Dunyo tarixida yaratilgan buyuk asarlar, Sharq-u Gʻarbda yashab oʻtgan buyuk allomalarning kitoblarida insonni inson sifatida shakllantiradigan va namoyon qiladigan asosiy shartlardan biri axloq ekani haqida batafsil tahlillar berilgan. Masalan, bundan uch ming yildan ortiqroq davrlarda yaratilgan “Avesto” kitobi, Gʻarb-u Sharq olimlarining, xususan, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy kabi yuzlab mutafakkirlarning asarlarida axloq haqida aytilmagan gap, qilinmagan tahlil, yozilmagan xulosalar qolmagan.
Ammo, afsuski, bugun dunyo miqyosida inson axloqiga qilinayotgan hujumlar jamiyatning ogʻriqli mavzularidan biriga aylanib ulgurdi. Turli ijtimoiy tarmoqlardagi axloqsiz, barcha insoniy tuygʻular ustidan bosib oʻtib yaratilgan chiqishlar kishi shaxsini maydalashtirib, intellektni, tafakkurni oʻtmaslashtirib, jamiyat qatlamlarini tobora fahsh botqogʻiga botirib bormoqda. Axloqsizlikning jamiyat va shaxsni yemirish jarayoni uzoq davom etishi bilan tahlikali. U bilintirmasdan asta-sekin inson borligʻiga, tafakkur tarziga va hatto bora-bora genetikasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bugun jamiyatimizni xuddi shunday axloqsizlik zarpechagi chirmab olishga harakat qilmoqda. Uni vaqt borida toʻxtatmasak, odamlarimiz tobora maydalashib, iqtidori, zehniyati oʻtmaslashib boraveradi.
Keyingi yillarda shaxs va uning soʻz erkinligi taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ammo shuning barobarida turli nodavlat OAV, xususiy kinostudiyalar, ayrim yumor jamoalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda milliy qadriyatlarimizga zid boʻlgan media materiallarning koʻpayib borayotgani yangi avlod ongiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Kino va seriallardagi yotoqxonada olinayotgan sahnalar, jinsiy munosabatlarga ishoralar, ochiqdan-ochiq ayol tanasidan foydalanish; kulgi guruhlari chiqishlaridagi beldan past hazil-mutoyibalar; ijtimoiy tarmoqlardagi hayosiz juftliklar... Bunday chiqishlarning chek-chegarasi, son-sanogʻi yoʻq. Asrlar davomida avloddan-avlodga meros boʻlib kelayotgan milliy tarbiya va axloqiy meʼyorlarni mensimaslik gʻoyalari singdirilgan bunday kontentlar hech tap tortmasdan “ommaviy madaniyat”ni jamiyat hayotiga joriy etishga targʻib qilmoqda.
Farzandlarimizni bu girdobdan qutqarish masalasida jamoatchilikning fikrlari oʻqtin-oʻqtin koʻzga tashlanyapti. Ammo bu fojiali oqimni kim, qachon va qanday qilib toʻxtatadi? Bu holatda beixtiyor raqib davlat va xalqning hayotini izdan chiqarish borasidagi oʻtmishdan qolgan mashhur buzgʻunchi gʻoyalar yodga tushadi. Masalan, eramizdan oldingi VI asrdayoq qadimgi Xitoy faylasufi va harbiy arbob Sun Szi dushmanni magʻlubiyatga tayyorlash boʻyicha quyidagi “tavsiya”larni bergan.
1. Dushman mamlakatdagi barcha yaxshi narsalarni buzing.
2. Dushmaningizning koʻzga koʻringan arboblarini jinoiy ishlarga torting.
3. Dushman rahbariyatining obroʻsini toʻking va kerak paytda odamlar oldida uni uyatga qoʻying.
4. Bu narsalarni amalga oshirish uchun oʻsha mamlakatdagi eng pastkash, sotqin, jirkanch odamlar bilan hamkorlik qiling.
5. Sizga dushman mamlakatda fuqarolararo janjal va toʻqnashuvlar oʻtini yoqing.
6. Yoshlarni keksa avlodga qarshi qayrang.
7. Barcha vositalarni ishga solib, dushman davlat hukumatining ishiga xalal bering.
8. Dushman mamlakat armiyasining talab darajada taʼminotiga va u yerda tartib taʼminlanishiga har xil vositalar bilan yoʻl qoʻymang.
9. Qoʻshiq va musiqa bilan dushman jangchilari irodasini susaytiring.
10. Dushmaningiz anʼanalari va qadriyatlarining qadrsizlanishi, oʻz eʼtiqodi va xudosiga ishonchi zil ketishi uchun imkoni boʻlgan barcha ishni qiling.
11. Jamiyatda buzilishni kuchaytirish uchun oʻsha mamlakatga yengil tabiatli xotinlarni yuboring.
12. Axborotlar va hamfikrlarni sotib olish uchun sovgʻalar ulashishda iqtisod qilmang, saxiy, hotamtoy boʻling. Bu ishlar uchun pul va vaʼdalar berishda saxiy boʻling, chunki bu ishlar oʻzining ajoyib samarasini beradi.
