Muayyan asarning mazmun-mohiyatini barcha qirralari bilan chuqur tushunish uchun uning yozilish tarixi va sababini oydinlashtirish kerak. Oʻshanda turli taxmin-tasavvurlarga berilish, biryoqlama xulosalar chiqarishga hojat qolmaydi. “Bobur” videofilmida Ma’murjon Toʻxtasinov tomonidan mahorat bilan ijro etilganidan keyin xalqimiz orasida favqulodda shuhrat tutgan ushbu gʻazalning ham qanday sharoit va holatda yaratilganidan xabar topsak, undagi bu qadar badbinlik va norozilik, hasrat-shikoyat ohangining sababini tushunganday boʻlamiz. Chunki beshinchi baytni mustasno qilganda, gʻazal boshdan oyoq bu dunyoda yaxshilik yoʻq ekan, degan tushkun bir kayfiyatda yozilgan:
Kim koʻrubdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ?
Kimki, ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ!
Gar zamonni nafy qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshiligʻ!
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun koʻngluma,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.
Ey koʻngul, chun yaxshidin koʻrdung yamonliq asru koʻp,
Emdi koʻz tutmaq ne, ya’ni har yamondin yaxshiligʻ?
Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq –
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ!
Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim koʻrubdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ?! [4: 66]
Gap shundaki, Samarqandni birinchi marta olgan Bobur, odatga xilof ravishda, qoʻldan qoʻlga oʻtaverib, qamallar azobini torta-torta abgor boʻlgan shaharni talashga yoʻl qoʻymaydi. Bundan “ojiz-u bechora xalq” (Avaz) qancha xursand boʻlsa, moʻmay oʻlja ilinjida kelgan bek va navkarlar shuncha norozi boʻlishadi. Alal-oqibat, Boburni tashlab, Andijonga qaytib ketishadi va u yerda fitna qo‘zg‘ab, oʻgay ukasi Jahongirni shoh qilib koʻtarishadi. Buni eshitgan Bobur isyonni bostirib, onasi va yaqinlarini qutqarish hamda ota yurtini qayta egallash uchun Samarqanddan Andijonga yoʻl oladi. Buning sababini uning oʻzi “Boburnoma”da shunday izohlaydi: “Samarqand Andijon kuchi bila olilib edi. Agar Andijon ilikta boʻlsa, yana Tengri rost keltursa, Samarqandni iliklasa boʻlur” [3: 63]. Lekin uning bu niyati amalga oshmaydi. “Andijongʻa boʻla Samarqandni ilikdin berduk. Andijon ham ilikdin chiqmish edi. Bizga: “Gʻofil az injo ronda va az onjo monda” (“Gʻofil bu yerdan haydalgan va u yerdan ajralgan”), degandek boʻldi, – deb eslaydi keyinchalik Bobur bu voqealarni nadomat bilan. – Bisyor shaqq (qiyin – E.O.) va dushvor keldi. Ne uchunkim, to podshoh boʻlub erdim, bu nav’ navkardin va viloyattin ayrilmaydur erdim, to oʻzumni bilib erdim, bu yoʻsunluq ranj va mashaqqatni bilmaydur erdim” [3: 64]. Oʻzining aytishicha, ikki yuzdan koʻproq, uch yuzdan kamroq kishisi bilan qolgan Bobur Xoʻjandga keladi. Andijonni qaytarib olish uchun Toshkent xoni boʻlgan togʻasidan yordam soʻraydi. Lekin bu ishdan ham biror natija chiqmaydi.
