Borsa kelmasdagi xazina – ertaklarda uch og‘a-ini, uch yo‘l, uch sinovning ramzlari


Saqlash
13:12 / 03.12.2021 2632 0

O‘ngso‘z. Ertak ezgulikka yo‘g‘rilgan. U chanqoq ruhni tiriklik suviday yashnatish quvvatiga ega. Ertak unutilgan joyda yovuzlik hukmi ustun keladi. Ertak qafasdagi ruhni o‘z erkiga, asl makoniga qaytara biladi. Negaki, ertaklar ruhning Asl dasturidan ulgi olib, unga oziq beruvchi o‘ng quvvat shohtomiriga chambarchas bog‘langan. Jo‘n talqinda ertak ermak, yolg‘on xayolotdek ko‘rinadi. Lekin bu – ertak sirtidan sirg‘alib o‘tuvchi juz’iy aqlning xulosasi. Kulliy aql egasi kosa tagidagi nimkosani idrok etadi, undagi hikmat mayidan bahra oladi.

 

Ertaklar umumiy, ayni paytda, xususiydir. Umumiylikdan xususiylikka o‘tilsa, shakllar, ifodalar turlanib tuslanadi. Lekin mohiyat asliga sodiq qolaveradi. O‘zgarmas mohiyatni sirtdan kuzatganlar ertakni “sehrli” deb ataydi. “Sehrli” sifati ommaning g‘ayritabiiy holatlarni mo‘jiza, karomat deya tushunishiga uyg‘un. Bu hodisalarni bog‘lab turuvchi rishta juz’iy aqlni kulliy aqlga payvand etuvchi quvvat kuchi bilangina anglanadi. Aql bosqichlarining o‘lchami Ulkan bilimga rostlanib daraja olib keladi. Bilimlar qaymog‘i bo‘lmish Ulkan bilim urug‘i esa har bir ruhga ekilgan. Faqat u go‘dak qalbida mudroq holatda turadi. Bola aqlini tanib, ulg‘ayishi barobarida urug‘ asliga rostlanadi. Azalda shunday belgilangan. Ertakning birlamchi vazifasi qalbdagi donish urug‘ining unishiga, kamolot pillapoyasi ibtidosida turgan juz’iy aqlning kulliy aqlga evrilishiga quvvat, vosita bo‘lib xizmat qilishdir. Juz’iy aql kishisi ko‘zi ojiz odamga o‘xshaydi. Unga hassa yoki yo‘lboshchi kerak. Ertak mag‘zidagi hikmat ana shudir.

 

Odatda, ertaklar bolaga aytiladi. Bola – bola-da, uning sabiy aqli ramz va timsollar mohiyatini anglamaydi, u faqat hayrat tuyadi. Hayrat esa asl mazmunga oshno ruhiyat manzillari aro ko‘prikdir. Hayrat yo‘qolgan nuqtada timsollar tili unutiladi. Ruh qobig‘iga berkinadi. Ruh taniganni juz’iy aql ilg‘ay olmasligi boisi unga ramz-u timsollar tilining begonaligidir. Ertakning ramz va timsollari xuddi alifbo kabi bola aqliga “Uyg‘on!” deya qo‘ng‘iroq chaladi. Bola ulg‘ayib ertak kodlarini o‘nglab, bilimlarga oshno bo‘lsa, manzilga adashmay yo‘l oladi. Lekin yo‘lga tushish manzilga yetish degani emas. Yo‘lchining ilk hayrati mo‘jiza, karomat, sehr qobig‘ida qolsa, hayratlar silsilasida juz’iy aql o‘rnini kulliy aql egallamasa, murod hosil bo‘lmaydi.

 

Atama xususida. Adabiyotshunoslik va folklorshunoslikka tegishli tadqiqotlarda “ramz”, “timsol” ma’nodosh atamalar sifatida qo‘llanib kelmoqda. Aslida, ular mustaqil o‘ringa ega. Qolaversa, atamada sinonim bo‘lmasligi shart. Ramz va timsol atama sifatida bir-biridan u qadar uzoq tushunchalar bo‘lmasa-da, ayni mazmunni ifodalamaydi. Har birining o‘z qo‘llanilish o‘rni, qamrov doirasi mavjud. Imuquqlik (assotsiatsiya uyg‘otish) ramz va timsol uchun mushtarak xususiyat. Ammo “ramz” atamasini biror so‘z va birikmaning muayyan matnda o‘z lug‘aviy ma’nosidan tashqari turg‘un mazmun anglatishiga, “timsol” atamasini esa obrazning matndan sirtda (tor ma’noda) va butun matn asosida keng ma’noda uyg‘onuvchi assotsiativ ma’no ifodalashiga nisbatan ishlatish maqsadga muvofiq. Bu o‘rinda matndagi turli so‘z, obrazlarning ramziy ma’nolari umumtimsoliy mazmunning yuzaga chiqishiga xizmat qiladi. Biz bu maqolada “timsol” atamasini tor va keng ma’noda istifoda etamiz. Timsol tor ma’noda obrazning matn va matndan tashqari ifodalovchi poetik mazmunini anglatsa, keng ma’noda ramziy vaziyat, holat va voqelik tizimi asosida hosil bo‘luvchi badiiy mazmunga nisbatan qo‘llanadi. Har qanday timsol ramziylik kasb etadi, lekin hamma ramz timsol qamrovini olmasligi mumkin. Aslida, chalkash anglash va qo‘llash shu nuqtadan boshlanadi.

 

Mavzu borasida. Har qanday ertak ma’lum bir voqea, hodisadan hikoya qiladi. Asar bayonidan anglangan mazmun bir sath bo‘lsa, uning tub mag‘zida boshqa ramziy, timsoliy ma’nolar turadi. Ma’nolar esa matndagi ramziy so‘z, birikma, obrazlar vositasida yuzaga chiqadi. Asarning badiiy-estetik qimmati ham ana shu sathlar to‘la ochilsagina oydinlashadi.