Xitoy faylasufi bu gʻoyalarni VI asrda oldinga surgan boʻlsa-da, hozirgi kunda ham dunyoda ushbu gʻoya oʻzining shaklini, mohiyatini oʻzgartirgani yoʻq. Dunyodagi kuchli va kuchsiz davlatlar manfaatlari toʻqnash kelgan paytlarda aynan ana shu usullar bilan raqibini mahv etish choralarini koʻrmoqda.
XX asrning ikkinchi yarmidagi “sovuq urush” alangasi avj olgan paytda Amerika blokining siyosatdonlaridan biri A.Dalles qarama-qarshi tomonni mahv etish uchun quyidagicha rejani oldinga suradi: “Biz Rossiyada tartibsizlik (boshboshdoqlik) urugʻini sepib, ularning qadriyatlarini sezilmagan tarzda soxta qadriyatlar bilan almashtiramiz va ularni yangilariga ishonishga majbur qilamiz. Qanday qilib? Biz Rossiyaning oʻzidan hamfikrlarimizni, yordamchilarimiz va ittifoqchilarimizni topamiz. Bu xalq halokatining oʻz koʻlamiga koʻra ulkan tragediyasi, oʻzlikni anglashning uzil-kesil qaytarilmas soʻnishi sahnama-sahna oʻynaladi.
Masalan, adabiyot va sanʼatdan biz asta-sekin uning ijtimoiy mohiyatini yoʻq qilamiz. Rassomlarni xalq ommasining teranliklarida yuz berayotgan jarayonlarni tasvirlash, tadqiq etish zavqi bilan shugʻullanishdan mahrum qilamiz. Adabiyot, teatr, kino – bularning barchasi eng pastkash insoniy tuygʻularni tasvirlaydi va rivojlanadi. Biz inson ongiga shahvoniylik, zoʻravonlik, sotqinlik, bir soʻz bilan aytganda, har qanday axloqsizlikni majbur qilib singdiradigan ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz va koʻklarga koʻtaramiz...
Toʻgʻrilik va vijdonlilik kulgi ostida qoladi va hech kimga kerak boʻlmaydi, oʻtmish sarqitiga aylanadi, bir-birining oldidagi surbetlik va bezbetlik, yolgʻon va aldash, ichkilikbozlik va giyohvandlik, hayvoniy qoʻrquv hamda beorlik, sotqinlik, millatchilik va xalqlar oʻrtasida adovat, eng avvalo, rus xalqiga boʻlgan nafratni, – bularning barchasini biz ustakorlik bilan sezdirmasdan yoyamiz. Faqat ozchilik, juda ozgina kishilar nimalar yuz berayotganligini tushunadilar yoki taxmin qiladilar. Biroq biz bunday odamlarni ilojsiz holatga, masxara boʻladigan holatga keltiramiz. Ularni badnom qilish va jamiyatning chiqitlari deb eʼlon qilish usullarini topamiz” .
Yuqoridagi gʻoyalarning har bir satriga nazar tashlaydigan va bugun jamiyatimizning ayrim boʻgʻinlarida sodir boʻlayotgan maʼnaviy-psixologik holatlarni tahlil qiladigan boʻlsak, sanʼat va kino asarlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali aynan yuqoridagi buzgʻunchi tavsiyalarning amaliyotini va oqibatlarini yaqqol koʻramiz.
Ayrim doiralarda axloqsiz, buzgʻunchi chiqishlarni bartaraf qilish kerakligi haqida soʻz ketgudek boʻlsa, “bu demokratiya, soʻz erkinligi, inson huquqlari buzilishi boʻladi” deya qarshi chiqiladi. Ammo qachondan buyon axloqsiz xatti- harakatlarni namoyish qilish, axloqsizlikni targʻib qilish soʻz va inson erkinligi namunasi boʻlib qoldi? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarni oʻqib, etingiz uvishadi: keliniga tajovuz qilgan qaynota, qoʻshnisi bilan qilingan zino, bir necha erkak tomonidan zoʻrlangan ayol... Xoʻsh, bunday axborotlarni tarqatishdan maqsad nima? “Shunday qilsa boʻlar ekan”, degan xulosani qoʻllab-quvvatlash uchunmi? Inson shaxsiy hayotining hech kim koʻrishi, maʼlum qilinishi mumkin boʻlmagan yashirin qismi bor, ular daxlsizdir. Jamiyat hayoti ham shunday: daxl qilinmasligi kerak boʻlgan jihatlari bor, ular yozilmagan qonunlar, milliy qadriyatlar bilan tartibga solinadi.
Inson har kuni chiqindining yonida oʻtaversa, qoʻlansa hidiga, u yaratgan muhitga koʻnikib qoladi. Agar u obod manzilda yashasa, badboʻy isga, noinsoniy manzaraga chiday olmaydi. Shu maʼnoda noinsoniy axloqsiz hodisotlarni tarqatish pokiza joylarga chiqindini sochib yurishdan farq qilmaydi. Vatanini, xalqini sevgan, uni hurmat qilgan odam chiqindini joyida tozalab tashlaydi, uni yurt boʻylab sochib yurmaydi. Chiqindini yurtdoshlarining qalb-u shuuriga tarqatayotganlar, yuqoridagi ikki buzgʻunchi siyosatchi sanab oʻtgan pul, manfaat uchun sotiladigan sotqinlarga oʻxshaydi!
