Chelak, Buyrak, Cho‘michli – etnotoponimlarning kelib chiqishi tahlili


Saqlash
11:18 / 23.12.2024 314 0

Joy nomlarining katta bir qismini etnotoponimlar tashkil etadi. Etnotoponim yasalish negizini etnonimlar tashkil qilgan joy nomlari bo‘lib, yunoncha etnosxalq, topos – joy, onimnom soʻzlaridan tarkib topgan [1].

 

Etnik nomlar tildagi eng qadimiy soʻzlar sanaladi. Etnonimlar asosan toponim yoki toponim tarkibida etnik element sifatida saqlanib qolgan. Taniqli toponimist olim S.Qorayev har qanday etnonimning ma’nosi borligini, ularning qadimiyligini, shu sababli ayrimlarining etimologiyasini aniqlash borasida bir qancha qiyinchiliklar mavjudligini ta’kidlaydi. Masalan, oʻzbek, qirgʻiz, qozoq kabi millat nomlari, qoʻngʻirot, mitan, qangli, qipchoq, uyshun, qorluq, xalaj kabi urugʻ-qabila nomlari haqida bir qancha fikrlar bildirilgan, lekin bu etnonimlarning etimologiyalari ilmiy asosda uzil-kesil hal qilingan emas [1: 85].

 

Urugʻ-qabila va xalq nomlari asosida paydo boʻlgan joy nomlari fanda etnotoponim deb yuritiladi. Ular oʻziga xos xususiyatlarga ega. Bunday joy nomlarini oʻrganish xalqimiz tarixini chuqur oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.

 

Etnonimlarning joy nomiga aylanishi ikki koʻrinishga ega. Birinchidan, etnonim toʻgʻridan toʻgʻri joy nomi ma’nosini ifodalaydi; ikkinchidan, ayrim nomlar etnik element (etnonim)ning boshqa soʻzlar bilan qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Biz quyida ularning Payariq tumanidagi holatlariga atroflicha toʻxtalib oʻtamiz.

 

Payariq tumani hududi qadimgi davrlardan boshlab turli xalq, elat va qabilalar istiqomat qilib kelganligi bilan ajralib turadi. Bu hududda turkiy qavmlarning oʻndan ortiq urugʻ vakillari yashagan. Koʻplab urugʻlarning nomlari qishloq nomlariga oʻtgan. Shunday xususiyatga ega atamalarni alohida guruhga ajratib yozish mumkin. Qishloq atamasiga oʻtgan urugʻ nomlari xuddi shunday qabilaning ham bu yerda yashayotganidan dalolat beradi. Quyida qishloq nomlarini ko‘rib chiqamiz:

 

Chandir. Tumandagi aholi punkti nomi. Chandir – turkman xalqi tarkibidagi qadimiy urugʻ-qabila nomi. S.Qorayev chandirlar haqida “turkman qabilasi, Nurota turkmanlarining urugʻi. Bahoriston, Payariq, Pastdargʻom, Shofirkon, Jondor, Qorakoʻl, Romitan tumanlarida Chandir qishloqlari qayd qilingan. Etnonim “goʻshtning pay qismi” ma’nosidagi chandir soʻzidan kelib chiqqan, degan fikr bor. Sharqning mashhur filologi Abu Xayyon chandir soʻzini “duragay”, “qurama” deb izohlagan”, deya qayd etgan [1: 22].

 

Bahrin (baarin) – turklashgan moʻgʻul qabilalaridan. Moʻgʻullar hukmronligi davrida Dashti Qipchoqqa oʻrnashgan. XVII–XIX asrlarda katta bir qismi Toshkent vohasi va Fargʻona vodiysiga, bir qismi esa Zarafshon vohasiga, Qashqadaryoning oʻrta oqimiga oʻrnashgan. Asaka, Ishtixon, Qamashi, Uchkoʻprik tumanlarida Bahrin, Qorakoʻl tumanida Bahrinbayot qishloqlari bor. Bahrin – ov qushi, lochinning bir turi. Bu parranda urugʻning totemi, ya’ni muqaddas jonivori boʻlgan boʻlishi mumkin. Bahrin qabilasi moʻgʻullarning afsonaviy ajdodi Boʻdoʻncharning katta oʻgʻli Baaridaydan tarqalgan va uning nomi bilan atalgan, degan fikr ham mavjud [3: 173].