Bobur Samarqandni tashlab, Andijonga ketganida poytaxtni togʻasi Sulton Mahmudning oʻgʻli Sultonali Mirzo egallab oladi. Uning hukmdorligidan norozi boʻlgan Samarqand beklari yana Boburga kishi yuboradilar. Lekin u Samarqandga kelguncha onasining avrashi bilan yosh shahzoda Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi. Bobur ikki oʻrtada sarson boʻlib, Kesh sari yoʻl oladi. “Biz shahar va viloyattin mahrum, borur-tururimiz noma’lum” [3: 78], deydi uning oʻzi bu haqda. Moddiy va harbiy madadga muhtoj Boburni hech kim qoʻllab-quvvatlamaydi. Fon degan mavzeda toʻxtab, Fon maliki va Hisor begi Xusravshohdan umidvor boʻladi. Afsuski, saxovat va odamgarchilikda dong chiqargan, Husayn Boyqaro uning mulkiga bir qoʻnib oʻtganda 70–80 ta otni unga peshkash qilgan Fon maliki oʻzi kelmay, Boburga bir oriq otni yuboradi. Xusravshoh esa xabar ham olmaydi. Shunda Bobur alam bilan yozadi: “Bizga yetganda saxovat bila mashhur boʻlgʻon el xasis boʻlur, muruvvat bila mazkur boʻlgʻon elning muruvvati unutilur...”
Bayt:
Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ?
Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ!
Shu paytda Bobur hasratidan chang chiqib, alam-iztirob iskanjasida: “Ey koʻngil, bu jahon ahlidan kim yaxshilik koʻrib ediki, sen koʻrar eding? Tabiatida yaxshiligi boʻlmagan kimsadan sira yaxshilik kutma!” deb hayqiradi.
Albatta, keyin bu baytni davom ettirib, yaxlit gʻazalga aylantiradi. Unga shoh-shoirning sarson-sargardonlik – qazoqiliklarda yurgan shu davrdagi koʻrgan-kechirganlari asos qilib olingan. Tabiiyki, inson shaxsiy baxtsizliklari uchun zamonni aybdor qilishi, uning ustidan qat’iy hukm chiqarishi toʻgʻri emas. Hadisi sharifda ham “Zamonni ayblamanglarki, uning sohibi Olloh taoloning oʻzi” [5: 129], deyiladi. Buni yaxshi anglagan Bobur umumlashtiruvchi xulosadan qochadi. “Ey doʻst, agarda men zamonni rad etsam, ayb qilma, nima qilayki, bu zamondan hech bir yaxshilik koʻrmadim!” deb aslida aybni oʻz bo‘yniga oladi:
Gar zamonni nafy qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshiligʻ! [3: 78–79]
Haqiqatan ham, boshiga bir ish tushsa, mard oʻzidan, nomard esa oʻzgadan koʻradi. Bunga hayotdan ham, kitoblardan ham koʻplab misollar keltirish mumkin. Chunonchi, Abdulla Qahhorning “Sarob” romani qahramonlaridan biri, “ishq va goʻzallik tantanasi uchun tugʻilgan” (Ibrohim Haqqul) Munisxon baxtsiz hayotidan toʻyib, joniga qasd qilar ekan, buning uchun boshqalarni aybdor qilmaydi. Oʻlim oldidan bitib qoldirgan xatini “Olam toʻla baxt, faqat men baxtsiz edim”, deb tugatadi. Oʻz baxtsizligi uchun buqalamun taqdirni qargʻamay, bevafo dunyoni la’natga koʻmmay, odamlarni ta’na-malomat qilmay, hamma aybni oʻziga olishi bilan Munisxon chinakam mardlik namunasini koʻrsatadi.
Oʻylab qaralsa, bu voqeada “xom sut ichgan bandalar” uchun katta ibrat bor.