 

Folklor va adabiyot namunasini ma’no qatlamiga ko‘ra ikki sathga ajratish mumkin. Birinchisi – asar sirtidagi ma’no. Ushbu ma’no barchaga birdek anglamlima’lum bir voqea,hodisa,o‘y-kechinmanibayonetadi. Uni shartli ravishda“hayotiy-maishiyma’no qatlami”deb nomlashmumkin. Ushbumazmun qatlamida qolgan o‘quvchi asl mazmunga yeta olmaydi. Hayotiy-maishiy ma’no qobig‘ida qolgan asarning ham bir o‘qishli quvvati bo‘ladi. Ikkinchisi – ichki-botiniy, ya’ni asardagi voqealar bayoni, obrazli ifoda shakllari zamiridan kelib chiquvchi imuquqli ma’no. O‘z navbatida, botiniy ma’no ham bosqichma-bosqich ochila boruvchi qatlamlarga ega. Bu o‘rinda asardagi ramz-u timsollar vositasida ifodalangan ijtimoiy-g‘oyaviy ma’no va navbatdagi, insonni o‘zligini anglashga yo‘llovchi Ulkan bilimga (biz bu ifodada barcha doktrina, diniy-falsafiy ta’limotlar, ta’bir joiz bo‘lsa, Odam Atodan Muhammad s.a.v.gacha o‘rgatilgan SO‘Zni nazarda tutmoqdamiz) daxldor ma’nolar qatlami muhim o‘rin tutadi.

 

 

Mag‘zida ezoterik – Ulkan bilim turuvchi, insonning tafakkur olami tahlil etilgan asar chinakam san’at namunasi sifatida qadrlanadi. Asarning ma’no qamrovi qanchalik chuqur bo‘lsa, u shunchalik umrboqiy, umuminsoniy darajaga ko‘tariladi. Bu xil murakkablikdan sodda, purma’no shaklga kelgan asarda tashqi va ichki ma’nolar qatlami shunchalik mukammal ko‘rinish oladiki, bir qarashda ularni ilg‘ash mushkul. Folklorning barcha mumtoz namunalarida ayni holatni kuzatamiz. Adabiyotda vaziyat birmuncha boshqacha. Hayotiy-maishiy, ijtimoiy-g‘oyaviy ma’noli asarlar nisbatan ko‘p. Chinakam hikmatga yo‘g‘rilib, inson botinini boricha qamrashga yo‘naltirilgan asarlar barcha davrlarda barmoq bilan sanarli.

 

Folklor – adabiyotning buloqboshisi, degan aksioma bor. Adabiyotning folklordan bahra olgani bor gap. Lekin adabiyot folklor mezonlarida qolsa jo‘nlashadi. O‘z navbatida, folklorga adabiyot shaklini ko‘chirish ham taqlid ko‘chasida adashtiradi. Faqat mohiyatni adabiy folklor darajasiga olib chiqa olgan ijodkorgina bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishadi. Ernest Heminguey (“Chol va dengiz”), Chingiz Aytmatov (“Oq kema”) kabi. Umuman, Sharq adabiyotidagi aksariyat mumtoz asarlarning majoziy naql shakliga kelishi tasodif emas. Chunki ibtidosi Ulkan bilimga bog‘liq folklordagi hikmatdan boshlangan adabiyot qayta hikmatli shaklini topishi shart.

 

Adabiyot har bir zamonda o‘ziga xos yo‘l va ifodaga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, folklor va adabiyotni bog‘lab turuvchi o‘zak jihatlardan biri asar mag‘zida inson ma’naviyati, tafakkuri, uning erki va o‘zligini topish yo‘lidagi iztirob va izlanishlarini badiiy ifoda qilgan ma’nolar qatlamining mavjudligi, BOQIY SO‘Zga daxldor ekanidadir. Folklorda so‘z ayricha an’anada aytilgan. An’anani esa avlodlar, butun boshli xalqning badiiy tafakkur quvvati yaratadi. Individual ijodkor qanchalik talantli bo‘lmasin, bu zalvorli yumushni bajara olmaydi. Shu sababli ham, folklor – an’analar san’atidir. Folklor asarida ifodalangan ma’nolar qatlamining Ulkan bilimga bog‘liqligi ham ana shu an’ana qonuniyati bilan izohlanadi.

 

Biz quyida bir ertak misolida ramziy, timsoliy mazmunni ochishga urinib ko‘ramiz. Urinish ayb emas, bu yo‘lda adashishlar ham bo‘lishi mumkin. Gap yopiq qopqani ochishda. Jillaqursa, qopqani ko‘rsata bilish ham savobli yumush.

 

“Cho‘loq bo‘ri” sehrli-fantastik ertagi serqatlam mazmunga ega. Ertakning qisqacha mazmuni bunday: podsho bog‘idagi oltin chinorning bargi har tun bittadan yo‘qola boshlaydi. Hukmdor uch o‘g‘liga o‘g‘rini topishni buyuradi. Poyloqchilik qilgan ikki aka g‘aflatda qolib, otaning hafsalasini pir qiladi. Kenja shahzoda esa barglarni tilla qush o‘g‘irlayotganini aniqlaydi. Podsho o‘g‘illarini qushni topib kelishga jo‘natadi. Shahzodalar ayri-ayri manzillarga ketadi. Ertakning ushbu variantida katta aka “borsa kelar”, o‘rtancha o‘g‘il “borsa kelmas”, kenja esa “borsa xatar”ni tanlaydi (bu o‘rinda aytuvchi an’anani buzgan, aslida, kenja o‘g‘il “borsa kelmas”, o‘rtancha esa “borsa xatar”ga borishi kerak edi. Ertakning “Bulbuligo‘yo” variantida yo‘llar shunday taqsimlangan). Keyin kenja shahzoda va cho‘loq bo‘ri sarguzashtlari hikoya qilinadi.

 

Shahzoda cho‘loq bo‘ri yordami va maslahati bilan tilla qush, Mag‘rib podshohining qizi, yalmog‘iz kampirning otini qo‘lga kiritadi. Lekin shahzoda shartlarni bajarishda ikki bor cho‘loq bo‘rining aytganini qilmay, qo‘lga tushadi. Cho‘loq bo‘ri shahzodaga tanbeh berib, uning xatolarini to‘g‘rilaydi. Bo‘ri shahzoda bergan yarimta nonga rozi-rizolik aytib g‘oyib bo‘ladi. Kenja o‘g‘il qush, qiz, otni olib, akalarini o‘t yoquvchi va go‘laxlikdan ozod qilib uyiga otlanadi. Yo‘lda akalar ukani ko‘r qilib, chohga tashlaydi, o‘zlari o‘ljalar bilan ota yoniga qaytadi. Qush, qiz, ot yig‘lab tuz totmay qo‘yadi, podsho buning sababini surishtirib voqeadan voqif bo‘ladi va kichik o‘g‘ilni chohdan xalos etib, qizga uylantiradi. Xiyonatkor akalar jazoga tortiladi.

