Abduvali Qutbiddinning sirli dunyosi – bir sheʼr tahlili


Saqlash
11:14 / 23.12.2024 303 0

Sheʼriyat soʻz vositasida obrazli fikrlashdir. Har bir davrning sheʼriyati va uni yaratgan ijodkorlar boshqa davrlardan ana shu obrazli fikrlashdagi oʻzgachalik ila farq qiladi. XIX asr oxiri, XX boshlarida Gʻarbda vujudga kelib, dastlab teologiya va falsafada boʻy koʻrsatgan, keyinchalik sanʼatning barcha turlariga kirib kelgan modernizmning tub mohiyatida ham oʻzigacha boʻlgan sanʼatdagi qarashlarni inkor qilib, yangicha fikrlash, salaflardan koʻra yaxshiroq gap aytishga intilish yotadi.

 

Modernizm ijtimoiy hayotning deyarli barcha sohalarida ustuvor qarash boʻlgan davrda insoniyat ikki katta miqyosdagi urushni boshdan kechirdi. Atigi bir necha oʻn yillar oldin sanʼat va sanoatdagi katta inqiloblar sabab hattoki “xudolikka daʼvo qilgan” inson bu ikki urushdan keyin ancha “yuvosh tortib qoldi”. Endi insonning talab va daʼvosi tashqi dunyo – olami sugʻroga emas, balki ichki dunyosi – olami kubroga evrildi. Bu evrilish natijasida sanʼatning barcha turlari oʻz koʻzgularini inson qalbiga qaratdi.

 

Oʻzbek modern sheʼriyati esa “yangilanish” maʼnosida Choʻlpon, Usmon Nosirdan boshlanadi. Ming yillar davomida oʻzgarmay kelgan qoliplar (aruzda yozish, gʻazal, tuyuq, qitʼa kabi sheʼriy janrlarda ijod qilish) oʻzgarishga yuz burdi. Biroq oʻsha davrdagi mavjud tuzum siyosati oʻzbek adabiyotini qaysidir maʼnoda dunyo adabiyotidan uzilib qolishiga sabab boʻldi. XX asrning 80-yillaridagi “siyosiy yumshoqlik” uning yana jahon ayvoniga boʻy choʻzib qarashiga imkon berdi. Ayni shu davr oʻzbek sheʼriyatida Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Yoʻldosh Eshbek singari 70-yillar avlodini, Bahrom Roʻzimuhammad, Abduvali Qutbiddin, Faxriyor (Faxriddin Nizomov), Aziz Said kabi 80–90-yillar avlodini yetishtirib berdi. Gʻarbda deyarli yuz yilga yaqin vaqt mobaynida sanʼat va falsafada hukm surgan modernistik va postmodernistik gʻoyalar 80–90-yillar oʻzbek sheʼriyatida barobar boʻy koʻrsatdi. Bu davr ijodkorlari asarlaridagi bosh gʻoya oʻzlikka qaytish, xudoni tanish, erk, xalqni chuqur uyqudan uygʻotish kabi tushunchalar asosida shakllandi.

 

Ayni shu davr oʻzbek sheʼriyatining zabardast vakili Abduvali Qutbiddin ijodi bugungacha munosib tadqiq qilingan emas. Shoir sheʼrlarini oʻqir ekansiz, uning juda koʻplab diniy-falsafiy adabiyotlardan xabardorligini, xalq ogʻzaki ijodining yetuk bilimdoni ekanini, ijodi boshdan oyoq ezoterik bilimlar bilan sugʻorilganini chuqur anglaysiz. Shoir vazn va qofiya, badiiy sanʼat singari sheʼriy unsurlar emas, balki tabiiy tushuncha va tafakkur tarzini ham qoliplaridan chiqarib, butunlay boshqa oʻzanlarga solib yuboradi. Uning satrlarini oʻqir ekansiz, qandaydir ilohiy kuy, sehrli ertak qulogʻingizga asta oqib kirgandek boʻladi. Biz quyida uning birgina sheʼrini tahlil qilishga urinib koʻramiz:

 

Koʻzimdan oʻpib qoʻy, Osima!

