Qariyb yuz yil oldingi tarixga nazar tashlasak, Turkiston jadidlarining o‘ta murakkab sharoitda millat uchun, hurriyat uchun jon-jahdi bilan harakat qilganlariga amin bo‘lamiz. Bu ulug‘ hazrati inson va “xodim ul-millat”larning milliy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi ulkan ishlaridan hayratlanamiz.
Bilamizki, 1922-yilning noyabr oyida bir guruh turkistonlik yoshlar Germaniyaga o‘qishga yuborilgan. Biroq talabalarning hammasi ham yetarlicha ta’minot bilan Berlinga kuzatilmagan – ular moddiy jihatdan turfa xil darajadagi oilalarga mansub edi. Masalan, Abduvahob Murodiy, Aziz Xo‘jayev, Maryam Sultonmurodova kabi talabalar kambag‘al va o‘rtaxol oilalarning, Nasriddin Sherahmedov, Ne’mat Narzulla, Muhammadjon Avazjonov, Bade’ Abdullalar o‘ziga to‘q xonadonlarning farzandlari bo‘lgan.
Shuning uchun ham Usmonxon “Turkiston” gazetasining 1923-yil 15-aprel sonidagi “Chetda o‘quvchilarni unutmaylik” nomli maqolasida: “Turkiston va Buxorodan Berlinga o‘qishga ketgan o‘quvchilarning ko‘plari turlik muassasalarning ko‘magi bilan ba’zilari eng ko‘p bo‘lganda bir yillik ta’minotlariga yetarlik narsa bilan ketganlar. Ba’zi bir talabalar juda oz aqcha, hatto quruq, tavakkal qilib ham borib qolganlar. Biz ul yerda o‘quvchilarimizning muhtojlarini aniqlab olaylik, ularning holidan tez-tez xabar olib turaylik”, deb bejiz yozmagan edi.
Albatta, turkistonlik jadidlar bu ahvolga shunchaki qarab turmasdan, qo‘llaridan kelgancha xayriya tadbirlarini uyushtirib yoki o‘zlari cho‘ntaklaridagi bor pullarini o‘rtaga tashlab Germaniyada o‘qiyotgan talabalarga yubora boshladilar.
Jumladan, “Turkiston” gazetasining 1922-yil 18-dekabr sonida chop etilgan “Berlindagi talabalarga ko‘mak” nomli xabarda yozilishicha, talabalar uchun Saidnosir Mirjalilov 20 000 so‘m, Tolibjon Musaboy 10 000 so‘m, Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) 7500 so‘m, Najmiddin Sherahmadov 5000 so‘m, Hamidullo Orifjon va Xolmuhammad Oxundiylar 4000 so‘m, Muhiddin Usmoniy, Munavvarqori, Zufar Nosiriylar 3500 so‘m, Shokirjon Rahimiy, Abdunabi Hoji o‘g‘li, Teshabek Otabekov, Muhammadjonqori Rahimiy va Asadulla Xo‘jaxonovlar 2500 so‘mdan, Salimxon Tillaxon 1200 so‘mdan pul to‘plab berganlar. Bundan tashqari 6-dekabr kuni adabiyot kechasi tashkillashtirilib, undan ham 75 000 so‘m pul tushirilgan va jami bo‘lib 139 700 so‘m pul Germaniyada tahsil olayotgan talabalarga yuborilgan.
Bundan tashqari, jadidlar kuchni birlashtirish uchun turli uyushmalar, xususan “Ko‘mak”, “Nashri maorif” kabi tashkilotlarni tuzib, ularning hududlardagi sho‘balarini ochib, ular vositachiligida ko‘proq pul yig‘ib talabalarga yuborish maqsadida ham jonbozlik ko‘rsata boshladilar.
O‘sha yillarda Berlindagi Oliy qishloq xo‘jalik maktabida o‘qiyotgan Abduvahob Murodiy (1901–1938) jadid ustozlarining bu fidokorona xizmatidan behad suyunganini xat orqali bildirgan edi. Uning ushbu xati “Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 29-iyul sonida chop etilgan. Abduvahob o‘z xatida quyidagilarni yozadi: “Toshkentdan olingan bir xatda Ovrupoga talabalar yubormoq uchun sizlarning bir uyushma tuzganingizni o‘qidim va terimga sig‘maydirgan darajada suyundim. Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm-maorifda Ovruponing birinchisi bo‘lgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda, boshqalarga [nisbatan] hasad sezgisini uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusingiz bir yildan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi”.
