Germaniya 1941-yil 22-iyunda “hujum qilmaslik to‘g‘risida”gi shartnomani buzib, Sovet ittifoqiga bostirib kirdi. SSSR tarkibidagi barcha respublikalar, shu jumladan, O‘zbekiston ham majburiy ravishda urush girdobiga tortildi. Urushning dastlabki kunlaridanoq O‘zbekiston sovet armiyasining kuchli arsenallaridan biriga aylanib, frontga ko‘plab samolyotlar, aviatsiya bombalari va boshqa harbiy mahsulotlar berdi. Viktor Chernomirdin O‘zbekistonning g‘alabaga qo‘shgan hissasiga alohida to‘xtalib, “fashizmga qarshi otilgan har o‘nta snaryaddan bittasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”, deb aytgan.
Jang maydonlaridagi askarlarning qahramonona harakatlari bilan bir qatorda, front ortida ham o‘zbek xalqi samarali mehnat qilib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Urush yillarida hamma narsa harbiy harakatlarga bo‘ysindirilib, xalqning bor kuchi shunga yo‘naltirildi. Mehnatga layoqatli aholining frontga, mudofaa sanoatiga ommaviy ravishda jalb etilishi natijasida ishchilar safida yoshlar, xotin-qizlar tobora ko‘payib, ishchi tarkibi o‘zgardi. Ammo qishloq xo‘jaligi izdan chiqib, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji kuchaydi. Respublikaning demografik holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bularning barchasi shahar va qishloq aholisi orasida turlicha namoyon bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushi O‘zbekiston aholisi demografiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, respublika aholisi 6 mln 55 mingdan (1940) 1945-yilda 5 mln 197 mingga tushib qoldi. Frontga chaqirilganlarning deyarli 28 foizi halok bo‘ldi. Urush yillarida o‘lim ko‘rsatgichi tug‘ilishga nisbatan ko‘proq foizni tashkil qildi. Masalan, 1941-yilda (1000 aholiga) tug‘ilish ko‘rsatgichi 34,2%, o‘lim ko‘rsatgichi esa 10,4% ni tashkil etgan bo‘lsa, 1945-yilga kelib tug‘ilish 17,7% ga tushib qoldi. Agar 1940-yilda ittifoq respublikalarda aholi tabiiy ko‘payishi jihatidan O‘zbekiston Armanistondan so‘ng 2-o‘rinda turgan bo‘lsa, urush davrida keskin pasayish evaziga 1950-yildagi ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston, Moldaviya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Turkmanistondan orqada qoldi.
Ikkinchi jahon urushi davrida aholini ko‘chirib keltirish aholi demografiyasiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Evakuatsiya qilingan aholini joylashtirish hisobiga shahar aholisining soni ko‘paydi. Misol uchun, urush davom etayotgan hududlardan 1,5 million kishi, jumladan, 250 mingdan ortiq bolalar ko‘chirib keltirilgan edi. Agar 1941-yilda Toshkentda 470 ming aholi yashagan bo‘lsa, evakuatsiya natijasida poytaxt aholisi qisqa vaqt ichida 1 million kishiga yetgan. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, aholi oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan bir pallada, ko‘chirib keltirilganlarni joylashtirish hamda moddiy jihatdan yordam ko‘rsatish qiyin kechgan. Shu bois 1942-yil 2-yanvarda Usmon Yusupovning O‘zbekistonga ko‘chirilib keltirilgan bolalar hamda harbiy xizmatchilaring oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish borasidagi taklifini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, ba’zi aholi qatlamlari orasida ularga nisbatan “yomon ko‘rish hissi” paydo bo‘lganini aytib o‘tish joiz.
Respublika kolxozlarida urushning birinchi yilidanoq mehnatga yaroqli bo‘lgan erkaklar soni 32 foizga kamayib ketdi. Agar qishloqlar miqyosida oladigan bo‘lsak, erkaklar ulushi 1944-yil 1-yanvarda 44,1% ga kamaygan. Holbuki, 1939-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar ulushi umumiy qishloq aholisining 51,7% ni tashkil etgan edi. Aholining asosan 18 – 54 yoshlilar guruhi orasida kamayish sodir bo‘lgan.
Qishloq aholisining qisqarishiga asosan quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
qishloq aholisini harbiy ro‘yxatga olish va chaqiruv komissiyalari orqali armiyaga safarbar etilishi;
sanoat va qurilishga aholini ommaviy safarbar qilish;
nemis istilosidan ozod qilingan hududlarda aholi safarbar qilindi;
qishloqlarda yashovchi aholi qayta reevakuatsiya qilingan.
