Mashhur “bevafo xotin”lar: ular nafratga loyiqmi, shafqatga?


Saqlash
15:52 / 24.12.2024 574 0

Ijtimoiy tarmoqlarda kitobxonlikka oid guruhlarda baʼzan shunday mazmundagi izohlarni uchratib turamiz: “Anna eriga xiyonat qilgan, uni oʻzbek qizlarimiz oʻqimasligi kerak”, “Bovari xonim yengiltak ayol, fransuz romanlari esa axloqsiz”, “Ular oʻlimga munosib edi” va hokazo. Tabiiy savol tugʻiladi: nima uchun sadoqatli ayollardan koʻra “bevafo xotinlar” jahon adabiyotidagi taniqli obrazlarga aylanib ulgurdi? Agar ular shunchalik zararli ekan, nega adabiyotshunoslar tomonidan oʻqilishi zarur boʻlgan muhim asarlar roʻyxatida turadi? Nega haligacha bu obrazlar haqida ilmiy ishlar qilinadi? Albatta, vafo va xiyonat mavzusi adabiyotning mangu va ajralmas qismidir, u shubhasiz, insonlar oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganishga yordam beradi; yolgʻon, aldovning qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini koʻrsatadi. Xususan, ayol obrazlarning oilasiga xiyonat qilish sababini chuqur ildizlarini oʻrganadi, bunga jamiyatning taʼsiri qay darajada ekanini tahlil qiladi, oʻquvchini mulohaza qilishga undaydi. Demak, hukm qilishdan avval buning sabablarini oʻrganish foydadan holi boʻlmaydi.

 

Xoʻsh, “bevafo xotin” obrazi adabiyotga qachon kirib keldi? Uning shakllanish tarixi qadimiymi? Ha, mifologiyada ham xiyonatkor ayollar obrazlari yoʻq emas. Yunon mifologiyasidagi Pandora har qanday xiyonatkor ayolning arxetipi sifatida koʻriladi. U Pandora qutisini ochishi bilan insonlar dunyosiga oʻlim va yomonliklar kirib kelgan. Shundan soʻng u xiyonat va aybdorlik ramziga aylangan. Lilit ham mifologiyadagi mashhur ayol obraz boʻlib, u Odamni tashlab ketib, iblis bilan ittifoq tuzgani aytiladi.

 

Adabiyotda xiyonatkor ayol obrazlari turli jamiyat va davrlar kontekstida shakllanib, adabiyotshunoslikda muhim rol oʻynaydi. Shekspirning Dezdemonasi xiyonat mavzusida klassik obraz namunasi boʻlib, u aslida asar davomida eriga xiyonat qilmaydi, biroq shubhaga olinadi. Oʻrta asrlarda xiyonatkor ayol obrazlari doimo ikkinchi darajadagi obraz boʻlib qoldi. XIX-XX asrga kelib esa u bosh qahramon darajasiga koʻtarildi. Bu obrazlar shubhasiz, Anna Karenina va Emma Bovari edi.

 

 

Gustav Flober va Lev Tolstoyning mazkur romanlari 20-yil farqi bilan yozilgan. Bu holatda tarixiy qisqa davr madaniy maʼnoda muhim ahamiyatga ega, xususan, XIX asrning 50-yillarida Gʻarbda ham, Rossiyada ham ayollarni ozod qilish gʻoyalari endigina shakllanayotgan boʻlsa, 70-yillarga kelib bu harakat jamoatchilik ongida va badiiy adabiyotda kuchayib ketgan; adabiy asarlar muallifning individual dunyoqarashi, uning dunyo va inson haqidagi umumiy tushunchasi asosida qurilgandi. Shunday qilib, bu ikki adib romanlarida ayollar muammosini yangi nigoh koʻrib chiqishadi: Flober uchun bu jarayon qahramon orqali burjua borligʻining shafqatsizligini ochib berish, bu muhitning shaxsga, uning ichki dunyosiga taʼsirini koʻrib chiqish usulidir. Tolstoyga esa qahramonning shaxsiyati oʻz-oʻzidan qimmatlidir, yaʼni “Anna Karenina” birinchi navbatda, ayolning qalbi va ichki dunyosi haqidagi asardir. Sanʼatda axloq tushunchasi yuksak maʼnaviyat bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, koʻpincha ommaviy axloqdan ustun turadi yoki hatto unga qarshi chiqadi. Ikki romanda buning isbotini koʻrishimiz mumkin.