 

Burqut – turklashgan moʻgʻul urugʻlaridan biri. Burqutlarning bir qismi XIII–XVI asrlarda Movarounnahrga kelib oʻrnashgan. Asosan, Zarafshon vohasida (hozirgi Payariq, Narpay, Navoiy, Gʻijduvon tumanlarida), qisman Mirzachoʻlda (Jizzax shahri atroflarida) joylashgan. Xatirchi tumanida Burqutsoy degan soy, Navoiy, Paxtachi, Vobkent, Payariq, Xatirchi, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida Burqut degan qishloqlar bor. Turkmanlarning arsari (ersari) qabilasi tarkibida burgut urugʻi qayd qilingan. Qozoqlar tarkibida burqut, qirgʻizlarning sayaq qabilasi tarkibida burkutcha, saribagʻish qabilasi tarkibida esa burquchi urugʻi bor [3: 176].

 

Qo‘ngʻirot. Payariq tumanidagi aholi punkti nomi. Qishloqda asosan Qoʻngʻirot urugʻi hayot kechiradi. Ular bundan 200 yillar oldin Gʻallaorol tumanining Oʻsar shoʻrcha qishlogʻidan bu yerga kelib oʻrnashib qolgan.

 

Qoʻngʻirot – oʻzbek qabilalaridan biri. Qoʻngʻirotlarning asosiy qismi hozir ham Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yashaydi. Qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq xalqlari tarkibida ham qoʻngʻirotlar bor. Respublikamiz, xususan, Zarafshon vodiysida 20 ga yaqin aholi punkti Qoʻngʻirot deb ataladi [3: 246].

 

Boʻri – etnonim (totem – qabila-urugʻning muqaddas jonivori). Zarafshon vodiysidagi qipchoqlarning boʻri degan urugʻi boʻlgan.

 

Qirgʻizlarning adigine va aziq qabilalari tarkibida ham boʻri urugʻi qayd qilingan. Boʻri soʻzidan tarkib topgan toponimlarning etnotoponim yoki zootoponim ekanini aniqlash oson emas. Boʻrisoy boʻlsa zootoponim, Boʻriqishloq boʻlsa etnotoponim sanaladi [3: 177].
Payariq tumanidagi aholi punkti nomi. Bu qishloqda boʻri urugʻiga mansub aholi koʻproq istiqomat qiladi.

 

Buyrak. Tumandagi aholi punkti nomi. Parcha qipchoq urugʻ tarmogʻiga mansub aholidan tashkil topgan mazkur qishloqning xalqi Sari suv yaqinidagi Ernazar qishlogʻidan koʻchib kelib joylashgan.

 

Oytamgʻali. Bu aholi punkti nomi uch ma’noli qismdan iborat: oy + tamgʻa + li. Mazkur nomdagi urugʻ tarmogʻi Samarqand viloyatining Payariq, Narpay, Oqdaryo tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatida ham mavjud. Oytamgʻali oʻzbeklarning qoʻngʻirot urugʻi tarmoqlaridan biri sanaladi.

 

Qoraqalpoq. Samarqand viloyatining Jomboy, Bulungʻur, Payariq, Ishtixon, Xatirchi, Paxtachi tumanlarida, Fargʻona viloyatining bir qator tumanlarida, Jizzax viloyatining Gʻallaorol, Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon, Boʻka, Yangiyoʻl, Chinoz, Navoiy viloyatining Nurota tumanlarida shunday toponim mavjud. Ularning hammasida mangʻit qavmi hamda bu qavmning oq mangʻit va qora mangʻit aymoqlari, uymovut, qoʻngʻirot qavmlari yashagan. Ushbu toponim ikki qismdan iborat: qora + qalpoq. Bu ikki ma’noli soʻzlar birlashib urugʻ nomini yuzaga keltirgan.

