Sobiq SSSR nafaqat, unga qarshi kurashgan, balki ushbu tuzumga xizmat qilgan insonlarga ham shafqat qilmagandi. Oʻz qishlogʻini qizillardan ham, istiqlolchilardan himoya qilishga uringan, sovet tizimida yuqori mansablarni egallagan va keyinchalik qatagʻon qilingan Chori Berkaliyev taqdiri bunga yorqin misol boʻla oladi.
Chori Berkaliyev 1895-yilda Buxoro amirligining Sherobod bekligidagi Xoʻshman qishlogʻida (hozirda Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida joylashgan qishloq), dehqon oilasida dunyoga keladi. U ulgʻaygach, otasini oʻgʻlining savodini chiqarish uchun uni qishloq imomiga shogirdlikka beradi.
1907-yildan yosh Chori Berkaliyev turli yollanma ishlar va dehqonchilik bilan shugʻullana boshlaydi.
Harakatchan va mehnatkash Berkaliyev qishlogʻidagi kam sonli savodli yigitlardan biri edi. U 1915-1917-yillarda Kogon-Termiz temiryoʻlida ishlagan davrida rus va tojik tilini yaxshi oʻzlashtiradi. 1918-yilda otasining uyiga qaytib, yana dehqonchilik bilan shugʻullana boshlaydi. Aynan otasining maʼlum yer-mulkka egalik qilishi keyinchalik Chori Berkaliyevning mustabid tuzum tomonidan qatagʻon qilinishiga sabab boʻladi.
1920-yilda Buxoro amirligi qulaydi. Kutilmagan oʻzgarishlar shamoli hamma narsani chalkashtirib yuboradi. Eski tartib oʻz oʻrnini yangisiga boʻshatib beradi. Ana shunday beqarorlik paytida, Chori Berkaliyev Xoʻshman volostining Inqilobiy qoʻmitasi raisi etib saylandi. Yosh Chorining yelkasiga ogʻir yuk tushadi.
Bu vaqtda Boysun, Sherobod va Denov hududlarida sovet tuzumiga qarshi qurolli kurash davom etayotgan, mintaqada toʻqnashuvlar, tartibsizliklar, qoʻrquv va noaniqlik hukm surayotgandi. Chori Berkaliyev shunday ogʻir zamonda oʻz qishlogʻidagi insonlarning tinchligi va xavfsizligini taʼminlashga bel bogʻlaydi.
U qishloq aholisini birlashtirib, ularni oʻz xavfsizligini taʼminlashga chorlaydi. Berkaliyev ham qizil askarlar, ham qoʻrboshilar bilan muzokaralar olib borib, ularning qishloq hududiga kirishining oldini oladi. Yaxshi ishbilarmonlik koʻrsatib, volostdagi tartibsizliklarga barham beradi. Chorining adolatliligi va xalqparvarligi odamlarning qalbida ishonch uygʻotadi. Uning saʼy-harakatlari bilan Xoʻshman qishlogʻi anarxiya va xaosdan saqlanib qoladi.
Berkaliyevning tashkilotchilik qobiliyati uning mansab pillapoyalaridan asta-sekin koʻtarilishiga olib keladi. 1924-yilda Chori Berkaliyev Termiz tuman ijroiya qoʻmitasiga rais etib tayinlanadi. Shu yili Chori Berkaliyev Buxoro Xalq Jumhuriyati Inqilobiy qoʻmitasining qarori asosida Buxoro Respublikasining “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlanadi.
Chori Berkaliyev Termiz tumani ijroiya qoʻmitasining raisi boʻlib ishlagan yillarida tumanda qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarni rivojlantirish, qishloq aholisi hayotini yaxshilash uchun tinimsiz mehnat qiladi.
1926-yilda Chori Berkaliyevning militsiyadagi faoliyati boshlanadi. Shu yili u Termiz tumani militsiya boshligʻi vazifasiga tayin etiladi. 1927-yilda Butunrossiya Kommunistik partiyasi aʼzoligiga qabul qilinadi. Militsiyadagi faoliyati davomida Chori Berkaliyev oʻgʻirlikka qarshi kurashish boʻyicha oʻzini ijobiy tomondan koʻrsatadi. 1927-1928-yillarda Termiz rayispolkomining raisi, 1928-1931-yillarda Surxondaryo okrugi militsiya boʻlimi boshligʻi, 1931-1933-yillarda yana bir bor Termiz rayispolkomining raisi vazifalarida samarali mehnat qiladi.
1930-yillar boshida butun SSSR boʻylab qatagʻon shamoli esishni boshlaydi. Chori Berkaliyev ham bundan chetda qolmaydi. 1933-yilda u “ijtimoiy yot unsur” deb topilib, partiya safidan chiqariladi. Bu Berkaliyev uchun kutilmagan zarba boʻladi.
Chori Berkaliyev Toshkentga chaqirtirib olinib, “xalq dushmani” deya qamoqqa olinadi. Unga “bosmachilar” bilan hamkorlik qilish, sovet hukumatiga qarshi targʻibot olib borish kabi ayblovlar qoʻyiladi. Qorongʻi zindonlar, beshafqat soʻroqlar, umidsizlik…
Lekin Chorining ruhi sinmaydi. U oʻziga qarshi qoʻyilgan barcha ayblovlarni rad qiladi. 1934-yilda sud Berkaliyevni oqlaydi. Biroq bu hali boshlanishi edi.
Chori Berkaliyev oʻziga nisbatan yangi ayblovlar qoʻyilishi mumkinligi uchun Turkmaniston SSRʼga koʻchib oʻtadi. 1935-1938-yillarda Turkmaniston SSR Toshhovuz oblastida rayispolkom instruktori boʻlib ishlaydi, soʻngra rayon suv xoʻjaligiga gidrotexnik lavozimiga oʻtkaziladi.
1938-yilning 15-mart kuni “Katta terror” doirasida Berkaliyevni yana qamoqqa olishadi. Deyarli bir yil davomida u qiynoqlar ostida tergov qilinadi. NKVD xodimlari uning aybini isbotlash uchun har qanday usullardan foydalanadi, ammo bu samara bermaydi. Uning aybdorligini isbotlovchi hech qanday dalil topilmagani sabab 1940-yil 13-yanvar Chori Berkaliyev ozod qilinadi.
Berkaliyev keyingi yillarda Termiz tumani Upolkomzag (Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish qoʻmitasi) tashkilotida agent boʻlib ishlaydi. Soʻngra yana ichki ishlar organlarida mehnat qiladi va 1960-yillarda nafaqaga chiqadi.
Chori Berkaliyevning hayoti – bu oʻtgan asrning murakkab siyosiy voqealari fonidagi oddiy dehqonning gʻayrioddiy taqdiri haqidagi hikoyadir. Uning sadoqat bilan xizmat qilishi, oʻz ishini chin dildan bajarishi, bu uchun qoralanishi va taʼqib etilishi sovet davrining zoʻravonligi va adolatsizligini yaqqol koʻrsatadi. Chori Berkaliyevning savodxonligi, mehnatkashligi, tashkilotchilik qobiliyati va adolat uchun kurashi oddiy oʻzbek dehqoni shaxsiyatining kuchini va tantiligini namoyon etadi. Uning taqdiri – bu faqatgina shaxsiy biografiya emas, balki butun bir davr, butun bir avlodning kechmishi hamdir.
Ubaydulla Quvvataliyev
Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
Adabiyot
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q