 

Lev Tolstoy uchun Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asaridagi tugallanmagan nasriy parchalar “Anna Karenina”ning yaratilishiga muhim turtki boʻlib xizmat qilgan. Shunday qilib, Tolstoy rus adabiyoti uchun sadoqatli xotindan bevafo xotingacha boʻlgan muhim tipologik chiziqni belgilab berdi. Anna Karenina – erli ayol, sakkiz yoshli oʻgʻilning onasi. Turmush oʻrtogʻining martabasi tufayli jamiyatda yuqori mavqega ega. U oʻzining ijtimoiy doirasidagi hamma qatori kiborlar hayotida yashaydi. Boshqalarning axloq haqdagi tushunchalaridan uzoq, laganbardorlik, ikkiyuzlamachilikka moslasha olmasligi bilan bilan ajralib turadi. Romanning boshidanoq Anna goʻzal va maftunkor ayol sifatida taqdim etiladi, u baxtli boʻlish uchun hamma narsaga ega: boylik, ijtimoiy eʼtirof, oila. Biroq Aleksey Karenin bilan turmush qurish unga qoniqish va baxt keltirmaydi. U sharoitlar taʼsiri ostida oʻzini erkinlikdan va haqiqiy sevgidan mahrum his qiladi. Anna obrazi bilan bogʻliq asosiy mavzu uning Vronskiyga boʻlgan ehtirosli muhabbatidir. Bu sevgi uning hayotining asosiy harakatlantiruvchi motiviga aylanadi. Haqiqiy baxt izlab, Anna Vronskiy bilan taqiqlangan munosabatlarga kirishadi, bu uning oilasining vayron boʻlishiga, jamoatchilikning nafratiga va oxir-oqibat fojiali oʻlimiga olib keladi. U har doim atrofdagi munosabatlarning soxta, yolgʻonligini his qiladi va bu tuygʻu Vronskiy bilan uchrashgandan keyin kuchayadi. Tolstoy realist va ruhshunos sifatida Anna bilan Vronskiy sevgisining fojiali halokatini nafaqat tashqi sabablar – jamiyatning zararli taʼsiri, balki qahramonlar qalbida yashiringan chuqur ichki holatlar bilan izohlaydi.

 

 

Anna – erkinlikni sevuvchi, qobiliyatli, aqlli va kuchli ayol, ammo uning his-tuygʻularida shafqatsiz iblis ruhi bor edi. Ehtiros tufayli u onalik burchini unutadi va Kareninning azobini sezmaydi. Tolstoy Annani hayotning maʼnosi va uning jamiyatdagi oʻrnini izlayotgan oʻrta yoshli, inqirozga duchor boʻlgan ayol sifatida tasvirlaydi. Anna xarakteridagi eng hayratlanarli daqiqalardan biri uning ichki ziddiyatlari va psixologik tanazzulidir. U farzandlari va eri oldida aybdorlik va uyat tuygʻulari bilan kurashadi, lekin shu bilan birga Vronskiyga boʻlgan muhabbatidan ham voz kecha olmaydi. Bu ichki ziddiyat uning ruhini parchalab tashlaydi, ruhiy va hissiy qulashiga olib keladi. Barcha mahbub ayollar singari u ham sevgining lazzatidan bahramand boʻladi va hayotida birinchi marta haqiqiy baxtni his qiladi. Lekin shu bilan birga yuksak maʼnaviy fazilatlarga ega olijanob ayol sifatida pushaymonlikdan qutula olmaydi, gunohi kechirilmasligini his qiladi. Anna oʻta ogʻriqli ruhiy yoʻlni bosib oʻtadi – vijdon azobi, cheksiz sharmandalik, yolgʻizlik, oʻgʻlidan ajralish azobi, uyni tark etishga majbur boʻlishdan vayronagarchilik, yuqori jamiyat tomonidan kamsitilish, haqorat tuygʻusi. Boshqa tomondan, Anna baʼzan oʻzini hech narsada aybdor emas deb oʻylaydi, chunki u tirik odam, unda hech qanday gunoh yoʻq, u shunchaki sevishni va erkin yashashni xohlaydi. Annaning soʻzlari ham muallifning oʻquvchilarga bergan savolidir: inson, ayniqsa, ayol dunyoda qanday yashashi kerak – qoʻrqmasdan oʻz tabiati talablari asosida muhabbat baxtiga intilish yoki iymon oʻgitlariga amal qilish kerakmi – sevgisini bostirish va istaklarsiz mazmunsiz hayot tarzini olib borish?