 

Choʻmichli. Bu aholi punkti nomi ikki qismdan iborat: choʻmich + li. Gʻuzor, Qamashi tumanlarida ham bor. Tamgʻasi choʻmich shaklida boʻlgan urugʻ (choʻmichli) jamoasining qishlogʻi. Xitoy, nayman, qirq, saroy, qoʻngʻirotlar tarkibida choʻmichli urugʻi boʻlgan [3].

 

Chelak va Gʻallaorol tumanlaridagi Cho‘michli qishlog‘ida oʻzbek xalqining qoʻngʻirot urugʻi yashaydi.

 

Qoraxoni. Bu aholi punkti nomi uch qismdan iborat: qora + xon + i. Payariq, Narpay, Denov, Sherobod, Kitob tumanlaridagi qishloq. Xoʻja, eshon, arab, qarluq qavmlari avlod-ajdodlari qoraxoni(y)larning qishlogʻi [3]. Bu aholi punkti nomi uch ma’noli qismdan iborat: qora + xon + i. Shu nomdagi qishloqlar Payariq, Nurota tumanlari, shuningdek, Gʻijduvonda ham uchraydi. Qishloq aholisi, asosan, qoraxoniy urugʻi xoja toifasining vakillaridir.

 

Qorabayir. Payariq, Koson, Qarshi tumanlarida Qorabayir qishloqlari bor. Qovchin qabilasi tarkibida qorabovur urugʻi qayd qilingan [3]. Bu aholi punkti nomi ikki ma’noli qismdan iborat: qora + bayir. Umuman olganda, Zarafshon vodiysi oʻzbeklarining mangʻit urug‘i tarkibidan boʻlgan qipchoqlarning bir tarmogʻi qorabayir nomi bilan ham ataladi.

 

Ayuchi. Oʻzbek qipchoqlarining bir urugʻi ayuchi (ayuv­chli, ayiqchi) deb atalgan [1: 156]. Qishloqda Qipchoq urugʻi vakillari yashaydi. Uning tarixi 200 yil ilgari boshlangan. Qishloq xalqi taxminan ikki asr burun shu joyni tanlagan. Ularning asosiy mashgʻuloti ganchkorlik boʻlgan.

 

Chelak. Doʻrman qabilasining bir shoxobchasi ko‘kchelak deb atalgan. Payariq tumanida Oqchelak degan qishloq bor. Janubiy Qirgʻizistondagi Sarichelak koʻlini eslang. Qator qonuniga koʻra chelak degan urugʻ boʻlishi shart [1: 228].

 

Oqchelak – chelak urugʻining bir tarmogʻi (qirgʻizlarning bugu qabilasi bir urugʻi ham chelek deb atalgan. Sarichelak koʻli shu etnonimdan olingan boʻlsa kerak). Payariq tumanidagi Oqchelak oykonimi chelak urugʻining boshqa tarmoqlari boʻlganini koʻrsatadi [1: 210].

 

Qirqsaydov. Bu aholi punkti nomi ikki ma’noli qismdan iborat: qirq + saydov. Asosan, qirq urugʻiga mansub aholi yashaydi. Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani Oʻgat qishlogʻidan koʻchib kelishgan.

 

Qirq – yirik oʻzbek qabilalaridan biri. Samarqand atroflarida, Tojikiston Respublikasi Panjakent shahrining janubida, hozirgi Gʻallaorol, Zomin, O‘ratepa shahri atroflarida yashagan. Qirq, Qirqovul, Qirqqishloq, Kattaqirq, Qirqlar kabi toponimlar shu qabila nomi bilan atalgan [1: 141].

