“Yule”, Yangi yil va “Mavlud” – Qor boboga olib boruvchi ildizi bir bayramlar


Saqlash
09:12 / 20.12.2024 1802 0

Qorbobomiz oppoq,

Peshonasi yalpoq,

Hassasi uzunchoq,

Ko‘proq bering o‘yinchoq.

 

Yoqimli xotiralarimizni eslatuvchi ushbu she’r qahramoni aslida kim bo‘lgan, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Nega bu qahramon ba’zi xalqlarda Santa Klaus, ba’zilarida Ded Moroz, turkiy xalqlarda esa Ayoz Bobo deb turli jumlalar bilan ifodalanadi-yu, so‘zma-so‘z tarjimasi “muz+odam” tushunchasini bildirib, mohiyat o‘zgarmay qolaveradi? Ya’ni u xoh Santa bo‘lsin, xoh Ded Moroz yoki Ayoz Bobo, qayerda qaysi nom bilan atalishidan qat’i nazar u yangi yil arafasida kelib, bolalarga sovg‘a ulashuvchi “inson” sifatida gavdalanaveradi.

 

Milodiy IV asrda Rim imperyasining Lisiya dahasida (bugungi kunda Turkiyaning Derme shahriga to‘g‘ri keladi) yashovchi yunon nasroniy yepiskopi Avliyo Nikols (Sancte Nicholas) “Mavlud” (Rojdestvo) bayrami arafasi, 6-dekabrga o‘tar kechasi yetim va kasal bolalarga sovg‘a ulashardi (Balki, sog‘lom bolalar ota-onasi ham farzandi ko‘ngli o‘ksimasligi uchun Avliyo Nikols nomidan bayram daraxti yoniga sovg‘a qoldira boshlagach, bu holat ommalashib, avvaliga odat tusiga kirib, so‘ng qadryatga aylanib ketgandir). Keyinchalik Avliyo Nikols haqidagi gap-so‘zlar og‘izdan og‘izga o‘tib borgani sayin folklorga aralashib ketadi.

 

Adabiyotshunoslik ilmida “sayyor sujet” degan tushuncha mavjud. Bu makon va zamon farqlanishiga qaramay, o‘xshash obraz motivlarining yuzaga kelishiga aytiladi. Masalan, deyarli barcha xalq folklorida o‘gay onadan jabr ko‘rgan qiz motivi mavjud. Bu qiz bizda Zumrad deb atalsa, o‘rislarda Zolushka, inglizlarda Sindrella deb nomlanadi. “Sayyor sujet”ni yuzaga keltiradigan sabablar esa yer yuzidagi insonlarning millati, irqi, dinidan qat’i nazar shodlikni ham, og‘riqni ham bir xil his qilishidir. Shuning uchun ham badiiy adabiyotda do‘stlik, sevgi, din kabi umumiy va o‘lmas motivlar bor. Bu mavzuni bejizga ochmadim, albatta. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek bolalarga sovg‘a ulashuvchi qorboboning prototipi (obraz yaralishiga asos bo‘lgan inson) Avliyo Nikols bo‘lsa-da, folklor izlari ham yo‘q emas. Ushbu maqolada bir nechta xalqlarning qorbobosini birma-bir ko‘rib chiqamiz. Demak, qur’ani ochib bergan Santa Klausdan boshlasak...

 


 Santa Klaus.

 

Amerika qit’asini mustamlaka qilgan davlatlardan biri Gollandiya yangi yerga o‘zi bilan o‘z madaniyatini ham olib keldi. XVII asrdan boshlab Amerikada ham “Mavlud” arafasi Sinterklass (Avliyo Nikolsning Gollandcha nomi) bolalarga sovg‘a ulasha boshladi.

 

XVI asrda Angliyada Genrix VIII hukmronligi davridan mo‘ynali yashil yoki qizil to‘n kiygan mo‘ysafid odam sifatida tasvirlanuvchi “Mavlud otasi” obrazi Avliyo Nikols bilan tipiklashtirildi.

