O‘rta Osiyo xonliklarining XIX asr muhiti haqida gap ketganda, odatda, birinchi bo‘lib she’riyat tilga olinadi. Xorazm mamlakati ham bundan mustasno emas. Qo‘ng‘irotlar sulolasi Xorazm mamlakatini boshqarishni de-fakto Muhammadamin inoqligi (1175–1205/1762–1791), de-yure esa Eltuzar inoq “xon” (1219–1221/1804–1806) titulini olgandan keyin boshlashgan. Hokimiyat uchun kurash haqida alohida seriallar olsa arziydi. Voqealar shunchalik shiddat bilan o‘zgarganki, Qozoq dashtlaridan olib kelingan qo‘g‘irchoq xonlar yarim kun ham hukmron bo‘lmasdan o‘zgargan holatlar bo‘lgan, bu voqealik tarixnavislar tomonidan “xonboziy” nomi bilan tilga olingan. Xonbozlik qilish esa Legitimatsiya – ya’ni hokimiyatni qonunlashtirish uchun kerak bo‘lgan. Hokimiyatni qonunlashtirishning keyingi usuli tarixnavislik edi. Hukmdor taxt tepasiga kelgandan keyin albatta o‘zi va ajdodlari haqida tarixiy asar yozishga buyurtma bergan. Shunday tarixiy asarlardan biri “Firdavs ul-iqbol” asari hisoblanadi. Asar buyurtmachisi Eltuzar rab’i al-avval oyining birinchi kuni, hijriy 1220-yili / 1805-yil 28-iyunida Qo‘ng‘irot shahriga hujum qiladi va shu yili 14-iyul kuni Xiva shahriga qaytgach, rasman Qo‘ng‘irotlar sulolasi tarixini yozishga buyruq bergan. Rasmiy tarixnavislikning bunyodkori sifatida u Munis taxallusi ila she’rlar bitgan Shermuhammad mirobni (1192–1244/1778–1829) tanlaydi. Shuningdek, Qo‘ng‘irotlar sulolasi hukmronligi davrida 120 ga yaqin asar tarjima qilingan, Xorazm bir qator manbalarni turkiy tilga tarjima qilish bo‘yicha yetakchiga aylangan. “Turkiylashtirish” madaniy jihatdan olib qaraganda matnning ommaviylashuvi deb hisoblangan.
Ayni madaniy hodisa yangi sulolaning o‘z “imidji”ni yaratish yo‘lidagi o‘zidan oldingi sulolalar bilan tarixini bog‘lash, birligini isbotlash istagidan kelib chiqqan. Bu safarbarlikga ulkan hissa qo‘shgan adiblardan biri Munisning shogirdi va jiyani Ogahiy taxallusi ostida nom chiqargan Muhammadrizo (1224–1291 / 1809–1874) hisoblanadi. U Munis boshlagan “Firdavs al-iqbol”ni davom ettiradi. Asar orada 20 yil davomida yangi muallifni kutib to‘xtab qoladi, to‘g‘rirogi Xorazm xonlari bu ishga munosib kishini topolmaydi. Asarning Munis tomonidan davom ettirilmaganining sababi xon unga “Ravzat al-safo” asarini turkiy tilga tarjima qilishni buyurgan edi. Ya’ni, xon Munisga ajdodlarining tarixini “nazm va nasr ila jahonga gavhar sochish” bilan zamona “Shohnoma”sini yozishni buyurgan edi.
Faktik jihatdan olib qaraganda, qo‘ng‘irotlar sulolasi tomonidan yangi tarixiy-bibliografik makonning yaratilishi, ya’ni fors tilidan turkiy tilga tarixiy va bibliografik (nasr yoki nazm ko‘rinishidagi) asarlarning faol va katta miqyosda tarjima qilinishi XX asrning boshlariga qadar davom etgan. Ana shu jarayonning faol ishtirokchisi va voqealarning asosiy yozuvchisi Muhammadrizo. U shoir bo‘la turib, umrini asosan tarixiy asarlar yozish va fors, usmonli turkiydan o‘zbekchaga kitoblar tarjima qilishga sarflagan. Shoir tarjimai holi o‘rni bilan batafsil, rekonstruksiya qilingan, deb aytish mumkin.
Rasmiy mansabi Miroblikga 1851-yil sog‘lig‘i tufayli iste’fo berib, 1857-yili qayta tayinlandi. Shoir asarlarining avtograf va prosograf nusxalari mavjud.
Uning tarixga oid 6 ta asari bor. Hayot xronologiyasi quyidagicha:
1809-yilda Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ilgan. Ogahiyning otasi Erniyozbek 1812-yilda vafot etgan. Madrasa tahsili jarayonida – 1821-yildan she’rlarida Ogahiy taxallusini qo‘llaydi.
