“Yaushevlargа tegishli” – ismi Toshkent binolari peshtoqiga yozilgan, jadidlarga homiylik qilganlar kim edi?


Saqlash
17:54 / 16.12.2024 529 0

O‘tgan asrning boshlariga oid ko‘hna Toshkent binolari aks etgan suratlarning peshtoqida “Yaushevlarga tegishli” degan bitiklar, ayniqsa jadidlar tomonidan nashr etilgan kitoblar, jadid matbuotiga oid ko‘plab gazeta va jurnallarda “Yaushevlar savdo uyi”ga tegishli reklamalariga ko‘zingiz tushadi. Qolaversa, jadid taraqqiyparvarlari ham Turkiston boylarining aksari uchun Yaushevlarning sahiyligi va homiyliklari haqida so‘z ochishar edi. Xo‘sh, mashhur Yaushevlar kim bo‘lgan?

 

Qozon xonligining qadimiy zodagonlari avlodidan bo‘lgan Yaushevlar Rossiya imperiyasining shakllanishida muhim o‘rin tutgan sulolalardan biridir. Ayrim mulohazalarga ko‘ra 1582-yilda Qozon xonligining bosib olinishida hamkorlik qilgani uchun rus podshosi Ivan Grozniy knyaz Bag‘ish Yaushevga Ij daryosi bo‘yidagi katta yerlarni in’om etgan edi. XVII asrga kelib Volgabo‘yining yirik yer egalariga aylangan qozonlik harbiy xizmatchi Murza Semeney, knyaz Bag‘ishev va Yaushevlar 1628-yil 7-iyunda podsho Mixail Fedorovichning nizomiga binoan knyazlik unvoniga sazovor bo‘ladi. Biroq 1713-yilda pravoslavlikni rad etgani uchun Yaushevlarning ko‘plab mulklari podshohlik hisobiga o‘tkazilib, o‘zlari Qozon viloyati Arskiy tumani Kashar qishlog‘ida jon solig‘i evaziga yerlashtiriladi. Yaushevlar 1733-yilda Ijevsk shahri hududidagi yerlarini ham Kutlu-Muhammed Tevkelevga sotadilar. Lekin imperiyaning turkiy xalqlar hisobiga kengayib borishi Yaushevlarning yana o‘z mavqelarini tiklab olishiga imkon beradi. Natijada 1844–1873-yillar davomida Boshqaruv Senatining qarori bilan Yaushev knyazlarining 12 oilasi tatar knyazlari degan nomlari va huquqlarini tiklab olishga muvaffaq bo‘ladilar.

 

XIX asrning boshida mashhur Yaushevlar savdo kompaniyasiga Gaysa Yusupovich Yaushev (1790–1870) asos soladi. U Rossiya va O‘rta Osiyo o‘rtasidagi savdo operatsiyalari orqali boyib, Troisk shahrida birinchi gildiya savdogariga aylanadi. O‘g‘li Axmetjan Gaisich (1818–1875) ham birinchi gildiya savdogari bo‘lib, otasidan meros qilib olgan sovun zavodidan tashqari 1872-yildan Trinity tog‘laridagi oltin konlarini o‘zlashtirish huquqini ham qo‘lga kiritadi. Yaushevlar savdo imperiyasi uning o‘g‘li Abdulvali Axmetjanovich (1840–1906) davrida yanada kengayadi. Uning “Abdulvali Axmetjanovich Yaushevning aka-uka firmasi qoshidagi savdo uyi” Troisk, Chelyabin shaharlaridagi savdo arkadalaridan tashqari oltin konlari, bug‘ tegirmonlari, sovun, teri va yog‘ zavodlari, Kustanay, Toshkent va Podovinnoye atroflarida ulkan yerlarda qishloq xo‘jaligi, paxta va choy plantatsiyalari, paxta tozalash zavodlariga egalik qilar edi.

