Ma’lumki, Buxoro vohasi Markaziy Osiyo islom madaniyatining yirik o‘choqlaridan, shuningdek, turkiy davlatchilik an’analari gurkirab rivojlangan hududlardan biri hisoblanadi. Turon davlatining hukmdori Alp Er To‘nga (Afrosiyob) Buxoroda dafn etilgani yoki uning mazkur hududda ko‘plab shaharlar qurdirgani ham Buxoro Turon davlatining markaziy nuqtalaridan ekanini ko‘rsatadi. Qadimgi rivoyatlar va ayrim yozma manbalarga qaraydigan bo‘lsak, Turondagi ikki o‘lka – Xorazm va Buxoro qadimdan Markaziy Osiyodagi turkiy davlatchilik beshigi sifatida bot-bot tilga olinadi. Biz quyida milodning V asr o‘rtalari – VI asr oxirida Buxoro vohasida turkiy tarix izlari, turkiy hukmdor va malika faoliyati, turkiy urug‘larning vohaga ko‘chib kelishi haqida to‘xtalamiz. Afsuski, sovet davrida yozilgan ayrim adabiyotlarda mazkur davr nafaqat Buxoroda, balki Xorazm, Farg‘ona va Naxshob kabi viloyatlarda ziroatchilikning inqirozi, sug‘orish inshootlarining vayron qilinishi, yirik qishloq va shaharlarning huvillashi kuzatiladigan davr deb qaralgan va bu hozirgi ba’zi tadqiqotlarda ham ko‘zga tashlanadi. Ammo keyingi izlanishlar bu davrda eftaliylar va turklarning vohada markaziy o‘rinni egallaganini, tushkunlik davri emas, balki turkiy davlatchilikning yangi bosqichiga qadam qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Masalan, tarixshunoslikda eftaliylar davlatining poytaxti Patien-Poykent bo‘lishi mumkinligi, kelib chiqishi turkiylardan bo‘lgan Eltegin ismli hukmdorning Buxoro vohasida davlat boshqargani yoki Somoniylar davlati asoschisining ham ushbu vohadagi turkiy urug‘lar bilan bog‘liq bo‘lgani haqida qarashlar mavjud.
III-IV asrlar Markaziy Osiyoga ko‘plab migratsiyalar amalga oshirilgan davr edi. Szin sulolasi (265–419) yilnomalarida Kangyuy davlati qarorgohini Sirdaryo qirg‘oqlaridan janubga – So‘g‘dga ko‘chirgani aytiladi. IV asr o‘rtalarida Ammian Marsellin Markaziy Osiyoda xion qabilalari, kushon-kidariylari siyosiy maydonda paydo bo‘lganini yozadi. Migratsiyalar katta miqyosda bo‘lib, u Buxoro vohasini ham chetlab o‘tmagan. IV asr boshlarida Buxoro vohasida o‘troq ziroatkorlar manzilgohlariga tutash hududlarda Qovunchi madaniyati vakillarining ta’siri kuzatiladi (Setalak madaniyati). E.V.Rtveladze fikricha, IV asrning birinchi yarmida Buxoro vohasi ikkita alohida mustaqil hukmdorlikka bo‘lingan: biri avtoxton, ikkinchisi esa vohaning janubi-g‘arbida joylashgan, kelib chiqishi yuechji ittifoqi tarkibiga kirgan ko‘chmanchilardan bo‘lgan. Yuechjilar xitoyshunos olim A.Xodjayev fikricha o‘g‘uzlar bo‘lishi mumkin. Sh.Kamoliddinov Buxoro toponimining uncha qadimiy emasligi va ilk o‘rta asrlarga taalluqli bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Ayrim tarixchilar Buxoro atamasining eftaliycha “buqaraq” so‘zidan kelib chiqqani va “mis shahar” degan ma’noni ham berishini aygan. Shuningdek, shaharning VI asrda paydo bo‘lgani va bu nom Buxoroning Eltegin ismli hukmdori qurdirgan budda monastiri bilan (pwx’r so‘zi so‘g‘diychaga sanskritcha vihara orqali o‘tgan) bog‘laydilar.