 

 Mavlud otasi. Angliya.

 

Niderlandiya va Belgiyada Santa Klaus hamda Avliyo Nikolsga asoslangan Sinterklass obrazlari bir-biridan farqlanishidan tashqari, o‘zaro raqobatlashadi ham.

 

 Avliyo Nikols.

 

Fransiyada “Mavlud” arafasi bolalarga sovg‘a ulashuvchi shaxs Pére Noël bo‘lib (so‘zma-so‘z tarjimasi “yangilanish otasi”), u XVII asrdan boshlab ommalashgan. Bu obrazning Santa bilan o‘xshash jihatlari bor bo‘lsa-da, farqli jihatlari ham yo‘q emasdi. Bu farqlar kiyimlarida, yordamchilarida yaqqol ko‘zga tashlanardi. Pére Noël ba’zan Santa kabi qizil to‘n kiysa, ba’zan qora yoki to‘qroq rangdagi to‘n kiyishi ham mumkim edi. Lekin hech qachon qalpoq kiymasdi. Shuningdek, yordamchilari ham Santaniki kabi elflar bo‘lmagan.

 

Germaniya xalqlari masihiylikni qabul qilishidan avval “Yule” bayramini nishonlagan. Bu Yevropa xalqlarining eng qadimgi an’anasiga asoslangan bo‘lib, quyosh o‘lishi va yangi quyosh tug‘ilishini bildirgan. “Yule” bayrami, odatda, 21-22-dekabrda, ya’ni eng qisqa kun va eng uzun tun (yaldo kechasi)da nishonlangan. Bayramning mohiyati quyosh tug‘ilishi va qora kunlar nihoyasiga yetganini nishonlash bo‘lgan. Bu bayram urf-odatiga ko‘ra, alamazon hosil qilingan, maxsus o‘yin va marosimlar o‘tkazilgan. Skandinaviya va Germaniya an’anasida “Yule olovi uchun bahaybat daraxt tanlangan va uni uyga olib kirib, maxsus rasm-rusumlarni o‘tkazgan holda yoqishgan. Bu olov o‘z navbatida qayta tug‘ilgan quyoshning bir parchasi bo‘lib, xonadonga farovonlik keltirishiga ishonilgan. Hozirgi kunimizning Yangi yil va “Mavlud” bayramlarida ham “Yule”dan qolgan olqindilar mavjud. Masalan, bayram daraxti – yangi yil archasi va sovg‘alar ham “Yule”dan boshlangan an’anadir. Bundan tashqari, “Yule” bayramida sharaflanuvchi xudo – Vodinning fazilatlari ham Santa Klaus haqidagi afsonalarga singib ketgan, deb taxmin qilinadi. Bu gipotezaning isboti tariqasida esa Vodinning yarim tunda otini egarlab, uyma-uy bolalarga sovg‘a ulashishi keltiriladi.

 

 Vodin.

 

Finlandiyada esa mifologik Joulupukki obrazi Santa bilan qorishib ketgan. Joulupukki – Finlandiyaning Yangi yil bayramidagi asosiy qahramon. U “Mavlud” tunida bolalarga sovg‘a ulashuvchi sehrgar qiyofasida tanilgan bo‘lsa-da, ammo uning tarixi bir muncha murakkabroqdir. Qadimiy mifologik talqinda Joulupukki hayvon shaklida (asosan, echki) tasvirlangan. Bu hayvon zulmat hukmdori ekaniga ishonilgan va qorong‘ilikdan tashqari, sovuqlik ham uning izmida deb qaralgan. XIX asrga kelib Yevropada katolik an’analarining keng yoyilishi folklorga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Natijada Joulupukki obrazi Santa obraziga uyg‘unlasha boshladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Joulupukki obrazi Santaning ayni o‘ziga aylandi. Vengriyada Télapó bolalarga sovg‘a ulashuvchi obraz sifatida tanilgan. Uning ildizi esa qadimgi german va skandinaviya xalqlari eʼtiqodi bilan bog‘liq bo‘lib, bu obrazning tarixi masihiylikdan oldingi va undan keyingi davrlarni o‘z ichiga oladi. Sloveniyada bolalar “Mavlud”ni Božičekdan, Yangi yil tuni esa Dedek Mrazdan sovg‘a oladilar. Bu ikkisi turli obraz boʻlib, Božiček xorvat tilidan “mavlud” deb tarjima qilinadi. Dedik Mraz esa Ded Marozning slaviyancha shaklidir. Božičekning kelib chiqishi haqida aniq maʼlumotlar yo‘q. Dedek Mraz slavyan xalqlari mifologiyasi bilan bog‘liq.

