Buyuklarning “maydalik”lari


Saqlash
12:53 / 03.12.2024 442 0

“So‘z – yo‘qolmaydi”

 

Faylasuflar so‘zlar izsiz yo‘qolib ketmaydi deb hisoblashadi... Ular havoda muallaq osilib, atmosferada turib qolishadi.

 

Faylasuf S.Bulgakov qaysidir bir xonada qarg‘ishlar yog‘ilib, yomon gaplar aytilsa – bu gaplar xuddi tamaki tutinidek shu xonada osilib turaveradi, deydi. Derazani ochib va xonani shamollatib, bu qabihliklarni quvib solging keladi.

 

Shunday rivoyat bor. Shoir Lermontovning buvisi eri o‘z joniga qasd qilganini eshitib: “it itdek o‘lim topibdi” deydi. Juda og‘ir gap... Keyin esa duelda buvining suyukli nabirasi Mishenka (shoir Mixail Lermontov) halok bo‘ladi. Va bu xabarni eshitib podsho xuddi shu gapni takrorlaydi: “it itdek o‘lim topibdi!”. Buvining gapi podshoning og‘zidan so‘zma-so‘z takrorlangan.

 

Aks-sado mavjud. Aynan aks-sado qachonlardir boshqalarga aytgan gaplarimiz, niyatlarimizni o‘zimizga qaytarib olib keladi...

 

Kimnidir qattiq ayblagan bo‘lsak, kimningdir ustidan kulgan bo‘lsak, kimgadir xiyonat qilib og‘ir vaziyatda tashlab ketgan bo‘lsak – barchasi qaytadi. Aybsiz odamni qarg‘agan kimsaning qarg‘ishi o‘ziga uradi. O‘ylamasdan birovni qoralab, la’natlab gapirganlar – bu so‘zlar albatta o‘z hayotlarida “ijobat” bo‘lganini ko‘rishadi. Hayotda qaytish – aks-sado bor!

 

“Buyuk insonlar ham “maydalik” qopqoniga tushadi”

 

Faylasuf Shopengauer o‘zining xizmatkori bilan yoqalashib qoladi. Buyuk Immanuil Kant ham xizmatkori bilan janjallashib, hatto uni oziq-ovqatlarni o‘g‘irlashda ayblaydi. London Qirollik jamiyati a’zosi, murosaga keltiruvchi sudya va yozuvchi Semyuel Pips o‘z uyining ayvonida oshpaz ayol bilan mushtlashadi.

 

Buyuk insonlar ham ana shunday mayda janjallarga aralashib qolishgan. Ular o‘zlarining ulug‘ aql-idroklari va qimmatli vaqtlarini qanday qilib bo‘lmasin surbet xizmatkorlarga munosib javob berishga isrof qilishgan. Uyqusiz tunlarda xizmatkordan o‘ch olishni o‘ylab chiqishgan: “Shoshmay tur, yaramas, ertaga senga shunday javob berayki – uyingni topolmay qol! Ha-ha, senga Dantedan yoki Foma Akvinskiydan shunday iqtiboslar keltiramanki – dunyoga kelganingga pushaymon yeysan. Sen ustimdan kulishga qanday jur’at etding, ko‘rnamak?!”

 

Insoniyatning buyuk aql egalari o‘z kuch va vaqtlarini nimaga sarf etishganini bir tasavvur qiling-a?!

 

Oxir-oqibat Shopengauerning xizmatkori go‘yo unga yetkazilgan jarohat uchun faylasufni bir umr jarima to‘lashga majbur etgan. Kantning xizmatkori ham undan oxirgi tiyinini qoqib olmaguncha tinchimagan. Pipsning xizmatkori esa uni butun oila a’zolari bitlab ketishi bilan siylagan.

 

Balkim, har birimiz kuchimiz va vaqtimizni mayda odamlar bilan mayda janjallarga sarf qilishni bas qilarmiz? Axir o‘ylab ko‘raylik – bu taxlit yo‘l tutib o‘zimiz ham mayda odamga aylanib qolayotganimizni nahotki bilmasak? Vaqtimizni shunchalik uquvsizlik bilan sarf etamizmi, axir? Va buyuk inson emas, masxaraga loyiq va johil odamga aylanib qolayapmiz – shuni sezayapmizmi? Yangi kitob yozish, yangi kashfiyotlar qilish o‘rniga mayda odamlarning mayda va qaltis ishlariga aralashib yursak..? Avvalo obdon o‘ylab ko‘raylik: arziydimi shu? Shu haqir odam bizning hissiyotlarimizga, bizning vaqtimizga, ruhiy azoblanishlarimizga loyiqmi? Ba’zida bunday odamlar va voqealarga tupurib, o‘z hayotingizni yashashda davom etish kerak. Foydali va ulug‘ ishlardan chalg‘imang...

