“Ijtimoiy davlatning asosiy vazifasi – aholining eng zaif qatlamini qoʻllab-quvvatlashdir”


Saqlash
11:08 / 20.12.2024 97 0

Yuksalish harakati a’zosi Davron Lutfiddionov Oyina.uz’ning yangi Konstitutsiyadagi “O‘zbekiston ijtimoiy davlat” tushunchasi nimani anglatishi va mamlakatda kambag‘allikni kamaytirish uchun qanday choralar ko‘rish kerakligi haqidagi savollariga javob berdi.

 

— “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tushuncha nima anglatadi va u mamlakat hayotida qanday aks etadi? 

 

— Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga “ijtimoiy davlat” tushunchasining kiritilishi mamlakatda adolatli va barqaror ijtimoiy taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan muhim qadamdir. Bu tushuncha oʻz ichiga davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini qamrab oladi va inson manfaatlari, farovonligi hamda ijtimoiy himoyasini kafolatlashni oʻzining ustuvor vazifasi sifatida belgilaydi.

 

Ijtimoiy davlatning asosiy vazifalaridan biri bu – aholining eng zaif qatlamini qoʻllab-quvvatlashdir. Bunda uy-joy, tibbiy xizmat, taʼlim va ish bilan taʼminlash kabi bazaviy ehtiyojlarni kafolatlashga davlat masʼul boʻladi. Masalan, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam, pensionerlar va nogironligi bor shaxslarga maxsus dasturlar asosida ko‘mak ko‘rsatiladi.

 

 

Davlat bu orqali jamiyatning har bir aʼzosi rivojlanishi uchun teng imkoniyatlar yaratishga harakat qiladi.

 

Ijtimoiy davlatda jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi ijtimoiy adolat va tenglikka alohida eʼtibor beriladi. Bu davlat resurslarini aholining barcha qatlamlari uchun adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlikni oshirish va kambagʻallikni kamaytirishda namoyon boʻladi.

 

Oʻzbekistonning ijtimoiy davlatga aylanishi jamiyat hayotining barcha sohalariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu yangi qonunlar, dasturlar va strategiyalar orqali har bir fuqaroning huquq va manfaatlari taʼminlanishiga xizmat qiladi. Asosiy maqsad — xalqning turmush sifati va darajasini yaxshilash, jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va ishonchni mustahkamlashdir.

 

“Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tushuncha, avvalambor, xalq manfaatlariga qaratilgan amaliy siyosat va ijtimoiy adolatni taʼminlashga qaratilgan qadamdir. Bu mamlakatimizda demokratik prinsiplarni amalga oshirishdagi yana bir muhim bosqich bo‘ladi.

 

Yaqinda viloyat va tumanlardagi 14 ming rahbar 75 ming kambagʻal oilaga biriktirilib, ular bilan individual tarzda ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Biroq 184 nafar rahbar oʻzi masʼul boʻlgan kambagʻal oila uyiga biror marta ham bormagan. Bunday holatlarning oldi olinishi uchun qanday choralar koʻrilishi lozim?

 

— Juda toʻgʻri savolni qoʻydingiz. Prezident tashabbusi bilan ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarali natija berishiga joylardagi rahbarlarning masʼuliyatni his qilishi uzviy bog‘liq. Eng avvalo bu kabi holatlarning oldini olish va rahbarlar masʼuliyatini oshirish uchun tizimli va maqsadli choralar joriy qilinishi zarur. Buning uchun joylardagi rahbarlarning maʼsuliyat va javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish lozim. Har bir rahbarning ish samaradorligini baholash uchun aniq va oshkora mezonlar belgilash kerak. Shuningdek, oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar koʻrish tizimi ishlab chiqilishi joiz.

 

Ikkinchidan, nazorat va jamoatchilik monitoringi tizimini takomillashtirish kerak. Ijtimoiy himoya agentligi va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida maxsus monitoring guruhlari tashkil qilinib, ular rahbarlarning ish faoliyatini doimiy ravishda tekshirib borishi zarur. Har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan oilalar bilan qanday ish olib borgani haqida mahalla aholisi yoki ommaviy axborot vositalari orqali hisobot berishi kerak. Shu kabi ochiqlik siyosati orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mumkin.

 

Uchinchidan, rahbarlar maxsus oʻquv dasturlaridan oʻtib malaka oshirishlari zarur. Ular ijtimoiy muammolarni hal qilishda zamonaviy yondashuvlarni oʻrganishi lozim. Shuningdek, psixologik maslahat va axloqiy tayyorgarlik ularning ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, yana bir qoʻshimcha. Rahbarlarni jazolashdan oldin, ularning nega kambagʻal oilalar uylarga bormasligi sabablarini chuqur tahlil qilish zarur. Ularga aniq yoʻl-yoʻriq va maslahatlar berilishi ham katta ahamiyatga ega.