 

Slavyan xalqlari folkloridagi taqvim xudosi keyinchalik Maroz obraziga aylandi. Uning sehrli uzugi bo‘lib, uni navbatma-navbat taqvim oylariga taqardi. Shu orqali u vaqtni, mavsumni, ob-havoni nazorat qilardi. Taqvimning soʻnggi kuni bayram daraxtini yoqib, tantana qilishardi, degan qarashlar ham mavjud (Lekin XIX asrda Maros Ivanovich obrazi shakllantirilgan bo‘lib, u “Mavlud” tunida bolalarga sovg‘a ulashuvchi qahramon sifatida talqin qilingan).

 

 Ded Maroz.

 

XIX asrgacha qorbobo obrazi slavyan xalqlarida mavjud bo‘lmagan. Bu obraz masihiylik dini bilan kirib kelgan, degan qarash keyinroq paydo boʻldi.

 

Qadimgi sharqiy slavyan xalqlari hosilni yig‘ib olgach, u qishda muzlab, nobud bo‘lmasligi uchun Sovuqni bayram dasturxoni bilan siylash kerak, deb ishonishgan. Ziyofatga esa oila farovonligiga masʼul hisoblangan marhum bobolar ruhi chorlangan. Bu chorlovda bobolar ruhiga hurmat yuzasidan ularga “Pan Maroz” deb murojaat qilingan.

 

Qadimgi sharqiy slavyan xalqlarida Maroz ertak qahramoni bo‘lib, u temirchilik bilan shugʻullanuvchi obraz tasvirida gavdalantirilgan (Xalq etimologiyasiga ko‘ra, suvni ham temirdek qotirish xususiyati shu bilan izohlanadi).

 

Shimoliy slavyanlarning folklori sharqiy slavyanlardan mutloq farq qilib, undagi qish ruhini ifodalovchi obrazning kelib chiqishi taqvim xudosiga borib taqalsa-da, asil ismi Zyuzya boʻlgan sovuqni boshqaruvchi oʻrmon ruhi sifatida talqin qilinadi. U pakana bo‘yli, uzun va qalin oqsoqolli, aso bilan yuruvchi oq po‘stin kiygan yalangayoq qariya koʻrinishida tasvirlangan. Uning nafasi – sovuq, ko‘z yoshlari – sumalak, sochlari esa qor yog‘diruvchi bulutlar, deb ishonilgan. Qish oylarida u dalalar, oʻrmonlarni kezgan holda hassasini taqillatib, yerni, suvni muzlatadi. Zyuzya hozirgi rus xalqlari Ded Marozining mifologik analigi hisoblanadi.

 

 Zyuzya.

 

Forslarning qorbobosi qolgan xalqlarning qorbobosidan mutloq farq qiladi. Eron folklorida mavjud boʻlgan Amu Navro‘z (forchadan “Navro‘z togʻa”) yoki Baba Navro‘z nomli obraz har yili yordamchisi Hoji Firuz bilan birga erta bahorda yangi yilni nishonlash uchun paydo bo‘ladi.

