” surasining 8-9-oyatida zikr etilgan, Aflotunning “G‘or” naqlida aytilgan: bo‘ynidan iyagigacha bo‘g‘ov urilib, kekkayib qolgan, oldi, orti to‘silib, hech narsani ko‘ra olmaydigan soyalar saltanati qavmidan bo‘lmaydi...

 

Oq-u qora bir yo‘lda

 

Bozor, mozor uyqash so‘zlargina emas. Bozor-u mozor – bu hayotga bir timsol. Bozor bo‘lgan joy mozorga, mozor o‘rni bozorga evrilaveradi... Charxning bu aylanishida oq-u qora, issig‘-u sovuq, kun-u tun, yoz-u qish, ezgulig-u yovuzlik kabi ola haqiqat, hikmat kelaveradi. Tilimizdagi OLA degan so‘zga ko‘p ham e’tibor bermaymiz. Qarshimizda turgan tog‘ni ko‘rmaslik tog‘ yo‘q degani emas. Bizning qalb ko‘zimiz ko‘zoynaktalab bo‘lganiga ishoratdir. Bu so‘z mifologiyamiz, marosimlarimiz, urf-odat, irimlarimiz, folklorimizda manaman deb turibdi. Momolarimiz balo-qazodan asraydi deb oq, qora iplarni eshib, olabog‘ich qilib bo‘ynimizga tumor osadi. Ko‘zmunchoq ham ola tusli. Go‘ro‘g‘lini Olabiya emizib ulg‘aytadi. Go‘ro‘g‘lining G‘irko‘kni enazotim deb suyishi shundan. Bugun dunyoga yapon, koreys, xitoylar In-Yan deb anglatayotgan tushuncha timsolini biz turklar qadimdan ola ataymiz. Bir-biriga eshilgan, uyg‘unlashgan nimaiki bor, yaxlit hodisa ekanligini ola rang ifodalaydi. Har jabhada ibrat, saboq, hukm bor. Faqat Kitobini topa olgan, SO‘Zga ega chiqqan kishigina bu hikmatni uqadi.

 

Mozorda ola haqiqat sukut saqlaydi. Bozorda ola haqiqat qaynaydi. Shunchaki qaynaydiki, oq-u qora eshilib, ranglar quyqalashib oqadi. Bozor ahlini o‘zida eshib oqizadi. Bir dam to‘xtagan KIShIgina OQ-u QORAni ajrata oladi.

 

So‘fiy muridlari bilan bozorda edi.

 

Bozor havosi, shovqini hammani mast qilib tebratar, kimning nima deyayotganini ajratish qiyin, bozor ahlining oldi-sotdisini eshitib, anglash mushkul edi. Molim yomon deydigan kishi topilmas, olarmanga oltov kam, berarmanga beshov ko‘p... tortishuv avjiga chiqqan “daha” vaqti edi.

 

Saratonning quyoshi qizdirar, bozor qozonday qaynar, bir obkash tongda tog‘dan olib tushgan muzni suviga solib, quvragan tomoqqa malham, deb suvini maqtab rasta oralar, kunning tig‘ida chelakdagi muz-u obkashning ne mashaqqatlar bilan qilgan mehnati uning ko‘z o‘ngida erib borar edi. Obkash eriyotgan muzni ko‘rib, bu yo‘lda chekkan mashaqqatlarini o‘ylab, emranib xalqqa murojat qilardi: “Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin. Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin. Suvdan oling! Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin...”

 

So‘fiy qulog‘iga bozor shovqinidan ajralib AZONdek shu so‘zlar quyildi.

Butun vujudini qamradi, o‘zidan ketdi. Muridlar hushidan ketib yiqilgan pirga issiq havo ta’sir etdi, deb xayol qilishdi, yelpishdi, yuziga suv urishdi, soyali-salqin joyga olishdi. So‘fiy ko‘zini ochdi. Muridlar so‘rashdi:

 

– Oftob urdimi, havo yetmadimi?

So‘fiy aytdi:

– Eshityapsizmi, “Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin”, deyapti U! Eshitmayapsizmi?

So‘fiy BOZORdan izlaganini topgan edi...

 

Uyg‘onishga chorlov

 

Bosqinchi elni g‘orat qildi. G‘olib askarlar yurtni uch kun taladi. Podsho so‘radi:

 

– Nima gap?

– El norozi, – deyishdi.