Narshaxiyning “Tarixi Buxoro” asarida keltiriladi: “Samarqand tarafda bir katta daryo borki, uni “Rudi Mosaf” – “Mosaf daryosi” deb ataydilar. Bu daryoga ko‘p suv yig‘ilgan, u bir talay yerlarni yuvib-o‘pirib ko‘p loyqalarni surib kelgan va natijada botqoqliklar to‘lib qolgan... So‘ng suv oqib kelishi to‘xtadi... Bu loyqalar bilan to‘lgan mavze Buxoro bo‘lib qoldi... Odamlar Turkiston tomondan kelar edilar. Bu viloyatlarda suv va daraxtlar, ov qilinadigan jonivorlar ko‘p bo‘lganidan kishilarga bu viloyat xush kelib shu yerga joylashdilar. Ular avval chodir va o‘tovlarda yashar edilar, so‘ng vaqt o‘tishi bilan odamlar yig‘ilib imoratlar qurdilar. Xalq ko‘paygach bir kishini saylab amir qildilar: uning nomi Abro‘y edi. Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan: lekin qishloqlardan ba’zilari paydo bo‘lgan edi: Nur, Harqonrud, Vardona... shular jumlasidandir. Podshoh turadigan katta qishloq Boykand – Poykand edi”. Uning bu ma’lumotlaridan ko‘rish mumkinki, Buxoro vohasiga odamlar Turkistondan (hozirgi Janubiy Qozog‘iston emas, “Cho‘li Turkiston” deb atalgan Navoiy viloyati Navbahor va Qiziltepa hududi, Zarafshon daryosining shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘i bo‘ylab Qoratov va Zarafshon daryosi oralig‘ida joylashgan) turkiy urug‘lar kelishi natijasida aholi zichlashgan va chodirlarda yashagan qatlam asta-sekin o‘troqlasha boshlagan, yirik qishloq-shaharlar qad ko‘targan.
Buxoroda “xun” nomi ostida ikkita asosiy hukmdorni ko‘rish mumkin. Ta’kidlash joizki, bu hammaga ma’lum bo‘lgan milodning boshlarida Xitoyning shimoliy chegaralarida ulkan davlat qurgan xunlar emas, balki ushbu atama ostida oq xunlar/eftaliylar va turklarni tushunish kerak. Xususan, tangalarda uchraydigan xun so‘zini G‘.Boboyorov va A.Kubatinlar turklarga nisbatan ishlatilganini yozganlar. “Xun” etnonimi So‘g‘dda V asrdan boshlab uchrashini Samarqandda kidariylar tomonidan yaratilgan baqtriycha “o‘g‘lar xun” so‘zi bitilgan muhr ham tasdiqlaydi. Buxoroxudotlar tanga guruhida pwx’r xwâ xn/wn/wk – Buxoroning Khunak yoki Khanuk hukmdori degan so‘g‘dcha yozuv bor. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, biz turkiy kelib chiqishga ega deb taxmin qilayotgan Buxorodagi hukmdorlar ham ismiga “xun” so‘zi qo‘shilgan holda manbalarda eslatilgan bo‘lib, biri Buxoroning taniqli malikasi Xunak xotun va hukmdor Xunakxudotdir.