 

Ba’zi tarixchilarning fikriga ko‘ra, u “Shohnoma” qahramoni Rustamning otasi Zol obrazi asosida shakllangan. U ham xuddi Santadek bolalarga sovg‘a ulashadi. Amu Navro‘z kigiz qalpoq kiygan, hassa bilan yuruvchi, ko‘k rangli uzun chakmon kiyib, belbog‘ bog‘lagan, yengil oyoqkiyimi va shalvar kiygan, oppoq soqoli koʻksiga tushib turgan keksa sifatida tasvirlanadi. Firuz esa do‘mbra chalib raqsga tushadi-da, Amu Navro‘zdan sovg‘a talab qiladi, u esa barchaga sovgʻa ulashadi.

 

 Amu Navro‘z.

 

Turkiy xalqlar mifologiyasida ham qish ruhini ifodalovchi obraz mavjud bo‘lib, ba’zi xalqlarda ayol – Ayoz Momo, ba’zi xalqlarda erkak – Ayoz Bobo deb tasvirlangan (Yoki har ikkisi ham keltirilgan). Masalan:

 

Yakutiyada Chisxan – muz bobo, Harchana – muz momo hamrohligida tasvirlanadi.

 

Markaziy Osiyo davlatlarida qish ruhi deyarli bir xil nomlanadi. U qozoq va qirg‘izlarda Ayaz Ata, o‘zbek va turkmanlarda Ayoz Bobo/Ayaz Baba kabi talaffuz qilinadi.

 

 Ayaz Ata.

 

Boshqirdiston va Tatataristonda bu obraz Qish Babay, Оzarbоyjonda esa Shaxta Baba deb ataladi.

 

Turkiy xalqlar folklorida mavjud boʻlgan qish ruhi tangrichilik dini afsonalari ta’sirida shakllangan. Unda tasvirlanishicha, Ayoz Bobo sovuqlik, shamol va zulmatni boshqargan qattiqqo‘l mo‘ysafiddir. U qishni yaxshi koʻrganlarni gʻayrat va shijoat bilan taqdirlagan. Qishni yomon ko‘rib, undan noliganlarni kasallik va o‘lim bilan jazolagan.

 

Qorboboning mifologik prototiplari orasida shunday ajabtovur istisnoli obrazlar ham borki, uning birida ayol tasvirlansa, boshqa biri 13 tadan koʻp qahramonlar majmuidir.

 

Italiyaliklar “Mavlud” bayramida oilaviy dasturxon atrofida to‘planadilar va Befananing haqiga duo qiladilar. Befana – italyanlarning mehr-muhabbat tuyg‘usini uyg‘otuvchi oilaviy baxt homiysi. U mavludga o‘tar kecha keksa ayol qiyofasida butun yer yuzini spurgisida aylanib, bolalarga sovg‘a ulashuvchi qahramon – Santa bilan oʻzaro tafovutiy jihatlari ko‘p bo‘lsa-da, ammo mohiyatan deyarli bir xil hisoblanadi.

 

 Befana.

 

Befana haqidagi afsonalar masihiylik anʼanalariga borib taqaladi. Shunga qaramay, majusiylik va eng qadimiy urf-odat olqindilari ham yo‘q emas. Uning ismi “epifaniya” (lotincha “cho‘qintirish”) so‘zidan kelib chiqqan, deb ishoniladi. (6-yanvar – Iso cho‘qintirilgan kun – bolalariga sovg‘a ulashishi ham, balki shu bilan bog‘liqdir.)

 

Yolasveynarlar yoki yolskiy yigitlar bugungi kunimizdagi qorboboning island mifologiyasidagi analogi hisoblanadi. Ularning soni asrlar osha turli manbalarda turlicha keltiriladi. Hozirda Yolasveynarlar soni 13 ta deb taxmin qilinadi, XVII asrgacha ular o‘g‘ri, bolalarni yeydigan maxluq sifatida tasvirlangan. Undan keyingi asrlarda Yolasveynarlarning tashqi koʻrinishi, xarakteri haqidagi talqinlar o‘zgarib borib, hozirgi kunimizda ular shoʻx, quvnoq hazilkash, mehribon va bolalarga sovg‘a ulashuvchi qahramonlarga aylanganlar.