 

Oʻymovut, uymovut – oʻzbeklarning kenagas, qozoqlarning dulat, qoraqalpoqlarning keneges qabilalari tarkibidagi urugʻ. Gʻallaorol, Chinoz, Shahrisabz, Chiroqchi, Qibray, Dangʻara, Payariq tumanlarida Oʻymovut qishloqlari qayd qilingan [1: 235]. Bu aholi punkti nomi ikki ma’noli qismdan iborat: oʻy + movut. Qishloq nomiga etnonim asos boʻlgan. Xalq orasida oʻrmavut talaffuzi ham boʻlgan. Mahalliy xalq oʻzlarini Zarafshonning quyi oqimidan koʻchib kelgan, etnik jihatdan esa mangʻitlardan deb hisoblaydi.

 

Payariq tumani toponimlarining paydo boʻlishida turli vositalar asos boʻlib xizmat qilgan. Shuning uchun tuman toponimlari shakllanishining asoslari rang-barang. Bu jihatdan hududda etnotoponimlar, antropotoponimlar, gidrotoponimlar, kasb-kor, hunar atamalari asosida shakllangan toponimlar, fitotoponimlar shakllangani kuzatiladi. Tuman hududida tarixan turli xalq va elatlarga mansub aholi istiqomat qilganligi sababli etnonimlar asosida shakllangan toponimlar salmogʻi miqdoran katta. Payariq tumani toponimlar tizimi oʻzbek toponimshunosligida oʻz oʻrniga ega. Ular oʻzida shu hududda yashovchi xalqlar tarixi, qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini ifodalovchi, qadimdan shakllangan va hozirda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy rivojlanish yoʻlini bosib oʻtayotgan, muayyan leksik-semantik va onomastik-grammatik xususiyatlarga ega lisoniy birliklar boʻlib, oʻzbek tilidagi boshqa toponimlar bilan tipologik va differensial belgilari yuzasidan yaxlit tasavvur uygʻotishi bilan ahamiyatli.

 

Payariq tumani toponimlari boʻyicha yigʻilgan boy faktik materiallarni ifodalovchi onomastik birliklarga xos grammatik, leksik-semantik, etimologik, lingvotoponimik belgilar asosida hududdagi hamda mamlakatdagi toponimlarning umumiy va xususiy jihatlari shu joy aholisining til xususiyatlari, dunyoqarashi, an’ana va urf-odatlariga bogʻliq holda aniqlanishi mumkin. Payariq tumani hududida joy nomlarining etnotoponim, antropotoponim, gidrotoponim, fitotoponim, kasb-kor atamalari asosida shakllangan semantik tiplari uchraydi. Undagi oykonimlar, komonimlar onomastik leksika sathi me’yorlari asosida shakllangani kuzatiladi. Hududdagi qishloq tipidagi joylarning atoqli oti sifatida shakllangan komonimlar tarkibida koʻpincha antroponim, etnonim, hajm-oʻlchov bildiruvchi, joylashish oʻrniga ishora qiluvchi birliklar ishtirok etgan. Payariq tumani toponimlarini tadqiq etish hududga mansub joy nomlari fonetik qurilishida ayrim oʻziga xosliklar mavjudligini koʻrsatadi. Xususan, tuman toponimiyasida “y”lovchi hamda “j”lovchi shevalar ta’siri borligi anglashiladi.

 

Oybek GADAYEV,
Oʻzbekiston-Finlandiya pedagogika instituti o‘qituvchisi

 

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2024-yil 12-son.

 

Foto by: Abdumannon MUHAMMAD

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Qorayev S. Toponimika. – Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2006.

2. Do‘simov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lug‘ati. – Toshkent, 1977.

3. Nafasov T., Nafasova V. Oʻzbek tili toponimlarining oʻquv izohli lugʻati. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007.

4. Nafasov T. Qashqadaryo qishloqnomasi. – Toshkent, 2009.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//