Xiva xoni Olloqulixonning Xurosonga qilgan safarida (1829) vabo kasali tarqalib, tog‘asi Munis 51 yoshda vafot etgach, Olloqulixon Ogahiyni uning o‘rniga miroblik vazifasiga tayinlaydi.
Munis boshlagan “Firdavs ul-iqbol” nomli tarixiy asarni Ogohiy tugatadi. Buxoro-Xiva urushlarida tug‘dor bo‘lib qatnashgan (1843). Olloqulixonga bag‘ishlangan “Riyoz ud-davla” (“Davlat ishlari”) tarixiy (1844), Rahimqulixonga bag‘ishlangan “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlarning qaymog‘i”) tarixiy (1846) asarini nihoyasiga yetkazgan. Muhammadaminxon, Sayyid Abdullaxon, Sayyid Qutlug‘murodxon hukmronlik yillariga bag‘ishlangan “Jom’eul-voqeoti sultoniy” (Sultonlar voqealari to‘plami) tarixiy asarini yozgan (1846–1856).
Muhammad Aminxonga hamroh bo‘lib ko‘hna Urganchga borganda xonning tashabbusi va Ogahiyning xayrixohligi bilan Xon-yop kanali qaziladi (1847).
Munis boshlagan Mirxondning “Ravzat us-safo” tarixiy asarining II, III jildlari tarjimasini oxiriga yetkazadi (1849-1850). Muhammadaminxon buyrug‘iga binoan “Durrayi Nodira” asari tarjimasini tugatadi (1850).
Ogahiy sog‘lig‘i tufayli o‘z ixtiyori ila iste’foga chiqadi – miroblikdan ketadi, o‘rniga jiyani Muhammadkarimbek mirob etib tayinlanadi (1851).
Ogahiy ikkinchi marta miroblik lavozimiga tayinlanadi (1857) va umrining oxirigacha shu lavozimda qoladi.
Sayyid Muhammadxonga bag‘ishlangan “Gulshani davlat” (Davlat gulshani) asarini yozishni boshlaydi (1856). Joni Mahmud ibn Shayx Ali G‘ijduvoniyning “Miftoh ut-tolibin” asarini 44 kunda, Husayn Koshifiyning “Ahloqi Muhsini” asarini tarjima qiladi (1859). Sa’diy Sheroziyning “Guliston”i tarjimasini nihoyaga yetkazadi (1859–1863).
Sayyid Muhammadxonning buyrug‘iga binoan Rizoqulixon Hidoyatning “Ravzat us-safoi Nosiriy” asari tarjimasiga kirishadi (1860) va shu yili Muhammad Yusuf Munshiyning “Tazkirai Muqimxoniy”si tarjimasini tugatadi. Nizomiddin Ahmad Haraviyning “Taboqati Akbarshohiy” asari (1864), Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”si tarjimasini ham nihoyalatgan (1868).
Ogohiy “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devonini tuzgan (1872), Muhammadrahimxon Soniy Feruz davriga bag‘ishlangan “Shohidi iqbol” (Baxtlar shohidi) asarini yozgan (1864–1873).
Ogahiy 65 yoshida vafot etgan (1874), Xiva yaqinidagi Eski Qiyot qishlog‘ining Shayx Mavlon bobo qabristonida, amakisi Shermuhammad Munis qabri yoniga qo‘yilgan.
Muhammadrizoning Alisher Navoiy singari saylanmasi nashr etilgan:
Abdulla O‘rozboyev mas’ul muharrirligida 2019–2021-yillarda uning asarlari saylanmasi qayta nashr qilindi. 2020-yilda asarlar to‘plamining 10 tomidan 8 tomi chop etildi;
Q.Munirov, S.Dolimov, G‘.Karimov, R.Majidi, Y.Bregel, F.G‘anixo‘jaev, N.Shodmonov, N.Toshev singari olimlar tomonidan ijodi o‘rganildi.
“Firdavs al-iqbol” (1840–1842);
“Riyoz al-davla” (1842–1844);
“Zubdat al-tavorix” (1844–1846);
“Jome’ al-voqeati sultoniy” (1846–1855);
“Gulshani davlat” (1855–1864);
“Shohid al-iqbol” (1864–1872) asarini yozadi.
Ogahiyning tarixiy asarlarida xonlar hayoti dabdabali va jimjimador qilib ko‘rsatiladi, hukmdorlarga nisbatan tanqidiy gap aytilmagan.
Shuningdek, Ogahiy Xorazm hududidagina emas, butun Markaziy Osiyodagi eng sermahsul tarjimon bo‘lgan. 19 ta tarjima asarining 3 tasi hozirgacha topilmagan.
Hilola NAZIROVA,
manbashunos tarixchi
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q