San’at nomli ummon uch irmoqdan suv ichadi: tasvir, so‘z, musiqa. Bulardan tasvir va so‘z san’atining eng qadimiy namunalari muhrlangan holda bizgacha yetib keldi. Xo‘sh, musiqaning qismati ne kechdi? Olimlar musiqani quyidagicha davrlashtiradi:
• Eramizdan avvalgi davr (Prehistoric);
• Antik davr (Qadimgi Misr, Yunoniston, Rim);
• O‘rta asrlar davri (V–XIV);
• Uyg‘onish davri (XIV–XVI);
• Barrokko davri (XVII);
• Klassik davr (XVIII);
• Romantizm davri (XIX);
• Zamonaviy musiqa davri (XX...).
Eramizdan avvalgi davr musiqasi og‘izdan og‘izga o‘tgan holda avloddan avlodga yetkazilgan. Bu an’ana to musiqa notalarini ifodalovchi belgilar shakllantirilmaguncha davom etgan (Gap hozirgacha biz qo‘llaydigan “Do, Re, Mi, Fa, Sol...” haqida bormoqda). Ibodatxonalarda diniy qo‘shiq kuylarini yodlash uchun yosh rohiblardan ko‘p mashaqqat va uzoq fursat talab etilgan. Bunda ham og‘zaki o‘rganish ijro vaqtida adashishga va xatolikni improvizatorlik bilan yopishga sabab bo‘lardi. Shu tariqa kuylar yildan yilga o‘zgarib bordi. Musiqiy merosni aslicha saqlab qolish ehtiyoji notalar alifbosi yaralishiga zamin yaratdi. (Notalar alifbosiga qadar musiqiy belgilar Qadimiy Misrda piktografik, Bobilda mixxat, Yunonistonda alifbo hafrlari bilan ifodalangan. Ammo bu belgilar tovushning faqat baland-pastligini ifodalash uchun qo‘llangan, xolos. Lekin davomiyligini ifodalay olmagan.)
Antik davr musiqachilari bir vaqtning o‘zida ham kompozitor, ham ijrochi bo‘lishgan. Yozma musiqiy notalar hali shakllanmagan bu davrda ijro vaqti kiritilgan improvizatsiyalar borligi uchun hozirgi tadqiqotchilar asl kuyni topishga qiynalmoqdalar.
O‘rta aslarga kelib musiqiy tovushlarni ifodalash uchun grafik belgilardan: chiziqchalar, nuqtalar, vergullar va ularning turli birikmalaridan foydalanildi. Bu davrda boshqa xalqlardan farqli ravishda slavyan qabilalari musiqiy tovushlarni ifodalashda tasvirli belgilardan, masalan, qayiq, o‘q, qilich kabi suratlardan foydalangan. Bu notalar tizimining umumiy nomi “bayroq yozuvi” deb atalib, u 80 ta tasvirdan iborat edi (Shu sababdan qadimiy rus xalqlarining musiqiy merosi haligacha o‘rganilmoqda).
Biz hozirda foydalanadigan notalar alifbosi o‘rta asrlar davrida shakllangan bo‘lib, asoschisi Guido d'Arezzo (990–1050), Florensiya yaqinidagi Arezzo shaharchasi rohibi edi. O‘sha davrlarda rohiblar shahar ahli va ma’bad talabalariga diniy qo‘shiqlarni og‘zaki tarzda o‘rgatar, bu ta’lim tizimi 10 yil muddatni talab etardi. Guido talabalari mustaqil o‘rgana olishi uchun tovushlarni notalar (lot. “belgi” ma’nosini bildiradi) bilan belgilay boshladi. Bunda kvadratlar to‘rtta parallel chiziqdan iborat nota ustuniga joylashtirildi. Guido nota ustunini chizishda qizil, qora, sariq ranglardan foydalangan (Hozirda bu chiziqlar beshta va notalar qovunsimon doirachalar bilan ifodalanadi). Tovushlar nomini eslab qolish oson bo‘lishi uchun Yahyo-Cho‘qintiruvchi sharafiga bag‘ishlangan madhiyadan foydalanadi. Bu madhiya uchun o‘zi kuy ham yozdi. Kuyda har misra oldingisidan bir pog‘ona balandroq boshlanardi. Ushbu misralarning birinchi bo‘g‘ini notalar alifbosiga asos bo‘ldi:
Ut queant laxis
Resonare fibris
Mira gestorum
Famuli tuorum
Solve polluti
Labii reatum Sancte Ioannes!
(Lotinchadan tarjimasi: “Biz, qullaring sening mo‘jiza yaratuvchi yaxshi amallaringni madh etishi uchun, o, Avliyo Yahyo, shirk bosgan og‘zimizdan gunohlarimizni yuvib tashla”.)
Oradan besh asr o‘tib, Guidoning musiqiy alifbosidagi birinchi nota “do” belgisiga almashtirildi. Farazlarga ko‘ra, “do” belgisi “dominos” – “rabbiy” so‘zidan olingan deb hisoblanadi. Keyinchalik italyan musiqashunoslari tomonidan “Si” (ingliz tili davlat tili hisoblanuvchi mamlakatlarda alifbodagi “C” harfining o‘qilishi bilan adashtirmaslik uchun musiqiy nota “Ti” deb belgilangan) notasi qo‘shildi. Bu belgi “Sancte Ioanes” (“Avliyo Yahyo”) nomi qisqartmasidan olingan bo‘lib, 1574-yil fanga kiritilgan.
Shu tariqa yer yuzida yagona til – musiqa tilining alifbosi shakllandi.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q