Xunak xotun VII asrning oxirlarida Buxoroda hukmdor bo‘lgan malikadir. U manbalarda Qabaj xotun, Xo‘tak xotun yoki Xotun nomlari bilan keltiriladi. Ushbu malika Buxoro tarixiga oid yozma manbalar orqali bizgacha ma’lum bo‘lgan ilk mahalliy malikalardan biridir. Uning bir tomondan Xotun, ya’ni malikalarga berilgan turkiy unvon bilan uchrashi, ikkinchi tomondan Qabaj nomi turkiy asosga borib taqalishi (“qaba” – mustahkam, baquvvat, “og‘och” – daraxt degan so‘zlardan iborat bo‘lib, hayot daraxti, kuchli, baquvvat daraxt ma’nolarini anglatadi) va Xo‘tak xotun emas (arab yozuvida nuqtalarning ortiqcha qo‘yilishi bilan noto‘g‘ri o‘qilgan), balki Xunak xotun ekani ham turkiy malika ekaniga shubha qoldirmaydi. Buxorolik malika xususida ma’lumotlar kam, eng mukammalrog‘i Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy)ning “Tarixi Buxoro” (Buxoro tarixi) asarida keltirilgan. Asarda U taxminan 673/680–695-yillarda yashagan. Eri vafotidan so‘ng taxtga chiqadigan valiahd o‘g‘li yosh bo‘lgani uchun uning o‘zi Buxoroni 15 yil boshqargani manbalardan ma’lum.
“Tarixi Buxoro” (Buxoro tarixi) asarining muallifi Muhammad ibn Ja’far bu malika haqida quyidagi ma’lumotlarni keltirgan: “Bidun Buxorxudot o‘lgan vaqtda undan bir emadigan o‘g‘il bola qoldi; uning nomi Tag‘shoda edi. Bolaning onasi bo‘lgan xotun taxtga o‘tirdi va o‘n besh yil hukmronlik qildi. Uning davrida arablar Buxoroga kela boshladilar; har gal kelganlarida xotun ular bilan sulh tuzar va mol berar edi. Aytishlaricha, uning davrida undan ko‘ra donoroq bironta ham kishi bo‘lmagan; u donolik bilan hukmronlik qilar va xalq unga itoatda edi. Uning odati shunday ediki, u har kuni otga minib Buxoro hisori darvozasidan tashqari chiqar va “Alaffurushlar darvozasi” deb atalgan Registon darvozasiga kelib taxtga o‘tirar, uning oldida esa g‘ulomlar, xoja sarolar, ya’ni bichilgan qullar va ulug‘ kishilar turar edilar. U qishloq aholisi uchun shunday qoida o‘rnatgan ediki, har kuni dehqonlar va malikzodalardan ikki yuz nafar yigit zarrin kamar bog‘lab, qilichlarini osib xizmatga hozir bo‘lib, uzoqroqda turishar, xotin tashqariga chiqqach, hammalari uni olqishlashar va ikki safga tizilishar edi; xotin esa podshohlik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lar, yaxshilikka da’vat qilib yomonlikdan qaytarar, istagan kishisiga sarpo kiygizib, istagan kishisiga jazo berar edi. Shu tarzda ertalabdan to tushgacha o‘tirib, so‘ng hisorga qaytib kirar, dasturxonlar chiqarib hamma xizmatkorlariga taom berar edi. Kechga yaqin ham xotin shu yo‘sunda tashqari chiqib taxtga o‘tirar, (haligi) dehqonlar va malikzodalar ikki saf bo‘lib uning xizmatida turishar edi; quyosh botgach, xotin taxtdan turib otga minar va qasrga qarab, yo‘l olar, yigitlar esa o‘z vatanlariga – qishloqqa qaytar edilar. Ertasi kuni boshqa jamoa kelib shu sifatda xizmatda bo‘lar va nihoyat, navbat yana o‘sha (avvalgi) jamoaga kelib yetar edi. Shu tarzda har bir jamoa bir yilda to‘rt marotaba (xizmatga) kelishi lozim edi”. Ushbu asarda Qabaj xotunning ismi Xotun (qadimgi turkiycha qatun) shaklida keltirilgan. Abu Ja’far at-Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” (IX asr) asarida esa ushbu malikaning ismi Qabaj xotun shaklida keltiriladi. 54/673-674-yillarda UbaydAlloh ibn Ziyod Toxaristondan Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘iga o‘tib, Movarounnahr o‘lkasiga kiradi. Arab qo‘shinlari Buxoro tomon yurib, Poykand va Ramitonni egallaydi. Ubaydulloh ibn Ziyod Buxoroga yaqinlashganda, Xunak xotun turk xoqoniga arablarga qarshi harbiy yordam berishni so‘rab, elchi yuboradi. Turkiy xoqon ko‘p o‘tmay o‘z qo‘shinlari bilan Buxoroga yetib kelib, arablar bilan jangga kirishadi, ammo mag‘lubiyatga uchrab, qochishga majbur bo‘ladi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Turk xoqoni Qabaj xotun tarafida turib arablarga qarshi urush qilish uchun Buxoroga kelgan.
