Arxetip tushunchasi ilm-fanda dastlab 20-asrda paydo boʻlgan. Uning lugʻaviy maʼnosi “ilk obraz” degan maʼnoni bildiradi. Arxetip tushunchasini dastlab psixologiyada Karl Gustav Yung qoʻllagan. Yung arxetiplarni inson individuallashuv yoʻlining bosqichlari sifatida qabul qiladi. Qizigʻi, bu bosqichlarning mazmuni alohida boʻlsa-da, shaklan barcha odam uchun bir xil kechadi. Masalan, dastlabkisi “bola” arxetipi boʻlib, psixologiyada bu “bola meni” deyiladi. “Bola meni”ga tabiiylik, oʻyinqaroqlik, gʻayrat-shijoat, shodlik-quvnoqlik xos. Bu bosqichda bola harakatlari anglanmagan, oʻz-oʻzidan, xayoliga nima kelsa, shuni qiladigan boʻladi. Qiziqarlisi, “bola meni” inson ulgʻaygach ham yoʻqolmaydi. Agar u yoʻqolsa, kishi biror ishni qilishda saʼy-harakat koʻrsatolmay qoladi. Oʻzgarishlarga qodir boʻlmaydi. Shu sabab bola arxetipi inson hayotida eng muhim arxetipdir. Uning adabiy asarlardagi koʻrinishlari ham qahramonlarning oʻylamasdan qiladigan jasoratlari, katta tavakkallarida koʻrinadi. “Bola meni” oʻlsa, inson oʻzidagi asllikni yoʻqotib qoʻyadi va toʻla toʻkis jamiyatdagi qulga, ijtimoiy programmaga aylanadi. “Bola meni” yoʻqolgan jamiyatlarda oʻzgarish, tashabbus, “spontan” harakatlar boʻlmaydi, insonlar har doim oʻziga oʻzidan “katta xudolar”, ota-ona yoki xayoliy nazoratchini yaratib olishadi. “Bola meni”ga eng xos jihat – harakatlariga erkinlik, birovga boʻysunmaslikdir. (Aynan hozirgi jamiyatimizni “bola meni” oʻldirilgan jamiyat sifatida koʻraman men.) Lekin bola maʼlum bosqichgacha ota-ona qaramogʻiga, himoyasiga muhtoj boʻladi. Chunki boladagi oʻyinqaroqlik, himoyasizlik va oʻzboshimchalik hayot uchun xavf ham soladi. Ulgʻaya boshlagan bolada maʼlum yoshga yetib xatti-harakatlariga masʼuliyat, oʻzini oʻzi himoya qilish xususiyati shakllanadi. Bolada biz “spontan” harakat deb atagan jihat hali onglilikka emas, balki ongsizlikka tegishli jarayon. Umuman, arxetiplarni oʻrganish jarayonida ong, ongosti, jamoaviy ongsizlik tushunchalari oʻzak tushunchalardir. Baʼzi arxetiplar shaxsiy, ayrimlari jamoaviy ongsizlikka oid boʻladi. Bola arxetipi har bir insonning ichki individuallashuv yoʻlidagi bosqich sifatida shaxsiy ongsizlikka ham, bu yoʻl barchaga birday xosligi jihatidan jamoaviy ongsizlikka ham oid.