 

Albatta, har tadqiqot masalaga yondashuvi bilan farqlanadi. Bizni ertakdagi obrazlarning ramziy, timsoliy ma’nolari va Ulkan bilimga tegishli mazmun qiziqtirgani sababli boshqa masalalarga chalg‘imaymiz. Bevosita ertak voqealari tafsiloti izidan borib, maqsadga o‘tamiz.

 

Podsho kim?

 

Ertakda kenja shahzoda tilla qush egasi qo‘liga tushib, “Sen qaysi eldan kelding?” deya so‘roqqa tutilganida, uning “Bog‘bondan keldim”, degan javobi savolimizga qisman oydinlik kiritadi. Demak, podsho bog‘ egasigina emas, bog‘bon hamdir.

 

Podsho – bog‘bonning uch o‘g‘li bor. Odatda, o‘g‘il otaga merosxo‘r sanaladi. Ertakda mamlakat taxtiga emas, podsho farzandlariga meros qoldirishi mumkin bo‘lgan bog‘ va tilla daraxtga urg‘u berilgan.  Podsho – bog‘bon o‘g‘illarga tilla daraxtli bog‘ning bekam-u ko‘st meros bo‘lib o‘tishini istaydi. Lekin daraxt barglari har tun bittadan yo‘qolmoqda. Bargsiz daraxt quriydi. Daraxtsiz bog‘ bo‘lmaydi, bog‘siz – bog‘bon. Bog‘ning fayzi, qimmati tilla daraxti bilan. Barglar shu taxlit yo‘qola borsa, daraxt bilan birga bog‘, bog‘bonning butun mehnati, toat-ibodati yo‘qqa chiqadi.

 

Bog‘ taqdiriga avvalo bog‘bon mas’ul.

 

Ertak voqeligiga ko‘ra, bog‘bon merosxo‘rlarsiz o‘z missiyasini bajara olmaydi. Bog‘ning ertasi merosxo‘rlarning bilimi, maqsad sari to‘g‘ri yo‘l tanlab, sobitqadamlik bilan mashaqqatlarni yengib o‘tishi, sabr­toqati, ruhiy, jismoniy quvvatiga bog‘liq. Ota munosib voris topish, tilla bargli daraxtni saqlab qolish payida. Buning uchun esa barglarni kim o‘g‘irlayotganini aniqlash lozim. Podsho bu yumushni o‘g‘illari zimmasiga yuklaydi. O‘zi aniqlab, falon sabab, mana bu vazifani bajaring, deb aytmaydi. Shartni o‘g‘illar bajarib dastlabki sinovdan o‘tishlari lozim. Chunki hayotda hammaning tajribasi, o‘zligini topishi, ruhiy bilimi individualdir.

 

Hayotiy asosga tayanilsa, dovlashuvda to‘ng‘ich o‘g‘il ustun mavqega ega. Keyin o‘rtancha, navbat yetsa, kenjadan ham umid yo‘q emas.

 

Akalarni g‘aflat bosdi, tun ovchisi keldi-ketdi – bilmadilar. Kenja esa uyqusini yengdi, poyladi, tilla qushning o‘g‘ri ekanini ko‘rdi, lekin tuta olmadi, tongda podshoga ko‘rganini ma’lum qildi. Ana shu nuqtada akalar va kenja uka ikki qutbga – tilla qushni ko‘rib, xabar beruvchi va eshitib, tusmol qiluvchilarga ajraldi. Kenja – ko‘ruvchi, aytuvchi (uning qalb ko‘zi ochiq, bedor), akalar – eshituvchi (uyquga yengilgan, g‘aflat bosganlar).

 

Bog‘bon uchun qutblar yo‘q. “Sen ko‘rding, sen eshitding”, deb ajratmaydi. Mohiyatda ko‘rgan, eshitgan emas, anglab, fahmlagan haq yo‘ldan adashmaydi. Ko‘rib ko‘rmaydiganlar, ilg‘amaydiganlar-u eshitib anglamaydiganlar – adashganlar qancha. O‘g‘illar – yo‘l ovchilari esa bog‘ bilan birga kamol topuvchilardir. Shu sabab bog‘bon – ota – podsho o‘g‘illariga birdek imkoniyat berib, tilla qushni topib kelishga jo‘natadi.

 

Ertakning “Bulbuligo‘yo” variantida podsho shartni bajarmagani uchun katta va o‘rtancha o‘g‘lini zindonband qiladi. Lekin kenja o‘g‘il o‘g‘ri kim ekanini aniqlagach, otasidan ikki akasini ozod etishini so‘raydi. Podsho tilla qushni kim tutib keladi, deganida ikki katta aka biz deb, qirq tuyadan mol olib, savdogar suratida shahardan chiqib ketadi.  Kenja o‘g‘il uch kundan keyin tushida bir parcha bulut uzilib qo‘yniga kirganini ko‘radi. Otasidan ruxsat so‘rab, aqchasiz yo‘lga otlanadi va bir haftada akalari izidan yetadi. Bu o‘rinda akalarning mol-dunyo bilan savdogar qiyofasida, kenja ukaning quruq o‘zi safarga otlanganiga diqqat qaratish lozim.

 

Chindan-da, ertakning yuza mazmuniga ko‘ra, ota topshirig‘i bilan safarga otlangan uch aka-uka va ularning xatti-harakati, ishi-yumushi alohida individlarga xos tasvirlangan. Bizgacha bo‘lgan talqinchilar ularni shu shaklga ko‘ra baholab kelgan. Ammo ertakning ichki ma’no hududiga o‘tib qaralsa, vaziyat mutlaqo boshqacha tusga kiradi. Tilla daraxt oddiy bog‘da o‘smaydi. Bu esa podsho, uch aka-uka, bog‘, tilla daraxt, tilla qush obrazlarini ham bevosita majoz va timsoliy ma’nolar o‘zaniga burib, tasvir-u tafsilotlarni ramziy-timsoliy sathga olib o‘tadi. Xo‘sh, uch aka-uka obrazida qanday ramzlar yashirin? Ular izlab ketayotgan tilla qush, qush o‘g‘irlagan tilla barg, tilla barg unuvchi chinor, chinor o‘suvchi bog‘ va nihoyat bog‘ egasi bog‘bon – podsho obrazlarining tub ma’nosi nima o‘zi?

