“Odam savdosi” atamasi, odatda, qashshoqlik, korrupsiya, zoʻravonlik, uyushgan jinoyatchilik avj olgan kambagʻal davlatlar bilan bogʻliq tushuncha. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlarda ham qizlarni aldov, qoʻrqitish yoʻli bilan sotib yuboradiganlar kam emas. Xususan, AQSHda ham ot poygalari vaqtidagi yosh qizlarning oldi-sotdisi allaqachon ommalashgan koʻngilxushliklardan biriga aylangan.
“Forbes” dunyo tarixidagi eng muvaffaqiyatli sport turlari oʻntaligiga kiritgan ot sportini tomosha qilish uchun Luisvillga har yili 150 mingga yaqin ishqibozlar keladi. Shahardagi “Cherchill-Dauns” otchoparining nufuzli Millionairesʼ Row seksiyasida hashamatli chavandozlar kiyimlarini kiyib, qimmatbaho sharob ichib yurgan badavlat odamlarni oʻqtin-oʻqtin uchratasiz. Hatto eng oddiy kirish chiptasini sotib olganlar ham bu yerga quvnoq kayfiyat bilan keladi va vaqtini chogʻ oʻtkazish uchun har qancha pul sarflashga tayyor turadi. Buni faqat tashkilotchilar emas, sutener (maʼshuqasi hisobiga yashovchi erkak) va quljalloblar ham yaxshi bilishadi. Shu bois “Sportdagi eng buyuk ikki daqiqa” koʻplab ayollar hayotining eng dahshatli kezlari boʻlishi mumkin.
Bu kabi musobaqalarda sotiluvchi qizlarning aksariyatining tanasiga qaysi sutenerga tegishli ekanini bildiruvchi tamgʻa yoki tatuirovka bosilgan. Bunday tamgʻalar ayollarni uzoq joyga “xizmat safari”ga, masalan, Kentukki yoki shunchaki “tungi smena”ga yuborishdan oldin ularni boshqarishning ruhiy va jismoniy shakli sifatida qoʻllanadi. Qizlarning eʼtirof etishicha, bunday tamgʻa bosilganlar boshqa shaharlarga, hatto boshqa davlatlarga safarga chiqqanidan keyin ham, albatta, qaytib keladilar.
2019-yil ham Kentukki politsiyasi odam savdosida ayblangan toʻrt kishini hibsga oldi. Ularning qoʻlidagi 13 nafar tutqunning shaxsi aniqlanganda, ularning baʼzilari voyaga yetmagani maʼlum boʻladi. Keyinroq, 53-Superkub boshlanishi arafasida Jorjiya shtatining Atlanta shahrida jinsiy-qullar savdosi bilan shugʻullanuvchi 33 kishi qoʻlga olindi. Lekin bu ishlar ulkan aysbergning uchiga qoʻl tekkizish bilan barobar ekanini hamma bilardi.
Sevgilisi tomonidan sotib yuborilgan qiz
Sammer Dikerson bu “oʻyin”ga kirib, quljalloblarning qoʻliga tushib qolganida 17 yoshda edi. Uning koʻrgiliklarining sababi bir yigitni sevib qolgani boʻldi. Yigit esa qizning sevgisiga javoban toʻkin hayot vaʼda qiladi. Biroq yorqin kelajak oʻrniga uni tutqinlik, jismoniy, ruhiy, jinsiy zoʻravonliklar kutib oldi. “Bu manipulyatsiya formasi”, – deydi Sammer. – U rostdan ham yigitingiz kabi mehribonliklar qiladi. Keyin esa: “Jonginam, men uchun bir ish qilishingni istayman”, deb qoladi.
Sammerning yigiti mehmonxonada “nimanidir” unutib qoldirganini aytib, undan oʻsha narsani olib kelib berishni iltimos qiladi. Qiz rozi boʻladi va mehmonxonada oʻzini sotib olgan birinchi odamga duch keladi. U hech nimadan shubhalanmagan Sammerga “sotilgani va xarid qilinganini” tushuntiradi, keyin esa nomusini toptaydi. “U menga: “Seni sotib oldim, nimani istasam oʻshani qilaman” dedi, – deya xotirlaydi Sammer. – Men uyga qaytib kelib, hammasini yigitimga aytib berdim. U esa: “Bu endi sening hayoting”, deb javob qildi va meni oʻlasi qilib kaltakladi. Vaziyatdan chiqish yoʻlini topa olmadim va u yerda qolishga majbur boʻldim”.
