Har yili oktyabr va dekabr oylarida dunyodagi eng nufuzli va keng ko‘lamli mukofot sanalmish Nobel mukofoti natijalarini kutishga, tahlil qilishga odatlanib qolganmiz. Nomzodlarni oldindan taxmin qilishning ham, sovrindor bo‘lganlarning hayoti hamda ilmiy-ijodiy muvaffaqiyatlari haqida o‘rganish ham o‘zgacha zavq beradi. Ayniqsa, adabiyot va tinchlik yo‘nalishi g‘oliblarining intiqib kutiladigan ma’ruzalarini-ku aytmasa ham bo‘ladi. Sirasi, bu yil mazkur mukofotga kimlar “qaysi karomati” uchun loyiq ko‘rildi? Gap shu haqda boradi.
Mamlakatlar tanazzuli sabablari, institutlarning iqtisodiy farovonlikka ta’siri
2024-yilgi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti “institutlarning shakllanish jarayonlari va ularning iqtisodiy farovonlikka ta’sirini tadqiq qilgani uchun” Massachusets texnologiyalar instituti professorlari Daron Ajemo‘g‘li, Saymon Jonson va Chikago universiteti professori Jeyms Robinson uchligiga berildi.
Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson o‘zbek ziyolilariga yaxshigina tanish. Ularning hammualliflikda yozilgan “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” (“Why Nations Fail: The Origin of Power, Prosperity and Poverty”, 2012) nomli asari allaqachon tilimizga tarjima qilinib, o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Mazkur tandem qalamiga mansub “Tor yo‘lak: davlatlar, jamiyatlar va ozodlik taqdiri” (“The Narrow Corridor: States, Societies and Fate of Liberty”, 2019) asari ham jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Iqtisodiyot bo‘yicha mukofot qo‘mitasi raisi Yakob Svensson: “Mamlakatlar o‘rtasida daromadlardagi katta tafovutni kamaytirish zamonamizning eng katta muammolaridan biridir. Mukofotlanganlar ushbu maqsadga erishishda davlat institutlarining muhimligini ko‘rsatib berishdi” - deya ta’kidlagan.
“Kun kelib oramizda hibakusyalar qolmaydi…”
Tinchlik yo‘nalishidagi mukofot Nihon Hidankyo nomli yapon tashkilotiga nasib etdi. Qo‘mita mazkur tashkilotni “yadro qurollaridan holi dunyo yaratish uchun qilgan harakatlari va boshdan kechirganlarning guvohligi bilan yadro qurollarini boshqa hech qachon qoʻllamaslik kerakligini isbotlagani uchun” munosib deb topdi. Yaponiya atom va vodorod bombalaridan jabr ko‘rganlar konfederatsiyasi yoki qisqa qilib aytganda, Nihon Hidankyo - 1956-yilda tashkil topgan, Hirosima va Nagasakidagi dahshatli portlashdan aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qiluvchi ijtimoiy tashkilot. Hirosima va Nagasaki fojiasidan omon qolganlar “Hibakusya” deb ataladi.
Tashkilot lobbizm bilan shug‘ullanadi, ya’ni Yaponiya hukumatidan jabrdiydalarga e’tiborni oshirishni, boshqa hukumatlardan esa yadro qurolini bekor qilishni so‘raydi. Ularning faoliyati minglab guvohlarning hikoyalarini yozib olish, qarorlar va jamoatchilik murojaatlarini e’lon qilish hamda global yadro qurolsizlanishini targ‘ib qilish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi turli xalqaro tashkilotlarga har yili vakillar yuborishni o‘z ichiga oladi.
“Kun kelib oramizda tarixning jonli guvohlari bo‘lgan hibakusyalar qolmaydi. Biroq kuchli xotira madaniyati va doimiy intilishlar tufayli Yaponiyadagi yangi avlodlar guvohlarning maslagini davom ettirishmoqda. Ular butun dunyo xalqlariga ilhom berish va ma’rifat tarqatish bilan shug‘ullanmoqda. Shu yo‘l bilan insoniyatning tinch kelajagi uchun dastlabki omil hisoblanmish yadro qurolini qo‘llashga bo‘lgan taqiqni saqlab qolishga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar” - deyiladi qo‘mita bayonotida.
Mukofotni qabul qilish kunida tashkilot asoschilaridan biri, hibakusya Terumi Tanaka Nihon Hidankyo nomidan nutq so‘zladi. Ma’ruzasida aytishicha, fojia vaqtida Terumi 13 yoshda bo‘lgan ekan. Qolaversa, janob Tanaka nutqi davomida tashkilotning “yadroviy tabu” masalasida qanchalik muhim o‘rin tutgani, so‘nggi salkam sakson yil ichida urushlarda yadro qurolidan foydalanilmagani, ammo bugungi qaltis vaziyatda yadroviy tabu masalasi xuddiki avvalgi kuchini yo‘qotib borayotgandek tuyulayotganidan ruhi cho‘kkani hamda ta’bi xira bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Kecha 10-dekabr sanasida barcha sovrindorlarni taqdrilash marosimi o‘tkazildi. G‘oliblarga shved va norveg san’atkorlari tomonidan tayyorlagan maxsus diplom, 18 karat qayta ishlangan oltindan tayyorlangan Alfred Nobel siymosi bor medal va 11 million kronadan pul ham taqim etildi. Ammo eng muhimi, Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan olimlar, yozuvchi-shoirlar va tinchlikparvarlar o‘z nomlarini tarix sahifalariga muhrlab qo‘yishdi.
