IX – XII asrlarda yaratilgan Bagʻdod adabiy maktabiga tegishli arabcha yozma manbalarda Oʻrta Osiyo aholisi “turklar”, “shoshliklar”, “sugʻdliklar” va “fargʻonaliklar” deb atalgan boʻlib, arab mualliflari ularni Islom dunyosida oʻzlarining dovyurakligi bilan shuhrat qozongan kishilar oʻlaroq tilga oladi.
Bu nomlar arablarning Turon – Oʻrta Osiyoga qilgan harbiy yurishidagi turklar bilan ilk toʻqnashuvlari, turonliklarning arab oʻlkalari boshqaruvida qatnasha boshlagan davrlari haqida soʻz yurituvchi tarixiy asarlarda uchraydi.
IX – XII asrlarga tegishli Balozuriy, Dinovariy, at-Tabariy, Yaʼqubiy, Ibn al-Faqih, Utbiy, Ibn al-Asir kabi tarixchi, Istaxriy, Ibn Xurdodbeh, Ibn Havqal, Muqaddasiy singari sayyoh va geograflar asarlarida oʻrin olgan tarixiy maʼlumotlardan anglashilicha, arablar va turonliklarning Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga qoʻshni oʻlkalardagi toʻqnashuvi, ayrim toʻxtalishlarni aytmaganda, deyarli 100-yil davom etgan. Arablar 751-yilda Talas (Taroz) urushida xitoyliklarga qarshi turkiylar bilan birga jang qilgan hamda shundan soʻng old osiyoliklar oʻzaro til topisha boshlagan.
Arab mualliflari ushbu atamalarni oʻsha kezlardagi Oʻrta Osiyo aholisi etnik mansubligidan kelib chiqib ishlatganmi, yoki boʻlmasa, buning negizida boshqa omillar bormi – bu borada izlanuvchilar hali bir toʻxtamga kelmagan. Keng tarqalgan qarashlarga koʻra, arablar “turklar” deganda koʻproq turkiy tilda soʻzlashuvchi koʻchmanchi aholini tushungan. Shoshliklar, fargʻonaliklar va sugʻdliklar deganda esa oʻtroq aholi, ayniqsa, sharqiy eroniy tillarda soʻzlashuvchi aholi tushunilgan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, bu kabi qarashlarga qoʻshilmaydigan izlanuvchilar ham talaygina.
Ayrimlar “arablar Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalarda yashagan va yashash usuli koʻchmanchilik boʻlgan elatlarni qaysi tilda soʻzlashganiga qaramasdan “turk”, “atrok” (turklar) deb atayvergan” deb taʻkidlasa, ayrim izlanuvchilar “oʻsha kezlarda Shosh, Fargʻona, Sugʻd va ularning tegralarida turli tillarda soʻzlashuvchi, koʻpchiligi sharqiy eroniy (sugʻdiy, eski xorazmiy, baqtriy va boshqalar) va turkiy tilli elatlar yashagan, arablar ularni ayri-ayri elatlar oʻlaroq koʻrsatmasdan, ular tugʻilib oʻsgan qishloq va shaharlar nomidan kelib chiqib, bu xalqlarga qarata geografik atamalarni ishlatgan” degan qarashni ilgari suradi.
Ushbu qarashlarning qay biri toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi masalasini chuqurroq yoritishni keyingi izlanishlarimizga qoldirib, ayrim arab mualliflaridan maʻlumotlar keltirib oʻtamiz.
Ular orasidan X asrda yozilgan Ibn Havqalning “Kitob al-ard” (Yerning surati) hamda Abu Isʼhoq al-Istaxriyning “Kitob al-masolik va-l-mamolik” (Yoʻllar va oʻlkalar) kitoblarida keltirilgan quyidagi axborot diqqatni oʻziga tortadi:
“Aytishlaricha, ash-Shosh va Fargʻonada jangovar tayyorgarlik va qurol-aslaha shunday darajadaki, bugungi kundagi boshqa biror chegara mamlakatda unga oʻxshash emas. Hatto oddiy fuqarolardan boʻlgan odam hech qanday hokimiyat egasi boʻlmasa ham, yuztadan besh yuztagacha ot egasi boʻlishi mumkin. Ularning mamlakatlari uzoq boʻlsa ham ular koʻp boyliklar, dabdaba va hasham bilan hajga birinchi boʻlib keladi. Dunyoda hech kim ularchalik koʻp choʻlga chiqmaydi. Shu bilan birga, ular kattalarga itoat boʻyicha eng yaxshi, aslzoda odamlarga va bir-birlariga xizmat qilishda esa eng iltifotlidirlar. Ularga Banu-l-ʼAbbos oilasidan boʻlgan xalifalar ham tan bergan va Movarounnahr aholisidan askarlarni oʻzlarining xizmatiga taklif qilgan. Turk askarlarining (fazilatlari) afzal boʻlganligi tufayli ular barcha qoʻshinlarga boshchilik qilgan, ularning dehqonlari esa ularga amir etib tayinlangan”.