Bola 10-13 yoshlar orasida harakatlari mohiyatini anglab, oʻziga javob berarkan, unga ota-onasining nazorati kerak boʻlmay qoladi. Yaʼni endi ota-ona issiq choynakni ushlamoqchi boʻlgan bolasiga “tegma, kuyasan” deyishi shartmas. Bola shundoq ham kuyishini, buni qilmasligini tushunib yetadigan yoshda boʻladi. Bu tashqi, fizik jihatdan qaramoqdan ajralib borishni anglatadi, ammo u ruhiy jihatdan ham ota-ona nazoratidan ajralib chiqa oladimi? U qarorlari ota-onasi yoki uni tarbiyalagan muhitga mos-yoʻqligidan qatʼi nazar oʻz soʻzini ayta oladimi, qaror qabul qiloladimi, faqat va faqat oʻz ongiga suyanib harakatlana oladimi? Aynan mana shu masala ham jamiyatlarning, ham ruhiy shakllanish yoʻlining eng muhim muammosi boʻlib kelgan. Qadimgi xalqlarda bola ota-onasidan ajratilib, uzoq vaqt qabiladan tashqariga olib ketilgan va turli sinovlarni oʻtashgan. Bu marosim qadimda initsiatsiya deb atalgan. Sinovdan oʻta olgan bolalar ota-ona “men”idan ajralib chiqqan shaxs sifatida jamiyatga qabul qilingan, oʻtolmaganlari esa yo oʻldirib yuborilgan, yo qabilaga qayta qabul qilinmagan.
Maʼlumki, folklorda mif yoki ertak – marosimning ramziylashtirilgan verbal shaklidir, degan qarash mavjud. Shu jihatdan mif va folklorni oʻrgangan psixoanaliz maktabi vakillari oʻz tahlillarida ertaklarda koʻp takrorlanuvchi qahramonning ajdarni oʻldirish motiviga (yo biror yovuz maxluqni, antipodni) initsiatsiya jarayonining ramzi sifatida qarashadi. Uning talqin esa quyidagicha: qahramon bola ajdarni oʻldiradi va pariga ega chiqadi yoki biror muhim buyumni qoʻlga kiritadi. Bu bilan u “ota-ona” meni yoki uni oʻrab turgan kollektiv ongni mahv etadi va oʻzining shaxs sifatida shakllanish yoʻlini boshlaydi. Albatta, unga bu yoʻlda sinov lozim. Sinov boʻlmasa qahramon hech qachon kollektiv ongdan chiqolmaydi, anglolmaydi va kollektiv ongning ijrochisi, quli sifatida qoladi. Yaʼni unda shaxslik uygʻonmaydi ham, shaxs sifatida shakllanmaydi ham. Shu jihatdan sinov motivi ham arxetip motivga kiradi. Chunki har bir qahramon yoʻlida oʻzini anglashning yoʻli, albatta, sinov bilan boshlanadi. Bu hayotda ham, adabiyot yoki mifologiyadagi qahramon yoʻlida ham aynan bir xil boʻladi.
Endi zamonaviy odam eski qabilaviy tuzumda yashamaydi, u aynan initsiatsiya jarayonidan oʻtmaydi, shu bilan bu jarayon yoʻqolib yo toʻxtab qoladimi?! Yoʻq, aslo, axir bu jarayonlar ming yillardan beri insonning ruhiy rivojlanish yoʻlini aks ettirib berarkan, zamonaviy odam ruhiyati ham aynan alohida shaxsga aylanish uchun shu sinovlarni bosib oʻtishga majbur. Buning uchun endi jisman sinovni bosib oʻtmas, urushda kimnidir oʻldirmas, yovuz maxluqni yengishga majburlanmas, ammo u ruhiyatida shu sinovni yashab oʻtishga majbur. Individual oʻz “men”iga ega boʻlishni istagan har bir odam kollektiv ongsizlik va maʼlum vaqtgacha bola uchun shu ongsizlikning timsoli boʻlgan “ota-ona meni"ni tark etishga toʻgʻri keladi. Hayotiy vaziyatlarda bola oʻz qarori, soʻzi, amaliga ega boʻlish uchun ham jamiyat, ham ota-ona bosimiga qarshi turib, oʻz yoʻliga ega boʻlish uchun hayot-mamot sinovidan oʻtishga majbur boʻladi. Undan oʻtolmaganlar esa umrbod boʻyni siniq; jamiyatning kichik temir murvatiga aylanadi va ularda endi bolalik, oʻzgartirish istagi, gʻayrat-shijoat, tavakkalchilik kabi hayotni yangilaydigan muhim xususiyatlar yoʻqolib qoladi. “Ota-ona men”ini tark qilolmagan bola “bola meni”ni tark qiladi va endi u oʻzi oʻziga ota-ona, nazoratchi, jazolovchiga va muhim qaror qabul qilishda faqat boshqalarga suyanuvchi, ruhan oʻzi uchun oʻzi masʼuliyatni ololmaydigan, bunga qodir boʻlmagan irodasiz, lanj, qoʻrqoq, zulmkor odamga aylanib qoladi.