 

 

 

Kompaniya boshqaruvi Mullagali Axmetjanovich Yaushev (1864–1927) qo‘liga o‘tar ekan, 1906-yildan kompaniya – “Aka-uka Yaushevlar savdo uyi” deb qaytadan nomlanadi. Muhammadgali Abdulvaliyevich asosan Troisk shahrida yashab, birgina Troiskiy tumanida 1131 desyatina yerga ega edi. Mullagali Yaushev 1911-yil Troisk, 1913-yil Chelyabin, 1915-yil Toshkent va Qustanay shaharlarida ulkan zamonaviy savdo markazlarini bunyod etadi. “Aka-uka Yaushevlar savdo uyi”ga oid yuzlab savdo do‘konlari imperiyaning yirik savdo yarmarkalari Nijegorod va Irbitdan tashqari Moskva, Troisk, Toshkent, Kustanay, Taroz, Varshava, To‘qmoq, Xitoyning Qulja shaharlarida millionlab summadagi jun, teri, tekstil, don, yog‘, un, choy, shakar mahsulotlari bilan savdo qilar edi.

 

Yaushevlar xonadoni Rossiya imperiyasi musulmon savdo-sanoat burjuaziyasi orasida o‘zini islom jamoati arboblari sifatida ham namoyon etdi. Xalqni ma’rifatga chorlovchi jadidchilik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatladi, bir nechta masjidlar bunyod etdi, ko‘plab kutubxona, maktab va boshqa o‘quv muassasalariga asos soldi. Turkiston shahridagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasida 1899-yil o‘z hisobidan ilk ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi.

 

 

Abduvali Yaushev 1905-yil Nijniy Novgorod shahrida o‘tkazilgan Butunrossiya musulmonlari birinchi qurultoyida faol ishtirok etdi, Rossiyadagi birinchi musulmon siyosiy partiyasi “Ittifoqi Muslimin”ning hammuassisi va homiylaridan biri bo‘ldi. Shuningdek, qator nashriyotlar, gazeta va jurnallarning, jumladan, 1910-yil ilk qozoq gazetasi “Oyqop”ning chiqishiga homiylik qildi. Jadid teatri va adabiyotining keng ko‘lam olishini qo‘llab-quvvaladi. 

 

Mullagali Yaushev 1901–1906-yillarda Troisk musulmonlar xayriya jamiyati faxriy a’zosi, 1907–1917-yillar uning raisi bo‘ldi.

 

 

Yaushevlar puliga Troiskdagi Muhammadiya madrasasi zamonaviy talablar asosida yangidan isloh qilindi va 1914-yil Dorulmuallimat – ayollar pedagogika madrasasi qurib ishga tushirildi. Mullagali Yaushev siyosiy hayotga ham aralashib, 1906-yilda II Umumrossiya musulmonlari qurultoyi vakili, 1911–1913-yillarda musulmonlar xayriya jamiyati boshqaruvi a’zosi, 1914–1917-yillarda Troisk shahar Dumasi a’zosi bo‘ldi. 1917-yil oktyabr oyida Tatar-boshqird milliy-madaniy muxtoriyati muvaqqat hukumati tarkibiga kirib, yuz minglab miqdorda pullarini sarf etadi.

 

Mullagali Yaushev Vladivostok, Xitoy va Yaponiya shaharlaridagi bir muddatlik sarson-sargardonlikdan so‘ng Toshkentga qaytib kelib, 1926-yil shu yerda vafot etgan. Yaushevlarning mashhur vakillaridan Mullagali Yaushevning qizi Roziya Turkistonda yana bir mashhur tatar oilasi farzandi Mustafo Sayfulmulkov bilan oila qurib, ularning o‘g‘li Farid Seyfulmulyukov keyinchalik taniqli sovet xalqaro jurnalisti bo‘lib yetishdi. Yaushevlarning Toshkentdagi savdo qanoti rahbari, taniqli tadbirkor va jamoat arbobi Muhammedsharif Axmetjanovich Yaushev (1852–1906) ham 1-gildiya savdogari edi. Uning o‘g‘li birinchi gildiya savdogari Muhammad Latif Muhammad Sharifovich (1873–1922) ham ko‘zga ko‘ringan jamoat arbobi, Muvaqqat tatar-boshqird milliy-madaniy hukumatida muxtoriyat a’zosi va moliya noziri bo‘lgan. Ulardan yana biri Abdulvali Axmetjanovich Yaushev bo‘lib, uning qizi Fotiha Abdulvaliyevna Aitova (1866–1942) ham taniqli jamoat arbobi, pedagog, birinchi tatar qizlar gimnaziyasining yaratuvchisi edi.