Bundan koʻrinadiki, Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan “Movarounnahr” deb atalgan hududidagi Shosh va Fargʻona viloyatlari mintaqaning boshqa oʻlkalaridan oʻzlarining harbiy ishda dovyurakligi va qurol-yarogʻ ishlatishda epchilligi bilan ajralib turgan.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Ibn Havqal va Istaxriy shoshliklar va fargʻonaliklar deb tilga olgan harbiylar qaysi tilda soʻzlashgan, ularning etnik kelib chiqishi qanday?
Agar yuqorida keltirib oʻtilgan “Turk askarlarining (fazilatlari) afzal boʻlganligi tufayli ular barcha qoʻshinlarga boshchilik qilgan, ularning dehqonlari (boshliqlari) esa ularga amir etib tayinlangan” degan bilgidan kelib chiqilsa, ularning koʻpchiligi turkiy elatlar vakillari ekani anglashiladi.
Shu bilan birga, Ibn Havqal va Istaxriy urgʻu berib yozgan quyidagi bilgilar “turklar” deganda arab mualliflari oʻsha kezlarda birgina turkiylarni emas, Turonda oʻzaro qoʻshni va aralash yashagan bir necha el-uluslarni koʻzda tutgani anglashiladi:
“Ularning qoʻshinlari barcha xalqlar ichida qatiyati, jurʼati, shijoati va matonati bilan boshqalardan ustun turadi. Movarounnahr dehqonlari (boshliqlari) oʻzlarining xizmatdagi xushfeʼlligi, itoatkorligi, chiroyli kiyinishlari va shohona koʻrinishlari tufayli xalifalarning lashkarboshilari, yaqinlari va sodiq xizmatkorlari boʻldi, hatto oʻtmishda ular xalifalarning eng xos odamlari va askarlariga aylandi. Ulardan qoʻshinlarga fargʻonaliklar va turklar boshchilik qilib, xalifalarning ishonchli qoʻriqchilari boʻldi.
Oʻzlarining shijoati va jasorati tufayli nom qozongan turklar ushrusanalik al-Afshin va Ibn Abu-s-Soj, samarqandlik al-Ixshid va sugʻdlik al-Marzubon ibn Turkash, sugʻdlik Ujayf ibn Anbasa, al-Buxorxudot va boshqalar edi”.
Yuqoridagi maʻlumotlardan “afshin”, “ixshid” unvoniga ega shaxslarning ayrimlari turkiy, ayrimlari esa sugʻdiylar boʻlgani anglashiladi. Ayniqsa, VII – VIII asrlarda Ustrushona (Jizzax – Oʻratepa)ni boshqargan Afshinlar sulolasi vakillari – Qoraboʻgʻra va uning oʻgʻli Qorachoʻr ismlarida eski turkcha “qora” (buyuk, ulkan) sifatini va “boʻgʻra” (ikki oʻrkachli tuya), “choʻr” (qoʻmondon) kabi unvonlarning izlarini koʻrish mumkin.
Ustrushonaning ushbu hukmdorlari izdoshi boʻlmish Afshin Haydar musulmon dunyosida dovrugʻi yoyilgan qoʻmondon boʻlib, arablar uni ayrim oʻrinlarda “al-usrushoniy” (ustrushonalik) deb yozish bilan birga “at-turkiy” koʻrinishida ham qogʻozga tushirgan.
Arab manbalarida Xarabugʻra koʻrinishida uchraydigan Qora-boʻgʻraning oʻgʻli Afshin Haydar ismini esa arablar Xanaxur (Xaraxur) koʻrinishida yozgan. Bu atama chamasi eski turkcha “qora-choʻr” unvonining yozma manbalarda nuqta almashinuvi natijasida paydo boʻlgan shakli. Oʻsha vaqtlarda Ustrushona, Fargʻona va Sugʻdda “choʻr” unvoni birmuncha keng tarqalgan edi. Shu oʻrinda Kavkazda arab qoʻshinlariga boshchilik qilgan Mangu-choʻr al-Usturshoniyni eslash yetarli.