Zamonaviy adabiyotimizda aynan shu turdagi – "ota-ona meni"dan ajralib chiqolmagan, kollektiv ongsizlik tumani ichida qolgan, sinovdan oʻtolmagan “bola” koʻp uchraydi. Hatto mashhur qahramonimiz Otabekni ham mana shunday “bola” deb aytish mumkin, garchi bu fikr koʻpchilik uchun ziddiyatli boʻlsa-da (aynan onasining tazyiqi bilan Zaynabga uylanish motivi, natijada oʻziga qoʻshib ikki ayol qismatiniyam parchalaydi, demak, sinovdan oʻta olmagan “bola” oʻz-oʻzidan zulmkorga aylanmoqda). Xoʻsh, nega zamonaviy asarlarimizdagi qahramonlar sinovdan oʻtolmay qolgan bola darajasida? Chunki oʻzbek jamiyatining oʻzi ayni shu kollektiv ongsizlik bilan chirmab olingan va unda shaxs boʻlish, shaxslik yoʻlini yaratish, jamiyatning shaxsni yaratadigan mexanizmlari mutlaqo ishlamaydi yoki yoʻq darajada. Toʻgʻri, sinovdan oʻtmasa ham odam yashab yuraverishi mumkin, chunki endi qadimgi qabilalar johilligi davrida yashamayapmiz, sinovdan oʻtolmagan “bola”larni oʻldirib yubormaymiz, ammo ruhan oʻlgan odamlarni va oʻlik odamlar jamiyatini yaratamiz. Va bunda jamiyatda hech qanday oʻzgarish, siljish boʻlmaydi.
Ota-ona menidan ajralish bola uchun shu qadar muhim ekan, demak, hayotimizda ota-ona mutlaqo keraksizga aylanadimi?! Yoʻq, bu ajralishdan keyin ichimizdagi “ota-ona meni” bilan boshqa munosabat darajasi boshlanadi. Farq shunda. Xoʻsh, unda “ota” yoki “ona” arxetipining oʻzi nima, ularning mohiyati qanday?
“Ona” arxetipi ham bola arxetipi singari shaxsiy va kollektiv ongsizlikka oiddir. Chunki ona bu – himoyachi. U farzandini asrash uchun har narsaga tayyor boʻladi. Va bu fidokorlik anglangan harakatlar bilan boʻlmaydi, balki har bir ayolga ona boʻlganidan keyin berilgan hislar natijasida boʻladi. Shu sabab ona muhabbati yoki himoyasi savqitabiiy amalga oshiriladigan jarayon. Ona himoya qilish chogʻida har qanday jasoratga, oʻlimga va hatto bolani asrab qolish uchun boshqalarni oʻldirishga, yovuzlik qilishga ham qodir boʻladi. Bu jihatdan Fromm ona muhabbatini alturistik – ortiqcha darajada fido boʻlish, baʼzan bolani, boshqalarni va eng avvalo, oʻzini jarohatlovchi katta muhabbat sifatida sanaydi. Ona dunyoni farzandi uchun asosan xatar sifatida koʻradi va uni asrayman deb borliqni vayron qilish istagiga ham boradi, hatto. Shuning uchun folklordagi Ona arxetipi Tabiat, stixiyaviylik bilan bogʻlanadi. Tabiatga ham hech kimning kuchi yetmaydi, istasa vayron qiladi, suvlar toshiradi, zilzilalar qoʻporadi. Bu xususiyat esa aynan insondagi ongsizlikka teng. Inson ham mutlaqo ongsiz holatga tushsa, tuygʻularini nazorat qilolmaydi, natijada katta jasorat koʻrsatishi yoki ulkan vayronagarchilikka sabab boʻlishi mumkin. (Xurshid Doʻstmuhammadning “Chayongul” hikoyasidagi qotillik qiladigan qizni eslang. Folklorimizdagi maston kampirlar ham gʻayritabiiy kuchga ega va ularni yengib boʻlmaydi.) Shuning uchun ona arxetipi mutlaq ongsizlik holatini ifoda etadi. Tabiat esa folklorda ona arxetipiga xos boʻlgan ramz sifatida ishlatiladi. Masalan, Goʻroʻgʻli Yer qaʼridan chiqib keladi: yer tabiatning bir qismi boʻlish bilan birga folklorda, adabiyotda ona ramzining ifodasi hamdir.
