“Havo” oshkor qilgan isitma – oʻzbek sheʼriyatidagi feminizm


Saqlash
17:30 / 17.12.2024 156 0

Soʻzsizlik ichra singib…

 

Avvalboshda soʻz yaraldi. Soʻz ongning belgisi edi. Ongdagi narsa haqidagi tushunchaning ishorasi xolos. Soʻz anglamga, oʻyga tegishli edi. Shuning uchun tilshunoslik darslarida muallimingiz birinchi darsni til – ong belgisi deb boshlagan. Muqaddas kitoblarda ham ilk odamga ism – soʻz oʻrgatdik deb xabar keldi. Odamning boshqa turdan birinchi farqli belgisi soʻz taraqqiyotni boshladi. Soʻz qancha koʻpaysa, miyamizda oʻy shuncha koʻpaydi. Soʻz boshqa soʻz va oʻylarga yoʻl ochdi. Shu qadar koʻpaydiki, insonning ichki halovat, atrofidagi dunyo, tabiat, ruh bilan bogʻliq uygʻunligiga devor tortdi. Soʻz qanchalik yuksak, buyuk kashfiyot yaratmasin, alaloqibat bizni ajralib chiqishimizga olib keldi – biz har bir narsaning otini bilarkanmiz, borliqdan ajralib bordik. Va endi miyamizda soʻz yaratgan tasavvur dunyosiga botib boraverdik. Oʻylar miyamizda qalashgandan qalashdi, oʻy yosuman shamol kabi harir ruhimizni endi oʻtmish-u, kelajak tomon talab tortaverdi – soʻz bizning ruhimizni taladi. Alaloqibat soʻz bizni Begona qildi. Tabiatdan, uygʻun dunyodan ajralib chiqib, oʻz qismimizni butunga aylantirar ekanmiz, biz halovatni boy berdik – lahzani. Ilohiy garmoniyani. Yogʻayotgan yomgʻirni sipqorib, ruhan parvoz qila olishni, onsizlikni boy berdik biz. Natijada, olamshumul muammolar, fanlar, iztiroblar, yechimlar oʻylab topaverdik, ammo oʻzimiz bilan andarmon boʻlgan sari chetda qoldik. Ulugʻ garmoniyadan. Sigʻinganimiz Anglashning chegarasi yoʻq ekan, afsus u bizga umrimizni ham bermas ekan. Oʻyimizdagi umrning ijrochilari boʻlib qoldik. Lekin tabiat insonga boshqa bir dunyoni ham bergan – soʻzsiz dunyoni. Sheʼriyatni. Sheʼriyat soʻz orqali soʻzsiz dunyo yaratdi, yaʼni u bizga hamma soʻzlarni tashlab yuborishni his ettirdi. Lahzaga olib keldi. Meditatsiya, ibodat va insonning eng sof holati oʻy toʻxtagan dam, deyishdi. Buni hozirgi ruhoniy bilimlar aytadi. Ammo bungachayam shoirlar va sheʼr muxlislari buni bilishgan (demak, sheʼr muxlisi boʻlish aslan katta daraja). Bir marta ishxonamdagi ayol dabdurustdan 16-qavatdagi ofisimiz derazasidan yogʻayotgan yomgʻirga qarab turib, “qara, mana shu tabiat eng koʻp shoirlardan minnatdor. Ular kabi kim ham tabiatni chiroyli tasvirlagan”, degandi. Rahmatli opaxon aytgan gap bundan kattaroq edi. Kim ham tabiatga ular kabi singgan va singishni tasvirlagan demoqchi edi. Tabiatga singishning har lahzasida Hol bor yoki holga kelgan odam tabiatga singiydi.

 

Tasavvur, ong oʻydan xoli, hammasidan xoli, boʻm-boʻsh. Shunday holatda tura oladimi? Yoʻq, oʻrgatilgan kuchuk kabi boshqa joylarga uloqib ketaveraman, deydi – oʻshanda faqat tabiatgina sizni “boʻm-boʻsh”likda ushlab qolaman deydi – yaʼni egosizlanishda, “Men”imiz xuruj qilmasligida. Yagona makon bu tabiat, faqat tabiatni idrok qilish yo shunga singib ketish bilan ong oʻzini onsizlikda ushlab qoladi. Anglam ketidan chopmaydi. Va bunday sheʼriyat ham endi shaxsning iztirob va sevinchlaridan ajralib chiqadi, shaxssizlanadi. Bunday shaxssiz sheʼriyatni sizga yolgʻiz tabiatgina beradi. Bunday shaxssizlanish sheʼriyati Tomas Eliotdan boshlandi, deyishadi. Aslida yoʻq. Eliot bizga buni idrok etib berdi. Sakura gullariga kunlab tikilib oʻtirishdan ibtido olgan yapon hakkulari va “ishq bu lahza, lahzadagina ishq bor” degan tasavvuf sheʼriyatimizda ham bu bor edi. Shunchaki anglamga ehtiyoji yoʻq his darajasida, soʻzsizlikdagi bu hisni hech kim soʻzga aylantirishga ehtiyoj va hafsala tuymagandi, xolos.

