Adabiyot
Umr bo‘yi adabiyot, ma’naviyat sohasidan rizq terib yurgan bir kishi sifatida bugungi tezkor zamonamizga, yoshlarimizning ma’naviyat tushunchasiga bo‘lgan munosabatiga o‘z qarashlarimni aytgim keldi.
Urush yillaridan keyingi ocharchilikni, bolalar va ayollarning erkaklar bilan teng xizmat qilganini ko‘rib, shular qatorida unib-o‘sdim. Omoch tortdim, g‘allani galagov* qildim. Hayot majbur qilgan, yashashga umidni rag‘batlantirgan hech yumushdan bosh tortmadim. Buning uchun birovni ayblamayman, aksincha, qattiqqo‘l hayotdan roziman. Garchi, o‘sha paytlar ma’naviyat deb atalmagan bo‘lsa-da, insonni tarbiyalashga xizmat qilgan har qanday katta-kichik hayot sabog‘idan, odamlarning ishi, so‘zi bilan bergan tarbiyasidan ma’naviy kuch olganman, desam xato bo‘lmaydi.
Qishlog‘imizda bir kengfe’l brigadir bo‘lardi. G‘alla pishgan chog‘lar u xirmonboshi bo‘lib, galagov boshida turardi. Bir-ikki kilo bug‘doy uchun odamlar otilib ketadigan zamonda shu odam ota-onalarimizga tayinlar ekan: “Bolalaringga aytinglar, oyog‘iga kattaroq kalish kiyib kelsin! Xirmonjoydan qorong‘ida ketsin!” Chunki katta kalish bilan galagovda qatnashsak, ichiga g‘ij-g‘ij bug‘doy to‘ladi. Uni birov, deylik nazoratchilar ko‘rmaydi. Qorong‘i tushganda shu bug‘doyni belboqqa to‘kib olamiz. Bitta non bo‘ladimi, bir kosa atalaga yetadimi, shu bug‘doy bizning kunimizga yaragan.
Shu brigadir biz o‘spirinlarga yolg‘ondakam dag‘dag‘a bilan “Nimaga partiya qo‘shiqlarini bilmaysanlar, kim o‘qitayapti senlarni?” deb do‘qlab ham qolardi. Biz bug‘doy yanchayotgan eshak yo ho‘kizlarni qamchilab, do‘rillab xirgoyi qiladigan “Xirmonchi”, “Ho, mayda” kabi xalq qo‘shiqlarini bas qilib, partiyani madh etuvchi qo‘shiqlarni bilganimizcha kuylab qolamiz. Bu qo‘shiqdan murod esa yanada g‘alati: kovushlarimizda g‘ijirlayotgan, yo bexos yerga sochilib ketayotgan donning shitirlagan tovushini bildirmaslik! Qolaversa, xirmonjoyda aylanib yuruvchi partiya vakillirini chalg‘itish. Ana sizga partiya qo‘shig‘i-yu, o‘lmay yashab qolish uchun ming bir hiyla...
Bu brigadir ham ko‘p qatori chalasavod odam edi. Ammo insoniy mehr, shu el bolalarining iligi to‘q o‘ssin, degan oddiy vatanparvarligi bilan menga ma’naviyat sabog‘ini bergan.
Maktabdagi, keyin oliy dargohlardagi ayrim ustozlarning ich-ichidan o‘ksinib, mustaqillik haqida pinhon bir og‘riq bilan, har so‘zini o‘n qat qog‘ozga o‘rab gapirishi botinimizga singib bordi.
Ma’naviyat degani, birinchi navbatda Vatanparvarlik, degan xulosaga kelgunimcha ancha-muncha yo‘lni bosib o‘tdim. Chunki vatanparvar degani, avvalo Xudoni tanish, insonni sevish, bandasidan hayo qilish, degani ekan-da...
Aytmoqchi bo‘lgan mavzumdan biroz chalg‘idim, shekilli, ammo yuqoridagi gaplar ham ziyon qilmaydi, deb o‘ylayman.
Men bugungi yoshlarimizdan nolimayman, balki ularga hayrat va havas qilib yashayman. Nolimasligimga sabab – bular o‘zimizning hosillarimiz. Nimani eksang, shuni o‘rasan! Ammo ularning hayotga qarashi, o‘zgarishlarni qabul qilish darajasi, tarzi meni baribir bezovta qiladi.