 

Uch aka-uka va boshqa obrazlarning ramziy ma’nosi sharhiga o‘tishdan avval ular mohiyatiga bevosita tegishli xalq tasavvuridagi ruh, jon, tanhaqidagitushunchalarga aniqlik kiritib olish lozim. Xalqning jonli og‘zaki so‘zlashuvida bu tushunchalarning har biri o‘z o‘rnida qo‘llanadi. Kishi jismiga ziyon-zahmat yetsa, “tanamda og‘riq turdi”, “a’zoyi badanim zirqiradi” deydi yoki falon a’zosining og‘riganidan xabar beradi, “ruhim og‘ridi” demaydi. Aksincha, u ma’naviy ozor cheksa, “ruhim cho‘kdi”, “ruhim tushdi”, “ruhan qiynaldim” deydi. Tilimizda “tanam cho‘kdi”, “tanam tushdi” kabi birikmalar yo‘q. “Jon” tushunchasi bilan bog‘liq ibora va birikmalar tan hamda ruhga barobar, oraliq mavqe egallashini ko‘ramiz. “Jonim chiqay dedi”, “tan-u jonimga og‘riq kirdi”, “jon kirdi” kabi iboralarda mazmun tanaga tegishli bo‘lsa, “jonim achidi”, “jonimga tegding” kabi birikmalarda ruhiy holat ifodalangan. Bu singari ko‘plab iboralar xalqning tan, jon, ruh haqidagi tasavvurlari aniq chegaraga egaligidan dalolat beradi. Xalqona talqinga ko‘ra, tana ruh uchun vaqtinchalik makon, jon esa tana va ruhni bog‘lab turuvchi quvvatdir. Shu sababli ham jon tan va ruhga barobar tegishli mazmun ifodalab keladi.

 

“Tana”, “jon”, “ruh” tushunchalari azal­azaldan din, falsafa va barcha ta’limotlarning bosh mavzularidan bo‘lib kelgan. Sharq faylasuflari orasida Abu Ali ibn Sinoning tana, jon va ruh haqidagi fikrlari diqqatga sazovor. Olima Gulchehra Qobulniyozova uning falsafiy qarashlari va qissalarini talqin etib quyidagi xulosaga keladi: Ibn Sino jonni doimiy o‘zgarishda, kamolotga erishuvchi ruhiy quvvat deb hisoblaydi. Jon tananing ayni shakli emas, u tanadan avval paydo bo‘lgan va tanadan sirtda ham yashay oladi. Jon ruhiy yoki faol aql jarayonida o‘zini anglaydi va so‘zlovchi ruhga aylanadi. Alloma jonning ruhga aylanishida egallanuvchi bilimni ikkiga ajratadi: aqliy bilimning birinchi shakli tananing amaliy ehtiyojlarini qondirish uchun xizmatqilsa,ikkinchi shakli qalb va undagi ichki bilimlar bilan bog‘liq. Bu bilimni Abu Ali ibn Sino “faol aql” deb nomlaydi. Faol aql yordamida insonning ruhiy ongi uyg‘onadi, uning qalbi borliq ruhi bilan qo‘shiladi. Insondagi zaminiy muhabbat ilohiy muhabbatga aylanadi (Qobulniyozova G. Mutafakkirlar. F.Nitshe va A.Bergsonning hayot falsafasida inson muammosi. T., 2010, 38-bet). Ibn Sinoning falsafiy qarashlari xalqning tana, jon, ruh haqidagi tushunchalariga oydinlik kiritishi bilan ahamiyatlidir.

 

Inson tug‘ilib, yorug‘ olamga kelar ekan, bolalik, o‘smirlik, yigitlik, erlik va hokazo bosqichlarni bosib o‘tadi. Mazkur umr fasllari inson jismi – tanaga daxldor o‘lchamlardir. Insonning ruhiy kamoloti esa yosh kabi yillar mezoniga sig‘maydi. Ulkan bilim egasi o‘z fikrlarini ertak ko‘rinishida so‘zlar ekan, tinglovchining ongi, tushunchasiga mos qiyos – obrazlar topib anglatgan. Bu o‘rinda uch aka-ukadan yaqinroq muqoyasa topish mushkul.

 

Bizningcha, uch aka-uka obrazida insoniyatni azal-azaldan qiynab kelayotgan, turli din, doktrina, fan va boshqa ta’limotlarning bosh mavzusi hisoblanmish – inson bu dunyoga ne vazifa bilan keldi, ruh tana deb atalmish imoratga nega kirdi, tan, ruh va jonning bu jarayondagi o‘rni, vazifasi qanday, insoniylik mohiyati, uning yashashdan maqsadi nima kabi savollarga xalqona javoblar ifodalangan.

 

Demak, uch aka-uka – insonning ruhiy olami, ongida kechuvchi murakkab kamolot bosqichlarining ramziy-timsoliy ifodasi. Podsho esa tan, jon, ruh birligidan bino bo‘lgan insonning timsolidir.

 

Bog‘ – insonning ko‘ngil ravzasidir. U ko‘ngilning “bir qo‘shlik yeri”da joylashgan. Podsho – ma’naviy bog‘ning bog‘boni, ko‘ngil mamlakatining xoqonidir (qadim Sharq falsafasida har bir inson bir mamlakatga mengzalganini yodga oling). Uch aka-uka esa ko‘ngil mamlakatining fuqarolari, jonning ruhiy bilimlarni anglab o‘zligini topish yo‘lidagi shartli uch o‘lchamli ifodachisi bo‘lmoqda.

 

Ko‘ngil bog‘idagi tilla bargli chinor – ruhiy hayot daraxti, uning oltin barglari tan-u ruhni bog‘lovchi jonning hayotiy hikmatga to‘yingan quvvati ramzi.

 

Tilla qush – ruhiy bilim timsoli.

 

Tilla qushning tilla barglarni har tun (odamlar g‘aflatda vaqti) bitta-bittadan o‘g‘irlab ketayotgani esa tana va ruhga bog‘liq jon quvvatining hayotiy, ruhiy bilim bilan to‘yinmay, behudaga sarf bo‘layotgani, nafs zindoniga bandi ekanini bildiradi.