 

 

Oktyabr inqilobidan keyin Yaushevlar xonadonining barcha mulklari bolsheviklar hukumati tomonidan tortib olindi, oilaning ko‘plab a’zolari Yaponiya, AQSh va G‘arbiy Yevropaga chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Keyinchalik ularning bir qismi Sovet Rossiyasiga qaytarildi.

 

Quyida mashhur Yaushuvlar sulolasining vakili Toshkentda qatag‘on girdobiga tortilgan sobiq millioner Gaziz Valiyevich Yaushevning qismati haqida hikoya qilamiz. Gaziz 1888-yil Troisk shahrida jamoat arbobi, sahiy tadbirkor Abdulvali Axmetjanovich Yaushev xonadonida tug‘ilgan. Yaxshi ta’lim olgan Gaziz Yaushev tadbirkorlik faoliyatini Toshkent shahrida boshlagan. 1917-yil oktyabrda bolsheviklarning hokimiyatga kelishi bilan bog‘liq janjallar zamonida kompaniya rahbari Mullagali Yaushev Gaziz Yaushevni Toshkentdan Troiskka chaqirib oladi. 1918-yil yanvar oyiga kelib sovetlar barcha mulklarni musodara etib, bozor va do‘konlar deyarli bo‘shab boshladi. Shunday bir sharoitda Mullagali Yaushev Gazizni manifaktura sotib olish vazifasi bilan Moskvaga yuboradi. Biroq u sovet hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borish imkonini qo‘lga kirita olmaydi. Gaziz Mullagali Yaushevning savdo maslahatchisi germaniyalik muhandis Bergard Epp bilan 1918-yil iyun-iyul oylarida Germaniyaga boradi. Ular uch hafta davomida Berlinda bo‘lib, sovetlardan mulk evaziga oila a’zolarining jonlarini saqlab qolish maqsadida muzokara olib boradi. Ammo hech kim bolsheviklar hukumatiga ta’sir eta oladigan qudratga ega emas edi. So‘ng yana bir taniqli tatar ulamosi Abdurashid qozi bilan Bremen shahriga o‘tadi. Shundan so‘ng Kiyev shahriga kelib joylashadi. 1919-yil fevral-mart oylarida Kiyev shahri ham qizil armiya tomonidan ishg‘ol etiladi. 1919-yil may oyida Kiyevdan Moskvaga kelgan Gaziz Yaushev bu vaqtda RSFSR Harbiy ishlar xalq komissariati huzuridagi markaziy musulmon harbiy kollegiyasi raisi Mirsaid Haydargaliyevich Sultongaliyev qabuliga kiradi. Bir tomondan Gazizning turmush o‘rtog‘i Gulsum Yerzinaning singlisi Fotima Yerzinaning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan taniqli tatar taraqqiyparvarlaridan Mirsaid Sultongaliyev Gaziz Yaushev uchun najot bo‘lib ko‘rinadi. Uning tavsiyasi bilan Gaziz Qozon shahriga qirimlik Xon Gerey avlodlaridan bo‘lgan Qizil armiya qo‘mondoni Aleksand Aleksandrovich Tamarin huzuriga yo‘llanadi. A.A.Tamarin Gaziz Yaushevni Qizil Armiya uchun ot sotib  oluvchi agent sifatida ishga oladi. Biroq sovetlar hech qachon sobiq millioner Gaziz Yaushevga ishonmaydi. 1922-yil Chelyabin shahrida oila a’zolari bilan uchrashmoqchi bo‘lgani uchun hibsga olinadi. Uzoq vaqt qiynoq va tahqirlardan so‘ng ozodlikka chiqar ekan, qaytib hech joyda o‘zini tanitmaslikka, omma orasida ko‘rinmaslikka harakat qilib yashadi. 1932-yil esa qizil armiyada buxgalter bo‘lgan Garif Burnayev bilan Xitoyga qochmoqchi bo‘lganlikda ayblanib yana qamoqqa tashlanadi. 1933-yilda hibsdan chiqqach, faqat Toshkent Moskva orasida qatnaydi.

