Oʻzimizdan chiqqaniga nima yetsin – Erkin Aʼzamning “Gonoluluga elchi” asariga taqriz


Saqlash
10:14 / 23.12.2024 125 0

Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning nasrini juda yoqtiraman. Tili shu qadar goʻzal va kinoyali, qahramonlari shu qadar hayotiy va original. Hikoya va qissalarini chin maʼnoda miriqib oʻqiganman. Ishonavering, bunaqa ravon uslub, bunaqa ohangdor va ixcham nasr juda taqchil. Yaqinda adibning “Gonoluluga elchi” asarini mutolaa qildim. Hali yangi asar ekan, ikki yil oldin yozilgan. Voqealar ham yaqin tarixda, istiqlolning ilk yillarida sodir boʻladi. Aftidan, toʻlaqonli voqeiy qissa. Faqat undagi obrazlar oʻzgacha nomlar bilan tilga olinadi. Shunisi bilan qiziq aslida.

 

Syujet haqida yakkam-dukkam gapiradigan boʻlsak, qadrdon doʻstlar sanalmish olti ijodkorni turli mamlakatlarga elchilikka yuborishga qaror qilishadi “Yaxshi-da, oʻzimizdan chiqqaniga nima yetsin!” Ularga til oʻrgat, turli ijtimoiy-siyosiy mavzularda maqolalar yozdir, diplomatiya sirlarini tushuntir va hokazo deganday. Ammo hafsalangizni biroz pir qilishim mumkin: har qancha tadorik koʻrilmasin, Parij-u London talashilmasin, alaloqibat oltovlonning hech biri elchilik rutbasiga ega chiqmaydi. Eski hammom, eski tos.

 

Xoʻsh, oxirida baribir hech kim elchilikka tayinlanmas ekan, asarning nimasi qiziq deysizmi? Loʻnda aytganda, jarayon qiziq, odamlar qiziq, ularning feʼl-atvori hamda oʻsha davr qiziq. Qahramonlarning laqablari ham qiziqlikda qolishmaydi: Olotiy, Jonjonboyev, Shaharlik, Manchiboy, Janubiy, Oltinchi, Yetimcha, Aka…

 

Qolaversa, sahifalar orasida baʼzan-baʼzan oʻsha yillar muhiti tasviriga ham duch kelasiz. Masalan, Aka oltovlon qoshida hazil-mutoyiba qiladi. Avvaliga azbaroyi Akaning hurmati hiringlab turganlar, jiddiyroq askiya yangraganda jim qolishadi. Muallif bu holatni mana bunday shoirona ifoda etgan: “Bunisiga ham baralla kulmoqqa jurʼat qilmadik. U kezlarda hali nimaga kulish, nimaga kulmaslik aniq emas edi”.

 

Muallifning silliqqina kinoyalarini ham aytmoq joiz. Elchilikka tayyorlanayotgan oltovlonga siyosiy mavzuda bittadan maqola yozish sinovi koʻndalang boʻladi. Tabiiyki, barcha bor salohiyatini ishga solib qalam qitirlatadi. Ammo yakunda Bosh hakamga kelib-kelib ichlarida eng qalami toʻmtogʻi Manchivoyning maqolasi maʼqul keladi. Roviy bu holatni quyidagicha ifodalagan: “Taajjub oynagini taqib maqola tadqiqiga kirishganimizda maʼlum boʻldiki, bor-yoʻgʻi toʻrt betli matnda sakkiz oʻrinda xatboshi “Maʼlumki” degan majhul, nochor aniqlovchi bilan boshlanar ekan. (Shunchasi “maʼlum” ekan, yozib nima qilarding deng!) Bunisini mayli desak, maqolada siyqa, umumiy mulohazalardan boshqa hech gap yoʻq… Bor! Bor! Bizlarning “yangicha” maqolalarimizdan farq etaroq, u Vatanboshidan boshlanib, Vatanboshi bilan yakun topardi. Savollar boʻlsa, ayting!” Tanish uslub-a? Hanuz shunga oʻxshash “sersuv” maqolalarga koʻzingiz tushayotgan boʻlsa ajab emas.

 

Ammo qissaga “pessimistik” tamgʻasini urishga shoshilmang. Mayli, qahramonlarimizga dunyoning olti burchagiga yoyilish nasib etmagandir, lekin hech kim baxtsiz boʻlgani ham yoʻq-da. Kimdir xorijga ketdi, kimdir moyligina idoraga ilashib oldi, kimdir nom-nishonsiz tahririyatga “surgun” qilindi… Sirasi, hech kim bebaxt qolib ketmadi. Oshnachilik degani hamon oʻsha-oʻsha, yigʻilib oshxoʻrlik qilish oʻsha-oʻsha. Bundan ortiq baxtli yakun juda haqiqatdan uzoq boʻlardi axir.

 

Qadrli kitobxon, ikki enlikkina taqrizda hammasini aytish imkonsiz. Xulosa shuki, mazkur qissa ravon tilda yozilgan, yumor va satira omixta qilingan, davr manzarasi-yu odamlar portreti musavvirona chizilgan. Asarni oʻqirkansiz, xuddi Qoʻqon holvasining totidan bahra olayotganday, Parkent uzumini bitta-bitta ogʻizga otayotganday, Jizzax somsasini paqqos tushirayotganday rohat tuyasiz. Orasida rohatijon koʻkchoyni aytmay qoʻyaveray-a! Milliy adabiyot deganimiz shu emasmi aslida?

 

Shohrux USMONOV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24026
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//