 

Ramziy sathda podsho – tan, jon, ruh birligidan bino bo‘lgan insonning ko‘ngil saltanatini anglash jarayonidagi uch ruhiy holati, dedik. Bu esa Ibn Sinoning aqliy bilimni tana ehtiyojlarini qondiruvchi hamda qalb va ichki bilimlarga bog‘liq faol aql deb ko‘rsatishiga uyg‘un keladi. Katta akalar barg o‘g‘risini aniqlay olmay g‘aflatda qolib, zindonband bo‘ldi – ular aqlning birinchi shakliga timsoldir. Shu sababli ham ular safarga qirq tuya mol-mulk bilan savdogar qiyofasida otlandi. Bedor kenja o‘g‘il esa faol aql timsoli, u ko‘ngil amri bilan (tush ko‘rib) safarga chiqdi.

 

Safar maqsad sari qo‘yilgan ilk bosqich edi.

 

Maqsad yo‘l mazmunini belgilaydi.

 

“Safar dar vatan”da (aka-ukalarning ko‘ngil mamlakatiga sayohatida) yo‘llar uch manzilga ajraldi. Katta aka “borsa kelar”ga ketdi va manzili oshpazga (ba’zi ertaklarda kallapazga) o‘t yoquvchilikda nihoya topdi. O‘rtancha o‘g‘il “borsa xatar” yo‘ldan bordi va manzili hammomda go‘laxlik bilan yakuniga yetdi. Kenja shahzoda esa “borsa kelmas” yo‘lini tutdi.

 

O‘zbek folklorshunosligida uch yo‘l va aka-uka obrazlarining falsafiy-filologik talqiniga ilk bor Jabbor Eshonqul dev obrazining mifologik asoslari va badiiy talqinini yoritish munosabati bilan diqqat qilgan (Eshonqul J. Folklor: obraz va talqin. Qarshi, “Nasaf”, 1999, 72-78-betlar). Muallif ertak ramzlar dunyosi ekani, ularni to‘g‘ri sharhlash sehr-jodu, evrilishlar sababini ochishga imkon berishini qayd etib bunday yozadi: “Ertaklarda xalqning nafaqat tafakkur tarixi, balki hayotiy tajribalari ham o‘z ifodasini topgan. Katta aka obrazi ertaklarda ko‘pincha mavjud tajriba timsolida keladi. Shu sababli u odatda sinalgan yo‘llarni – “borsa kelar”ni tanlaydi. Tajriba, bir tomondan, odamni muvaffaqiyatga olib borsa, ikkinchi tomondan, inson faoliyatini ma’lum bir qolipga solib qo‘yadi. Bir qolipdagi faoliyat harakat, isyon, hayajon, tavakkalchilikdan xoli bo‘ladi. Bunday faoliyat odamni qo‘rqoq qilib qo‘yishi mumkin...

 

Ertaklardagi o‘rtancha aka – mavjud imkoniyat timsoli. Shu sababli o‘rtancha aka katta akaga yaqin yo‘lni tanlagani ham tabiiy holdir. Imkoniyat ham tajriba kabi hamisha to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Odam odatda o‘z tajribasi va imkoniyatiga tayanib yashaydi. Agar ertak faqat tajriba va imkoniyatning badiiy ifodasi bo‘lganida, oddiy realistik hikoyadan farq qilmas edi.  Orzu-istak esa har qanday tajribadan ham, imkoniyatdan ham yuqoridir. U insonda mangulik tuyg‘usini uyg‘otadi” (o‘sha manba, 73-75-betlar).

 

Ikki aka obrazida muallif qayd etgan ma’no qatlamini inkor etmagan holda, navbatdagi ezoterik qatlamda ularning ayni holatiga asos va kishi o‘z hayoti davomida bosib o‘tishi kutilgan maqomlar aks etganini ta’kidlamoqchimiz. Aslida, xalqning obrazli – timsoliy tasnifi tasodif emas, dunyo falsafiy ta’limotlarida turli nomlar bilan kelsa-da, mohiyatan yagona manbaga ulanuvchi bu qarashlar tasavvuf ta’limotida “Shariat – nafs yo‘lidir, tariqat – ko‘ngil yo‘li va haqiqat – ruh yo‘li”, deb ko‘rsatilgan (Komilov N. Tasavvuf. Birinchi kitob. T., “Yozuvchi”, 1996, 81-bet). Xoja Ahmad Yassaviy ta’biri bilan aytilsa:

 

Shariatdan murod – yo‘lga kirmoq,

Tariqatdan murod – nafsdan kechmoq,

Haqiqatdan murod – jondan kechmoq,

Jondan kechmay ishq sharobin ichib bo‘lmas.

 

J.Eshonqul intuitsiyasi kenja botir obrazi mohiyatini to‘g‘ri ko‘rsatishga yo‘l ochgan: “Kenja botirni Sharq tafakkurining islomgacha bo‘lgan orifi, mumtoz adabiyotdagi oriflarning ajdodi deyish mumkin. Chunki kenja botir butun faoliyati bilan ilohiyotchidir...

 

Kenja botir tasavvufning tavakkalchilik tariqatini tutganlar kabi yo‘l tutadi, ya’ni “borsa kelmas”ni tanlab tavakkal qiladi. Uning “borsa kelmas” yurtiga yuz tutishini, sarguzashtlari, mashaqqatlari va murod-maqsadiga erishuvi tasavvufning kamolot bosqichlariga o‘xshaydi: a) tasavvufda bu shariat, tariqat, ma’rifat bosqichlari tarzida ifodalanadi; b) kenja botir “borsa kelmas”dagi mashaqqatlarni yengish orqali tanasidagi qullik, nafs, manmanlikni (ya’ni devni) yengadi, tanasini poklab, o‘zligini topadi. Tasavvufda yuqoridagi uch bosqich orqali inson o‘zlikdan voz kechib, yangi, pok o‘zlikni topadi. Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonidagi Sa’dning Qatron devni yengishini eslaylik. Kenja botir “borsa kelmas” yurtdagi oltin qushni (oltin olma, oltin baliq va h.z.) qo‘lga kiritadi. Orif kamolot bosqichida Olloh ishqiga sazovor bo‘ladi; g) kenja botir oltin qushni olib kelgandan so‘ng murod-maqsadiga erishadi. So‘fiy ilohiy ishqqa erishgandan so‘ng murodi hosil bo‘ladi” (“Folklor: obraz va talqin”, 78-bet).