Abu Ja’far at-Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” asarida yozilishicha, Ubaydulloh ibn Ziyod turklar bilan Buxoroda uchrashganda ularning hukmdori Qabaj-Xotun bo‘lgan, u arablar bilan noteng jangda yengilib chekinishga majbur bo‘lganida, yo‘lda uning boshmog‘i (oyoq kiyimi)ning bir poyi tushib qoladi va shu davrda ikki yuz ming dirhamga baholangani aytilgan. Ba’zi havaskor tarixchilarning ta’kidlashicha, bu rivoyatdagi bejirim oyoq kiyimning tushib qolishi sahnasi keyinchalik Zolushka ertagidagi boshmoq voqeasi uchun asos bo‘lgan. Shuningdek, Qabaj xotunni ilk “Turkon xotun” deb atash mumkin, chunki uning boshqa ismi Xunak xunlarga, ya’ni turklarga oid malika degan ma’noni anglatadi.
Ikkinchi shaxs Xunakxudot haqida gapiradigan bo‘lsak, u ham ilk o‘rta asrlardagi turkiy hukmdorlardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Tarixchi Narshaxiy Buxoroning qarorgoh qal’alaridan biri bo‘lgan Varaxsha haqida yozarkan “Uni Buxorxudot bino qilgan bo‘lib, qurilganiga ming yildan ortiqroq vaqt o‘tgan. Bu qasr ko‘p yillardan beri vayron bo‘lgan va qarovsiz qolib ketgan edi, Xunukxudot (Khnk Khudah) uni qaytadan tuzatdi”, deydi. Mavjud ma’lumotlar saroyni “ming yildan ko‘proq vaqt oldin” qurgan anonim Buxorxudotni aniqlash uchun yetarli emas. Ammo bu hikoyaning ikkinchi timsoli Xunukxudot (Khnk Khudah), albatta, tarixiy shaxsdir. Ushbu shaxs “Tarix-i Buxoro” asarida 707 arablarga qarshi kurashgan Buxoro yetakchilaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqotchilar uning kimligini aniqlashtirishga harakat qilgan, ismida khudah komponentining mavjudligi bu shaxs Markaziy Osiyoning boshqa kichik voha hukmdorlari – Buxorxudot, Vardanxudot, Chag‘onxudot, Xuttalxudot, Samanxudot va boshqalar bilan birga tilga olingan. Biroq uning ismi Xunuk (Khnk) nomi bilan o‘sha davr manbalarida na bir udel, na bir qishloq borligi eslatilmagani kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Uning arablarga qarshi koalitsiyada ishtirok etishi va Varaxsha saroyini qayta tiklaganiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu uning o‘sha davr uchun yirik qo‘mondon va oliy shahzodalardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.