Shuningdek, 710-yillarda arablarga qarshi kurashgan Fargʻona hukmdori Jur (Choʻr, Altu-choʻr), 693-708-yillarda Panch (Panjikent)ni boshqargan Chakin Choʻr Bilga, 710-738-yillarda Samarqandda hukmronlik qilgan Gʻurakning oʻgʻli, Maymurgʻ hokimi Boʻgu-choʻr yoki Bek-choʻr ismlari ham ushbu unvon bilan bogʻlanadi. Aftidan, sultonlar ismiga “choʻr” unvoni qoʻshib yasalishiga 693-716-yillarda Turk xoqonligini boshqargan Boʻgu-choʻr Qapgʻan xoqonning dovrugʻi turtki boʻlgan.
Istaxriy tilga olgan sugʻdlik Marzubon al-Turkashiy ham turkiy qoʻmondonlardan biri boʻlib, ustrushonalik Afshin Haydar kabi arablar orasida mashhur turonlik sarkardalardan edi. U Samarqand shimolidagi kichik mulk – Kabudon rahbari boʻlib, turkiy turgash urugʻidan boʻlgani uchun “al-Turkashiy” deb atalgan. Ayrim tadqiqotchilar uni 710-738-yillarda Sugʻdni boshqargan Gʻurakning beshinchi boʻgʻin avlodi deb sanaydi. Arablar uni turkiy qoʻmondon deb tilga olganidan koʻrinib turibdiki, u Samarqand tegrasida yashovchi turkiylardan boʻlgan.
Arab muarrixi al-Yaʼqubiyning “Kitob al-buldon” (Oʻlkalar kitobi) kitobidan oʻrin olgan quyidagi maʻlumot ham qiziq:
“Toʻrtinchi koʻcha Bargamush at-Turkiy koʻchasi deb ataladi. Unda turklar va fargʻonaliklar yashaydi. Ularning alohida yoʻlaklari bor, turklar janubda joylashgan yoʻlaklarda, fargʻonaliklar esa qarama-qarshi yoʻlaklarda istiqomat qiladi. Hech kim ular bilan aralasha olmaydi. Turklarning oxirgi chegaralari sharqiy yoʻnalishdagi xazarlar hududlari. Bu katta koʻchaning boshlanishi al-Matirda. U Ibrohim ibn Riyo vodiysiga yetib boruvchi hududgacha choʻzilgan.
Beshinchi koʻcha Solih al-Abbosiy nomi bilan atalgan. Uni al-Asqar koʻchasi deb ham atashadi. Unda ham turklar va fargʻonaliklar joylashgan boʻlib, turklar ham fargʻonaliklar kabi ayri koʻchalarda yashaydi. Bu koʻchalar Solih al-Abbosiy saroyigacha choʻzilgan boʻlib, harbiy boshliqlar, amaldorlar, zodagonlar yashaydigan joylarga qadar yetib boradi. Al-Asqar koʻchasi orqasida al-Xayr al-Jadid koʻchasi bor, unda Fargʻona, Ustrushona, Ishtixon va Xurosonning boshqa tumanlaridan kelgan aralash harbiy yoʻlboshchilar yashaydi”.
Ushbu bilgilar bir qarashda turklar va fargʻonaliklar ayri-ayri xalq vakillari boʻlgan ekan degan oʻy-fikrga yetaklaydi. Biroq bu yerda muallif “turk” deganda koʻproq dastlab “turk dashtlari”, keyinchalik esa Dashti Qipchoq deb yuritilgan yurtlardan keltirilgan koʻchmanchi turklarni, “fargʻonaliklar” deganda esa Fargʻona vodiysidan olib kelingan oʻtroq turkiylar va boshqa elat vakillarini koʻzda tutgan.
Arablarning Fargʻonaga yurishlarida ularga qarshi chiqqan fargʻonalik sarkardalarning kelib chiqishi asli turklardan boʻlgan. Maʻlumki, VII – VIII asrlar orasida Turk xoqonligining bir tarmogʻi Fargʻona boshqaruvida boʻlib, ayrim izlanuvchilar bu sulolani Fargʻona Ashina sulolasi yoki Fargʻona turklari deb ataydi. Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, 630-yillarda Turk xoqonligi hukmdorlaridan Ashina Sheni Fargʻonani egallagach, vodiyda ushbu sulolaning bir tarmogʻi boshqaruvi boshlangan. 726-yilda Oʻrta Osiyoda boʻlgan xitoy sayyohi Xoy Chao “bu yerda daryo (Sirdaryo)ning janubida Dashi (arablar), shimolida esa Tukyue (turklar) boshqaruvi bor” deya yozgani ham Fargʻonada Ashina sulolasi boshqaruvi ancha davom etganini koʻrsatadi.