Bizning ichki individuallashish yoʻlimizda “bola” arxetipi qanday muhim boʻlsa, “ona” arxetipi ham shunday oʻrin tutadi. Agar inson mutlaqo ongli holatda yashaganida, allaqachon aqldan ozgan boʻlardi. Ammo xayol, oʻy, orzu, tushlarimizda oʻzimiz anglamaydigan ongsizlik holati bor va u bizning ruhiyatimizni qutqarib kelayotgan asosiy qoʻrgʻondir. Demak, ongsizlikni ifoda etuvchi “Ona” arxetipi ruhiyatimizda ham himoyachilik vazifasini bajaryapti, faqat bu himoyachilikni biz oʻzimiz ham anglolmaymiz. Chunki u bizning ichki holatimiz himoyachisidir. Aynan mana shu oʻrinda “ona” arxetipining “ota” arxetipidan farqi yuzaga chiqadi.
“Ota” arxetipi bizning ichki holatimiz emas, tashqi holatimiz himoyasi, jamiyatdagi oʻrnimiz uchun javob beradi. Jamiyatda oʻrnatilgan qatʼi qonun-qoidalar tizimi bor. Hatto oʻz “men”ini anglab, shaxs sifatida yoʻlini boshlagan qahramon ham jamiyat qoidalariga boʻysunishga majbur boʻladi, eng kamida u bilan hisoblashadi. Jamiyatning bu qoidalarini buzish xaosni keltirib chiqaradi. Insonlik jamiyati esa asrlar davomida xaos ustidan kosmos gʻalabasi uchun kurashib keladi. “Bola” menidagi spontanlik, “ona”ga xos ongsizlik holati insonlarda va jamiyatda koʻpincha xaosni ham keltirib chiqarishi mumkin. “Ota” arxeritipi esa mutlaqo mana shu xaosga qarshi kurashuvchi, unga qarama-qarshi turadigan holatdir. Shuning uchun miflardagi qattiqqoʻl bosh xudolar, shohlar, hukmdorlar yoki jamiyat tartib qoidalarining oʻzi “Ota” arxetipiga xos deb bilinadi. Bu qoidalar koʻp yillik tajribadan kelgani uchun mutlaqo qatʼiy. Inson ham, asarlar qahramonlari ham ana shu qatʼiy tartiblarga qarshi baʼzan isyon qilib turadi. Chunki bu tartiblar jamiyatni asrab qolgani bilan insonning oʻzligi, shaxsiyatini yemirib yuborishi, tartib zulmga ham aylanib ketishi mumkin. Bunday sharoitda odam ichidagi “men”ini tashqariga chiqarolmaydi, natijada oʻrnini topolmaydi, potensialini roʻyobga chiqarolmaydi va mazlumga aylanib qoladi. Kafkaning “Otamga xat” essesida ayni shu holat tasvirlanadi, bunda qahramon otadan koʻra koʻproq jamiyatning insonni ezuvchi qoidalariga qarshi chiqadi – u shu yoʻl bilangina isyon qila oladi. Jamiyat qonun-qoidalari umuminsoniy boʻlishi kerak, ammo ular baʼzan tartibni saqlayman va umummanfaatga xizmat qilaman deb alohida insonlarni sindiradi, noinsoniy tus oladi. Shu yerda inson va jamiyat oʻrtasidagi azaliy ziddiyat yuzaga keladi.