Podsho buyurdi:

– Yana uch kun talash!

– Endi ne so‘z? – deb surishtirdi podsho.

– El yig‘layapti, – dedi mulozimlar.

– Yana uch kun talash! – deya qahr qildi tojdor. Muddat o‘tgach:

– Endi ahvol qanday? – deb surishtirdi.

– El qo‘shiq aytyapti, – dedilar. Podsho talon-torojni to‘xtatdi...

 

Kuygan ham, suygan ham qo‘shiq aytadi.

Quduqqa aytilgan sir qamish bo‘lib undi. Qamish nay bo‘ldi. Nay “Iskandarning shoxi bor” deb qo‘shiq kuyladi...

Qo‘shiq – mazlumning qalqoni...

Qo‘shiq – qish mavsumi.

Qish – yig‘inish, kuch to‘plash davri.

Qo‘shiq uyquga uyqash.

Uyqu o‘limdir!

Uyqudan so‘ng uyg‘onish fasli.

 “...shoxi bor” degan hayqiriq, uyg‘onishga chorlov.

Tiriklar uyg‘onadi...

 

Orzuning qo‘sh qutbi

 

Bobom cho‘pon edi. Avval otasining, keyin kolxozning, so‘ng sovxozning qo‘ylarini boqdi. Kam so‘zlardi. Gap kovlasam... “Senam davlatning odamisan-da, bu davlating bir dona qand berdi, endi qo‘y qilib olyapti” degan edi. Momom “hisobini topmagan chol” deb koyib qolardi. Bobom indamasdi, o‘ziga-o‘zi “Bir qora choygun bo‘lsa, olsang-da, g‘orga kirib ketsang” deganini eslayman...

 

Rahmatli Anvar qori (Tursunov) bilan laboranturada (institutning laborant lavozimini yumor qilib to‘qilgan nomi) birga ishlaganmiz. Qori aytardi: “Kichkina hujrang bo‘lsa, mahsi tikib o‘tirsang, hech kim tergamasa...”

 

Eshitganim: Eynshteyn o‘tin yoruvchiga havas qilgan ekan.

 

O‘qiganim:

Parchagina bulut,

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolg‘izoyoq yo‘l,

Barcha tashvishlarni unutib, shodon

Qaytgim kelayotir qoshingga butkul.

Qismat mayin ichdim – achchiq va taxir,

Tuydim ehtirosning samoviy kuchin.

Dunyoda odamzod yashamas, axir,

Faqat irodasin sinamoq uchun.

Parchagina bulut.

Cheksiz osmon,

Adir ortidagi yolg‘izoyoq yo‘l,

Barcha tashvishlarni unutib, shodon

Qayta olsam edi qoshingga butkul.

(Abdulla Oripov)

 

Saboq: Orzusiz odam bo‘lmaydi. Orzu hamisha biz bilan birga, bizni yashashga undaydi. Orzuning qutblari bor. Biriga intilamiz, boshqasiga qayta olmaymiz.

 

Kishi intiluvchi orzu ZAMONda undan oldinda, MAKONda ancha yuqorida turadi. Qayta bilmas ikkinchi qutb xiyla quyida miltillaydi...

 

Orzu qutblariga yetishning eng qulay, oson yo‘li xayoldir. Har kimning ko‘nglida bir qo‘shlik yeri bo‘ladi. Kishi bu yerga orzu urug‘larini qadab, undirib, hosillar yig‘averadi.

 

Orzuga xayolda yetish qanchalar lazzatli bo‘lsa, shu qadar alamli ham. Ana shu makonda orzu qutblarining chegarasi aniq bo‘y ko‘rsatadi. Aniqlashadi. Chegara chizig‘i aynan kishi orzu qilayotgan damda u egallab turgan mavqe va imkon ustidan o‘tadi.

 

Kishini toliqtirib, hatto yanchib tashlaydigan kuch – orzu yetib joylashgan makon-u vaqtning U egallagan imkoniyatdan uzoq-uzoqlarga ketib, sarobday o‘ziga imlashidir. Shunda kishiga tayanch bo‘lgan INONCh yeri qumga evriladi, tushkunlik izidan suv quyib, ishonchga qo‘shib kishini ham joyidan qulatadi.

 

Shunda kishi Eynshteynning o‘tin yoruvchiga havasmand bo‘lganiday orzusi va amali aniq odamga intilib: “Nega men “o‘tin” yormayman?” deb nadomat chekadi.