Senga olma bergum magʻz-magʻzi oltin.

Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,

Lablaring yolqin...

 

Koʻz insonning eng asrab avaylaydigan, qadrli uzvi. Xalqning “koʻz ostiga olmoq”, “koʻzining ostiga bosmoq”, “koʻz qorachigʻidek asramoq”, “koʻzdek yaqin” singari iboralari ana shu sabab bilan bevosita aloqador. Demak, shoir suyuklisiga “Agar mening koʻzimdan oʻpib qoʻysang, senga magʻzigacha oltin boʻlgan olma beraman, uni tishlagan tishlaring ham oltinga aylanib, lablaring nur sochadi”, demoqda. Xalq qoʻshiqlaridan maʼlumki, olma sevgi ramzi. Keyingi misralarda shoir suyuklisiga sayrasa boʻgʻzidan gavhar tushadigan, bir qanoti atirgul, bir qanoti nilufar boʻlgan sehrli kaklik vaʼda qiladi:

 

Xohlasang beraman sehrgar kaklik,

Sayrasa boʻgʻzidan tushadi guhar.

Uning bir qanoti atirgul,

biri nilufar.

 

Yuqoridagi kabi sayraganda ajib holatlar yuz beradigan, qanotlarida ham oʻzgachalik boʻlgan kaklik, koʻkqush, bulbuligoʻyo obrazlari ham xalq ertaklarida tez-tez uchrab turadi. Shoir oʻz ertaklar olamida yashar ekan, suyuklisiga yana shunday deydi:

 

Istasang zumurrad tarogʻim senga,

Sochingni tarasang yarmisi zumrad.

Silasang qoʻlingu barmogʻing boʻlgay

lojuvard.

 

Shu paytda oʻz olamida yashab, yoriga olma – chin muhabbat, sehrli kaklik – orzu va umid, zumrad taroq, goʻzal hayot kechirish vositasi (bizningcha)ni tortiq qilayotgan shoirning xayollarini suyuklisining gapi toʻzgʻitib yuboradi. U bir zumda yettinchi osmondan yerga zarb bilan tushadi.

 

... – Eshikni yop, – deysan,

– Sovuq-ku, axir.

Boshim ogʻriyapti, boshim.

 

Endi hamma narsa oʻz holiga qaytadi. Sehrgar kaklik hovlidagi tovuqqa doʻnadi. Daraxtdan esa oxirgi olmalar uzilib tushadi:

 

Uh tortib oynadan gʻijirlar sovuq,

Ayoz ishqab oʻtar eshikka betin,

Ququlab yuborar hovlida tovuq.

Daraxtdan uzilib tushadi olma –

Olma – oltinnn,

Ol-tinnn,

Dooo-o-dey...

 

Tashqaridan uh tortib gʻijirlagan sovuq, eshikka yuzini surayotgan sovuq, ququlagan tovuq shoirga oʻzga olamda emas, mana shu dunyoda yashayotganini uqdiradi.

 

Susambil kabi makon istash, bir tupurib bogʻlarni gulzorga aylantirish ishtiyoqi Abduvali Qutbiddinning koʻplab sheʼrlarida uchraydi. Aslida haqiqiy shoir doimo ayni damdagi holidan mamnun boʻlmaydi. U elning, odamlarning baxtli boʻlishini, shu qatorda oʻzini ham ular qatorida koʻrishni istaydi. Uning sheʼrlaridagi orzu-umidlari, istaklari quyidagi xalq qoʻshigʻidagi soʻzlar bilan bir nuqtada kesishadi:

 

Masjid boʻlsa, madrasa,

Oʻrtasida yoʻl boʻlsa...

Bir odil podsho boʻlsa,

Har kim suyganin olsa!

 

Abdukamol ABDUJALILOV,

OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va

folklori institutining tayanch doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24026
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//