Sun’iy intellekt, mashina ta’limi va statistik fizika
Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi fizika bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofototini Jon Hopfil (Prinston universitetiti, Nyu-Jersi, AQSh) hamda Jeffri Hintonga (Toronto universiteti, Kanada) berishga qaror qildi. Olimlar “sun’iy neyron tarmoqlari yordamida “Machine Learning” (ehtimol, bu atamani “mashina ta’limi” deb o‘girsak to‘g‘ri bo‘lar) asosini tashkil etuvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun” mukofotga loyiq ko‘rildi. Nomzodlar statistik fizika bilan shug‘ullanishgan. Ularning ilmiy taqdqiqot va kashfiyotlari sun’iy intellekt rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Gap shundaki, Nobel qo‘mitasi bayonotiga ko‘ra, “ular fizika vositasida sun’iy neyron tarmoqlarni tarbiyalashgan”.
Bu yilgi fizika sohasidagi Nobel mukofoti sovrindorlari zamonaviy kuchli mashina ta’limining poydevorini tashkil etuvchi usullarni ishlab chiqishda fizika vositalaridan foydalanishgan. Jon Hopfild ma’lumotlardagi tasvirlar va boshqa turdagi naqshlarni saqlash hamda qayta tiklash imkonini beruvchi assotsiativ xotirani yaratgan. Jeffri Hinton esa ma’lumotlardagi xususiyatlarni mustaqil ravishda aniqlay oladigan va shu tufayli rasmlardagi muayyan elementlarni topish kabi vazifalarni bajara oladigan usulni ixtiro qilgan. Shu o‘rinda bir atamaga aniqlik kiritmoq joiz: mashina ta’limi - sun’iy intellektning bir tarmog‘i bo‘lib, u algoritmlarga ma’lumotlar to‘plamidagi yashirin andozalarni aniqlash imkonini beradi. Bu esa ularga har bir vazifa uchun aniq dasturlashtirishsiz yangi va o‘xshash ma’lumotlar bo‘yicha bashorat qilish qobiliyatini taqdim etadi. Mashina ta’limining ta’siri avtoboshqaruvli transport vositalari, dronlar va robotlarda yaqqol seziladi va ularning dinamik muhitga moslashuvchanligini oshiradi.
Oqsil, oqsil va yana oqsil
Kimyo bo‘yicha mukofotni ham uch kishi bo‘lishib oladigan bo‘ldi. AlphaFold2 dasturi asoschilari Demis Xassabis va Jon Jamper “oqsilning tuzilishini prognoz qilgani uchun”, Devid Beyker esa “oqsilning kompyuterlashtirilgan dizayni uchun” taqdirlanishdi.
Nobel qo‘mitasining rasmiy veb-sahifasidagi bayonotda ta’kidlanishicha, “2024-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti hayotimizdagi eng muhim kimyoviy qurol hisoblangan oqsillarga oid ilmiy kashfiyotlarga nasib etdi. Devid Beyker mutlaqo yangi turdagi oqsillarni yaratishdek deyarli imkonsiz vazifani uddaladi. Demis Xassabis va Jon Jamper esa 50 yillik muammoni hal qilish maqsadida oqsillarning murakkab tuzilishini oldindan aytib beradigan sun’iy intellekt modelini ishlab chiqishdi. Mazkur kashfiyotlar ulkan imkoniyatga ega”.
“Yozar ekanman, butun tanamni ishga solaman…”
Adabiyot sohasida esa uloqni janubiy koreyalik adiba Han Kang ilib ketdi va mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan ilk koreys yozuvchisi hamda ilk osiyolik ayol muallifga aylandi. Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi yozuvchini “tarixiy jarohatlarga qarshi turgan va inson hayotining nozik qirralarini ifodalagan ta’sirchan poetik nasri uchun” mukofot bilan siyladi.
Han Kang ijodiy faoliyatini 1993-yilda shoir sifatida boshlagan, nasrdagi ilk ishi esa 1995-yilda chop etilgan. Adibaning xalqaro maydonda tanilishida “Vegetarian” (2007) romanining o‘rni katta. 2016-yilda muallif aynan shu asari uchun nufuzli Buker mukofotini qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, uning “Shamol esayotir, ket” (2010), “Yunon tili sabolari” (2011), “Odamzotning ishlari” (2014), “Oq kitob” (2016) “Biz ajrashmaymiz” (2021) kabi asarlari dunyoning turli burchaklarida o‘qilmoqda.
U o‘z ijodida tarixiy jarohatlar va ko‘zga ko‘rinmas qoidalar to‘plamiga duch keladi va har bir asarida inson hayotining nozikligini ochib beradi. U tana va ruh, tirik va o‘lik o‘rtasidagi aloqalardan o‘ziga xos xabardorlikka ega bo‘lib, o‘zining poetik-eksperimental uslubi bilan zamonaviy nasrda novatorga aylandi. Mukofotni qabul qilish marosimidagi nutqida Han Kang adabiyotga kirib kelishi, asarlaridagi mavzular, yozish uslubi hamda ijodidagi asosiy g‘oyalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Yozar ekanman, butun tanamni ishga solaman. Ko‘rish, eshitish, hidlash, ta’m bilish, muloyimlik va iliqlikni, sovuqlik va og‘riqni his qilish, yuragim tez urayotganini va tanamning ovqat hamda suvga ehtiyojini sezish, yurish va yugurish, terimda shamol, yomg‘ir va qorni his etish, qo‘l bilan ushlash kabi barcha sezgilarimdan foydalanaman. Tomirlarida qon aylanib yurgan o‘tkinchi mavjudot sifatida his qilayotgan jonli tuyg‘ularimni jumlalarimga singdirishga intilaman. Go‘yo elektr toki yuborayotgandek. Bu oqimning o‘quvchiga yetib borayotganini sezganimda hayratlanaman va ta’sirlanaman” - deydi muallif ma’ruzasida.
Tarix
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q