Soʻz, axborot erkinligi, degani fikr, tafakkur erkinligi, ommaviy axborot vositalarida fikrni erkin va yorqin ifoda qilish erkinligidir. Agar inson vatanparvar boʻlsa, shu tuproqda tugʻilib, unib-oʻsgan shaxs ekanini his qilsa, yurtini qiynayotgan muammolarni yoritadi, ularni bartaraf qilish uchun yechimlarini oʻrtaga tashlaydi. Isteʼdodini namoyon qilmoqchi boʻlsa, sogʻlom satira va yumorda ijod qiladi, kino yaratmoqchi boʻlsa, insoniyat uchun muhim boʻlgan mavzularning boshqalar koʻra olmaydigan jihatlarini tasvirga oladi. Albatta, bunday asarlarni, videomateriallarni yaratish uchun alohida salohiyat va yana mashaqqatli mehnat kerak. Axloqsizlikni namoyish etish, odamlar, ayniqsa, yoshlar yuragiga vasvasa kiritib, fahsh urugʻini sochish uchun esa hech qanday iqtidor, aqlning zarurati yoʻq. Shundanmi, bugun ijtimoiy tarmoqdagi koʻpchilik ikkinchi yoʻlni tanlamoqda.
El orasida yurib, turli insonlar bilan suhbatlashib qolganda, kishini vahimaga soluvchi holatlarni eshitib qolasan, kishi. Maktab, universitet oʻqituvchilari, professorlari bilan suhbatlashsangiz, bugungi kunda oʻqituvchilik qilish naqadar mashaqqatga aylanib qolganini anglaysiz. Boisi bugungi kunda ayrim yoshlarning adabi, tarbiyasi chidab boʻlmas darajada yomonlashib ketganini aytishadi, ular. Bu albatta, ijtimoiy tarmoqlarning salbiy taʼsiri oʻz oqibatlarini namoyon etib ulgurayotganidan dalolat, nazarimda.
Jamiyatning maʼnaviy olamida yuz berayotgan yuqoridagi kabi salbiy holatlar tahlilini yana davom ettirish mumkin. Ammo keltirilganlarning oʻziyoq ahvolimiz qay darajaga tushib borayotganini yaqqol koʻrsatadi. Maʼnaviy dunyomizni vayron qiluvchi bu holatlarni toʻxtatish uchun qonunchilik bazasini mustahkamlash, uni qayta koʻrib chiqish kerak boʻladi, bizningcha.
Avvalo, yangidan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bugungi kunda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi 541-I-sonli qonuni 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan. Undan buyon oradan 27 yil oʻtdi. Keyinchalik 2007-yil 15-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining 78-son Qonuni bilan unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Bunga ham 18 yil boʻldi. Zamon shunday shiddatkor oʻzgarmoqdaki, oʻtgan davrda dunyo globallashuvi sharoitida jamiyatimiz keskin rivojlandi, inson tafakkuri ham ikki qutbda oʻsdi – taraqqiyotga xizmat qiluvchi gʻoyalar va dunyoqarashlar rivojlanishi qatorida unga yot boʻlgan gʻoyalar ham bolalab ketdi. Natijada amaldagi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonun bugungi ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish, uning qonuniy asoslarini taʼminlashga javob bermay qoldi.
Shunday vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasining “Soʻz erkinligi kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunini dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqish va uni qabul qilish maqsadga muvofiq boʻladi. Bir qarashda bu qonun kerak emasdek koʻrinadi. Chunki jamiyatimizda inson soʻz erkinligining kafolati Asosiy qomusimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlab qoʻyilgan. Ammo soʻz erkinligining insoniy chegaralardan chiqib, tarvaqaylab ketgan bugungi sharoitda uning meʼyorlarini belgilash kerakdir?
Shuningdek, yoshlarimiz kelajagiga raxna solayotgan, bir toʻda yoshlar qadriyatiga aylanib ulgurgan axloqsizlikni bartaraf etishning huquqiy asoslarini yaratsak, maʼnaviyatimizga raxna solayotgan illatlardan xalos boʻlish mumkin boʻlar edi. Buning uchun tegishli qonun ijodkorligi idoralari jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda milliy qadriyatlarimizning oʻq tomirlaridan biri boʻlgan va bugungi kun talablariga asoslangan zamonaviy milliy axloq meʼyorlari belgilab berilgani maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi”ning 41-moddasida shaxsni haqorat qilish yoki ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida, Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali haqorat qilish uchun javobgarlik belgilangan. Mana shu norma axloqsizlikka targʻib qiluvchi video, audio va yozma materiallar joylashtirganlik yoki tarqatganlik uchun ham qoʻllanilishi boʻyicha tegishli modda Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi”ga kiritilsa, yuz berayotgan salbiy holatlarning yoʻliga toʻsiq qoʻyadi, nazarimizda.
Mizrob BOʻRONOV,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q