 

 

Hayronman, Gulnoz Moʻminova muxlislari va tadqiqotchilari tabiat oldidagi mana shu onsizlikni naqadar his qilgan yo sezgan… “Havo” birinchi navbatda mana shu tabiat oldidagi yoʻqsizlanish, uygʻunlik va hol sezimlari demak. U sizga yuqadi. Siz oʻsha sheʼrning bosh vazifasiga – soʻzsiz dunyosiga qaytasiz yuqum orqali. Moʻminova bu yerda alohidami? Zotan har shoir tabiat oldidagi onsizlikdan bunyodga kelmadimi? Ha, alohida. Moʻminova endi ruhiyatni ham tabiatga aylantirdi. Kayfiyatlarini sariq tulki, gʻazablarini yumaloq kirpi qilib ketaverdi, biz bu tasvirlardan keyin soʻz va anglam ichiga uloqib ketmadik, uloqib ketishimiz kerak boʻlgan joyda (zotan bular ruhiyat tasviri-ku), tabiatning boʻlagiga evrilib ketaverdik. Shu qadar evrildikki, ogʻir oqibat mashinada ishga ketayotib, botayotgan qahrabo ufqqa qararkanman, menmi bu, ufqmi, deb qoldim. Keyin men ham yoʻqolib ketdi. Ufq, ufq, ufq, qahrabo, qahrabo, qahraboga evrilaverdim. Soʻzsizlik ichida taralib ketdim. Shoirning ruhi menga, mening ruhim shoirga taraldi goʻyo. Mavjudlikka muhabbat indi – Mavjudlik yoʻqolishi orqali. Soʻzsizlik haqida tugatishdan oldin, bir ogʻiz soʻz: “Havo” dan birinchi galda oʻsha boʻsh makonni izlang, boʻlmasa, Gulnoz Moʻminovani tanimaysiz.

 

Marosim…

 

Folklorshunosligimga borib, bu oʻtish metafizikasi haqida kitob ekan, deb qiroat qilayotgandim. Shoir ruhi … (uch nuqtadan) sariqqa oʻtayotgandi. Oh, shuni folklor va inson umridagi oʻtish metafizikasi analogiyasi tarzida tahlil qilsa, boʻlarkan-da, deb oʻyladim. Bundoq qarasam, shoirning oʻziyam “Marosim” deb sheʼr yozib turibdi-da. Gulnoz Moʻminovaning oʻzi ham bemor, ham shifokor bu tomonlama. Sezimini nainki yuqtiradi, idrok qilib ham beradi. Folklordagi anʼanaviy dunyoqarashda bor narsa hech yoʻqolib ketmaydi. Faqat boshqasiga evriladi. Bir olamdan ikkinchi olamga oʻtadi. Masalan, inson tugʻiladi, unga beshik toʻyi qilamiz. Oʻtishi xush kelsin, bolaga yangi dunyosida qiyin boʻlmaymiz deymizda. Toʻy qilamiz – qizlik va boʻzlik dunyosini tark etayotgan ikki yoshga oʻlayotgan dunyosida rizolik, oʻtayotgan dunyosida baxt tilaymiz. Buniyam marosim qilamiz. Oʻlamiz – ortimizda qolganlar marosim qiladi, borgan dunyosida yaxshi boʻlsin, deydi-da ortimizdan. Har bir marosimimizda oʻtish metafizikasi bor.

 

Tabiat mavsumlaridayam oʻtishni marosim qilib nishonlaymiz. Qishga oʻtishni koʻk archa, kuzga oʻtishni Mehrjon, bahor-u yozga oʻtishni Navroʻz bilan. Keyin oʻsha oʻtish marosimlarini miflardan eposlarga ham aylantiramiz. “Alpomish”u “Goʻroʻgʻli” deb. “Havo” ham aslida marosim. Oʻtish metafizikasini kechayotgan ruh marosimi. Sariqqa koʻchayotgan dunyo marosimi. Shuning uchun sariq harir sharpaday kezadi, muallif oʻylanadi: “Sari kitob”, desammi? Demaganidan qatʼiy nazar “Havo” – sariqqa oʻtish marosimining badiiy ifodasi boʻlgan ruh eposidir.