Tadqiqotchi A.Naymark Xunuk ismini “Xunak/Xanuk” (Khunak/Khanuk) sifatida o‘qigan, Likoshin esa Xunuk-xudot deb o‘qigan. Xunuk/Xunak/Xanuk ismli mahalliy hukmdor (?) Ya’qubiyning “Ta’rix” asarida keltirilgan: “...Xunuk (Khnk) Abu Shukr Buxorxudot Kurmagxanun (khatun?) an-Nufasiy turklar boshiga keldi”. Tadqiqotchi uni Narshaxiydan farqli o‘laroq, Xunuk (Khnk) ismi unvon emas shaxs nomi ekanini ta’kidlagan. Bizning fikrimizcha, Buxorxudot Xunuk (Khnk) ismida “xun” etnosi, ya’ni turklar bilan bog‘liqlikni ko‘rish mumkin. Shuningdek, Varaxshani tiklagan hukmdor Xunukxudot (Khnk Khudah) va arablarga qarshi ittifoqda qatnashgan Xunukxudot ikkita alohida shaxs bo‘lishi mumkin. Yoki Xunukxudot (Khnk Khudah) atamasiga kelib chiqishi chjaovu (toxar/yuechji), xun (oq xun/eftaliy yoki khn/sharqiy turklar(?)) – unvon deb qarash kerak. Xunukxudotni aynan mahalliy hukmdor deb qabul qilish kerak emas, xudot unvoni qabul qilgan tashqi unsur deb tushunish mantiqliroq, masalan, Qutaybaga qarshi chiqqan Vardanxudot ham VIII asr boshlarida Turkistondan kelgani aytiladi. S.Shtark ham VI-VIII asrlarda Poykent, Vardana, Panj kabi tumanlarda turklardan bo‘lgan kichik voha shahzodalari hukm surganini yozadi. Chunki Ya’qubiy keltirgan uning turklar yo‘lboshchisi ekani aniq ko‘rinadi. Poykent eftaliylardan keyin ham unga sharqdan kirib kelgan turklarning markazi bo‘lganini ko‘rish mumkin. Unga To‘n Yabg‘u-xoqonning jiyani shahzoda Nishu Kan-shad hukmronlik qilgan.
Ko‘rib turganimizdek, Buxoroning ilk o‘rta asr turkiy tarixi juda qiziqarli va tortishuvli masalalarga boy. Biroq bu xususida tadqiqotlar salmog‘i juda kam. Ming yillar mobaynida ushbu voha ham so‘g‘d, ham yuechji (o‘g‘uz), xun-oq xun-turk etnik guruhlarining birgalikda yashagan hududlaridan biri bo‘lgan. Ayniqsa, V–VII asrlarda bu yerda turkiy omil ustunlik qilganini (boshqaruvda va shaharsozlik madaniyati) ta’kidlash joiz. Bu davr mintaqa hayotida inqirozga yuz tutish emas, balki voha aholisining ko‘chib kelishlar hisobiga ko‘payishi, sug‘orish inshootlarining qayta tiklanishi, boshqaruvda ayol hukmdorning mavjudligi, savdo va hunarmandchilik markazlarining ko‘payishi kabi ilg‘or qadamlarga boy bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.
Feruza DJUMANIYAZOVA,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy. Buxoro tarixi. Fors tilidan A.Rasulev tarjimasi. Mas’ul muharrir A.O‘rinboyev. – Toshkent: Fan, 1966.
2. Адылов Ш.Т. Из политической истории Западного Согда (в свете проблемы «тирании Абруя» и тюрко-сасанидского конфликта) // Ўзбекистоннинг моддий маданияти тарихи. – Самарқанд: 2012. – №37. – 103-11.
3. «История» ат-Табари. Избранные отрывки / Перевод с арабского В.И.Беляева. Дополнения к переводу О.Г.Большакова и А.Б.Халидова. Ташкент: Фан, 1987.
4. Камалиддин Ш.С. О роли женщин в тюркском обществе // O‘zbekiston xotin-qizlari: kecha va bugun (ilmiy-amaliy konferensiya ma’ruzalari, 23-dekabr, 2004-y). T.: 2005. – 19-20-betlar.
5. Muhammadjonov A.Qadimgi Buxoro (arxeologik lavhalar va tarix). –Toshkent: Fan, 1991.
6. Shishkin V.A. Varaxsha. M., 1963.
7. Otaxo‘jayev A. Ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo sivilizatsiyasida turk-sug‘d munosabatlari. – T.: ART-FLEX, 2010.
8. Якубовский А.Ю. К вопросу об этногенезе узбекского народа. Изд-во Уз ФАН. – Ташкент, 1941.
Tarix
Adabiyot
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q