Keyingi baytning mohiyatini oydinlashtirish uchun ham Boburning shaxsiy hayotiga murojaat qilish kerakka oʻxshaydi. Gap shundaki, Bobur hali besh yoshligidayoq amakisi Sulton Ahmad Mirzoning qizi Oysha Sultonbegim bilan unashtirib qoʻyilgan edi. Xoʻjandda turganida Bobur uni nikohiga kiritadi. Lekin Samarqandni ikkinchi marta qoʻldan berib, sarson-sargardon yurgan, “viloyat yoʻq, viloyat umidvorligi yoʻq, navkar aksar tarqa”gan Bobur onasi bilan togʻasi – Toshkent hokimi Mahmud Sultondan yordam soʻrab borganida xon-ku xon, hatto buvisi Shohbegim, xolasi Sultonnigor xonim va boshqa ayol qarindoshlar ham ularga himmat qoʻlini choʻzmaydilar. Buning ustiga, opasi Roziya begim yoʻldan urgan xotini undan taloq soʻraydi. Holbuki, Shayboniyxon istilosidan soʻng oʻzidan panoh soʻrab borganlarida Bobur ularni quchoq otib kutib oladi, hatto Kobulning koʻzga koʻringan viloyatlaridan Lomgʻonni buvisiga tortiq qiladi, boshqalarni ham turli tuhfalar bilan siylaydi. Qarindoshlar esa uning bu yaxshiligiga javoban koʻrnamaklik qiladilar: Shayboniyxonga qarshi birgalikda kurashish uchun Husayn Boyqaroning Boburni Hirotga chorlaganidan foydalanib, isyon koʻtaradilar va jiyani – “ilik tebratguncha quvvat va jur’ati ham yoʻq” Xon Mirzoni taxtga oʻtkazadilar. Bu fitnaning boshida buvisi Shohbegim va xolasi Sultonnigor begim turar edilar. Bu haqda Boburning oʻzi “Boburnoma”da shunday yozadi: “Necha qatla hamkim, zamona nohamvorligʻidin (notekisligidan – E.O.) va davron nosozkorligʻidan (nomuvofiqligidan – E.O.) va taxt va mulk va navkar va safdardin (asli safdar: botir – E.O.) ayrilib, alargʻa iltijo etdim, onam ham bordi, hech nav’ rioyate va shafqate koʻrmaduk. Mening inim Mirzoxonning va onasi Sultonnigor xonimning ayn (bu yerda: daromad keltiradigan – E.O.) va ma’mur viloyatlari bor edi, men va onam viloyat xud tursun, bir kent va bir necha qush egasi boʻla olmaduk. Mening onam Yunusxon qizi va men nabirasi emasmu edim?” [3: 151].
Boburning ming bir alam va iztirob bilan mahzun koʻnglimda dilrabolardan nuqul yomonlik keldi, biror oromijondan yaxshilik kelmadi, deyishi, balki aynan buvisi Shohbegim, xolasi Sultonnigor begim, qaynegachisi Roziya begim, xotini Oysha Sulton begim va boshqa qarindosh ayollardan yetgan jabr-u jafolar tufaylidir. Chunki dilrabo deganda nafaqat koʻngilni olgan mahbubalar, balki umuman, yaqin kishilar ham tushuniladi. Qolaversa, Hindistonda Boburni zaharlagan Ibrohim Loʻdiyning onasi ham shu goʻzal qavmga mansub edi. Ma’lum boʻladiki, Bobur ayollar tufayli ham ozmuncha jabr chekmagan. Bundan tashqari, asosiy mavzusi ishq-u muhabbat hisoblangan mumtoz she’riyatda har qanday shikoyat motivlari ma’shuqa bilan bogʻlab ifodalanganini nazarda tutsak, baytning mazmun-mohiyati yanada oydinlashadi:
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun koʻngluma,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.
Boshqa bir gʻazalida ham oʻz koʻngliga murojaat qilib, har qancha gʻariblik iskanjasida qolsang-da, eldan vafo umidvor boʻlma, chunki diyordan ham, yordan ham sira vafo koʻrganing yoʻq-ku, deydi:
Gʻurbat ichra, ey koʻngul, eldin vafo istarni qoʻy,
Chun vafosin koʻrmading hargiz diyor-u yorning.
“Ey koʻngil, – deydi zor Bobur davom etib, – yaxshi kishilardan shunchalik koʻp yomonlik koʻrdingki, endi har yomondan yaxshilik koʻz tutishdan ma’ni bormi?”
Ey koʻngul, chun yaxshidin koʻrdung yamonliq asru koʻp,
Emdi koʻz tutmaq ne, ya’ni har yamondin yaxshiligʻ?!