Sammer Dikersonning aytishicha, bir kechada uni 30-martagacha sotishgan va ming dollarlab pul ishlab olishgan. Uning hayoti doʻzaxga aylanadi, giyohvandlik va spirtli ichimliklar tirikligi mexanizmiga aylanadi – u faqat shular yordamida qisqa vaqtga boʻlsa-da, hammasini unutadi va yashashda davom etadi. “Meni Nyu-Yorkka, Chikagoga, Luisvillega – hamma joyga sotishdi”, – deya xotirlaydi u. – Millionaireʼs Rowdagi derbida oʻtirganimda hech kim qurbon ekanimni fahmlamadi. Meni bir erkakka sotishgandi, otchopardan chiqishimiz bilan u meni doʻpposlay ketdi. Tutqunlikdagi vaqtida Sammerga besh sutener beshta tamgʻa bosishga ulgurdi. Yaqinda u bu qullik tamgʻalaridan butunlay qutuladi. Ammo turli “xaridorlar” va sutenerlarning vahshiyona munosabatlari – kaltaklashlar-qiynoqlar natijasida orttirilgan ruhiy zarbalar, salomatligi bilan bogʻliq muammolardan qutulishi oson kechmaydi, afsuski.
“Oʻligimizni chiqindixonalar, daryo boʻylaridan topish mumkin”
“Luisvilldagi omon qolganlar burchagi” asoschisi Donna Pollardning taʼkidlashicha, sutenyorlar oʻz qurbonlari qalbida shunday qattiq qoʻrquv uygʻotadiki, ular buyruqlarga shubhasiz boʻysunadilar. “Meni pistoletdan otishdi, mashinadan uloqtirishdi”, – deydi u. – Xaridorlar boshimga, belimga ayovsiz tepib-urardi. Jarohatlarim hali ham ogʻriq beradi. Baʼzilar meni striptizsha va fohisha deb oʻylab, shunday muomalaga loyiq hisoblaydilar. Ammo qiynoq kamerasida azoblanishga, beayov kaltaklanishga loyiq emasdim”.
“Menga kiyim-kechak va boshqa narsalar berishardi, ammo pul berishmasdi, uning (yigiti boʻlsa kerak) aytishicha, qarzimni qutulayotgan ekanman”, – deydi Sammer. Bundan ham yomonroq boʻlishi mumkin emasligi ayon boʻlganidan soʻng Sammerning hayoti birdaniga oʻzgardi – uni Gorilla laqabli quljallobga sotib yuborishdi. “Agar hozir u tirik boʻlganida men hozirgidek xotirjam oʻtira olmasdim, u meni topib oʻldirardi yoki bolalarimni oʻldirishga harakat qilgan boʻlardi”, – deydi Dikerson. – U qip-qizil jinni edi. Bir marta meni deyarli tiriklay koʻmdi ham. U chuqur kovladi va meni unga yotqizdi. Oʻsha holatda: “Seni oʻldiraman… Ahmoqlik qilma”, dedi. Soʻngra meni chuqurdan tortib olib, shkafga bir necha soat qamab qoʻydi.
Dikerson sutener Gorilla oʻzining koʻz oʻngida bir qizni qanday oʻldirganini xotirlaydi. Ayollarni oʻldirish qul savdosida – odatiy hodisa. Agar ayolni sutener oʻldirmasa, bu ishni haridor ham qilishi mumkin. Sammerning jinsiy-qul boʻlgan yaqin dugonasi shunday qotillik qurboni boʻlgan. “Biz – odamlar oʻligimizni daryo boʻylaridan, chiqindi idishlaridan topib oladigan qizlarmiz. Bir soʻz bilan aytganda – chiqindi. Ammo biz chiqindi emasmiz-ku, biz – kimningdir qizi yoki onasimiz”, – deya munozara qiladi Sammer. – Biroq bu dunyoda foyda keltirib turishdan toʻxtasang, seni oʻldirishadi.