 

Romanda Annaga eng yaqin boʻlgan ikki erkak – Karenin va Vronskiy Annaga qaraganda koʻproq gunohkor va ayyordir. Xotinining nikohdan tashqari munosabatlaridan soʻng Karenin nafaqat Anna xohlagan narsasiga erishmasligini, balki jazolanishini ham xohlaydi. U duel va ajrashish foydasiz deb hisoblaydi va yagona yoʻl uning sevgilisi bilan birga boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, bolasini tortib olish, deb hisoblaydi. Anna dunyoviy jamiyat yashirin xiyonatni ragʻbatlantirishi, ammo samimiy va ochiq sevgini kechirmasligiga duch keladi. Annaning sevgisi toʻsiqlarni yengib oʻtadigan shamolga oʻxshaydi. Uzoq vaqt davomida bostirilgan ehtiroslarning portlashi – Karenin bilan sevgisiz hayotning fojiali oqibati edi. Anna Karenina obrazi oʻz his-tuygʻulari domiga tushib qolgan ayolning murakkab va koʻp qirrali portretidir. Anna harakatlari ustidan nazoratni yoʻqotadi, u Vronskiy uchun hamma narsani, hatto obroʻsi va ijtimoiy mavqeyini ham qurbon qilishga tayyor. U jamiyat qoʻlida oʻyinchoq boʻlishni, uning qoidalari va cheklovlariga boʻysunishni xohlamaydi. Anna oʻzgarishni orzu qiladi, u hayotini oʻzgartirishni, undan maʼno va quvonch topishni xohlaydi. Vronskiy uning uchun oʻzgarish, yangi, erkin hayotning ramziga aylanadi.

 

Tolstoyning romani koʻp qirrali va ulugʻvor. Annaning oʻlimi muqarrar va yuqori kuchlar tomonidan buyurilgandek edi – peshonaga bitilgan taqdir. Ammo muallif uni qoralamaydi, ehtimol oʻzini qaysidir maʼnoda oʻquvchi bilan shu tarzda tanishtiradi; Anna va oʻzining oʻtmishdagi gunohlari uchun Xudoning kechirishiga umid qiladi. Tolstoy barcha savollarni oʻquvchiga qoldiradi: Annaning oʻlimida kim aybdor? Uni oʻz joniga qasd qilishga nima undadi? Nega Anna Karenin bilan turmush qurishi va Vronskiy bilan yangi munosabatlari bilan qanoatlana olmadi? Nega sevgini hamma narsadan ustun qoʻygan ayol oxir-oqibat bunday vafot etdi? Muallif romanni Anna Kareninaning oʻlimi bilan tugatmaydi, u qahramon hayotining fojiali tugashi maʼnaviy qadriyatlarning chuqur buzilishi, sivilizatsiyaning axloqiy vayron boʻlishining oqibati ekanligini aks ettiradi.