Arixiv hujjatlarida Oʻzbekiston aholisining umumiy soni 1945-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 5 196 973 kishini tashkil etgani haqidagi ma’lumotlar mavjud. Shundan shahar va qishloq aholisining ijtimoiy tarkibi hisoblanganda, shahar aholisi uchun 1 698 938, qishloq joylari uchun 3 498 035 kishidan iboratligi aniqlangan. Ma’lumki, erkaklarning mehnatga qobiliyatli qismi frontga ketganidan so‘ng, oilani ta’minlashdagi asosiy og‘irlik ayollar zimmasiga tushgan. Shu sababli ham respublikaning turli hududlaridagi sanoat korxonalarida ko‘plab ayollarni uchratish mumkin edi. Agar urushdan oldin respublika sanoat ishchi va xizmatchilari umumiy sonining 34 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 1941-yilga kelib ularning soni 50 foizga ko‘paydi, 1943-yilda esa 63,5 foizga yetdi. Ular traktorchilik, metallga ishlov berish, payvandlash va shu kabi og‘ir kasblarni o‘rganishgan. 1944-yilda ayollar Sovet ittifoqi bo‘yicha barcha mehnatga layoqatli kolxozchilarning 80 foizini tashkil etgan. Ba’zi respublikalarda ayollarning ulushi undan ham yuqori bo‘lgan. Masalan, O‘zbekistonda 1944-yil 1-yanvar holati bo‘yicha ayollarning soni 671,3 ming kishini tashkil qilib, RSFSRdan so‘ng ikkinchi o‘rinda turgan.
Urush yillarda ocharchilik, turli kasalliklarning avj olishi natijasida shahar va qishloq aholisi og‘ir ahvolda qoldi. Oziq-ovqat muammosi paydo bo‘ldi. Shunday sharoitda ham qishloq aholisi paxta yetishtirishni kamaytirmasdan, nafaqat shahar aholisini, balki armiyani oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash majburiyatini oldi. Dushman tomonidan ba’zi hududlarni vaqtincha bosib olinishi natijasida har yili import qilingan 600 ming tonnagacha nonni iste’mol qilgan o‘zbek xalqiga endilikda “oʻzini oʻzi oziq-ovqat bilan taʼminlash” vazifasi qoʻyildi. Vaziyat og‘ir bo‘lishiga qaramay paxtachilik respublikada qishloq xoʻjaligining yetakchi yoʻnalishi sifatida saqlab qolindi. Iqtisodiy aloqalarning uzilishi, qishloq ishlab chiqaruvchi kuchlarining zaiflashishi deyarli hamma sohada tejamkorlik rejimiga oʻtishni talab qildi. Shunday sharoitda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun ratsionli oziq-ovqat taqsimoti joriy etildi. Ishchilar va ularga tenglashtirilgan shaxslar, xodimlar hamda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tabaqalashtirilgan ta’minot me’yori joriy etildi. Qishloq aholisining aksariyati markazlashgan davlat oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotidan mahrum edi. Faqatgina taqsimot qishloq ziyolilari (o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, agronomlar, chorvachilik mutaxassislari, urush nogironlari) uchun amal qildi. Oziq-ovqat jamg‘armalarining cheklangani bois davlat tomonidan beriladigan ratsion hammaning hayotini ta’minlash uchun yetarli bo‘lmay, aholining yarmidan ko‘pi umuman ratsion olmagan. Aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash siyosati harbiy sharoitlarga qarab belgilangan. Bu esa oziq-ovqat ta’minoti sohasida keskinlashuvga olib keldi. Hattoki qishloq joylarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini oziq-ovqat bilan ta’minlanmaslik holatlari ham yuz berganidan, frontdagi askarlarning murojaatlari ko‘paygan.
Respublika hududida ba’zi yetishtirilgan mahsulotlar miqdori jihatidan ittifoq miqyosida oldingi o‘rinlarda bo‘lishiga qaramay (kunjut ekilgan maydonlar SSSRdagi kunjut ekiladigan maydonlarning 50 % ini, shakar ishlab chiqarishning 1/4 qismini tashkil qilardi), mahsulotlar aholi ehtiyoji uchun yo‘naltirilmagan. Bunday sharoitda qishloq aholisi ochdan o‘lmasligi uchun turli xil yovvoyi o‘tlarni iste’mol qilishga majbur bo‘lgan. Urush qatnashchisi, tarixchi olim Hamid Ziyoyev o‘z esdaliklarida “Nonga kunjara aralashtirilgan, rangi tim qora, yopishqoq bo‘lib, chaynaganda tishdan ajratish va yutish juda qiyin edi. Yaxshiyamki, qishloqlarda jo‘xori ekilardi. Xonadonlarda jo‘xori unidan qovoq va qizilcha qo‘shib non yopilar, bunday milliy mahsulot hukumat chiqarayotgan nonga nisbatan yaxshi edi. Bug‘doy o‘rayotganlar boshoqni uqalab, bug‘doyni yeb qornini to‘yg‘azib ishlayverardi. Ochlik oqibatida hovlisini sotuvchilar ko‘p, lekin xaridor topish mushkul edi. Ochlikdan kunjara yeb o‘lganlarni, kafansiz, ust-boshi bilan qabrlarga ko‘milgan marhumlarni ko‘rganman” deb yozgan.