Ilmiy etika nuqtai nazaridan qayd etib o‘tish kerakki, Sovet hukumati tomonidan ham Germaniyada o‘qiyotgan talabalarga stipendiya berilar edi. Biroq bu berilayotgan stipendiyaning hajmi juda oz hamda talabalarning o‘qish va kundalik xarajatlarini ta’minlashga yetmagan. Shu sabab turkistonlik jadidlar butun yukni o‘zlarining zimmasiga olishga qaror qildilar va xalqdan madad kutgan holda turli xil uyushma va tashkilotlarni yuzaga keltirdilar.
Qolaversa, sovet hukumati garchi talabalarni ramziy ma’noga ega bo‘lgan stipendiya bilan ta’minlasa-da, aslida bolsheviklar hukumati Turkiston yigit-qizlarining Germaniyada tahsil olishlariga katta xavf sifatida qaragan. Shu boisdan ular 1924-yildanoq talabalarni ortga qaytarish ishiga kirishib, ularning bu talablariga ko‘nmagan talabalarni stipendiyadan mahrum eta boshladilar. Sovet hukumatining ortga qaytish talabiga ko‘nmagan talabalarni stipendiyadan mahrum qilish jarayoni 1928-yilga kelib yakuniga yetkazildi, ya’ni ayni shu yildan boshlab Berlinda o‘qiyotgan talabalarning barchasiga stipendiya berilmay qo‘ydi.
Sovet hukumatining bosimi ostida yurtga qaytib kelgan Abduvahob Murodiy, Abdulla Po‘latov, Aziz Xo‘jayev, Sattor Jabbor, Atoulla Sayfulmulk, Badriddin Sayfulmulk, Maryam Sultonmurodova va boshqa shular kabi o‘nlab talabalar keyinchalik (1938-yilda) otib tashlandi.
Yurtga qaytgan talabalarning qaytib Germaniyaga qo‘yib yuborilmagani to‘g‘risidagi xabar yetib kelgach, Berlindagi bir guruh talabalar, xususan Abdulvahob O‘qtoy, Tohir Chig‘atoy, Vali Qayumxon va boshqalar xorijda qolib o‘qishni tamomlashga va chetdan turib Turkiston mustaqilligi yo‘lida kurash olib borishga qaror qildilar. Lekin bu oson ish emas edi.
1928-yildayoq to‘xtatilgan stipendiya va bolsheviklar tomonidan Turkistondan keladigan yordam yo‘llarining yopilishi Berlinda tahsil olayotgan talabalarni iqtisodiy jihatdan og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Ularning bu murakkab ahvolidan foydalanish maqsadida SSSRning Berlindagi elchixonasi talabalarning ichidan bolsheviklarga sadoqat bilan xizmat qiladigan bir josus yollashni maqsad qiladi. Buning uchun elchixona buxorolik Afzal Abusaid Maxdum o‘g‘lini ko‘z ostiga oladi. Xo‘sh, Afzal Abusaid o‘zi kim edi?
Afzal Abusaid 1900-yilning boshlarida Buxoroning eng ziyoli oilalaridan biri bo‘lmish Ahmadjon Mahdum xonadonida tavallud topgan. Ahmadjon Mahdum taraqqiyparvar inson sifatida Buxoroning eski usuldagi davlat boshqaruvini isloh etish, ta’lim tizimini zamonaviylashtirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlar, shu maqsad yo‘lida u “Yosh buxoroliklar” tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qilardi.
Afzal Abusaid dastlab eski usul maktabida tahsil olgach, otasining tashabbusi bilan (ukasi Akrom bilan birgalikda) Istanbulga o‘qishga yuboriladi. Afzal Istanbulga kelgach bu yerdagi “Dorushshafaqa” nomli maktabning ilk bosqichiga o‘qishga qabul qilinadi. Keyinchalik Afzal va Akrom tahsilni davom ettirishi uchun “Dorushshafaqa”dan Izmirga jo‘natiladi. Biroq Afzalning ukasi Akrom Izmirda sil kasalligiga uchrab vafot etadi. Taqdirning ilk og‘ir zarbasini qabul qilib olgan yosh Afzal Izmirda qolishni istamasdan darhol Istanbulga qaytadi va tibbiyot yo‘nalishiga o‘qishga kirib bu yerda ikki yil mobaynida tahsil oladi.