 

1934-yil dekabr oyida sovetlarning yirik siyosiy arbobi Sergey Mironovich Kirov suiqasd asosida o‘ldiriladi. Natijada stalincha tuzum butun ittifoq doirasida qatag‘onlarning yangi to‘lqinini boshlab yuboradi. Shu bahona bilan O‘zSSR NKVD tomonidan 1935-yil 26-aprel kuni Yaushev Gaziz Valiyevich bilan birga sobiq tatar savdo-sanoat burjuaziyasi vakillari 1895-yil Toshkentda tug‘ilgan Bakirov Zokir Shokirovich, 1909-yil Troiskda tug‘ilgan Burnayev Garif Abdulovich, 1907-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Tyumenov Mustafo Kasimovich va BXSR Moliya noziri bo‘lgan, tarjimon Mustafo Sayfulmulyukovlarni O‘zSSR JKning 62-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etish – josuslik ayblovi bilan hibsga olishga qaror chiqaradi. Shu kunning o‘zida O‘zbeksavdo idorasida bo‘lim mudiri bo‘lgan Gaziz Valiyevich Yaushev Toshkent shahri Pushkin ko‘chasi 20-uydan qamoqqa olinadi.

 

 

Gaziz Yaushev va Gulsum Yerzina. 1906-yil. Moskva.

 

1935-yil 11-may kuni Toshkentda Gazizning turmush o‘rtog‘i, moskvalik mashhur shifokor bo‘lgan Solih Yerzining qizi, 1890-yil tug‘ilgan Gulsum Yavusheva (Yerzina) so‘roqqa chaqiriladi. U tergovda o‘zining 1918-yil Kolchak armiyasi yaqinlashgan vaqtda Yaushevlar xonadonining bir qator vakillari bilan Troiskdan Vladivostokka ko‘chib borganini so‘zlaydi. 1921-yilning kuzida Vladivostok shahri qizil armiya tomonidan ishg‘ol qilingach, o‘g‘li bilan Ombi shahriga qaytarilganini, o‘zining sovet kuch idoralari tomonidan boyning oila a’zosi sifatida bir necha marta nohaq ayblovlar bilan hibsga olinganini aytadi. Shuningdek, 1918–1922-yillar davomida turmush o‘rtog‘i Gaziz Yavushev bilan aloqada bo‘lmagani uchun uning Germaniyada bo‘lgani, 1922-yil Chelyabin shahrida qamoqda bo‘lganidan ham xabarsiz ekanini ma’lum qiladi.

 

1935-yil 19-may kuni Gaziz Yaushev tergovda inqilobgacha Yaushevlar mulkiga oilaning 9 nafar a’zosi egalik qilib, kompaniya rahbari Mullagali Yaushev mulkning 3/1 ga, Latif Sharipovich Yaushev, Munavvara Sharipovna Yausheva va onasi Gayni Yaushevalar ham mulkning 3/1 qismiga egalik qilgani, qolgan 3/1 qismi mulla Muhammad Valiyevich Yaushev, Muhammad Gali Valiyevich Yaushev va men Gaziz Valiyevich Yaushev, Fotima Valiyevna, Xadicha Valiyevna hamda onam Ashraf Yaushevalarga tegishli edi. 28-aprel kuni 200–300 odam ishlagan savdo uyimizning boshqaruvchilari haqida 29 aprel kuni qayerda, qanaqa ko‘chmas mulklarimiz bo‘lgani haqida yozib berganman, deydi. Tabiiyki, tergovchilar tomonidan mulk bilan bog‘liq so‘roq bayonnomalari jinoiy ishga tikilmagan. Shundan so‘ng Gaziz Yaushevni nemis josusi sifatida ayblashga kirishiladi.