Ma’naviy komillik haqida gapirganda, moddiy to‘kislik masalasi ham o‘rtaga qalqib chiqadi. Xalqimizda shunday naql bor: “Tuyaning yuki yengil bo‘lsa, baqiroq keladi.” Ya’ni, yuki yengil tuya sho‘x bo‘ladi, shataloq otadi, baqirib, egasiga ham bo‘ysunmay, olamni buzgisi keladi. Bu naql asli tuya haqida emas. Tuya shunchaki ramz. Gap biz haqimizda, odamlar haqida.
Aytadilarki, odamlar orasidan mehr-oqibat, begidir muhabbat, beta’ma yaxshilik ko‘tarilib bormoqda. Bunga biroz hayotni ko‘rgan odam sifatida men ham qo‘shilaman. Nega desangiz, hayotimiz yaxshilandi, yashash osonlashdi. Minglab yumushlarni texnika o‘z zimmasiga oldi. Biroq odamlarni mening aqlim yetmaydigan yolg‘izlik ham qurshab borayotganday. Bemor qo‘shnidan xabar olish uchun qo‘limizdagi telefon tugmasini bosib, ahvollashishga erinyapmiz yoki vaqt topolmaymiz. Vaholanki, ko‘ngilni keng qilsak, bugun hamma narsaga qo‘limiz yetadi.
Uzoqqa bormaylik, salkam 6 million tonna paxta yetkazib beruvchi yurtimiz Mustaqillikning ilk yillarida g‘alla yetishmovchiligiga duch kelgan edi. Markaziy ta’minotdan uzilgan mustaqil davlat qariyb yigirma millionlik aholini non bilan ta’minlayolmay qoldi.
O‘shanda rahbarlarimiz bir yilning o‘zida 300 ming gektar maydonni shaxsiy tomorqa xo‘jaliklariga ajratib berdi. Tomorqali bo‘lgan odamlar sal bo‘lsa-da, ovundi, o‘z aravasini torta boshladi. Paxta maydonlari keskin qisqardi. 1 million gektar sug‘oriladigan, 500 ming gektar lalmi yerga g‘alla ekildi. Ko‘rpani boshingga tortsang oyog‘ing ochilib qolayotgan, g‘alla ham kerak, kiyim-bosh ham zarur, ta’lim islohoti ham kutib turmaydigan bir pallada bunday tavakkal qilish ham bir jasorat edi.
Ushbu raqamlar va misollarni nega keltiryapman? Shaharliklar bo‘lka nonga navbatda turgan, qishloqlarda bug‘doyga arpa, jo‘xori, hatto, supurgi urug‘ini qo‘shib, tegirmonga eltayotgan 90-yillar voqeligi mening talaba yoshidagi nevaram uchun ertakning o‘zi? Bu nevaram, “Qo‘ysangizchi, bobo?” deb menga istehzoli kulib qarashi mumkin. Ammo bu yigit yoki qiz, zamonaviy texnologiyalar o‘stirayotgan avlod, ingliz tilini ham, kompyuterni ham balodek biladigan bu dilbandlar ma’naviy qadriyatlar, degan tabarruk so‘zlarga qanday qarayapti?
Nega ular Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” qasidasini titrab, anglab o‘qish, Erkin Vohidovning “O‘zbegim”ini Sherali Jo‘rayev ijrosida tani jimirlab tinglash o‘rniga, xorijda o‘qish imkoniyatini suiste’mol qilib, borgan joyi Amerika, Yevropa davlatlarida qolib ketishyapti? Yoki shu narsa ularning orzusiga aylanib qolyapti? Yoki oila qadriyatlari degan sharqona katta merosimizga nopisand qarab, olti oy ham yashamay ajrashib ketayapti? Yoxud maktabda, oliy o‘quv yurtlarida ustoz-muallimning bir og‘iz dakkisi uchun uni haqoratlab, hatto, sudga berishgacha borishyapti?
Bu kabi o‘ylantiradigan ma’naviy muammolarimiz talaygina. Balki ushbu satrlarni o‘qigan bugungi zamonaviy o‘quvchi meni zamondan ortda qolganlikda ayblar. Biroq shu zamondan ortda qolish sanalsa, men bu iddaoga roziman.
Xalqimizda “Qo‘yni o‘zining yog‘iga qovuradilar” degan ajoyib ibora bor. Bu degani hamma sabablar o‘zimizda, ya’ni hamma savolga javob biz kattalarda, desam xato bo‘lmaydi.
Biz qayerda xato qildik yoki qilyapmiz?
