Bolajonlar yil bo‘yi kutadigan Yangi yil bayramining turkiy xalqlar tarixi bilan bog‘liq jihatlari ham bor. Albatta, bu bayram turkiylarning kashfiyotidir, deyishdan yiroqmiz. Agarda biz turli xalqlarga xos mif (asotir) va afsonalarga qarasak, ularda g‘ayritabiiy mavjudotlarning mavjudligi, kecha va kunduz, qish va yoz yoki ular o‘rtasidagi kurashlarga to‘la manzaralarni ko‘ramiz. Yangi yil, Navro‘z bayrami ham ana shunday kurashlardan keyin Quyoshning g‘olib kelgani va yangi kun, yangi era boshlanganiga insonlarga ishora berib, uni o‘yin-kulgu, sho‘x-shodonlik va quvonch bilan nishonlashga undagan an’anaviy marosimlardan hisoblanadi.
Turkiy xalqlarning yangi yili deganda darrov aqlga Yilboshi – Navro‘z keladi, biroq u bahorda nishonlanadigan bayram. Qishda bayram qilinadigan Yangi yil esa Nardug‘on bayrami deb ataladi. Ushbu bayram aslida turkiy va mo‘g‘ul xalqlarining mushtarak bayramidir. U yilning eng uzoq tuni 21-dekabrdan 22-dekabrga o‘tar kechasida nishonlangan. Aslida bu bayramning kelib chiqishi ham shumerliklarga bog‘lanib, ular orqali hindlarga, hindlardan eronliklarga va so‘ngra turonliklarga o‘tgan deb qaraladi. Qadimgi turklarning diniy ishonchlariga ko‘ra, kecha va kunduz doimo kurashda bo‘lib, eng uzun kecha 21-dekabr va undan keyin kunlar uzayadi. Bu davrdan keyin chiqqan to‘linoy yangi yilning birinchi oyi deb hisoblangan. Bu kecha eroniy xalqlarda Yaldo tuni (kechasi) deya atalib, u tunda fors podshohlarining ulug‘vorligi kuylangan Firdavsiyning “Shohnoma” asari o‘qilgan. Qadimgi Eron afsonalariga ko‘ra bu kun quyosh xudosi Mitra tug‘ilgan kun sifatida ulug‘langan. Shu kuni Mitra dunyoga kelib yovuzliklarni yengib, insonlarga mehr ulashgan. Yaldo tuni yoki Nardug‘on bayrami kechasi marosim yemaklari sifatida esa shu kuni baraka hamda quyosh ramzi sanalgan tarvuz va anor, shuningdek, xurmo va quruq mevalar iste’mol qilingan. 20-dekabrda esa zardo‘shtiylarda Chilla kechasi deb atalgan bayram ham bo‘lgan.
Nardug‘on bayramining nomiga kelsak, u ikki hil talqin qilinadi: birinchisi “nar/nor” – anor daraxti bilan bog‘lanib, baraka va hayot og‘ochi deb qaralib, uni bezatib, atrofida aylanib o‘yin-kulgu qilingan. Ikkinchisi esa mo‘g‘ul tilida “nar” so‘zi quyosh ma’nosini berib, “oftob tug‘ilgan kun” deganidir. Quyosh turk va mo‘g‘ul xalqlarida yovuzliklarga qarshi kurashgan, odamlarni yovuz ruhlardan uzoqlashtirgan va huzur keltirgan katta jism deya ulug‘langan. Shuning uchun ham islomdan oldingi inonchlarda turkiy ajdodlarimizning unga topinganlarini ko‘rishimiz mumkin. Bu bayram ko‘plab turkiy xalqlarda hozirgacha nishonlanib kelinadi. Tatarlarda “qoyash tug‘an/gunash tug‘a”, chuvashlarda “nartavan”, boshqirdlarda “mardugan” nomlari bilan ataladi.