 

Bunday holatlar rahbarlarga nainki intizomiy, balki axloqiy masʼuliyatni ham tushuntirish kerakligini anglatadi. Nazorat, ragʻbatlantirish va bilim berish kabi choralarni uygʻun ravishda amalga oshirish orqali bunday muammolarni hal qilish mumkin. Eng asosiysi, rahbarlar xalq manfaati yoʻlida chin dildan xizmat qilish shartligini anglashi kerak.

 

2025-yilda 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash lozimligi aytildi. Bu choralar rostdan ham aholini kambagʻallikdan chiqarishga yordam berishi mumkinmi? Bu borada chet el tajribasi qanday?

 

— Aholini kambagʻallikdan chiqarishda taʼlim, kasb-hunar oʻrgatish, tibbiy xizmatni yaxshilash va yashash sharoitlarini takomillashtirish kabi choralar amaliy va samarali yechimlardir. Bu choralar har bir fuqaroning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga, turmush darajasini yaxshilashga hamda kelgusi rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratishga yordam beradi.

 

Kambagʻallikning asosiy sabablaridan biri iqtisodiy imkoniyatlarning cheklanganligi boʻlib, bu koʻpincha taʼlim va kasbiy malaka yetishmasligi bilan bogʻliq. Zamonaviy taʼlim va kasb-hunarga ega boʻlgan fuqarolar yuqori daromadli ish oʻrinlariga talabgor boʻladi, bu esa ularning daromadini oshiradi.

 

Shuningdek, aholi salomatligi ham iqtisodiy rivojlanishning muhim qismi hisoblanadi. Turli xil kasalliklar aholining mehnat qilish qobiliyatiga taʼsir qiladi, shu bois sifatli tibbiy xizmat aholining barcha qatlamlari uchun mavjudligi xalqning moddiy barqarorligini oshiradi.

 

Bu borada bir qator davlatlarning muvaffaqiyatli tajribalarini keltirib oʻtish toʻgʻri boʻladi:

 

– Dunyoning eng rivojlangan iqtisodiyotidan biri bo‘lmish Xitoyda soʻnggi 40 yil ichida 800 millionga yaqin odam kambagʻallikdan chiqarildi. Buning uchun davlat qishloq xoʻjaligi va sanoat sohasini qoʻllab-quvvatladi, kasb-hunar oʻrgatish markazlari tashkil qildi va ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirdi.

 

– Janubiy Koreya Respublikasi “Hamma uchun taʼlim” dasturini amaliyotga kiritdi. Ushbu loyiha orqali xalqni savodli va kasbiy malakaga ega qilish ko‘zlandi. Dastur kambagʻal aholi qatlamiga yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratdi va ularni yuqori daromadli ish bilan taʼminlashga erishildi.

 

– Braziliyada “Bolsa Família” dasturi orqali kambagʻal oilalarga maxsus yordam koʻrsatish tizimi ishlab chiqildi. Bu loyiha oilalarga moliyaviy yordam berish bilan bir qatorda, ularning farzandlari maktabga borishi va tibbiy xizmatlardan foydalanishini birlamchi shart qilib belgiladi. Natijada kambagʻallik keskin darajada kamaydi.

 

– Indoneziyada qishloq aholisi uchun infratuzilmani yaxshilash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash yo‘li bilan qashshoqlikni kamaytirishga erishildi. Xususan, kredit dasturlari va ish oʻrinlari yaratish uchun davlat tomonidan imtiyoz va keng imkoniyatlar yaratib berildi.

 

Bejizga aynan shu davlatlarning tajribalarini keltirmadik. Istalgan xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy reytinglarga nazar soling. Mana shu davlatlar ularda eng yuqori oʻrinlarda boʻladi. Demak, biz ijtimoiy rivojlanish yoʻlimizda ularning muvaffaqiyatli tajribalarini qoʻllashimiz kerak.

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Ijtimoiy himoya sohasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Tizimga raqamli texnologiyalar keng joriy qilinayotganligi natijasida aholining ogʻiri yengil boʻlayotganligini eʼtirof etisj joiz. Taʼlim, tibbiyot, kasb-hunar va infratuzilmani yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan choralar, albatta, yaqin kelajakda oʻz samarasini beradi. Xorij tajribasi ham shundan dalolat beradiki, bu yoʻnalishlarda ishlar hozirgi kabi tizimli tashkil qilinsa, koʻplab aholini kambagʻallikdan chiqarishga erishish mumkin. Eng muhimi, bu jarayonlarda zamonaviy, tizimli va uzluksiz yondashuv zarur.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//