Yaqinda Termizda istiqomat qiladigan bir yosh do‘stimiz bilan qilgan muloqot meni ayrim fikrlarga undadi. Bank tizimida ishlaydigan bu 30-35 yoshlardagi yigitning uchta farzandi bor ekan. Bu go‘daklarning eng kichigi 3 yoshda. Ingiliz tiliga moslashtirilgan pullik bog‘chada tarbiyalanayotgan ekan. Hatto o‘sha tilda yuzgacha sanashni bilarkan. Qolgan ikki farzandining kattasi rus sinfida o‘qiydi, kichigi ingliz tili maktabiga qatnaydi. Ko‘z-u qoshi mana-man, deb o‘zbekligini aytib turgan bu go‘daklar uyda ham qariyb o‘sha tillarda so‘zlashadi, ona tilini eplab gapirolmaydi. Ota-onasi esa bundan juda xursand, albatta.
Men xalqimizning ulug‘ eposi “Alpomish” dostoni bilan shug‘ullanganman. Baxshilarimizdan bu sehrli dostonni yozib olganman. Bu doston o‘zbek tilining, ma’rifati, ma’naviyatining juda katta xazinasini o‘zida yashirgan. Bu kabi dostonlardan umrida bir martagina bo‘lsa ham miriqa olgan inson, yurt haqida, milliy ruh haqida, xalqimiz haqida shunchaki o‘ylay olmaydi. Yurt haqida qayg‘urmay o‘tolmaydi.
Men tanishgan uchala go‘dakning davrada yoki televizorda “Alpomish” tinglab, miriqishiga esa ishongim kelmaydi.
Qariyb yigirma yoshimizda, harbiy xizmatda rus tilini chala-chulpa o‘rgandik. Qolganini esa keyinchalik hayotiy ehtiyoj sabab bilib ketdik. Yoshim saksondan oshgan bo‘lsa ham, kompyuterda ishlashni o‘zimga kerak darajada bilaman. Buni o‘rganganimga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Rus tili yoki kompyuterda ishlashni o‘rgatish uchun ota-onamiz bizni sirayam pullik maktablarga bergani yo‘q. Unaqa maktabning o‘zi yo‘q edi.
Keyingi 15-20 yilda yosh oilalar orasida o‘z farzandlarini rus tili, ingliz tili, axborot texnologiyalariga, pullik ta’limga yo‘naltirish juda urf bo‘ldi. Bu albatta kerak. Bolalarimiz qancha ko‘p til bilsa, zamonaviy texnologiyalarni qancha ko‘p o‘zlashtirsa, shuncha yaxshi. Biroq...
Nima demoqchiman? Biz shu yurtning farzandi ekanmiz, shu yurtni vatan deb bilarkanmiz, ota-bobolar qabri-yu qadamjosi shu yurtda ekan, Yangi O‘zbekiston degan ovoz tobora jahonni zab etib borayotgan mamlakat bizning diyorimiz ekan, bu yurtni kim asraydi, kim qo‘riqlaydi, kim bu yurtga jonini fido etadi, kim bu yurtni sharaflaydi? Albatta, beta’ma mehri bilan shu makonni sevganlar qiladi bu ishni. Bitta narsaga qattiq ishonaman: Hamma ezgulik ona tili bilan inson ruhiga singib boradi. Tilsiz qolish, ruhning tanazzuliga olib keladi.
Aytish mumkin, Abu Nasr Forobiy yetmishdan ortiq tilni bilar edi, deb... Biroq bu zot shuncha tilni bilgani holida, avvalo o‘z ona tilini aziz tugan, o‘z ruhini omon saqlagan toza musulmon, el-yurt ravnaqi uchun umrini bag‘ishlagan alloma edi.
***
Xulosa o‘rnida ushbu so‘zlarni aytmoqchiman:
Ma’naviyat insonning hayotidagi ikkinchi quyoshdir. Bu quyosh hammaga tegishli, hammmani taniydi. Bu quyosh nuri yetib bormagan manzillarda maysalarning rangi sariq, behosil bo‘ladi. Bu quyosh nuri tushmagan daryoning suvini ichib bo‘lmaydi.
Biz o‘zimizni bu ruhga quvvat bo‘luvchi, tanni ozod saqlovchi quyosh nuridan bebahra qilmasligimiz kerak.
Bir tish qoqqan, oqsoqol yoshidagi birodaringizning sizga aytar so‘zlari shu!
Toshtemir TURDIYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Quyosh hammamizni taniydi” maqolasi
*Galagov – kombaynlar paydo bo‘lmagan paytda, g‘allani ot, ho‘kiz ko‘magida yanchish jarayoni.
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q