Lekin Bobur bagʻrikeng, mehridaryo inson boʻlgan: oʻziga yomonlik qilganlarning ham gunohidan oʻtib, qoʻlidan kelgancha ularga yaxshilik koʻrsatgan. “Boburnoma”da bu borada koʻplab yorqin misollarni uchratish mumkin. Hasanxoja Nisoriy “Muzakkiri ahbob” kitobida yozishicha: “Kimki jahonpanoh dargohida iltijo qilgan boʻlsa, podshohning in’omidan bahramand boʻldi va fazl dasturxoni ne’matidan quruq qolmadi. Daryo misol qoʻli bilan saxovat olamiga erkinlik berdi” [7: 52]. Hindistonni olib, hind podshohlarining boy xazinasini qoʻlga kiritganida-ku, nafaqat jangda qatnashganlar, qatnashmaganlarni ham turli ehsonlar bilan siylaydi; Samarqand, Xuroson, Qashqar va Iroqdagi qarindosh-urugʻlariga sovgʻa-salomlar yoʻllaydi; Samarqand va Xurosondagi mashhur shayxlarga, hatto Makka va Madinaga nazr-niyozlar yuboradi. Har tarafga choparlar joʻnatib, qarindosh-urugʻlari, ota-bobolariga xizmat qilganlar, umuman, Temur va Chingizxon avlodidan boʻlgan barcha kishilarni huzuriga da’vat etadi. Xudo bizga ulugʻ Hindiston mamlakatini ato qildi, kelinglar, to bu davlatni birgalikda boshqaraylik, deydi. Chunki u jahonda faqat yaxshilik poydorligiga, odam bolasidan faqat yaxshilik qolishiga ishongan. Shuning uchun ham barcha elga yaxshilik qilki, shundan yaxshi narsa yoʻq, toki dunyoda falon kishidan yaxshilik qoldi, deb eslab yursin, degan aqida bilan yashagan:
Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq –
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ!
Futuvvat ahli orasida yaxshilikka yaxshilik – hammaning ishi, yomonlikka yaxshilik – mard kishining ishi, degan hikmat mashhur. Haqiqiy javonmardlikni amalda namoyish qilgan mard va tanti, saxovat va shijoat sohibi boʻlgan Bobur ham javonmard hukmdorning hayotiy timsoli edi. Binobarin, taqdiri har qancha ogʻir kechgani, zamon va odamlardan koʻp jabr-u jafo koʻrganiga qaramay, Boburning yomonlikka yomonlik bilan javob berishi mumkin emas edi va uning butun hayoti buning yorqin isbotidir.
Hikmat darajasidagi shunday nekbin misralardan soʻng gʻazalning yana badbin kayfiyatda yakunlashi uning Bobur hayotining sarson-sargardonlikda kechgan ogʻir davrida tugatilganiga ishora qiladi:
Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim koʻrubdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ?!
Gʻazal tushkun ruhda nihoyasiga yetganiga qaramay, bu baytda, bir tomondan, yaxshi odam yomonlar qurshovida qolsa, unga kun yoʻq, degan fikr ilgari surilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, “Bobur kibi jahon ahlidin yaxshilik istama”, deyish bilan bu adolatsizlikning faqat uning boshiga tushgani, binobarin, dunyo faqat yomonlikdan iborat emasligi, aksincha, u yaxshilik tufayli poydorligiga maqtadan oldingi bayt dalolat qiladi.
Zamon va odamlardan shikoyat ohanglari nafaqat Bobur, balki barcha shoirlar ijodiga xos. Mashhur fransuz mutafakkiri Lyuk Vovenarg: “Hali yer yuzida oʻzi yashagan zamonadan rozi yozuvchi boʻlgan emas”, degan edi. Jumladan, Alisher Navoiyning ham “Mehr koʻp koʻrguzdum, ammo mehribone topmadim”, “Kimga qildim bir vafokim, ming jafosin koʻrmadim” [3: 43] kabi koʻplab gʻazallarida bu holni koʻramiz. Ma’lum boʻladiki, shikoyat ruhidagi, badbinlik kayfiyatidagi bunday she’rlar tushkunlikka tushishimizga asos bermaydi. Har qanday kishining hayoti ham goh quvonchli, goh tashvishli, xalq ta’biri bilan aytganda, goh quyoshli, goh bulutli kunlardan iborat. Binobarin, goh nekbin, goh badbin fikr-xayollar odam bolasiga hamisha xos boʻlib kelgan. Bobur Mirzoning “yaxshiligʻ” radifli gʻazali ham fikrimizning yorqin isbotidir. Davr donishmandi Izzat Sultonning “Oʻtkan kunlar” romanining asosiy gʻoyasi “Yaxshi kishi biror zamonda kun koʻrmaydi!” degan haqiqatni aytishdan iborat, deb bergan bahosi ayni gʻazalga ham muvofiq keladi.
