Fargʻonada adabiyot bayrami


Saqlash
11:53 / 03.12.2021 1761 0

“Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan, o‘chgan, yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg‘on, o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorug‘ va ravshan qiladirg‘on, chang va tuprog‘lar to‘lgan ko‘zlarimizni artub tozalaydirg‘on buloq suvi bo‘lg‘onlikdan bizga g‘oyat kerakdir.

Endi, ey, qardoshlar! Adabiyot o‘quylik. Adiblar yetishdirayluk, “adabiyot kechalari” yasayluk. Ruh, his, tuyg‘u, fikr, ong va o‘y olayluk, bilayluk”.

“Sadoi Turkiston” gazetasining 1914-yil 4-iyun sonida bosilgan Abdulhamid Cho‘lponning “Adabiyot nadir?” maqolasidagi o‘tli da’vati zamonamiz ziyolilari, adabiyot va ilm ahliga hanuz yo‘lchi yulduz bo‘lib turgandek.

Turmushning qattiq mushtlaridan go‘yo tosh qotayotgan yuragimizni eritish, fikr-o‘ylarimizga nurafshonlik kiritish va eng muhimi, ahli qalamni, insonni e’zozlash, qadrini his ettirish, xotirlash maqsadida 1-3-dekabr kunlari Farg‘onada adabiyot bayrami bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbirning qishning ilk kunlarida bo‘lib o‘tishida ham hikmat bordek: adabiyot, so‘z tafti go‘yo qish izg‘irini bilan musobaqaga bel bog‘lagandek.

Birgina Farg‘ona zamini adabiyotga, millatga necha-necha daholarni tuhfa etgan. Zamondosh shoir-yozuvchilarning o‘zi tarozi pallasini bosib ketadi-ya. Adabiyotshunos olim Umarali Normatov tavalludiga 90 yil, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludiga 85 yil, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir, dramaturg Saydali Odilov tavalludiga 80 yil to‘lganligi, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning xotirasiga ehtirom ko‘rsatish hamda rishtonlik iste’dodli yozuvchi Isajon Sulton “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni bilan taqdirlangani munosabati bo‘lib o‘tayotgan tadbir bizga atrofimizdagi xazinalarni ko‘zimizga yaqqolroq ko‘rsatib qo‘yishi bilan qimmatli.

1-dekabr, soat 12:00. Qo‘qon shahar temir yo‘l vokzali karnay-surnay sadolariga to‘lgan, vokzal darvozasining ikki chetida qo‘lida Qo‘qon patir, shirinligu gullar tutgancha nimtabassum bilan saf tortgan sarvi qomat qizlar. Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi poyezd Qo‘qonga bir sandiq tilla – zamonamiz daholarini tashladi-yu, pishqirgancha manzilida davom etdi.

 

 

Ibrohim Gʻofurov, Ahmadjon Meliboyev, Isajon Sulton, Farida Afro‘z, Nodir Jonuzoq, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Mahmud Toir, Salim Ashur, Munavvara Usmonova singari 45 chog‘li So‘z ahli bir sandiq tilla bo‘lmay, nima axir?!

Mehmonlarni Farg‘ona viloyati hamda Qo‘qon shahar hokimligi mutasaddilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi boshchiligidagi viloyat ilmiy-adabiy  jamoatchilik vakillari iliq kutib olib, tadbirning asosiy qismi – Farg‘onamiz qahramonlari bilan bo‘lib o‘tadigan adabiy-badiiy uchrashuv joyi – Qo‘qon shahar teatriga yo‘l boshladilar.

Uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqovalar so‘zga chiqib, farg‘onalik adabiyot darg‘alarining ijod va hayot yo‘llari haqida to‘lqinlanib so‘zladilar. Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov haqida hujjatli lavha, Isajon Sulton qalamiga mansub “Navoiy” romanidan parcha Qo‘qon shahar musiqali drama teatri hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali talabalari ishtirokidagi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Shu kuni 14 nafar farg‘onalik ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

So‘ng Toshkent delegasiyasi farg‘onalik ijodkorlar hamrohligida Rishton tumani madaniyat saroyiga tashrif buyurdilar, u yerda Rishton farzandi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

So‘z, diydor sehridan oshufta dillar so‘z emas, loydan yasalgan san’at asarlaridan bahramand bo‘lish ilinjida manzillarini Rishtondagi taniqli kulol Ravshan Tojiddinovning ustaxonasi tomon burdilar. Byenazir kulolchilik namunalarini ko‘rib, ijodkorlarning har biri zavq, hayrat va ilhom olganlari shubhasiz.

Tadbirning ikkinchi kuni Erkin Vohidov va Anvar Obidjonlarning vatani Oltiariqda davom etdi. Oltiariq tumani madaniyat saroyiga borganimizda, go‘yoki Anvar Obidjonning o‘zi va she’rlari bolaga aylanib bizni kutib olgandek bo‘ldi. Adabiy-badiiy tadbirda yangragan, bolalarga atab yozilgan she’rlari aslida kattalar uchun yozilganini bugun katta bo‘lib anglash boshqacha bo‘larkan.

“Qarg‘a kirdi

Kinoga,

O‘xshab

Buratinoga.

Hamma joylar

Edi band,

Borib dedi

Nopisand:

– Menga qara,

Vey Laylak,

Yeganmisan

Hech kaltak?

Qani,

Tur-chi o‘rningdan.