Turklar yagona tangrili dinlarga kirmasidan oldingi mifologik qarashlarida dunyoning markazida oq qarag‘ay daraxti joylashgani va daraxtning bir uchida tangri Ulgen o‘tirishini tasavvur qilganlar va bu daraxtni muqaddas bilib “hayot og‘ochi” deb nomlaganlar. Hayot daraxti va dunyo og‘ochiga ishonish turklar va boshqa xalqlarning diniy e’tiqodlaridan joy olgan bo‘lib, qadimgi turklar dunyo katta bir daraxt shoxlari ostida, uning ildizlari dunyo tubini qamrab olgan, og‘och tanasi esa yer yuzini osmondan ajratib turadi deb ishonishgan.
Ba’zi muqaddas daraxtlar tushunchasi turklarga xos e’tiqodlardan biri bo‘lib, Nardug‘on bayramlarida muhim ma’noga ega. Har yili 22-dekabr kuni quyosh chiqishi vaqti bo‘lgan Nardug‘on bayrami yaqinlashganda, qadimgi turklar o‘ziga tegishla joylarni va uylarini tozalaganlar, bayram kuni kelganda esa eng yaxshi va eng toza kiyimlarini kiyib yurishgan. Ular Tangri Ulgenga sovg‘a-salomlarini olib, guruh bo‘lib qo‘shiq kuylashgan. Ular o‘zlari yashab turgan hududdagi eng baland oq qarag‘ayni bezatib, Tangri Ulgenga yetib borishi uchun daraxt tagiga turli sovg‘alarni qoldirib, unga yilning yaxshi kelishini tilab iltijo qilishgan. Bayram paytida yosh qizlar va ayollar matolardan yoki kigiz qismlaridan kichik tasmalar tayyorlab, ularni daraxtga ilib qo‘yish maqsadida atrofdagilarga tarqatishgan. Bu tasmalarni o‘zlari muqaddas deb bilgan hayot daraxtining qo‘l yetadigan shoxlariga ilib, oq qarag‘ayni tilak va orzular timsollari bilan bezashgan. O‘tmishdan bugungacha bo‘lgan bu tilak va istak an’anasi bugun ham avliyolar qabriga yoki u yerdagi qabrlar yonida joylashgan har qanday daraxt shoxlariga bog‘lash orqali davom etmoqda. Keyinchalik forslarning anor daraxti, qadimgi turklarning oq qarag‘ayi o‘rnini archa daraxti egallagan. Qishin-yozin bir xil kiyimda, abadiyat, o‘limsizlik ramzi bo‘lgan archa og‘ochi hayot daraxti ramziga aylangan. Nardug‘on bayramida asta-sekin uni bezatish boshlangan. Qolaversa, archa ulkan kengliklarda hayot kechirgan turklar uchun go‘shtni pishirishda ziravor, isiriq o‘rnida turli mikroblar va viruslardan tozalovchi xususiyatga ega novda sifatida muqaddas sanalgan. Zero, archa so‘zining qadimgi turkiycha ma’nosi “ar” – toza bo‘lib, u bugungi kunda “oriq”, “arimoq”, “artmoq” kabi so‘zlarda saqlanib qolgan.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Nardug‘on bayrami qutlovlar bilan boshlangan. Bolalar uyma-uy yurib, kattalarni bayram bilan qutlaganlar. Uylariga qutlama uchun tashrif buyurgan bolalarni kattalar shirinliklar, mayda chaqa pullar va quruq mevalar bilan siylaganlar. Qutlovlarda huzurli hayot, barakali hosil va moddiy farovonlikga aloqador tilaklar aytilgan. Eroniy xalqlarda esa yaldo tuni forsiy adabiyot namunalaridan o‘qilib, she’riyat va adabiyotshunoslik tarixida bu kechaning alohida o‘rni bo‘lgan. Volgabo‘yi turk xalqlarida bu kun alohida nishonlangan, otlar va echkilarga taqlidan kiyinilib, niqobli ko‘rgazmali tomoshalar tashkil qilingan. Bu kechada hayvonot va tabiat dunyosi bilan ramziy