 

 

Tolstoy Gustav Floberning “Bovari xonim» romanini qachon oʻqigani nomaʼlum, lekin u Karenina ustida ishlay boshlaganida, u kitob bilan hech boʻlmaganda umumiy maʼnoda tanish edi: 1857-yilning bahorida Parijda bir oy yashagan va yaqinda nashr etilgan shov-shuvli roman muallifi Flober bilan yozishmalar olib borgan. Karenina va Bovari umumiy syujet tuzilishiga ega – sevgi, xiyonat, oʻz joniga qasd qilish – ammo nyuanslar mavjud. Bovarining feʼl-atvori Annaga nisbatan yengilroq: u eriga achinmaydi, bolasidan ajralganidan azob chekmaydi, u oʻzining ikki tomonlama hayotidan – oilaviy va ishqiy sarguzashtlarning paydo boʻlishidan mamnun. Aytishimiz mumkinki, Flober koʻproq Emma tegishli boʻlgan muhitni tasvirlashga urinadi, Tolstoy esa Anna his-tuygʻularining dinamikasiga koʻproq eʼtibor beradi.

 

Emma Bovari obrazi haligacha adabiyotshunoslar tomonidan muhokama qilinadi. Koʻplab tanqidchilar Emma oʻz romantizmida mustaqil emasligi, uning sevgi va baxt orzulari xayoliy, oʻsha paytda urf boʻlgan romanlardan olingan stereotip tasvirlar ekanligiga eʼtibor qaratishadi. Fermerning yosh qizi, monastir maktab-internatida tarbiyalangan, keyin viloyat shifokorining rafiqasiga aylangan Emma bolalikdan to yetuklikkacha xayoliy gʻoyalar bilan yashaydi. Vaqti-vaqti bilan u romantik kitob sahifalarida paydo boʻlgan ilohiy ishq va orzudagi shahzodasini topishga harakat qiladi. Zerikarli, kulrang, viloyat chekkasidagi turmush yosh xayolparast qizni qoniqtirmaydi, u Parijga borishni xohlaydi. Ammo eri uning orzudagi ideal emas, romantik sevgi, hashamatli hayotni bera olmaydi. Bir tomondan, bu tushunarli: har bir yosh ayolning qalbi katta va yorqin narsalarga – zerikarli nasr uchun emas, balki goʻzal sheʼriyat uchun intiladi. Ammo Emma ideal romantik sevgi va goʻzal hayotni vahshiylarcha izlay boshlaydi. Boʻm-boʻsh, ichi hech narsa bilan toʻldirilmagan va shuning uchun yengil boʻlgan xonim u yoqdan bu yoqqa chopadi, bir zavqdan ikkinchisiga otiladi. Madam Bovari tezda pastga qulaydi – maʼnaviy va moliyaviy tanazzulga yuz tutadi. Flober ishqiy sarguzashtlar orqali zerikish hissi va kulrang hayotdan qochishga urinish qaygʻuli va hatto fojiali oqibatlarga olib keladigan katta axloqiy xato ekanligini koʻrsatadi. U tagi puch orzularga berilib ketadi va eridagi haqiqiy tuygʻuni qadrlay olmaydi: boshqa erkaklar bilan yashirin ishqiy munosabat oʻrnatadi, ulardan ham oʻzi kabi fidoyilik va sevgi kutadi, biroq oxir oqibat tashlab ketiladi. Bu sharmandalik va moddiy nochorlikka chiday olmay, ayol oʻzini zaharlab oʻldiradi.

 

Romanni yozish gʻoyasi Floberga Misrdagi sayohat paytida paydo boʻlgan. Hayotning oʻzi real syujetni taklif qildi: Floberning uyidan uzoq boʻlmagan joyda bir shifokorning rafiqasi, 26 yoshli Delfin Delamare oʻz joniga qasd qildi. Roman chop etilgach, axloqsiz kitob deb eʼlon qilindi, ammo u muvaffaqiyatga erishdi. Floberni jamoat axloqi va dinini haqorat qilishda ham ayblashdi. Yozuvchi hayot haqiqatini naqadar yorqin va jonli tarzda bayon etgandiki, “axloq posbonlari» bundan gʻazablanishdi, lekin jamoatchilik (ayniqsa, ayollar) muallifni olqishlashdi: yosh adib ayol ruhiyatini juda aniq ifodalagan. Flober “Emma Bovari bu – men” deb aytgani bejiz emas. Flober romantizm davrida tarbiyalangan, uning oʻzi adabiyotda ham, hayotda ham romantik boʻlgan, ammo hayot uni romantizm aqliy zaiflik shakli ekanligiga ishontirdi. Uning qahramoni bunday tushunchaga qodir emasdi. Emma qishloq chekkasida goʻzal sevgini, boshqacha taqdirni orzu qilardi va shuning uchun doimo oʻziga va eriga yolgʻon gapirardi. Hayot ham oʻz navbatida, uni masxara qildi va shafqatsizlarcha aldadi. Madam Bovari orqali Flober oʻzining eski ideallari va illyuziyalaridan ajralib chiqdi.