He, o‘rgildim Burningdan!”

“Bezori” she’ridagi qarg‘ani tanidingizmi? Anvar Obidjon asarlari ko‘ngillarga kirib borishining siri ham ularning samimiyatida va insoniyatga tegishli katta haqiqatida bo‘lsa kerak, deya suhbat qurgancha Oltiariqdan Marg‘ilonga kelganimizni ham sezmay qolibmiz.

 

 

Shahardagi “Ijodkorlar bog‘i”da adabiyot kunlari ishtirokchilari Erkin Vohidov haykali poyiga gullar qo‘yib, shoir shaxsiga ehtirom ko‘rsatdilar. So‘ng shoir tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy anjuman, hayot va ijod yo‘llari aks etgan “Tirik sayyora” hujjatli filmining premьyerasi bo‘lib o‘tdi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan shoir she’rlari tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Adabiy-badiiy kecha so‘ngida “Tong nafasi ilhomlari” tanlovi hamda Erkin Vohidov stipendiyasi g‘oliblari taqdirlandi.

Shuningdek, adabiyot kunlari doirasida bugun “Ofiserlar uyi” va Farg‘ona politexnika institutida harbiy xizmatchilar hamda talaba-yoshlar bilan “Vatan bo‘lmas Vatandan tashqarida” va “Yer yuzida boshqa O‘zbekiston yo‘q” mavzusida  adabiy  uchrashuvlar o‘tkazish, Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyining kichik zalida O‘zbekiston xalq shoirlari E.Vohidov hamda A.Obidjon ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etish, Erkin Vohidov  ijodiga bag‘ishlangan nazm, nasr, badiiy tarjima, shoir ijodi bilimdonlari, qo‘shiq va rasmlar tanlovlari g‘oliblarini rag‘batlantirish rejalashtirilgan.

Adabiyot bayrami taassurotlaridan shu narsa aniqki, So‘zning, Diydorning yondirguvchi tafti qishning qahratonini ilitib yubordi. Dillardagi, ko‘zlardagi qotgan tosh erib ketdi. Xassos shoir Cho‘lpon yodga solgan adabiyotning vazifasi o‘z kuchini ko‘rsatdi.

Sevara ALIJONOVA

 

Ibrohim Gʻafurov, O‘zbekiston Qahramoni:

– O‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligini uch davrga bo‘lish mumkin: Umarali Normatovgacha bo‘lgan davr, Umarali Normatov davri va undan keyingi davr. Zabardast olimning o‘zbek adabiyotshunosligiga qilgan eng katta xizmati shundaki, u Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhordan tortib milliy adabiyotimiz eng yosh vakillarining ijodiga qadar o‘rganish, tadqiq etish va fenomenlarning moʻjizasini ochib berishni zimmasiga oldi. Halol inson va olim sifatida qodiriyshunoslik, qahhorshunoslikka asos soldi, maktab yaratdi.

Isajon Sulton qip-qizil qiyomat asar yozibdi “Navoiy” degan. “Qizil qiyomat” degan iborani hazrat Navoiydan ijozat so‘rab, Isajonga tuhfa qilaman.

 

 

Enaxon Siddiqova, O‘zbekiston xalq shoiri:

– O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Farg‘onamizning sevimli dramaturgi, publisisti Saydali Odilovning muborak 80 yoshini nishonlash ostonasida turibmiz. 2017-yili Farg‘ona viloyati musiqali drama teatrida ustozimiz Saydali Odilov asari asosida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, rejissyor Marat Azimov tomonidan “Ahmad Farg‘oniy” tarixiy dramasining sahnaga qo‘yilishi nafaqat vodiyda, respublika miqyosida katta hodisa bo‘ldi. Farg‘onamizning fidoyi, zahmatkash so‘z san’atkoriga 100, 130 yoshlarga kirganda ham ijoddan toliqmasligini tilab qolaman.

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev, adabiyotshunos olim:

– Erkin Vohidov degan hodisa o‘zbek milliy ruhiyatining o‘lmasligini saqlab qolgan, o‘zbekka o‘zbek ruhiyatini qaytarib berishning uddasidan chiqqan juda kamsonli so‘z san’atkorlaridan. Masalan shoir aytadi:

Menga qulluq qilma, yurt tuprog‘in o‘p,

Unga qullar emas, fidolar kerak.

Uning senu mendek shoirlari ko‘p,

Buyuk elga endi daholar kerak.

Bu gapni aytmoq uchun yonib yotgan bir yurak kerak edi. Bu millatga oxiri bo‘lmagan buyuk muhabbat kerak edi. Erkin Vohidov ijodi bilan shu ishni qila oldi.

Anvar Obidjon aytmoqchi bo‘lgan fikrini judayam yetib boradigan qilib, tikan va hajvga o‘rab yozgan adabiy hodisa. Uning hajviy she’rlaridan kulib rohatlanmaysiz, uning tagida hamisha bir chimdim zahar bo‘ladi kishini o‘yga, tafakkurga chorlaydigan.  Masalan, dastlabki she’rlaridan birida yozadi:

Men kuylayman nega voh, lalay-lalay,

Yig‘lamaslik uchun oh, lalay-lalay.

Bunday qarasangiz, “lalay-lalay” deyayotgan bitta odam, lekin o‘sha “lalay-lalay”ning zamirida katta dard borligini ilg‘amay ilojingiz yo‘q.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 355
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21317
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//