Shoir yozayotgan sheʼri ohangini qalbiga quloq tutib topadi. Qalb esa davrdagi oʻzgarishlarni oʻta noziklik bilan ilgʻab boradigan maxsus oʻlchagichdir. Isteʼdodli shoir Najmiddin Ermatov ijodida shu haqiqatga yana bir karra ishonch hosil qilamiz. Dehqonobod tumanining togʻlarga tutash Togʻoytemir qishlogʻida tugʻilgan shoir ijodi haqida shu kunga qadar Qozoqboy Yoʻldoshev, Ulugʻbek Hamdam, Nurboy Jabborov singari zabardast adabiyotshunoslarimiz tomonidan koʻp iliq fikrlar aytilgan. Xususan, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov “Haqiqat va boʻhton munozarasi” nomli maqolasida shoirning “Qon va siyoh” sheʼrini tahlil qilar ekan, shoir “siyoh” obraziga mutlaqo yangicha yondashganini, sheʼriyatimizda ungacha bu obrazga salbiy maʼno yuklatilmaganini alohida qayd etadi.
Najmiddin millat dardini yelkasiga olgan shoir. Uning yaqinda chop etilgan “Turon sogʻinchi” (“Akademnashr”, –Toshkent, 2024, 144 b.) nomli sheʼrlar toʻplami bugungi milliy sheʼriyatimizga qoʻshilgan yana bir ulush. Kitobdan joy olgan toʻqson sheʼrni shoir shartli ravishda “Jon”, “Qon”, “Shon” nomli boʻlimlarga ajratib, oʻquvchiga taqdim etadi. Har bir boʻlimdan oʻrin olgan sheʼrlar oʻzining mavzu koʻlami va mohiyatiga koʻra yana turlarga ajratiladi. Birinchi boʻlimda asosan, sevgi, ishq va muhabbatga oid falsafiy sheʼrlar boʻlsa, “Qon” boʻlimida vatan, millat va elatlar taqdiri, Turon elning qismatida roʻy bergan turli voqeliklar, dard-u sitam va armon turli ruhiy kechinmalar tarzida badiiy ifoda etiladi. “Shon” boʻlimida shoirning bugun uchun aytmishlari, bagʻishlovlari, bugungi zamon voqeliklaridan kelib chiqib roʻy bergan ruhiy holatlari aks etadi. Ayniqsa, turkiylar botinida yastanib yotgan katta dard, qaygʻu va alamlar har bir oʻquvchi qalbini junbishga keltiradigan katta hayqiriq ila boʻy koʻrsatadi.
N.Ermatov sheʼrlarining oʻziga xosligi – tasvir va tasavvurning oʻta kengligi, avvalo, xalqona ohangi bilan ajralib turadi. Shuningdek, hech kimnikiga oʻxshamagan til-uslubi, tabiiy va samimiy ifoda vositalari, ajabtovur va yoqimli tashbehlari bilan farqlanadi. Uning talanti barmoq sheʼr tizimining nozik torlarini teran hissiyot bilan cherta olgani, shuningdek, sheʼriyat nazariyasining maʼlum meʼyorlarga sigʻmaydigan, oʻziga xos ohangga boy bitiklari bilan yanada boʻy koʻrsatadi. Shoirning har bir sheʼri erkin qalb va cheksiz tafakkur dengizining badiiy hosilasi oʻlaroq maydonga keladi. U yangilik yaratishga urinmaydi, ammo yozganlarining oʻzi yangilik boʻlib qolaveradi.
Shoir sheʼr ixlosmandlariga “Koʻk boʻri” obrazi yangligʻ tanildi. Bu ham bekorga emas. Boisi, boʻrida karomat koʻp. Shoir buni yaxshi biladi. Koʻk boʻri turkiy xalqlarning totemi sanaladi. Afsonalarga koʻra, turkiy xalqlar koʻk boʻridan tarqalgan. Turkiylarning bayrogʻida koʻk boʻrining rasmi tasvirlanishi shundan. Shuning uchun azaldan xalqimiz bu jonzotga alohida hurmat bilan qaragan. Afsuski, tabiat qonuni buzildi. Bunga asosan odamzod sababchi boʻldi. Yovvoyi tabiatni oʻzlashtirdi, oqibatida tabiiy tenglik yoʻqoldi. Shoir nazarida boʻri hech qachon qullikka koʻnmaydi. U erkinlikni sevadigan hayvon. “Turon sogʻinchi” kitobining mehvari boʻlgan “Koʻk boʻri” sheʼri ushbu haqiqatlar tufayli vujudga kelgandir. “Alpomish”da Boyboʻri, “Qoʻrqut ota” kitobida Boyboʻrak obrazlarining yaratilishi, “Oʻgʻuznoma”da boʻri turkiy qavmlarni boshlovchi asosiy qahramon darajasiga koʻtarilishi qadimiy eʼtiqodlar ifodasidir. Koʻrinadiki, Najmiddin Ermatov ijodining tub mohiyati qadim turkiy sheʼriyat tomirlaridan suv ichib, xalq ogʻzaki ijodi, soʻng mumtoz adabiyot va XX asr sheʼriyati bilan oʻzaro chambarchas bogʻlanib ketadi. Ayniqsa, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Halima Xudoyberdieva singari otashnafas shoirlar ijodidan ilhom oladi. Najmiddin bir sheʼrida:
Shimoldan yogʻiy kelar
Talab qilib Turonni,
Ming asr esh boʻlsak ham,
Bizga qoʻshilmas qoni, deb yozadi.