 

1935-yil 25-may kuni so‘roqda Gaziz o‘zining 1918-yil iyun-iyul oylarida Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lgani va avgust oyida Kiyevga qaytib, qizil armiya safiga o‘tishi tafsilotini to‘liq gapirib beradi.

 

1935-yil 27-may kuni so‘roqda germaniyalik muhandis Bergard Epp haqidagi savolga Gaziz Yaushev: “1915-yil amakim Mullagali Yaushev Bergard Eppni savdo maslahatchisi sifatida ishga olgan edi. 1918-yil Moskvada Boyarskiy dvor mehmonxonasida Bergard Eppni ko‘rib birgalikda Germaniyaga bordik”, deydi. 1935-yil 29-may kuni so‘roqda 1918-yil avgust-sentabr oylarida Kiyevga Bergard Epp bilan qaytib kelgani va Berlinda vaqtida Germaniya maxsus xizmatlariga josuslikka yollanganini rad etadi.

 

1935-yil 7-iyul kuni 1934-yil iyun oyi boshida Toshkentga kelib ketgani haqidagi savolga, ha, Moskvadan 2-3 to‘p – 500 metrcha material olib kelib, 2-3 kunda sotib Moskvaga qaytib ketganman, deydi. Bu vaqtda Shayxontohurdagi, Mergancha mahallasi 13-uyda Murod Fayzullinning uyida turganini aytadi. Shu uning so‘nggi so‘roq bayonnomasi bo‘ldi. Aftidan yillab qamoqlar va doimiy ta’qib-tazyiqlar oqibatida Gaziz Yavushev juda holdan toygan edi. U tergov davomidagi qiynoqlar oqibatida halok bo‘lgan... Shundan so‘ng ish apil-tapil yopilib, Garif Burnayev, Zokir Bakirov va Mustafo Tyumenovlar go‘yoki ayblov isboti topilmagan deb ozodlikka chiqariladi. Biroq ayni paytda izlaridan “Birodarlar” nomli yangi kuzatuv ishi ochib qo‘yiladi.

 

Mustafo Sayfulmulyukov Mullagali Yaushevning Roziya ismli qiziga uylangan edi. Uning amakisi Germaniyada tahsil olib qaytgan tish shifokori Mullagali Yaushevning boshqa qizi Robiyaga uylangan Badri Sayfulmulyukov bilan bog‘lab 1935-yil 2-noyabr kuni 5 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. U 1939-yil 19-martda dahshatli Volga lageridan ozodlikka chiqadi. Ammo bu ozodlik ham juda muvaqqat edi...

 

Xullas, bir zamonlar Turkistonning shahar-u qishloqlarida ham tanilgan, jadid taraqqiyparvarlarining tilida alqangan sahiy boylar Turkistondagi milliy savdo-sanoat burjuaziyasining mashhur ilhomchilari bo‘lgan Yaushevlar xonadonining taniqli vakili Gaziz Yaushevning qismati shu tariqa Toshkent turmalarining birida yakun topdi. Oilaning tirik qolgan boshqa vakillari ham sovetlar mamlakatida mustar-u xorlikda, o‘zlarini yashirib hayot kechirdilar. Shunisi aniqki, dunyoga inson erki, farovonlik, tenglik va huquq haqida jar solgan ulkan mamlakatda katta-yu kichik biror xalq, ilmli-yu ilmsiz, boy yoki kambag‘al biror toifa sovet diktaturasi zulmi, nohaq qatag‘on girdobidan qutila olmadi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

15:03 / 13.03.2025 0 84
Zamonaviylikka ehtiyojmand qoʻgʻirchoq teatrlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25923
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//