Jangchiga aylangan sobiq qul
Sammer Dikerson sutenerlardan qochgan yoki oiladagi zoʻravonlikni boshdan kechirgan ayollar uchun oʻziga xos boshpana qurishga muvaffaq boʻldi – “Ester uyi” reabilitatsiya markazi sifatida ishlaydi. Unda bir vaqtning oʻzida 18dan 60 yoshgacha boʻlgan sakkiztagacha ayol yashaydi. Ularga psixologik koʻmak koʻrsatiladi, seminar va leksiyalarda turli dasturlar doirasida hayotga qayta moslashishga yordam beriladi. Darslarda ayollarga oʻzlarining fikrlarini himoya qilish, ish yuritish, muammolarni muhokama qilish, ularni bartaraf etish, bir-birlariga hurmat-eʼtiborda boʻlishga oʻrgatiladi. Sammerning aytishicha, tashkilotni ochishdan maqsad – jabrdiyda ayollarni hayotini oʻzgartirish mumkinligiga ishontirishdir. Oʻzidan yordam soʻrab kelgan ayollar, qaysidir maʼnoda, Sammerning oʻzini ham qutqaradi. “Endi men baxtliman”, deydi u. – Mening aniq maqsadim bor, xotirjamlikka erishdim. Oʻzimning qadrimni bilaman. Men – omonman. Men – jangchiman”.
Bir yilda 99 milliard foyda keltiradigan “biznes”
BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotiga koʻra, odam savdosi bir yilda 150 milliard AQSH dollari foyda keltiradi va shundan 99 milliardi jinsiy ekspluatatsiyadan olinadi. Hozirgi vaqtda dunyo boʻyicha 40 millionga yaqin kishi odam savdosining turli koʻrinishlaridan aziyat chekmoqda. “Agar pistoletingiz boʻlsa, uni faqat bir marta sotasiz. Agar menda siz boʻlsangiz, men sizni qayta-qayta sotaveraman, sutenerlarlar ana shunday foyda oladi”, deydi Sammer Dikerson.
Luisvill universiteti 2013-18-yillar oraligʻida qul savdosi boʻyicha oʻtkazgan tadqiqotning 95 ta holatida qullarning 87 foizini ayollar tashkil etayotgani, ularning aksarini oila aʼzolaridan biri qullikka sotib yuborgani maʼlum boʻlgan. Ushbu industriya jamiyat qurbonlari: fohishalar, giyohvandlar, boshpanasizlar, uyidan qochib ketganlar bilan quvvatlanadi. Qullikning global indeksi shuni koʻrsatadiki, 2019-yil Qoʻshma Shtatlarda qul savdosiga 403 ming kishi qoʻshildi, ammo bu maʼlumot xiyla baland boʻlgani taxmin qilinadi.
2018-yil Milliy qul savdosi boʻyicha tezkor telefon liniyasi Qoʻshma Shtatlarning barcha shtatlarida 5,1 ming odam savdosi bilan bogʻliq vaziyatni qayd etdi. Mamlakat Adliya vazirligi statistikasida qayd etilishicha, 2012-yil jabrlanuvchilarning toʻrtdan bir qismi oq tanlilar, yana toʻrtdan bir qismi lotinamerikaliklar va 40 foizi – afrikoamerikaliklar boʻlgan. Yanada dahshatlisi, ularning katta qismi bolalardir. BMT hisobotga koʻra, 2019–22-yillar mobaynida dunyo boʻylab odam savdosi qurbonlari soni 47 foizga oshgan. Bolalar savdosi, ayniqsa, yuqori daromadli mamlakatlarda ham koʻpayib bormoqda, ular turli jinoyatlarga jalb etilayotgan boʻlsa, qizlar koʻpincha jinsiy ekspluatatsiya uchun sotilmoqda.
Quljalloblar tuzogʻiga tushayotganlarning aksariyati afrikaliklar. Shuningdek, Rossiya-Ukraina mojarosi sababli Yevropaga qochqin boʻlib borgan oilalarning ayollari va farzandlari ovlanayotgani haqida ham matbuotda materiallar eʼlon qilindi. Qolaversa, Falastin, Livan, Suriya kabi davlatlarning qochoqlari va ularning farzandlari ham xatardan xoli emasligi ayon. Yuqoridagilardan ma’lum bo‘lmoqdaki, bu fojiani to‘xtatish uchun birgina Sammerning kuchi yetmaydi. Butun insoniyat bunga qarshi kurashishi, hozirgidan ham kuchliroq kurashishi kerak.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Tarix
Jarayon
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q