uyg‘unlashuv orqali kelasi yil g‘alla hosilining mo‘l-ko‘l bo‘lishiga ishonchni tamsil qilgan. Nardug‘on bayrami tantanalarida yoshlar asosiy o‘rinni egallagan. Uzuklar orqali fol ochilgan, kelasi yil uchun tadbir olingan. Ba’zan bu bayram 2 hafta, ba’zan 21-dekabrdan boshlab 10 kun davomida nishonlangan. Mazkur marosimlar dalada ishlar tugagan vaqtga to‘g‘ri kelib, odamlar qarindosh va yaqinlarining uylariga tashrif buyurib, to‘kin dasturxon atrofida dillari yayrashiga sabab bo‘lgan. Dasturxonda an’anaviy bayram taomlari iste’mol qilingan, albatta unda tarvuz, anor, xurmo, asal, turshak, jiyda, yong‘oq, bodom va boshqa quruq mevalar o‘rin olib, hayvon va parranda go‘shtidan tansiq taomlar tayyorlangan. Nardug‘on bayramida baraka va quyosh nuri ramzi anor markaziy o‘rinni egallagan, uni iste’mol qilish orqali qishning sovuq kunlarida odam tanasida quyulib qolgan qonlar suyulgan va kayfiyat ko‘tarilib, organizmda qon aylanishi yaxshilanib, inson o‘zini yanada tetik tutgan. Yil davomida ham bolalar, ham yoshi kattalar va keksalar mazkur bayramni intizorlik bilan kutishgan.
Turkiy xalqlarda Qorbobo mavjudligi masalasiga kelsak, u Ayoz Bobo yoki Ayoz Оta, Oq Ayoz shaklida namoyon bo‘ladi. Ayoz Bobo – turkiy xalqlarning qadimiy an’analaridan kelib chiqqan va zamonaviy davrga moslashgan xalqona obrazdir. U qish va yangi yilni qiziqarli, esda qolarli tarzda kutib olishga xizmat qilib, mehr-oqibat va yangilanish ruhini ulashadi. Oltoy va O‘rta Osiyo mifologiyasida u sovuq tangrisi deb hisoblangan. Uning oy yorug‘ligidan yaratilganiga, sovuq havoning kelishiga u sababchi ekaniga ishonilgan. Hulkar burjining olti yulduzi osmonning olti teshigidir, Ayoz Bobo esa u yerdan sovuq havoni uflaydi va qish keladi deb tasavvur qilingan. Qozoqlarda u Ayoz Ota, ozarboyjonlarda esa Shaxta Bobo deb atalgan. Shu bilan birga u rahmdil oq soqol-mo‘ylovli mo‘ysafid, qishda ko‘chada qolganlarga va yog‘och-daraxtlar hamda jonivorlarga marhamat ulashuvchi inson bo‘lgan. U yorug‘ tunlarda shu’la sochuvchi Oy tangrisi tomonidan yerga yuborilgan deb tushinilgan. U bug‘ular yo‘ldoshlik qiluvchi aravalarda kelishi bilan tasvirlangan. Nardug‘on kechasi tug‘ilgan erkak farzandlarga Ayoz ismi berilgan. Xususan, turkiyalik shumerolog Ilmiya Chig‘ yangi yil bayramini nishonlash Markaziy Osiyo turkiy xalqlarining kashfiyoti ekanligini ta’kidlaydi.
Xullas, Yangi yil bayrami, Qorbobo, archa turli xalqlarda turlicha nomlar bilan atalib, o‘zida umumbashariy an’analarni birlashtirgan: mehr ulashish, qutlash, yangi rejalar tuzish, eski kunlarni qo‘shiq va kuylar, xursandchilik bilan kuzatish hamda yangi erani xushchaqchaqlik bilan kutib olish kabi. Huddi Navro‘z kabi Yaldo kechasi va Nardug‘on bayrami Eron va Turon xalqlarining mushtarak bayrami bo‘lib, u qishki yangi yilni ifoda etgan. U Navro‘zchalik yozma manbalarda tilga olinmagan bo‘lsa-da, ushbu xalqlarning mifologik qarashlarida va xalq og‘zaki ijodida saqlanib qolgan.
Feruza DJUMANIYAZOVA,
O‘zR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q