 

 

Yozuvchi Anatol Frans toʻgʻri aytgan: Flober adabiyotni romantizm qirgʻogʻidan realizm sohiliga oʻtkazdi. I.S.Turgenev bu roman haqida adabiy hayotdagi eng yaxshi asar sifatida gapirdi. Bovari xonimni ayblash oson, Floberning oʻzidan iqtibos keltirgan holda tanqidchilar odatda shunday qilishadi. Shu bilan birga, uning obrazi jahon adabiyotida ana shunday munozarali fikrlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan kam sonli ayol obrazlaridan biridir: Bodler Emmaning insoniyat idealiga yaqinligiga qoyil qoladi. Bir vaqtning oʻzida u bizning mazaximizga ham, rahm-shafqatimizga ham ochiq obrazdir. U jamiyatga qarshi isyoni, telbalik va oʻz joniga qasd qilishga olib keladigan irratsional ehtiroslarni oʻz ichiga olgan asar. Muallif Bovari xonimni toʻliq qoralay yoki oqlay olmaydi, ammo tushuntiradi. Uning aybi va baxtsizligi – oʻz ruhiy saʼy-harakatlari bilan reallikni koʻrishga intilishdan koʻra, allaqachon shakllangan narsaga ishonishidir. Har qanday buyuk asar singari “Bovari xonim” ham muallif qulochidan keng va chuqurroqdir, har bir davr unda oʻziga xos jihatni topadi. Kimdir Floberning romanida bizning zamonaviy isteʼmol jamiyatimiz va Emma timsolida ommaviy ong haqidagi bashoratni koʻradi. Kimdir yozuvchi sanʼati tufayli qadimgi yunon fojiasi darajasiga koʻtarilgan oddiy ayolning taqdiri sifatida qaraydi.

 

Ikkala qahramonning ayanchli taqdiri oʻzining barcha maʼnaviy qadriyatlari va axloqiy yoʻl-yoʻriqlarini yoʻqotgan jamiyatdagi sevgining tanazzulga uchrashi, shuningdek, insoniy tuygʻularning abadiy fojiasini koʻrsatib beradi. Emma Bovarining oʻlimi uning illyuziya, kitobiy gʻoyalar va intilishlari qishloq hayotining tussizligi tufayli ichki qulash bilan bogʻliq. Anna Kareninaning oʻlimi uning yuksak axloqi, yaqinlari oldida oʻzini aybdor his qilishining natijasidir. Anna oʻzini oʻrab turgan yolgʻonlarga chiday olmaydi, chunki u ichki jihatdan kuchli va samimiy ayol; uning intilishlari va ideallari aynan mana shu samimiylik va qalb kuchidan kelib chiqadi.

 

Ikki roman asosida shu vaqtgacha bir nechalab filmlar suratga olingan. Romanni oʻqib koʻrmagan kitobxonlar ham uning umumiy mazmunidan xabardor va shu asosida maʼlum xulosalarga ega. Biroq mutolaa qilish orqaligina ikki ayol ruhiyatiga chuqurroq kirish, tushunish, anglash, mulohaza yuritish mumkin. 2007-yilda zamonaviy mashhur yozuvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, barcha davrlarning eng buyuk ikkita romani bu – “Anna Karenina» va “Bovari xonim» deb tan olingani bejiz emas, albatta. Shunday ekan, nafaqat rus va fransuz adabiyotining, balki jahon romanchiligining eng yuksak namunasi sanalgan mazkur romanlar bugungi davr uchun dolzarb sanaladi.

 

Nodira IBROHIMOVA,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

instituti doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//