Najmiddin Ermatov oʻzining “Turon sogʻinchi” kitobiga kirgan koʻplab sheʼrlarida yaqin tariximizda yuz bergan mudhish voqeliklarni qisqa, ammo taʼsirchan uslub va vositalar orqali ifoda etgan:
Qon:
– paq etdi, otildi oʻq.
haq, degan ul oʻgʻlonning
teshilgan koʻkragidan
boʻy choʻzdim gul misoli.
Siyoh:
– paq etdi, otildi oʻq.
zirhlangan qoʻnalgʻada
qondan qoʻrqqan qoʻlni va
koʻrdim qogʻoz visolin.
Ushbu sheʼr mustabid davrida begunoh toʻkilgan ajdodlar qoni va ularga qoʻyilgan ayb haqidagi alamli darddir. Najmiddin Ermatov zamonning zayli, odamlar dardini mohirlik bilan xalqona ohang orqali bitadi. Bunday dard koʻngillarga koʻchib, oʻquvchini lirik qahramon yangligʻ olis va betizgin xayollar sari yetaklab ketadi. Ijodkor lirik qahramonini erk va adolat mamlakatining fuqarolari timsoli oʻlaroq soʻzlatadi. Ularga buyuk Turon farzandi ekanini, bu millat dunyoga oʻz soʻzini aytib kelganini, bu shasht va gʻujur hech qachon soʻnmasligini bot-bot eslatadi. Shoir bunday tuygʻuni or va oriyat darajasiga olib chiqadi. Uning sheʼriyatida sevgi muhabbat mavzusiga ham alohida oʻrin beriladi. Ammo bu mavzudagi bitiklari boshqalarnikiga koʻp ham oʻxshayvermaydi. Tasvir, oʻxshatish va ramzlarning betakrorligi bilan ajralib turadi. Shoir nazarida muhabbat bezavol tuygʻu. Binobarin shoirning “Kelma”, “Koʻnglimni soʻraysan”, “Oʻttiz qush”, “Hijron shomiga kirdim”, “Hijron haqida qoʻshiq”, “Bir qiz kelib xayoldan chiqib”, “Men tongman”, “Qor misoli kaftingga qoʻndim” kabi sheʼrlarida sevgi ulugʻ va hayotbaxsh kuch ekani oʻziga xos tasviriy ifoda vositalari orqali mohirona ochib beriladi. U bir sheʼrida “Qovogʻingga kimdir don sepgan, kiprigingga qushlar qoʻnibdi” deb yozadi. Qarang, qanday ajoyib jozibali manzara, sehrli shoirona talqin va xalqona oʻtkir oʻrinli ifoda. Shu ikki misra orqali shoir tashbeh sanʼatining mahoratli ijodkori ekani koʻrinadi. Najmiddinning ijodida olimlarga xos tafakkur bilan noziktaʼb shoirlik oʻzaro uygʻunlashib ketadi. Shoir oʻzining butun idrok va hissiy iqtidorini soʻz ustida ishlashga safarbar qiladi. Shuning uchun ham sheʼrlarida “Tiyramoh”, “Ezgʻinvash yomgʻir”, “Zamin oʻtxona”, “Sanduloch koʻzidan visol oʻmarib”, “Maysalar oʻpichin, shudringga sotib”, “Sentabr tigʻ urdi, avgust ortidan”, “Sogʻichning suratin koʻlga chizar oy”, “Peshonamga toʻgʻyon omochin tortdi” kabi oʻquvchini hayratlantiradigan oʻziga xos tashbehlar tizgini koʻp uchraydi.
Najmiddin Ermatov sheʼriyatiga xos xususiyatlardan yana biri, kichik shaklga katta maʼno joylanishida koʻrinadi. Undan ham muhimi, baʼzan qalb va meʼyorlarga sigʻmasligi, tizimlarning buzilishidir. Bir soʻz bilan aytganda, ijodkor oʻzi kabi ijodini ham erkin yoʻsinda shakllantiradi. Shoir sheʼriyati bir xilda sehrli, teran demoqchi emasmiz. baʼzan ular orasida maromiga yetmagan, maʼno hokimligini shakl egallagan, fikrdan koʻra tuygʻu shiddati ustunlik qilgan sheʼrlar ham uchraydi. Ammo bu kabi juzʼiy holatlar shoir sheʼriyatining umumiy mahobatiga soya solmaydi. Uning sheʼriyati teran, ehtirosli, samimiy, shiddatli.
Xulosa shuki, adabiyotshunoslikda qanchalik adabiy qonun, meʼyor va mezonlar yaratilmasin, ijodkor tafakkuri hech zamon depsinib turib qolmaydi. Bilʼaks, zamon oʻzgargan sari sheʼriyat ham oʻsib, oʻzgarib boradi. Davr yuksalgan sayin lirik qahramon tafakkuri va ichki dunyosida ham yuksalishlar sodir boʻladi. Najmiddin Ermatovning “Turon sogʻinchi” kitobidan oʻrin olgan sheʼrlari shu haqiqatni yana bir karra tasdiqlaydi. Uning sheʼrlari buguni oʻzbek sheʼriyatiga oʻziga xos ruh va tasvir vositalarini olib kirgani bilan ham qimmatli.
Shuhrat HAYITOV
Tarix
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q