Gʻazal shunchaki shikoyatdan iborat boʻlib qolmay, shoirning badiiy jihatdan ham barkamol she’rlari sirasiga kiradi. U turkiy she’riyatda keng qoʻllangani jihatidan aruzning turkiy vaznlari deb ataladigan hazaj, ramal, rajaz va mutaqorib toʻrtligidan ramali musammani maqsur (foilotun foilotun foilotun foilun) vaznida yaratilgan. Unda “jahon”, “on”, “zamon”, “jon”, “yamon”, “falon” soʻzlari qofiya, “-din yaxshiligʻ” birikmasi (“-din” chiqish kelishigi qoʻshimchasi va “yaxshiligʻ” soʻzi) radif boʻlib kelgan. Radif she’rda qofiyadan keyin takrorlanib keluvchi soʻz, soʻz birikmasi yoki gap. Radif she’rni boshidan oxirigacha yagona mavzu, bir gʻoya, mushtarak ohang atrofida birlashtiradi, oʻquvchi e’tiborini bir nuqtaga jamlaydi. Chunki shoir she’rda qaysi fikrga urgʻu bermoqchi, nimaga oʻquvchi e’tiborini qaratmoqchi boʻlsa, oʻsha soʻzni radifga chiqaradi. Mazkur gʻazalda “yaxshiligʻ” soʻzi ayni vazifani bajargan.
Radif orqali gʻazalning yaxshilik mavzusiga bagʻishlanganiga ishora qilinishida baroati istehlol san’atini koʻramiz. Gʻazal ilk misrasining oxirgi misrada takrorlanib kelishi radd ul-matla’ san’ati hisoblanadi. Bu gʻazalni boshlangan misra bilan yakunlashdan iborat she’riy san’at. Koʻngilga va doʻstga murojaatda (“ey koʻngul”, “ey rafiq”) nido san’ati mavjud. Nido – shoirning oʻy-fikrlari, tuygʻu-kechinmalarini kimgadir yoki nimagadir murojaat qilish orqali bayon etish usuli. U she’rning ohangini oʻzgartirib, jarangdorligini oshiradi, ta’sirchanligini kuchaytiradi. Yaxshilik va yomonlik, yaxshi va yomonning oʻzaro zid qoʻyilishida tazod san’ati qoʻllangan. Tazod “zid qoʻyish”, “qarshilantirish” ma’nosini bildiradi – undan oʻzaro zid soʻzlar, tushunchalar, iboralarni bir-biriga qarshi qoʻyish orqali fikrni ta’sirchan ifodalash, goʻzal badiiy timsollar, lavhalar yaratishda foydalaniladi. Zamonda, odamlarda, goʻzallarda, hatto yaxshilarning oʻzida ham yaxshilik yoʻqligi haqidagi baytlar silsilasida kuchaytirib va boʻrttirib ifodalaydigan mubolagʻa va tasvir davomida bir ta’rifdan qaytib, uning oʻrniga yanada yuksakroq ta’rifni keltirishga asoslangan ruju’ san’atlari keladi. “Kim bulardan yaxshilik koʻribdi?” ta’kidida shoirning oʻy-fikrlari, tuygʻu kechinmalarini soʻroq shaklida ifodalashiga asoslangan istehfom nomli ma’naviy san’atni ham koʻramiz. “Jon” va “oromijon” soʻzlarining ketma-ket qoʻllanishida soʻz takroriga asoslangan san’atlardan biri iltizom koʻzga tashlanadi. Yaxshidan yomonlik yetganda yomondan ne gina mazmunli baytda ikki narsani oʻzaro muvofiq keltirishga asoslangan mutobaqa san’ati mavjud. Ikkinchi baytning “zamon” soʻzi bilan boshlanib, “zamon” soʻzi bilan tugashida soʻz takroriga asoslangan tasdir san’ati ishlatilgan. Bunda bayt qaysi soʻz bilan boshlangan boʻlsa, oʻsha soʻz bilan yakunlanadi.