Ochlik, qashshoqlik shu darajada borib yetgandiki, 1 kg unni katta qozonga solib, 50 – 60 ishchiga atala qilib berilar, poyabzal ytishmovchiligidan yalangoyoq yoki “oddiy qo‘lbola poyabzal” tikib olib kiyilardi. Oziq-ovqatning yetishmasligi, aholining to‘yib ovqatlanmasligi natijasida turli xil kasalliklarning avj olishiga ham sabab bo‘ladi.
Bu davrda tibbiyotning ham ahvoli og‘ir edi. Aholi soniga nisbatan solishtirganda 1940-yil holatiga ko‘ra har 10 ming kishiga bir shifokor to‘g‘ri kelgan. Oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmasligi, tibbiy nazoratning yo‘qligi natijasida shahar va qishloqlarda nimjon va holsiz bolalar soni ko‘payib, o‘limlar soni ortgan.
SSSR XKSning 1941-yil 26-iyun hamda 1942-yil 13-apreldagi qarorlari asosida ishchilar va xizmatchilarga qo‘shimcha ish vaqtiga ruxsat berilib, ta’tillar bekor qilindi. Shuningdek, agar kolxozchi bir yil davomida belgilangan majburiy ishni bajarmasa, shaxsiy tomorqadan foydalanish huquqidan mahrum qilingan. Hattoki maktab o‘quvchilari ham majburiy mehnatga tortiladi. Dala ishlari deyarli qo‘l mehnati bilan bajarilib, kunlik norma 7–8 soat qilib belgilangan. Chunki qishloq xo‘jaligidagi deyarli barcha texnikalar front ehtiyoji uchun yo‘naltirilgan edi. Shu sababdan shahar va qishloq o‘quvchilari ham paxta dalalariga olib chiqiladi. 1941/1942-yil o‘quv yilida maktablardagi o‘quvchilar soni 1 194 084 kishi bo‘lib, sovet hokimiyati bulardan tayyor ishchi kuchi sifatida foydalanishga harakat qilgan[1].
“Stalin haqiqati” gazetasining 1942-yilgi sonida “Sen frontga qanday yordam berayotirsan” nomli maqola nashr etilgan. Unda “Sen agar frontga astoydil yordam berishni istasang, 2–3 kishini ishini bajar. Kuniga 120–150 kg paxta ter. Paxtani mudofaa xomashyosi ekanini yaxshi bilasan” mazmundagi targ‘ibot ishlari kuchayib, paxta siyosat darajasiga ko‘tarilgan. Bir kilo paxtani yo‘qotish – og‘ir jinoyat deb topilib, hattoki har bir gektar yeridan o‘rta hisob qancha paxta isrof bo‘lishi hisoblab chiqilgan.
Hisobotlarda o‘qishdan ajralmasdan paxta terishda ishtirok etdilar, deyilsa-da, aslida ko‘pgina maktablarda o‘quvchilar darsga borishmagan. Shu sababdan ham 1942/43-o‘quv yilining oxiriga kelib respublikaga umumta’lim o‘quv rejasi atigi 77 foizga bajarilgan, 247,6 ming maktab yoshidagi bolalar o‘qitilmay qolgan. Qori Niyoziyning ma’lumot berishicha, 1944-yil iyulda katta qishloqlarda, qishloq yoshlari uchun kechki maktablar tashkil qilingan. Urush yillarida vujudga kelgan bu maktablar urush vaqti sharoitida yoshlarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qishi maqsad qilingan edi. Biroq ushbu maktablarda o‘qituvchilar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yetishmagan.
Shuningdek, shahar va qishloq aholisiga pensiya tayinlash borasida ham nomutanosiblik bo‘lib, pul miqdori oilada mehnatga layoqatli va layoqatsiz oila a’zolari soniga qarab belgilangan. Qishloq joylarida turadigan va qishloq xo‘jaligiga bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga yordam shaharda turuvchilar uchun belgilangan yordamning 50 % miqdorida bo’lgan. Qishloq nogironlari shahar nogironlariga qaraganda ancha kam yordam olishgan. Davlat 1–2-guruh nogironlariga moddiy yordam ko‘rsatgan holda 3-guruhdagi nogironlarning ijtimoiy ta’minotini o’ziga olmadi. Kolxoz a’zolari mablag‘lari cheklangan bo‘lishiga qaramay, urush nogironlariga yoqilg‘i zaxirasini to‘plash, uy-joylarini ta’mirlash va boshqa masalalarni hal etishda ko‘maklashgan.
Xullas, Ikkinchi jahon urushi O‘zbekistonning demografik holatini tubdan o‘zgartirib, aholining o‘sish darajasiga hamda uning tarkibiga ta’sir ko‘rsatdi. Mehnatga layoqatli erkaklarning frontga jalb etilishi ommaviy tarzda ayollar va maktab yoshidagi o‘smirlarni sanoat korxonalari va dala ishlariga tortilishiga, uzaytirilgan ish soatida ishlashga majbur qildi. Qishloq aholisi nafaqat o‘z ehtiyoji uchun ishlashga, balki, armiyani оziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga ham majbur bo‘ldi.
Mirshod SIDDIQOV,
O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q