 

 

Soʻzlar ichida tentib…

 

Keling, endi soʻzsizlik va metafizik oromdan soʻz ichidagi izlanishlarimizga qaytamiz. Avvalboshda yozganimdek, soʻz bor, demak, anglam bor, anglam orqasidan oʻy, qarash, fikr, gʻoya oqib kelaveradi. Gulnoz Moʻminova uni “Havo” deb nomladi. Bu bilan “men senga hozir ayol haqida gapirib beraman”, dedi. Va yana u bizga feminist shoir nigohi bilan gapirib bermoqchi buni. Shuning oʻziyoq toʻplamni ruhiy yo ijtimoiy koʻlamdan chiqarib, siyosiy sathga koʻtaradi. Gulnoz Moʻminova birinchilardan boʻlib “Feministning sheʼri” sheʼrini yozdi. Feminist desang, boshingga toʻp otilishga tayyor muhitda bunday deb nomlamasa ham boʻlardi. Lekin shunday deb nomlash bilan sheʼrda ham, jamiyatda ham ayolning ijtimoiy, ham siyosiy mavqeyi oʻzgarayotganini koʻrsatdi. Moʻminovagacha ham ayol haqida ayollar ham, erkaklar ham yozib kelgan. Asosan ular ona va yor sifatida yozdi. Millat taqdiriga ham ona boʻlib kuyindi. (Zulfiyaning “Oʻgʻlim sira boʻlmaydi urushi”dan boshlab) Lekin Moʻminovaning qahramoni “meni yo Sharqni qutqar”, dedi (garchi qutqarilishiga ishonmasayam). U onaligi yo yorligini emas, oʻzini ayol va inson sifatida subyektga aylantirdi. Hech boʻlmasa, ha men hech joyda subyektga aylanolmadim, aslida men ham subyektman, jarayonning jonli taʼsischisi boʻlishga haqqim bor edi, dedi. (Bu oʻrinda Simon Bovuarning “Ayol boʻlib tugʻilishmaydi, ayol boʻlib shakllanishadi” degan gapini eslang. Yaʼni siyosiy yo ijtimoiy hayotga toʻgʻridan toʻgʻri ayollar ham taʼsir qilishini istaysanmi, marhamat unda ayol boʻlib shakllan, subyekt ekanligingni isbotla degani.) Mana shunisi bilan Moʻminova sheʼriyati oʻzigacha yozilgan ayol ruhi, dardi dunyosi haqidagi sheʼrlardan farqlandi va yangi davrni boshladi. Ehtimol, Moʻminovaning turmush chigʻirigʻidan ayol, ona, yor va bundan tashqari ijtimoiy tiyrak inson sifatida oʻtayotgani qoʻl keldi. Unda hamma narsa ayni vaqtida birlashdi: ham tajriba, ham tafakkur. Shuning uchun Moʻminovaning bu yoziqlari ishonchni koʻproq qozondi. Misol bilan tushuntirsam, kecha ona boʻlib yozgan ayol Vatanni oʻgʻillari qutqarishiga ishongan boʻlsa, bugun oʻziyam askar, kurashchi boʻlib himoya qila olishiga ishonmoqchi, harakatga kelmoqchi – mana ayolning subyektligi nima degani!

 

Ha, Moʻminova hali ochiqdan-ochiq hech kimni kurashga chorlamayapti. Faqat uning sheʼrlaridagi dard endi dardiga tashxis qoʻya olmagan bemor dardi emas, voqelikning taʼsir koʻrsatadigan mavjudotiga – subyektiga aylana olmagan insonning chorasiz makondan, muhitdan qochish, u bilan ziddiyatga kirishish dardlari. (“Ayol boʻlib tugʻilma Sharqda” – aslan esa makondagi siyosiy, ijtimoiy huquqsizlik bilan ziddiyatga kirishyapti.) U shuni angladi. Undan keyin kelayotganlar dardning siyosiy, ijtimoiy koʻlamini yaqqol anglaydi va kurashga kiradi. Axir dardning ham davosi oshkor qilingan isitmadan boshlanganidek, soʻzga koʻchayotgan subyektsizlik iztirobi ham ertaga davo uchun kurashni, izlanishni chaqiradi. “Havo” bu yoʻlda oshkor qilingan dastlabki isitma deyavering.

 

Tillaniso NURYOGʻDI,

Filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24026
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//