 

Insonning o‘zlik sari safari juda murakkab jarayon bo‘lib, bu holatlarni tushuntirish yo‘lidagi barcha urinish, qiyos, ramz-u timsol, tasnif-u obrazlar o‘ta shartli va hamisha biryoqlama bo‘lib qolaveradi. Tasavvuf ahli hayoti bunga yorqin misoldir. “Shayx (Boyazid Bistomiy) aytar: “O‘n ikki yil nafsimni mujohada bilan riyozat o‘chog‘iga qo‘yib, yondirdim, mazamat (xo‘rlik) sandoni ustiga qo‘yib, malomat bolg‘asi bilan urdim, toat va ibodat jilovi bilan jilovladim. Bir qarab, (nafsni) yana g‘ururda ko‘rdim. Tag‘in besh yil jahd ayladim. O‘z za’f va gunohlarimni ko‘rdim” (Fariduddin Attor. Tazkirat ul-avliyo. T., “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 1997, 33-bet).

 

“Sirri marhamat etar edi: “Nafs butun qirq yil mendan bol istadi, bermadim. Nafsimning shumligidan kunda bir necha marta oynaga qarar edimki, yuzim qora bo‘lmadimikan, deb” (o‘sha asar, 71-bet).

 

Nafsning tana (katta aka) va ratsional aql (o‘rtancha aka) singari qutqulari kenja shahzodani yo‘ldan ozdirishga shay turadi. Katta aka kallapazga (oshpazga) xizmatkor bo‘lib qolaveradi. U yeyish, ichish, nasl qoldirish uchun yashayotgan, tana quliga aylangan odam timsolidir.

 

O‘rtancha aka borgan manzil (hammom) esa tanani tozalaydigan joy. Go‘lax bo‘lib qolgan akaning sa’y-harakatlari ruhni emas, tanni tozartishga qaratilgan. Uning aqli ko‘p narsaga yetadi, lekin iroda kuchi qoliplarni buzib o‘tishiga imkon bermaydi, eng asosiysi, uning qalbi muhabbatdan bebahra.

 

Ikki akaning hayoti nursiz, zerikarli, ular qolip ichidagi quvonch-u tashvishlar bilan ovora. Shu sababli ertakda ularning holati axborot tarzidagina ifodalanadi. “Havoyi nafsini o‘ziga “iloh” qilib olgan va Olloh uni bilgan holida yo‘ldan ozdirib, quloq va ko‘nglini muhrlab, ko‘z oldiga parda tortib qo‘ygan kimsani ko‘rganmisiz? Bas, uni Olloh (yo‘ldan ozdirgani)dan so‘ng kim hidoyat qila olur?! Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!” (Qur’oni karim. “Josiya” surasi, 23-oyat. Tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur. “Cho‘lpon”, T., 1992, 472-bet).

 

Aqliy-mantiqiy ilmda yuksak darajalarga erishish mumkin, biroq o‘sha martabalar “borsa xatar” yo‘li, foniy dunyo ilmlarining qobig‘idan chiqmaydi.  Chunki bu xil hayotda yangilik yo‘q, ijodkorlik, hayrat, mehr-muhabbat, hayot zavqi qahat. Bu bosqichlardagiodamaqliy-hissiy bilish, zohiriy – dunyoviy bilimlargagina ega. “Ilohiyotni anglash uchun esa aql ojizdir. Ilohiyot ilmi aqlga sig‘maydigan, aql o‘lchovlaridan baland turadigan ilmdir. Ibn al-Arabiy aytadiki, Xudo haqida ham aql tili bilan gapirish mumkin, lekin aql kuchi bilan Uni bilish mumkin emas. Aql isbotni talab qiladi, dalil, tajriba bilan ish ko‘radi. Vaholanki, Xudoning borligi, zot-u sifatlarini dalil orqali isbotlash mushkul. “Ma’rifat Haq tomonidan yuboriladi. Bu mening fikrim emas, balki ilohiy ilhomdir”, deb yozadi Ibn al-Arabiy” (“Tasavvuf”, 38-bet).

 

Kenja shahzodaning yo‘li – ilohiyot yo‘li. U kamolot sari ruhiy safarga chiqqan shaxs timsoli, u ko‘zlagan manzil avvalo tilla qush – ruhiy bilimga bog‘lanish imkonini beradi. Shu sababli ham ertak davomida asosan shahzodaning sarguzashtlari naql qilinadi. Ya’ni tana qulligidan qutulgan, ratsional aql bo‘g‘ovlarini yenga bilgan jonning faol aql egasi bo‘lish yo‘lidagi urinishlari ko‘rsatiladi.

 

Shahzodaning safarga tush ko‘rib yo‘l olishi ham bejiz emas. Odatda, ruh inson tanasi uyqudaligida jonga yaqin bo‘ladi. Kenja o‘g‘ilning tushiga kirgan bulut ilohiy ilhom belgisi edi. Bu xil belgi, ishorat har bir inson hayotida yuz beradi, lekin ko‘pchilik unga e’tibor qilmaydi. Mutasavvuflar tilida “tavbasining sababi” deb ko‘rsatiluvchi ayni holatga mashhur so‘fiylar hayotidan misollar bisyor.

 

“Vatan ichra safar” – ruhning asl makoni tomon safari, ya’ni sayrul filloh” (o‘sha asar, 104-bet). Kishi botinga qanchalik ko‘p safar qilsa, o‘zini shuncha teran anglaydi. Kenja o‘g‘il – uzoq va mashaqqatli safar avvalida turgan murid. “Murid – murod, ya’ni maqsadga intiluvchi odam, murod esa Olloh taoloning vasli. Muridning asosiy xislati niyozmandlik, ya’ni talabgor bo‘lish, murshidi komil etagini tutib, aytganlariga so‘zsiz rioya qilishdir. Pirsiz solik manzilga yetolmaydi. Chunki odam o‘zini o‘zi nazorat qilishi qiyin, toki birov rahnamolik qilib, yo‘l ko‘rsatmasa, mushkuli oson bo‘lmaydi” (o‘sha asar, 22-bet).

 

Kenja shahzoda yo‘lda cho‘loq bo‘riga duch kelib, qolgan bir dona nonining yarmi evaziga xolis yordamchi, maslahatgo‘y, rahnamoga ega bo‘ldi. Xolis yordamchi kim o‘zi? Shahzoda nima evaziga oqil rahnamo marhamatiga sazovor bo‘ldi?