Ana shunda ko‘ngilning tub-tubida yasab olgan “g‘or”iga, “hujra”siga qaytishni istayveradi. “Qayta olsam edi qoshingga butkul” deb iztirobda o‘rtanadi.

 

Kishi orzular qutblari aro “Bir qo‘shlik yerida...” yashaydi. Asl manzilga qaytguncha mehmon...

 

O‘chmas bitik

 

Pirni kimdir Yassaviy edi, deb naql qiladi. Boshqasi Naqshband, yana birov Xoja Ahrorga nisbat beradi.

 

Pir jon taslim qilayotgan dam muridlar yig‘ilib so‘radi: “Pirim, endi hikmatlaringizni qayerdan topamiz?”

 

Pir sekin shivirladi: “O‘zingizdan izlang...”

 

Mohiyat odami boqadi, anglaydi, so‘zlaydi.

 

Enaso‘z barcha hakimlar bisotida bo‘ladi. “Yassaviy, Naqshband, Xoja Ahror edi” deb turlanishi shundan.

 

Enaso‘z – qanotli tulpor. Aql tulporni jilovlasam, deydi. Qanotli tulpor qoziqqa kelmaydi. Aqlning qaychisi rahmni bilmaydi. Qanoti kesilgan tulpor – bu endi ot. Hukmbardor aql otni ko‘zi tushgan qoziqqa bog‘lab poyloqchilik qilishni xush ko‘radi.

 

Hikmat ko‘ngillardan ko‘ngilga oqadi. Bitik o‘chmaydi. Qo‘lyozma yonmaydi.

 

Qopqasiz quduq

 

Sartarosh shoh Iskandarga SIRni saqlashga va’da berdi, qasam ichdi, AHD qildi. Qasamli ahd kattalashdi, sartaroshning qorni yorilish, portlash darajasiga yetdi. Sartarosh kimsasiz sahrodan quduq topdi, ichidagi ahdni shivirlab yordi, darddan forig‘ bo‘ldi, yengillashib, odamlarga aralashdi. Ahd quduqda qamish bo‘lib o‘sdi. Qamish o‘ziga cho‘ponni mahliyo etdi. Cho‘pon o‘zgacha IXLOS bilan nay yasadi, chaldi. Nay “Iskandarning shoxi bor” deb kuyladi. Ahdning siri sindi. Nay sadosi olamga yoyildi...

 

Har birimiz har qadamda Iskandar sartaroshining ahvoliga tushamiz. Farqimiz: SIRimiz badaliga berilgan va’da Iskandar qahri bo‘lib qadamimizni o‘lchab yuradi. VA’DAning javobgarlik kuchi, qadriga qarab sirning o‘chish muddati o‘z TOShIni oladi. Javobgarlik toshi, mas’uliyati Iskandar sartaroshidek QUDUQ topib to‘kilishga majbur qiladi, lekin hamisha quduq qopqasiz qolaveradi. Qamish o‘rniga o‘sgan “mish-mish”lar qilichi yuzimizni shuvut etadi. Ostonada ezilgan saqich bozoriga ega chiqamiz...

 

Sirning jilovini tutib, “saqichlar bozori”dan qutulishning eng xavfsiz yo‘li sartaroshning cho‘ponga evrilib, quduq qamishidan nay yo‘nib, chala bilmog‘idir...

 

Iskandar sartaroshining sir aytar qudug‘i – san’at “qudug‘i”, cho‘pon – baxshi, shoir, rassom – bori san’at ahlidir. Tangridan bo‘lak biror bir kimsaning tili aylanmagan ulkan – “Iskandarning shoxi bor” degan sirning sirini o‘chirgan til – kuy, she’r, jamiki san’at asaridir.

 

Har bir odam o‘z holicha bir mamlakat. Bu mamlakatning Iskandari, sartaroshi, cho‘poni ham uning o‘zi. Kimda kim o‘z mamlakatidagi sir yutar qudug‘ining YUKini sir ochar nayga jamlab ayta olsa, o‘z Iskandarining qatlidan omon qoladi. U bu O‘YINda mutlaq g‘olib bo‘ladi. Insonning – “O‘zligingni angla” deb belgilagan marrasiga yaqinlashadi. NAY egasiga aylanadi...