Ushbu maʻlumotlarni arabcha asarlardagi faktlar ham toʻgʻrilaydi. Abu Abdulloh Muhammad al-Xorazmiy oʻz asari “Mafotih al-ulum” (Ilmlar ochiqichi)da quyidagicha yozadi: “Ixshid – Fargʻona hukmdorlarining ismi, iyerarxiya boʻyicha undan keyingilari Svor-Tegin / Choʻr-Tegin deb ataladi”.
Shuningdek, Ibn Hallikonning “Vafoyot al-ayon va anbau al-zamon” asarida Bagʻdodda harbiy boshliqlardan biri boʻlgan, kelib chiqishi Fargʻona Ixshidiylaridan boʻlgan Chuff (Chuq) ibn Yel-Tegin toʻgʻrisida aṣluhu min awlād mulūk Farġāna “asli Fargʻona hukmdorlari avlodidan” deya aytiladi. Arab manbalaridagi Abbosiylar qoʻshinida xizmat qilgan turkiy qoʻmondonlardan Bilga-choʻr al-Fargʻoniy (860- yillar) va Mangu-choʻr al-Fargʻoniy ismlari islomdan oldingi Fargʻona boshqaruvida Turk xoqonligi davri bilan bogʻliq “tegin” va “choʻr” unvoni saqlanib qolganini koʻrsatadi.
Qisqasi, Fargʻona, Ustrushona va Sugʻd bilan bogʻliq arabcha yozma manbalarda keltirilgan ushbu maʻlumotlardan anglashiladiki, ushbu oʻlkalarda oʻtroq xalqlar– fargʻonaliklar va sugʻdiylar bilan birga turkiylarning oʻtroq va koʻchmanchi aholisi ham yashagan. Turklar ayrim oʻrinlarda ular bilan birga, ayrim oʻrinlarda esa boshqa elat oʻlaroq tilga olingan.
Buni Choch oʻlkasi atamalarida ham koʻrsa boʻladi. Arab va fors tilli asarlarda “shoshliklar”, “Shosh turklari”, “shoshliklar va bu yerning turklari” kabi soʻzlar uchraydi. Arablar Oʻrta Osiyoga kelgan paytda bu yerni kelib chiqishi Turk xoqonligiga taqaluvchi Choch Teginlari sulolasi boshqarar edi.
Choch turklari toʻgʻrisidagi izlanishlarimizni keyinroqqa qoldirgan holda turkiylarning islomdan oldingi Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga tutash oʻlkalardagi tutgan oʻrni haqida aniqroq tushuncha berish uchun Ibn Havqal asaridan parcha keltirib oʻtamiz:
“Ularning kuch va qudratiga kelsak, islom mamlakatlari ichida jihod urushlarini olib borishda ulardan oʻtadigan oʻlka yoʻq. Chunki Movarounnahrning barcha chegaralari kofirlarning mamlakatlariga eng yaqin joylashgan. Xvorazmdan Isbijob (Sayram)gacha yerlar oʻgʻuz turklari, Isbijobdan Fargʻonaning eng chekkalarigacha boʻlgan yerlar esa xarlux (qarluq) turklari bilan qoʻshnidir. Undan keyin Movarounnahr chegaralari ash-Shiqniya (Shugʻnon – Pomir), al-Hind mamlakati va al-Xuttal togʻlarining chekkasidan Fargʻona togʻlaridagi turklarning chegarasiga qadar oʻtgan. Musulmonlar u yerlardagi barcha xalqlarni oʻzlariga boʻysundirgan.
Bu turklar musulmonlar bilan qoʻshni boʻlib, boshqa turklarga qarshi turadi, ularning islom mamlakatlariga hujum qilishlariga toʻsqinlik qiladi va chegarani buzishdan qaytaradi”.
Bu kabi bitiklar bir tomondan turkiylar Turon – Turkistonning oʻzak oʻlkalariga ancha keyin kelib oʻrnashgan degan qarashlar notoʻgʻri ekanini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan ular ushbu oʻlkaning oʻziga xos qoʻriqchisi – mudofaa qoʻrgʻoni boʻlganini bildirib turibdi.
OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi
professori Gʻaybulla Boboyorov
Tarix
Jarayon
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q