 

Shayx Hakim Termiziy haqida bunday naql keladi: “Yoshlik paytlarida ikki tolibi ilm bilan kelishib, borib ilm olmoqqa lafz qildilar. Ixtiyori onasida edi, onasi izn bermagani uchun u bora olmadi. Termiziy qabristonlarga borib yig‘lar edi. “Yo Xudoyo! Ul ikki yo‘ldoshim borib, ilm bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ular tezda olim bo‘lgaylar, men johil qolgayman”, deya ichi yonar edi. Nogoh unga nuroniy bir piri foniy uchradi. Dediki, “Ey o‘g‘il, yig‘lama, qayg‘urma. O‘shal ikki yo‘ldoshingdan ko‘ra olimroq bo‘lmoqni istarmisen?”. “Istaymen”, dedi...

 

Hazrati Termiziy aytarki, “Ul pir menga bir yerni tayin etdi. Har kuni ul ko‘rsatgan joyga borar edim, menga saboq berar edi. Uch yil shu yo‘sin menga butun anvoyi ilmlardan ko‘rsatdi va o‘rgatdi. So‘ng bildimki, ul zot hazrati Xizr alayhissalom ekanlar. Bu ulug‘ davlatni onamning rizosidan topdim” (“Tazkirat ul-avliyo”, 113-bet).

 

Hakim Termiziy onasining roziligidan Xizr alayhissalom suhbatiga yetishgan bo‘lsa, kenja shahzoda yarimta non evaziga rahnamoga ega bo‘ldi.  Bo‘ri – ruhiy ustoz, piri komil obrazi. Uning cho‘loqligi esa pirning avom nazdida aybli ko‘rinishiga ishoradir. Omma xosning xatti-harakatlarini to‘g‘ri anglay olmaydi. Xosni anglash uchun esa uning cho‘loqligini unutish lozim. Cho‘loq bo‘rining harakatlari Husayn Voiz Koshifiy sanagan fazilatlarga uyg‘un keladi: “Agar shayxlik ruknlari nechta, deb so‘rasalar, yettita deb aytgil. Birinchidan, shayx komil ma’rifat egasi bo‘lsin. Ikkinchidan, o‘tkir farosatli, odamshunos kishi bo‘lib, bir nigoh tashlash bilan muridning qobiliyatini ilg‘ay olsin. Uchinchidan, yetuk ruhiy-ma’naviy quvvati bo‘lsin, toki agar murid tariqat yo‘lidan adashsa, unga ma’naviy madad berib mushkulini oson qila olsin, to‘g‘ri yo‘lga solsin. To‘rtinchidan, yetarli darajada erkin odam bo‘lsin, ya’ni hech narsaga muhtojligi bo‘lmasin. Beshinchidan, ixlosi mustahkam bo‘lib, riyo va tama’ni tark etsin, mol va mansab deb birovga sarg‘aymasin, egilmasin. Oltinchidan, rostlik va beg‘araz do‘stlikni shior qilsin – haq so‘zni har yerda, har qanday sharoitda ayta olsin, gapirganda ikkiyuzlamachilik qilmasin. Yettinchidan, qalbida shafqat nuri porlab tursin, murid manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ysin” (Husayn Voiz Koshifiy. Futuvvatnomayi sultoniy. T., “Meros”, 1994, 24-bet).

 

Kenja shahzoda cho‘loq bo‘rining yordamisiz “borsa kelmas”dagi birorta shartni bajara olmaydi. Cho‘loq bo‘ri “Qushni olsang, chakkasini olma”, deb tayinlaydi. Shahzoda “Uzoq yo‘lda yerga qo‘yamanmi”, deb chakkasini ham olib soqchilar qo‘liga tushadi. Qush egasi shahzodaga Mag‘rib podshohining qizini keltirish shartini qo‘yadi.

 

Tilla qush – ruhiy bilim, Mag‘rib podshohining qizi esa ilohiy ishq timsolidir. “Ishq – kamolot kaliti va iksiri a’zam, ishq mis vujudimizni oltinga aylantiruvchi kimyo. Ishq odamni hayvonlikdan xalos etadi, odamzod naslini badbaxtlik, falokatlardan qutqaradi, barcha illatlarimizning davosi ham shu” (o‘sha asar, 43-bet). Shayx San’on tilla qushning qafasda ekanini his etib, uni ozod etish harakatiga tushgan edi. Tarso qiziga bo‘lgan muhabbat iztiroblari uning mis vujudini oltinga aylantirgandi.

 

Botiniy bilimlarga muhabbat orqali erishiladi.

 

Kenja shahzoda qizning saroyiga bordi. Cho‘loq bo‘ri “Qizni olsang, ro‘molini olma”, deb tayinlaganiga amal qilmay, “Uzoq yo‘lda boshyalang ketamanmi”, deb yana qo‘lga tushdi. Qizning sohibi unga yalmog‘iz kampirning otini keltirish shartini qo‘ydi.

 

Kenja shahzoda cho‘loq bo‘ri maslahatiga amal qilib yalmog‘izning otini qo‘lga kiritdi. Ot so‘nggi, asosiy shartlardan biri edi.

 

Xo‘sh, otni zanjirband etgan yalmog‘iz kim?

 

Mohiyatda yalmog‘iz kishi ko‘ngliga egalik qilishga kirishgan va tasavvuf ahli “nafs” deb ataydigan ko‘nikmalar majmuyi, inson ongsizligining ramzidir. “Borsa kelar”, “borsa xatar” yo‘llarining mag‘zida yalmog‘iz turibdi. “Borsa kelmas” yo‘liga kirgan inson tafakkurining tomirida, uning ongostida yalmog‘iz mudrab yotadi. Imkon topdi deguncha u bosh ko‘tarib yo‘lchining irodasini kemiradi, erkini bo‘g‘adi, ilhom otining jilovidan tutadi. Ilohiy iroda, erk va ilhom otiga ega bo‘lgan shaxsgina jaholat va xudbinlikka xizmat qiladigan yovuz quvvatni ijobiy quvvatga aylantira oladi. Bunda unga ilohiy muhabbat va bilim qo‘sh qanot bo‘ladi.