 

“Suhbat”ning qazosi yo‘q

 

Hakimlar aytadi, odamlar qaytaradi. Aytish va qaytarishdan an’ana tug‘iladi. Deydilar: uch yuz oltmish eran bor, Tangri borliqni shu eranlar bilan boshqaradi. Uch yuz oltmishdan qirqi ajralib chiqadi – chiltan shulardir. Qirqdan yetti, yettidan uch, uchdan bir saralanadi. Bir – qutb sanaladi. Yetti iqlimda yetti qutb turadi. Yana qutblar qutbi bo‘ladi. Uning ruhi Qutb yulduzida, deyishadi. Xalq orasida og‘izdan og‘izga o‘tib kelayotgan xalqona an’anaviy bilimning qaymog‘i shu.

 

Xoslar aytadi, omma qaytaradi... bilimning qaynog‘i xoslar suhbatida bo‘ladi. Hazrat Boqirg‘oniy aytadi:

 

Suhbatliq oriflarg‘a jonim berib,

Suhbatsiz nodonlardan qochg‘um kelur.

 

Xoja Bahouddin Naqshband ta’limotining ustunlaridan birini “Suhbat dar anjuman” deya ko‘rsatishi bejiz emas.

 

Naql qiladilarki, qutbi zamon Domla Kamol bobo bir ko‘ngil yetar hamsuhbati bilan ko‘rishib, uzoq gapxona qurdi. Domla boboning yumushlariga qarashib turuvchi xodimi guvoh edi. Xodimning Kamol boboga hurmati haddan baland, sadoqati cheksiz edi. Domlaning issiq-sovug‘iga o‘zini mas’ul sezar, xizmatidan huzur olar edi. Vaqt o‘taverdi, xodim qarasaki, peshin bo‘ldi, Domlaga ishorat qildi. Javob bo‘lmadi. Asr muddati keldi, aytdi. Domla suhbatni bo‘lmadi. Shom vaqti yetganida xabar qildi. Domla xodimning bu ogohlantirishini ham e’tiborsiz qoldirdi. Qazodan xavotir bo‘lgan xodim yana bir bor eslatdi. Domla Kamol bobo xodimga ohista eslatdi: “Namozni qazo qilib o‘qisa bo‘ladi, bu suhbatning qazosi yo‘qdir”.

 

“Odamni, umuman, suhbatli va suhbatsizga ajratsa ko‘p narsa oydinlashadi. Fikr odami va fikrsizni taniysiz”, deydi Ibrohim Haqqul.

 

Avliyolar suhbati kabi olimlar suhbatining ham fayzi bo‘ladi...

 

Mag‘izli, qazosiz suhbatlar har kun tug‘ilmaydi, kunida, ko‘ngillar ko‘ngilga rost bo‘lgan damlarda dunyoga keladi... An’analar yangilanadi, yangilari paydo bo‘ladi. Xalqona bilim avloddan avlodga o‘tadi, o‘zanlar qayta to‘lib bahorgi toshqinday oqadi...

 

Xizr suvi

 

Har zamonga bir zamon.

 

Bir zamonda DAM zamon bor. Dam zamonning bittadan Qo‘ychiboy otasi...

Kimlardan KIMdir sezadi, ko‘p ilg‘amaydi. Ko‘p so‘raydi, Qo‘ychiboy otani ko‘rmay zamonlar o‘taveradi...

Tushov tushovlanganga mos. Vaqt oqaveradi...

Qo‘ychiboy ota tushovni, tushovlanganni ham taniydi. Ko‘kdan IShORAT bo‘lmasa qoyaday sukutda turadi. AMR kelsa qumday ko‘chadi.

Zamona Qo‘ychiboyiga hazrati Xizr uchradi. So‘radi:

– Xizr hozir qayerda?

Qo‘ychiboy ota yerga boqib, ko‘zini yumib, sukutda qoldi. Aytdi:

– Kunchiqarda yo‘q, Kunbotarda yo‘q. Oqtovni, Qoratog‘ni ko‘ryapman yo‘q. Yo sen Xizr! Yo men Xizr.

... Uchning biri – Xizr.

Yettining biri – Xizr.

Elning biri – Xizr.

Kun botadi, tun yopadi. Tong otadi, Kun yoqadi...

Kimlardan KIM – hazrati Xizrga orzumand bo‘ldi, yo‘liqdi, bosh barmog‘iga yopishdi, taniganday bo‘ldi, so‘radi:

– Menga tiriklik suvi bering!

Hazrati Xizr KIMning ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib, dedi:

– Joning janonasida buloq bor, och! Xizrsan!

Kim so‘rayapti... izlayapti... uzoqlashyapti...

Buloq Qo‘ychiboy otani topadi...

 

“Mullaka”lar

 

Yo‘qlama, imtihon deganlari bilan azaldan kelishmayman. Tabiatimga begona. Tamom-vassalom!

 

Bu amallarsiz o‘qitishning kemtikligiyam bor gap. Yo‘qlamani dekanatdagi “mullaka”lar talab qilishadi. Ishning yurishi shu, tushunaman. Ko‘nikkanmiz...

 

Yil boshida talabalarga bir gapni albatta aytaman:

 

– Toshkentda Samarqanddarvoza degan mahalla bor, bilasizmi? Eski qabriston, yonida masjid turibdi. Qodiriyning o‘g‘li otasiga ramziy qabr tiklagan. Aytadilarki, Kumushbibi shu qabristonga dafn qilingan, Qodiriy savdoyi Zaynabga shu yerda duch kelgan...

Mahalla, qabriston, masjidga tegishli voqea, sanalar ko‘p...

 

Boboxon aka degan hamkasbim bo‘lardi (Yaratgan rahmatiga olgan bo‘lsin). Asl samarqanddarvozalik, bobolari qalandarlarga pir o‘tgan – to‘ralarning avlodi. Mahalla odamlari, qabriston, masjid hangomalarini shu odamdan eshitganman.

 

“Bir odam bo‘lardi. Qabristonda, masjid atrofida, ko‘cha-kuyda uchrab qolardi. Birovlar tentak, boshqalar kamsiq, kimdir xislatli, deb aytardi.

 

Masjidda uch-to‘rt chol gaplashib o‘tirsa shu odam kelibdi. “Sizlarga qo‘shilib ikki rakat namoz o‘qisam, ertaga o‘tib qolsam, xotintaloq mullalar bunga janoza joiz emas, namoz o‘qimagan, desa guvoh o‘tarsiz” deb chollarga qo‘shilib namoz o‘qibdi.

 

Ertasi shu odam chindan o‘tib qolibdi, shunda mulla “Bu jinni edi, janoza o‘qilmaydi!” debdi. Chollar bizga qo‘shilib namoz o‘qigan, guvohmiz, deyishibdi...”

 

“Mullaka” – svetofor. Shahar ko‘chasidagi tartibni svetofor boshqaradi. Cho‘lda, keng dala-dashtda bu xil jilov kerak emas. Erk kishining o‘zida...

Kishi erkka oshiq!

 

Har sohaning o‘z “mullaka”lari bo‘ladi...

Mullakaning ko‘nglidagi “bir qo‘shlik yer”ga tom solib olgani, tomini zindonga aylantirgani yomon...

 

Daryo toshqin, suvlar shoshqin – o‘tolmayman,

Otim oriq, manzilimga yetolmayman...

 

Talabalarga “Sizga tarix aytdim. Tarixni naqlga aylantirdim. Bizning fanimiz mohiyati shunda”, deb gap boshlab, “bismillo”dan nariga o‘taman...

 

So‘z qaymog‘i

 

Bir chelak sutdan bir piyola qaymoq chiqadi.

So‘zning mag‘zi yig‘ilib naqlda, naqlning qaymog‘i maqolda jamlanadi. Uch yuz oltmish eran yig‘ilib bittadan hikmatli so‘z aytibdi, shundan maqol paydo bo‘libdi, deyilishi bekor emas. Har narsa borki, javhari yig‘ilib quyma shakl olsa, el o‘rtasida saqlanadi, avloddan avlodga o‘tadi.

 

Voqea:

 

Abdinazar baxshi gurung qildi: eshon bilan mulla yo‘lning yoqasida, katta tutning tagida suhbatlashib o‘tirgan ekan.

 

Tulporning toyligi bo‘lmas,

Nokasning boyligi bo‘lmas,

It quturib tozi bo‘lmas,

Qul quturib qozi bo‘lmas,

 

deb bir jo‘gi (lo‘li) tilanib o‘tib ketaveribdi.

 

Bularning qulog‘iga jo‘gining qo‘shig‘i yoqibdi. Yaqinidagi odamga “Bo‘l tez, uni qaytarib kel” deyishibdi.

 

Jo‘giga:

– Qani, qo‘shig‘ingni ayt qani, – deyishibdi. Shu baytni qaytarib aytibdi.

– Ko‘proq ayt, – deyishsa, yana shu baytni qaytarib aytarmish. Uning bilgani shu to‘rt qator bayt ekan. Bular ko‘proq eshitmoqchi bo‘lishgan.

 

Hissa:

 

Lo‘li ortiq bilganida, aytganida, shu bayt mag‘zini boshqacha shaklda qaytargan bo‘larmidi?!

Qaymoqqa suv qo‘shilsa, shakli ayron, mazasi chuchmal bo‘ladi...

Har narsaning quyma shakli ko‘ngilga tushsa, aqlga yetib o‘zidan o‘zi ma’nolar tug‘adi.

Chinakam hikmat bulog‘ining ko‘zi ochiladi. Kashf qilingan SO‘Z maqomini oladi. Uyurda tulpor bitta bo‘lganday, mag‘izli so‘z ham qisqa bo‘ladi. Quyma baytning qadri, hikmati ham ana shunda.

 

Xonaqohning mushugi

 

Xonaqohda pir, murid va mushuk muqim edi.

Murid – oshpaz, mushuk pirning atrofida parvonadek aylanar, uxlar edi. Pir “vatan” sayrida uzoq bo‘lardi...

Mushuk dasturxonga ijozatsiz yaqin kelmasdi.

Pir tamaddi vaqtlari:

– Yo‘lbars bu, yo‘lbars, – deb mushukni suyardi...

Oshpazning ovozi pirning sayrini buzdi, shovqin tashqarigacha chiqdi.

Mushuk hovlidagi yakkatut tepasida hurpayib turar, oshpaz tayoq bilan o‘dag‘aylab jonivorga harba qilar edi.

Pir surishtirdi:

– Ne bo‘ldi?

– Go‘sht o‘g‘irladi bu, go‘sht!

Pir oshpazga ishorat qildi. Oshpaz hovuridan tushdi. Pir mushukni yoniga chorlab, yalinchoq so‘radi:

– Yo‘lbarsim, ne jin urdi seni?

Mushuk tutdan tushib, bostirmaga o‘tdi. Bir vaqt ko‘zlari yumuq, jish mushukbolani pirning oyoqlari tagiga olib kelib qo‘ydi.

Pirning ko‘zidan yo‘lbarsning jasorati, shiddati, g‘ururi, vijdoni, oriyati yosh bo‘lib oqdi. Hadik, mutelik, tobelikka evrildi, o‘g‘ri mushuk bo‘lib tiklandi. Pir shivirladi:

– Yo‘lbarsimizni biz o‘g‘ri qilibmiz-ku?!

Xonoqoh mushugining soyasi kattalashdi, quyuqlashdi, pirni, hovlini, g‘ubor oldi...

 

 Teshik chelak

 

Ayiq olmani xush ko‘radi. Tog‘da yovvoyi olma pishganda maymoqlar cho‘qqi, bellar oshib, bitta-bitta olmaxo‘rlikka tushib keladi. Bir xillarining bolalari irg‘ishlab ergashadi. Ana shunda ovchi ayiq ketib qolmasin, deb qo‘llagan hiyla ish beradi. Ovchi olmazorning har-har yeriga, tubi teshik chelaklarni (nafsning o‘pqonini!) qo‘yib ketgan bo‘ladi.

 

Ayiq aqlli hayvon, odamzodga taqlidda unga yetadigani yo‘q. Odamning chelakda narsa tashishini ko‘rgan emasmi, chelak topganidan yayrab ketadi. Daraxtlarni silkitib olma qoqib, chelakka soladi. Chelagi to‘lib ko‘tarsa, olmalar duv to‘kilib ketadi. Ayiq jumboqning tagigi yeta olmay hayron. Ko‘tardi – chelak bo‘m-bo‘sh qoldi. Yana qayta boshdan chelakni to‘ldirdi, ko‘tardi – yana bo‘m-bo‘sh!..

 

Chelak – osh-u non edi, yeyildi, tana bir zum rohat ko‘rdi, bari unutildi. Pul edi – qo‘lning kiri bo‘ldi. Mansab edi – izidan quvdi, yetmadi. Suyumli ayol edi – vafo topmadi. Barisi hech bo‘ldi, holatlar evrilaverdi...

 

Tagi teshik chelak ayiqni shunchalik rom qiladiki, hatto bolasining atrofida o‘ralashishi ham malol keladi. Bolasini chetga surib, olma teradi, to‘lgan chelakni shodlanib ko‘taradi, olmalar duv etib to‘kiladi. Ayiqbola chelakka yopishadi, otasini tortqilaydi. Xunobi oshgan ayiq bolani toshga (SOYA sudraklagan TOSh) bostirib, yumushiga sho‘ng‘iydi. Bolani unutadi. U tipirlaganicha tosh ostida qoladi. Nafs qutqusi, teshik chelak alami vaqtni yamlamay yutadi. Vaqt teshik chelakdan to‘kilib bitganini ayiq sezmaydi. Bir vaqt qarasaki, tosh tagidagi bolasi o‘lib qolibdi...

 

Ana shunda ayiq butun DARAni boshiga ko‘tarib o‘kiradi, jonsiz bolasini boshi uzra ko‘tarib, orzu umidlari loshini sudrab TOQqa – kelgan manziliga chiqib ketadi.

 

Teshik chelak hoy-u havas edi – to‘kildi-yitdi! Teshik chelakdan SOYaning loshi to‘kildi. Ayiq murodining loshini ko‘tarib o‘kirganicha ketdi...

 

Ey sen ayiq! O‘Zni holatlarning teshik chelagida oqizib, ISMini, ASLIni yoddan o‘chirgan soya! Ey sen Go‘ro‘g‘lining Quyosh o‘g‘li ekanini unuttirgan, Asqartoqqa maqsadlari loshini sudrab qaytishiga mahkum qilgan qudrat YIT endi! HOLga evril, axir!..

 

Ot qachon qozig‘ini topadi?

 

O‘zbekning “Ot aylanib qozig‘ini topadi” degan maqoli bor. Lekin bizning ta’lim-tarbiya otimiz qoziq topolmay uloqib yuribdi. Bir italyan Montessori, keyin koreys, endi fin uslubiyotiga boshini urib ko‘rmoqda. Ammo kutilgan natija yo‘q.

 

Olimlarimiz ikki-uch yil oldin yaponlar “Bolani besh yoshgacha erkin tarbiya qiling demoqda” deb bong urib qolgan edi. O‘shanda ham hech kimning xayoliga o‘zbekning “Bola – poshsho” degan gapi kelmadi. An’anaviy xalq pedagogikamiz asrlar davomida “Bolani besh yoshgacha podshoday avaylab tarbiyala, uning shaxsi sinib qolmasin” deb uqtirib kelganini unutdikmi?!

 

Bu tarbiya tizimining davomi bor. U yaponning tushiga ham kirmagan. Xalq “Bolani yetti yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha qulday qattiq tut. O‘n to‘rt yoshdan keyin do‘stday munosabatda bo‘l!” deb uqtiradi.

 

Bu – an’anaviy xalq pedagogikamiz. Ta’lim va tarbiyamizning – o‘zak umurtqasi. Yangilanish mana shu o‘zanda bo‘lishi kerak.

 

Dunyo mamlakatlarining har qanday tajribasini shu o‘zanga moslab qabul qilishimiz shart. Aks holda tarbiyamizni goh u, goh bu chet ta’limotga moslayverib soyaga aylanib qolishimiz hech gap emas.

 

Soya – soya-da, ShAXS emas.

 

Xalq pedagogikasida “Alla – bolaning milliy ohang kodlarini o‘zlashtirishiga, topishmoq – obrazli fikrlashiga, ertak – asl bilimning timsol va ramzlarini qabullashiga xizmat qiladi” deb aytib kelingan. Bolalar o‘yini esa avlodning jamiyatdagi o‘rnini belgilab olishiga vosita bo‘lgan. Xalqda “o‘yin bolasi” degan atama bor. Bunaqa atamalar shunchaki paydo bo‘lgan emas. Tarbiyada ana shu tizim va mazmun asos bo‘lmog‘i shart. Eski to‘nning o‘lchamlarini XXI asr mezonlariga moslab qayta bichmasak bo‘lmaydi. Ana shunda tarbiya otimiz o‘z qozig‘ini topadi. Italyan, koreys, fin yaylovlarida uloqib yurmaydi.

 

Shomirza TURDIMOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Ming bir naql”dan bir shingil” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//