Jamiyatda oʻrnini topaman, degan odamlar ham aslan jamiyat qoidalariga boʻysunayotgan boʻlmaydi, aksincha, aslini berkitish uchun niqob kiyishga majbur boʻladi. Bunday muhit Ulugʻbek Hamdam “Jamiyat ichra samimiyat bahosi” maqolasida yozganidek, butkul odam va jamiyatdan begona, koʻngli sovigan mersolarni paydo qiladi. Endi jamiyat aslini, oʻzligini, ichidagi rost gapni aytmoqchi boʻlganlarni mutlaqo qabul qilmaydi, ularni azaliy tartibga xatar sifatida koʻraveradi va jazolaydi. Shunday ekan odam oʻzini himoya qilish uchun ruhiy niqob taqishga majbur. Taqmaganlar esa “begonalar”ga aylanib boradi. Sirasini aytganda, hammamiz qandaydir niqob taqilgan holatda yashaymiz va shu tufayli koʻp harakatlarimizni bizning ongsiz holatimiz yoki kollektiv ongsizlikka boʻysungan holatimiz nazorat qiladi. Demak, Persona arxetipi endi individuallashayotgan, oʻz navbatida ijtimoiylashayotgan odamning ruhiy holatini qamrab oluvchi asosiy arxetipga aylanadi. Bunday arxetipik mazmunni Nazar Eshonqulning “Goʻroʻgʻli yoxud hayot suvi” romani bor ziddiyati bilan yoritib beradi.
Inson jamiyatdagi munosabatlarda niqob taqib, oʻzining aslligini bostirishga majbur boʻlar ekan, ichida oʻsha asl qiyofa qolib ketaveradi. Endi u inson ichida alohida qiyofa, alohida odam yaratadi. Tashqaridagi qiyofamiz bir tomon va ichimizdagi ikkinchi qiyofa bir tomon boʻladi. Tashqarida biz madaniy munosabatlar doirasidan chiqmasligimiz uchun sipo, har kimni sizlab, ishimizni bitirib ketaveradigan, ortiqcha boshogʻriqdan qochib, oʻzimizni yerga uradigan vaziyatlarda ham “xoʻp” deb turadigan boʻlishimiz mumkin, ichkaridagi qiyofa esa tajovuzkor, agressiv, egilmas, qaytmas boʻladi aksar holda. Chunki bu insonning namoyish qilishi mumkin boʻlmagan alohida qiyofasi. Aynan namoyish qilish mumkin boʻlmaganidan ham u agressivga aylanadi. Va inson ichida avval tushkunlik, keyin oʻz-oʻzini vayron qilish yoki boshqalarni yo dunyoni vayron qilishdek destruktiv isyon, quvvat shakllanadi. Insonning bu quvvatiga Soya arxetipi javob beradi. Soya arxetipi Persona bilan yonma-yon yuradi. Chunki u aynan Personaning natijasidir.