Maqtadan oldingi “Butun elga yaxshilik qilishdan ham yaxshi ish yoʻq – odamlar falonchidan shu-shu yaxshilik qolgandi”, deb eslab yuradilar” mazmunidagi baytda shoirning oʻz fikri isboti uchun haqiqiy, hayotiy dalil keltirishidan iborat mazhabi kalomiy san’ati bor. Ayni paytda, bayt yoki she’rda fikrni pand-nasihat yoki hikmat bilan umumlashtirishga asoslangan kalomi jome’ ma’naviy san’ati ham mavjud. Falonchidan yaxshilik qoldi deb yaxshini maqtab eslab yuradilar, gapida irsoli masal – masal keltirish san’ati ham koʻrinib turibdi. Shoirlarning u yoki bu fikrlarini tasdiqlash yoki kuchaytirish uchun koʻpincha oʻz she’rlarida xalq maqol va matallariga, mashhur hikmatli soʻzlarga, el ichida yurgan obrazli iboralarga murojaat qilishlari qadimdan bor.
Gʻazalning bosh va oxirgi bayti – matla va maqtasi esa chiroyli boshlash va chiroyli yakunlashdan iborat husni matla va husni maqta san’atlarining yorqin namunasidir. Gʻazalda, shuningdek, she’rni boshidan oxirigacha bir mavzu, bir obraz asosiga qurishdan iborat lafziy san’at boʻlmish tadrijni ham koʻramiz. Lekin matndagi ma’no uzviyligini ta’minlashi jihatidan u ma’lum darajada oʻzida ma’naviy san’at yukini ham tashiydi. Bunda gʻazal bir mavzuga bagʻishlanib, baytma-bayt rivojlantirib boriladi yoki bir obraz asosiga qurilib, uning xususiyatlari birma-bir ochib beriladi. Shu tariqa tadrij gʻazaldagi ma’no uzviyligi va fikr yaxlitligini saqlashga xizmat qiladi. Bir butun gʻazal esa teran va serqirra mazmunni sodda va oddiy ifodalashdan iborat sahli mumtane’, ya’ni oson-u imkoni yoʻq uslubida yaratilgan. Atoulloh Husayniy ta’biri bilan aytganda, bunday she’rni “aytmoq oson-u, yengil koʻrunur, ammo aningdek qilib aytmoq mumkin boʻlmas, yo qiyin boʻlur” [2: 274]. Chunki bu soddalik chuqur bilim, keng dunyoqarash, katta hayotiy tajriba, yuksak ijodiy mahorat bilan omuxta buyuk soddalik boʻlib, unga uncha-muncha shoir yetisholmaydi. Bunday she’rlarni Shayx Ahmad Taroziy oʻqilishi oson-u, yozilishi qiyin deb lutf etadi [6: 89].
Tahlillardan ma’lum boʻladiki, “Yaxshiligʻ” radifli gʻazal Bobur Mirzo ijodining gultoji boʻlibgina qolmay, oʻzbek she’riyatining ham betakror durdonalaridan hisoblanadi.
Ergash OCHILOV,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va
folklori institute katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi
“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2024-yil 12-son.
“Bobur Mirzo ijodining gultoji” maqolasi
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Alisher Navoiy. Zahiriddin Muhammad Bobur. Mubtalo bo‘ldum sanga. – Toshkent: O‘zbekiston, 2013.
2. Atoulloh Husayniy. Badoyi’u-s-sanoyi’ (A.Rustamov tarjimasi). – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1981.
3. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – Toshkent: Sharq, 2002.
4. Zahiriddin Muhammad Bobur. Sochining savdosi tushti. – Toshkent: Sharq, 2007.
5. Ming bir hadis (arab tilidan Abdulaziz Mansur tarjimasi). – Toshkent: Movarounnahr, 1998.
6. Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy. Funun ul-balog‘a // O‘zbek tili va adabiyoti, 2002-yil, 6-son.
7. Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob (I.Bekjon tarjimasi). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993.
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q