 

Ba’zi ertaklarda yalmog‘iz makoniga borgan kenja botir oldiga beda solingan it va suyak tashlab qo‘yilgan otga duch keladi. U otga beda, itga suyak berib yalmog‘iz makoniga o‘tadi. Asira malikani qutqarib, yalmog‘izning uch sehrli buyumi – taroq, qayroq va oynani olib ortiga qaytadi. Bor bisotidan ayrilgan yalmog‘iz jahd bilan kenja botirni quvib yetadi. Shunda kenja botir yo‘lga taroqni tashlaydi, osmon barobar changalzor paydo bo‘ladi. Yalmog‘iz tishidan bolta qilib, changalzordan yo‘l ochib yana kenja botirga yetay deydi. Kenja botir qayroqni tashlaydi, ko‘k bilan so‘zlashgan tog‘ paydo bo‘ladi. Yalmog‘iz yana tishini sug‘urib, undan cho‘kich yasab yo‘l ochadi va kenja botirni quvlashga tushadi. Shunda kenja botir oynani tashlaydi. O‘rtada ko‘l paydo bo‘ladi. Yalmog‘iz kenja botirdan “Ko‘ldan qanday o‘tding?” deb so‘raydi. “Etagimni toshga to‘ldirib sakragan edim, uchib o‘tdim”, deb javob beradi u. Yalmog‘iz etagini toshga to‘ldirib ko‘lning o‘rtasiga sakraydi va suvga g‘arq bo‘ladi. Shunday qilib kenja botir undan qutulib qoladi.

 

Yalmog‘izning makoni, uning qo‘riqchilari (it, ot), sehrli buyumlari (taroq, qayroq, oyna) va unga asir qiz – barchasi ramziy ma’noga ega hamda mohiyatan “Cho‘loq bo‘ri” (“Bulbuligo‘yo”) ertagidagi shart motivlariga uyg‘un mazmun tashiydi. Kenja botir o‘z tabiatidagi yalmog‘iz quvvati – yovvoyi ruhiy quvvatni ilohiy ruhiy quvvatga aylantira bildi. Aql (it), ruhiy parvoz beruvchi ilhom (ot) va ilohiy ishq (qiz) egasi bo‘ldi. Ehtiroslar changalzorini (taroq), manfaat-u xudbinlik tog‘lari (qayroq) quvvatini yalmog‘izsifat nafsning ziddiga yo‘naltirdi. Natijada g‘animi (yalmog‘iz) oyna – ko‘ngil ummonining tub-tubiga g‘arq bo‘ldi. Ko‘ngil oynasi ravshan tortib, unda Yaratganning xazinasi jilolandi.

 

Kenja shahzodaning har bir shartni bajarishi – initsiatsiya, o‘lib tirilishdir. So‘nggi initsiatsiya uning cho‘loq bo‘ridan rozi-rizolik so‘rab, akalarini izlab topishi, birodarlarining unga xiyonat qilib, chohga tashlashi, barcha boyliklarga ega chiqishida o‘z ifodasini topgan. Biroq aka-ukalarni bir-biriga qarama-qarshi, dushman kuchlar sifatida baholash noto‘g‘ri xulosalarga olib keladi. Kishi botinining darajalarini ko‘rsatuvchi bu obrazlar talqinda ikki qutbga ajralgani, akalarning inisiga xiyonat qilgani kishining ruhiy sinovlar oldida ojizligini ifodalaydi. Qolaversa, bu holat, “Bulbuligo‘yo” ertagida aytilganidek, aka-ukalarning otasi bir, onasi boshqa ekani bilan izohlanadi. Bu jihat ham asl mazmunga zid emas. Chunki katta akalarga daxldor voqealarda tana hukmiga bo‘ysunish, kenja shahzoda kechmishida esa, aksincha, tananing ruh hukmiga tobeligi namoyon bo‘ladi.

 

Bu o‘rinda tana va ruhni bir-biriga zid qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Tana ruhning bu dunyodagi kiyimi va kamoloti uchun bir vosita. Tana bo‘lmasa, jon ruh bilan qovushib, asl kamolot bosqichlariga ko‘tarila olmaydi. Demak, ruh tanadan ozod bo‘lmas ekan, uning botinida tana ehtiyojlari o‘lmaydi. “Boyazid hazratlari aytar: “Chun, ki qurb (yaqinlik) maqomiga yetdim”, dedilarki, “Ne tilarsen?”. Men “Haqni tilarman”, dedim. Xitob keldiki, “Toki hali Boyazidning vujudi boqiy ekan, tilakka erishmoq maholdir” (O‘zingni yo‘q etib, undan keyin bizga kel)” (“Tazkirat ul-avliyo”, 37-bet).

 

Darvoqe, kenja shahzoda tilla qush, qiz va otga ega bo‘lgach, bir damlik kibrga berildi. Natijada ko‘r qilinib yana chohga tashlandi, ming mashaqqatlar evaziga qo‘lga kiritgan boyliklaridan ayrildi. Ayriliq esa o‘zini qayta taftish etishga undadi, o‘zligiga qaytish imkonini berdi. Kenja shahzodaning ko‘r qilinishida ham ulkan mazmun yashirin. Negaki, endi u borliqni boshqalardan farqli shakl va mazmunda ko‘ra oladi. Ya’ni, u olamni qalb ko‘zi bilan ko‘ra boshlaydi. Qolaversa, uning ko‘rligi bo‘rining cho‘loqligi bilan uyg‘un daraja hosil qiladi.

 

So‘ngso‘z. Aka-ukalar sayohati insonning ko‘ngliga, tafakkur olamiga sayri ekanini bot-bot aytdik. Kimki xatarli manzillardan, so‘fiylar tili bilan aytganda, ruhiyat vodiylaridan sharaf bilan o‘ta olsa, “oxir-oqibat haqiqatlarni kashf etish martabasiga ko‘tariladi va vasl maqomiga yetadi” (“Tasavvuf”, 34-bet). Folklorda murod-maqsadiga yetdi, deb yakunlanuvchi xulosa tasavvufdagi Haqqa yetishish bilan mohiyatan uyg‘undir.

 

Aslida, faqat ertaklar emas, folklorning boshqa janrlari mumtoz namunalarida ham xalq ezoterikasining qaymog‘i ramz-u timsollar tili bilan ifoda etilgan. Ulkan bilimga daxldor mazkur hikmatlar mag‘zini chaqish esa qalbimiz tubida mudrab yotgan haqiqat urug‘ini uyg‘otishga, uning o‘sib, gullab, mevaga kirishiga ko‘mak beradi.

 

Shomirza TURDIMOV

 

Tafakkur jurnali, 2015-yil 3-son.

“Borsa kelmasdagi xazina” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 81
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19155
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15945
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi