Biz ishlatadigan harflar eng birinchi xizmatkorlar va qullar uchun yaratilgan – alifbo tarixi


Saqlash
12:25 / 05.12.2024 368 0

Yozuv – insoniyat tarixidagi eng buyuk kashfiyotlardan biridir.

 

Yer sayyorasida millionlab inson, 280 ga yaqin mamlakat va 1600 dan ortiq millat bor. Bashariyat shu kungacha 3 mingga yaqin yozuv turidan foydalandi.

 

Xo‘sh, insoniyat amaldagi yozuv davriga kelguniga qadar qanday bosqichlardan o‘tdi?

 

Tovushlarni ifodalaydigan yozuv bosqichiga kelgunga qadar tugunli, tasvirli yozuv turlaridan foydalandik. Bu esa o‘z o‘rnida harfli yozuvning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.

 

Tovushli yozuvning kelib chiqishi mil.avv. 2-ming yillikka borib taqaladi. Unga Levantda yashovchi semit tillar oilasiga mansub xalqlarning xizmatkorlar va qullar toifasi uchun ishlab chiqilgan Proto-Sinay yozuvi asos bo‘lgan. (Nega aynan xizmatkorlar va qullar uchun alohida yozuv ishlab chiqilgan? degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki o‘sha davrda aholining ziyoli qatlami mixxat, iyeroglif yoki piktografik yozuvdan foydalanganlar. Bu yozuvlarni o‘zlashtirish juda qiyin hamda uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, xizmatkorlar va qullar uchun ortiqcha xarajatni talab etardi. Tovushga asoslangan harfiy yozuv esa oson va sodda edi. Shuning uchun bu yozuv Semit alifbosi deb ham ataladi.)

 

 

O‘z o‘rnida semit alifbosi ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. Unga iyerogliflar bilan bog‘liq bo‘lgan Qadimiy Misr ieratikasi, ya’ni tovushlarni ifodalovchi tasvirlar asos bo‘ldi. Bunda tasvirda ko‘rsatilgan narsaning Nomi qaysi tovush bilan boshlansa, tasvir o‘sha harfni ifodalagan.

 

Semit alifbosidan Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va asosan, Finikiya davlati keng foydalangan. Keyinroq savdo munosabatlari hamda istilolar tufayli bu alifbo boshqa hududlarga ham tarqalgan va bu alifboni o‘zlashtirgan xalq o‘z til tabiatidan kelib chiqib unga o‘ziga xos o‘zgartirishlar kiritgan. Natijada ikki yirik yozuv oilasi vujudga keldi. Bular:

 

Ge’ez yozuv oilasi;

Finikiya yozuv oilasi.

 

Ge’ez yozuvidan, asosan, Sharqiy Afrika, Efiopiya va Eritreya davlatlarida foydalanilgan.

 

Ge’ez alifbosi 26 harfdan iborat bo‘lgan qadimiy yozuvlardir. Har bir harf boshqa bir harfga unli harakat bilan bog‘langan. Hozirgi kunda amaldagi amxara, tigray, harari va tigriniya yozuvlariga asos bo‘lgan.

 

 

Finikiya yozuv oilasi bugungi kunimizda dunyo bo‘ylab iste’moldagi deyarli barcha yozuvlarning ildizidir. Vaholanki u ham ikki yirik yozuv tizimiga asos bo‘ldi:

 

Abjat yozuv tizimi;

Abugida yozuv tizimi.

 

Abjat (bu atama 1996-yilda fanga kiritilgan) yozuvi – tarkibi faqat undosh tovushlardan iborat bo‘lgan alifbodir. Ibroniy, suryoniy, somiy, oromiy, arab alifbolari abjat yozuv tizimiga mansubdir.

 

Abugida (bu atama fanga Piter T.Deniels tomonidan kiritilgan) yozuv tizimining boshlang‘ich nuqtasi yunon alfabitidir. (Alfabit so‘zi yunoncha alifboning “alpha” va “beta” nomli birinchi va ikkinchi harflari qo‘shilmasidan olingan bo‘lib, “alpha” – “ho‘kiz”, “beta” – “uy” ma’nosini ifodalaydigan so‘zning birinchi tovushiga asoslanadi.) Greklar finikiyaliklar o‘zlashtirgan 22 undosh harfli alifboga 4 ta sof unli va 2 yarim unli tovushlarni ifodolovchi harf belgilarini qo‘shib, 24 ta unli va undosh harfdan iborat ilk mukammal alifboga asos soldilar. (Finikiya alifbosidagi undosh tovushlarni ifodolovchi 4 harf belgisini unlini {a, e, i, o} ifodolovchi harf deb belgiladilar va yarim unlini ifodolovchi ikki yangi harf {y, h} qo‘shdilar. 22 harf ichidan 4 harf o‘zgarishi va 2 harf qo‘shilishi natijasida 24 harfdan iborat alifbo yaraldi.) Yunonlarning yana bir kashfiyoti abjat yozuvidan farqli ravishda chapdan o‘ngga tomon yozishni yo‘lga qo‘ygani bo‘ldi. Albatta bu usul bosqichma-bosqich amalga oshirildi: avvaliga toq qatorlar chapdan o‘ngga, juft qatorlar esa o‘ngdan chapga tomon yozilgan bo‘lsa, keyinroq butkul chap qo‘l qoidasi ommaviylashdi. (Yunonlar metall, mato, tosh, suyak kabi buyumlarga yozishgani tufayli buyumni o‘ng qo‘lda tutgan holda chap qo‘lda yozishni qulay hisoblaganlar.)

 

 

Yunon yozuvi ommalashib ikki katta oqimga ajraldi:

 

Sharqiy oqim (Etrusk);

G‘arbiy oqim (Glagolit).

 

Sharqiy oqimda yunon yozuvi savdo aloqalari tufayli qo‘shni mamlakatlarga tarqalgan. Lotin yozuvi paydo bo‘lish sababi ham shundan boshlandi. Rim imperiyasi yunon alifbosini o‘zlashtirib, o‘z til tabiatiga moslashtirdi. Natijada hozirda yarim yer yuzi foydalanadigan yozuvga asos bo‘lgan lotin alifbosi yuzaga keldi. O‘z navbatida lotin yozuvi ham ingliz, fransuz, ispan, italyan, nemis va shu kabi Yevropa davlatlari yozuvi shakllanishida poydevor bo‘ldi.

 

G‘arbiy oqimda yunon yozuvi ko‘chmanchilik sabab boshqa hududlarga tarqaldi. Bunda ko‘chib borgan aholi yozuvi va o‘zlashtirilgan hudud aholisining mahalliy  yozuvining integrallashuvi natijasida yangidan yangi yozuvlar vujudga keldi. Buning yaqqol misoli sifatida kiril yozuvini keltirish mumkin.

 

Kiril alifbosining paydo bo‘lishi IX asrga borib taqaladi. Bu yozuv slavyan xalqlariga masihiylik targ‘iboti uchun yuborilgan ikki missioner Kiril va Metodiy ismli birodarlar tomonidan yaratilgan. Ularning maqsadi diniy matnlarni aholiga tushunarli bo‘lishi uchun qulay yozuvda taqdim etish edi. Ulargacha slavyan xalqlari mutloq yozuvga ega emas edilar. Kiril yozuvi lotin va yunon yozuvlarining integrallashuvidan hosil bo‘lgan alifbodir. Hozirda ushbu yozuvdan Rossiya, Belorussiya, Serbiya, Makedoniya, Bolgariya va shu kabi boshqa slavyan xalqlari rasmiy davlat yozuvi sifatida foydalanadi.

 

 

Finikiya alifbosi ko‘plab yozuv tizimlarining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, unga bog‘liq bo‘lmagan holda mustaqil yuzaga kelgan boshqa yozuvlar ham mavjud. Bulardan eng yiriklari:

 

Xitoy yozuvi;

Hind yozuvi;

Turk yozuvi hisoblanadi.

 

Xitoy yozuvi mil.avv. 2 ming-asrda shakllana boshlagan. U logografik turkum sirasiga mansub bo‘lib, bunda har bir belgi ma’lum bir so‘z yoki tushunchani ifodalaydi.

 

Xitoy yozuvining qo‘shni hududlarga tarqalishi Yaponiya, Koreya va Vyetnam yozuvlarining shakllanishiga sabab bo‘ldi.

 

Hind yozuvi tarixi Brahmi yozuv tizimi bilan boshlangan va keyinchalik Devanagari, Bengali, Gurmukhi, Tamil kabi ko‘plab yozuv tizimlari shakllanishida o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bu yozuv tizimlari Hindistonning turli tillari va madaniyatlari bilan bog‘liq bo‘lib, uning boy adabiy merosi hamda diniy matnlarini saqlab qolishda haligacha katta ahamiyatga ega.

 

Turk yozuvi qadimiy turk xalqlarining yozuv tizimi bo‘lib, Göktürk (Yuqori Turk) xoqonligi davrida, VI–VIII asrlarda keng qo‘llanilgan. Ushbu yozuv tizimi runik yozuvi sifatida tanilgan va u 38 harfdan iborat edi. Har bir harf ma’lum bir fonemani (tovushni) ifodalagan. Bu tovushlar o‘zaro farqlangan va hech biri boshqasini takrorlamagan.

 

Turk runik yozuvi o‘z davrida boshqa xalqlar, ayniqsa, Mongol va Tibet yozuvi shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bugungi kunda ham Turk runik yozuvini o‘rganish jarayoni davom etmoqda, chunki u turk xalqlari tarixi va madaniy merosining ajralmas qismidir.

 

Ziyodaxon TURDIBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23698
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//