Hoʻp, inson shaxs shakllanishining shunday murakkab bosqichlaridan oʻtar ekan, nima qilishi kerak: Personaga berkinib, oʻz oʻziga senzor boʻlib, ichida esa tajovuzkor bir insonni boqib oʻtishi kerakmi? Oxir-oqibat bu boʻlinish insonni telba qilib qoʻymaydimi? Qoʻyadi, albatta. Shuning uchun koʻplab asarlarda shaxsiyatning ikkiga ajralish motivi mavjud. (Qirol Lirning masxarabozi, Chak Palanikning “ Jang klubi” kitoblarida bu yaxshi tasvirlangan – yaqinda bu kitob oʻzbek tilida nashrdan chiqadi). Ammo inson mana shu “men”larni birlashtirmasa, garmoniyaga keltirmasa, oʻz hayotida ham destruktiv, ham bunyodkor, ham xaos, ham kosmosga oʻrin bermasa, ruhan xarob boʻladi. Shuning uchun mutlaq kosmos – tartib, tinchlik holati ham oʻlim deyishadi, umrni mutlaq destruktiv tarzda oʻtkazish ham oʻlimga olib keladi. Yashash, shakllanish yoʻli shu qadar qiyinki, qaysidir paytda hayot va jamiyat bilan hisoblashish, qaysidir pallada esa hayotni, odamlarni oʻzingiz bilan mutlaqo kelishishga majbur qilishingiz kerak. Baʼzan ong bilan hal qilsangiz, baʼzan sizni tinch qoʻymayotgan ongosti bilan toʻla harakatlanishga majbursiz.
Insonning shakllanish, yashash yoʻli shunday kechadi va mana shu jarayon uygʻunlikni paydo qiladi. Shaxsiyatda ham qalbingiz, ham aqlingiz qoniqadigan ruhiy holatga kelish Oʻzlik arxetipi bilan izohlanadi. Oʻzlik inson shaxsiyati shakllanishining arxetip yoʻlini yakunlab beradi. Bu koʻpincha insonning keksalik davriga kelib sodir boʻlgani uchun adabiyot va mifologiyada oʻzlik arxetipi donishmand qariya obrazlarida ifoda etiladi. Yana dunyo daraxti, muqaddas togʻ, dunyo oʻqi kabi arxetip simvollar ham uchta olamni birlashtirishi jihatidan Oʻzlik arxetipining ifodasi sifatida qaraladi. Dunyo daraxti ham uchta olamni birlashtiradi – uning ildizi pastda, shoxlari osmonda va tanasi yerdadir. Bu uchta olam – garmoniya simvoli. Oʻzlik arxetipi ham insondagi qalb, tafakkur va ruh quvvatining oʻzaro garmoniyasini anglatadi. Shunday ekan, koʻplab asarlarda qayta-qayta takrorlanuvchi dunyo daraxti – arxetip simvoli (Goʻroʻgʻlini chiltonlar oʻgʻirlab olib boradigan togʻ va uning etagidagi daraxt, “Avatar 2” filmida yerdan koʻtarilib, koinotdagi boshqa sayyoralarni ham yorib oʻtgan, uchi osmon peshtoqida turgan daraxt) mohiyat jihatdan aynan oʻzlik arxetipining mifologiya va asarlarda ramzlashgan holatidir. Axir bizning shakllanish yoʻlimizni ifoda etuvchi arxetiplarni koʻrib yo ushlab boʻlmaydi, ular inson ichki olamiga xos. Faqat asarlar, miflar, tushlarda ular ramzlashgan koʻrinishda namoyon boʻladi. Shuning uchun biz adabiyot, folklordagi arxetip haqida gapirganimizda, aynan arxetipning oʻzi haqida emas, arxetip obraz, arxetip motiv va syujet, arxetip simvol haqida gapirayotgan boʻlamiz.
Xulosa, qilganda, arxetip – “ilk model” degani bekorga emas. Arxetip insonda ong paydo boʻlgan davrlardan boshlab oʻzini, oʻzlikni bilish va shakllantirishning hammamiz uchun xos ruhiy universal bosqichlari ifodasi boʻlgan. Ayni shu vajdan arxetip ham psixologiya, ham adabiyot va mifologiya, folklor, bundan tashqari bir qancha yondash fan va sohalarda ham asosiy oʻringa ega.
Tillaniso NURYOGʻDI,
Filologiya fanlari boʻyicha
falsafa doktori
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q