Afzal Abusaid
1914-yilda Birinchi jahon urushi boshlangach, urushda ishtirok etayotgan Turkiyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar murakkablashib Afzal ham o‘qishni tashlashga majbur bo‘ladi. Garchi u qardosh turklarga yordam berish maqsadida harbiy xizmatga yozilish uchun murojaat qilsa-da, biroq Usmonli davlatining fuqarosi bo‘lmagani sababli askarlikka qabul qilinmaydi.
Afzal Abusaidning askarlikka yozilish rejasi amalga oshmagach, u Istanbulda joylashgan Maorif vazirligiga murojaat qilib, o‘ziga biror vazifa berishlarini so‘raydi. Maorif vazirligi Afzalni Kastamonudagi dorulmualliminga o‘qituvchi etib tayinlaydi. Bu yerda bir necha yil mobaynida o‘qituvchilik qilgan Afzal Abusaid Istanbulga qaytib Chor Rossiyasi o‘rniga hokimiyatga kelgan bolsheviklarning Turkistonga hurriyat berishiga umid qilgan holda 1921-yilning boshlarida Qirim yo‘li bilan vatanga qaytib keladi.
Afzal Abusaid Buxoroga qaytganida amirlik ag‘darilib, uning o‘rniga “Yosh buxoroliklar” tomonidan Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati qurilgan va ushbu davlatning yirik namoyondalari bo‘lmish Fayzulla Xo‘jayev va Abdurauf Fitratlar tomonidan Germaniyaga talaba jo‘natish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan edi. Afzal Abusaid ham Germaniyaga o‘qishga yuborilayotgan bo‘lajak talabalar safidan 1922-yilning noyabr oyida Berlinga qarab yo‘lga chiqadi.
Afzal Berlinga yetib kelgach Oliy texnika maktabining me’morchilik (arxitektura) fakultetiga o‘qishga kiradi. Bu xususida “Turkiston” gazetasining 1923-yil 19-dekabr sonida Turor Risqulovning “Germaniyadagi o‘quvchilarimiz” nomli maqolasida quyidagilarni o‘qiymiz: “Sentyabr boshida menga Germaniyaga borib bir oycha turishga to‘g‘ri keldi. U yerga borishdan birinchi maqsadim Germaniyada bir yildan buyon o‘qib turgan Turkiston va Buxoro o‘quvchilarining ahvoli bilan tanishmoq edi. [Germaniyada] Turkiston o‘quvchilari 11, Buxoro o‘quvchilari 47 kishidir… Berlin dorulfununida buxoroliklardan 5 kishi bo‘lib, har qaysisini turli fakultetlarga bo‘lingan: tib, falsafa, siyosiy iqtisod, oliy texnika maktabining binokorlik sho‘basida, elektrotexnika, mashina va qishloq xo‘jaligi maktabida”. Ana shu oliy texnika maktabining binokorlik sho‘basida o‘qiyotgan buxorolik 5 talabaning bittasi bizning qahramonimiz Afzal Abusaid o‘g‘li edi.
Qolaversa, Sattor Jabbor ham “Ertoy” taxallusi ostida “Turkiston” gazetasining 1924-yil 2-sentyabr sonida “Germaniyada O‘rta Osiyo talabalarining ikki yili” nomli maqolasida ushbu mamlakatda o‘qiyotgan talabalarning ro‘yxatini keltirib o‘tgan:
Yuqorida qayd etilganidek, sovet hukumati tomonidan 1924-yildan boshlab cheklana boshlagan “stipendiya siyosati” 1928-yilga kelib o‘zining “haddi a’losiga” yetdi. Boshqa talabalar singari Afzal Abusaid ham moddiy qiyinchilikka ro‘baro bo‘ldi.
Aynan shu yillarda SSSRning Berlindagi elchixonasi Afzal Abusaidni o‘z huzuriga chorlab Mustafo Cho‘qay boshchiligidagi muhojir jadidlar hamda talabalar ichida kechayotgan siyosiy jarayonlardan xabardor qilib turish evaziga pul taklif qiladi. Bu voqeaning butun tafsilotlari Parij shahrida chiqqan “Le Martin” gazetasining 1930-yil 17-iyun sonida batafsil chop etilgan. Keyinchalik, ushbu maqola Mustafo Cho‘qay bosh muharrirligi ostida nashr etilgan “Yosh Turkiston” jurnalining 1930-yil fevral sonida “Turkistonliklar nazari diqqatiga” sarlavhasi ostida izohlar bilan to‘ldirilgan shaklda qayta bosiladi.