 

“Hech kimga azob bermang”

 

Chexov qaddi-qomati kelishgan odam edi. Uni sevib qolgan ayollar ko‘p bo‘lgan, ammo yozuvchi xonimlar bilan qisqa muddat ayshini surib, keyin ularni tashlab ketardi. Hikoyalarida o‘zi bilan yaqin munosabatda bo‘lgan ayollarning ustidan kulib tasvirlardi.

 

Anton Pavlovich ayollarni yoqtirardi, biroq: xotin xuddi oyga o‘xshashi kerak, degan gapni takrorlashni xush ko‘rardi. U, ayol bamisli oy misol ba’zan ko‘rinish berishi kerak va er yolg‘izlikni istagan chog‘larida unga xalaqit bermasligi lozim. Faqat ana shunday oy-xotingagina uylanish joiz, deb hisoblardi...

 

Yoshgina qiz Lika Mizinova bilan qayg‘uli voqea sodir bo‘ldi: u Chexov bilan tanishib, yozuvchini sevib qolganida 19 yoshda edi. Qiz Chexovga ham yoqardi. Ular birga sayr qilarkan Chexov uni sevib qolganiga sha’ma qilardi... Keyin esa boshqa ayol bilan o‘z nafsini qondirardi. So‘ngra yana Likani uyiga taklif qilib, qiz kuylagan romanslarni tinglar va tag‘in sevgiga ishora qilib, qizni kelgan joyiga qaytarib yuborardi. Kunlarning birida xat orqali qizga uylanishini bildiradi. Ayni shu onlarda qiz baxt va muhabbatda erib ketgan bo‘lishi mumkin. Ammo, keyinchalik: bu shunchaki oddiy hazil deb izoh beradi Chexov! Lika yozuvchini qattiq sevib qolgandi. Qiz o‘zining har ko‘yga solinayotganidan depressiyaga tushib qoladi va ichkilikka ruju qo‘yadi. Ruhiy muvozanatni yo‘qotgan sho‘rlik qiz bir tovlamichining qo‘liga tushib, u bilan turmush quradi. Bu firibgar oilali bo‘lib chiqadi va Likani qornidagi bolasi bilan tashlab ketadi. Bola tug‘ilishi bilan o‘lib qoladi. Taqdirning bunday zarbalaridan Lika piyonistaga aylanib qoladi. Chexov Likani yana uchratib, uning qo‘lini so‘raydi. Kasalmand va hayotdan ezilib ketgan qiz rozi bo‘ladi... Chexov esa nikohga shoshmaylik, ikki yildan so‘ng, balki uch yildan keyin uylanarman senga deb xat yozadi. O‘zi esa bu vaqtda aktrisa Olga Knipperni topadi va keyinroq unga uylanadi. Kutilmaganda yozuvchi xotinini sevib qoladi. Bu paytda Chexov jiddiy betob edi. U uyda o‘tirib qoladi. Qariyb yura olmasdi. Yosh xotini esa do‘stlari bilan restoranga ketardi. Xotini ko‘chaga ketar ekan mazaxomuz “zerikma, dusya”, deb qo‘l siltab qo‘yardi. Xotini tongga yaqin xush kayfiyatda uyga qaytardi. Keyin esa Chexov davolanish uchun Yaltaga ketishga majbur bo‘ladi. U xotinini qattiq sog‘inar, tunlari yelkanga bosh qo‘ysam ancha yengil tortaman, deb unga yalinib-yolvorib maktublar yozardi. Biroq aktrisa teatr sahnasini afzal bilar va erining yoniga borishga vaqt topmasdi. U xuddi Chexov orzu qilgan xotin edi – oy kabi har kuni ko‘rinish beravermasdi... Chexov yolg‘izlik va erkinlikni istagandi – taqdir esa unga bu narsalarni ortig‘i bilan in’om etdi. Xuddi oy misoli xotinni istagandi – bu tilagi ham amalga oshdi. Yo‘taldan nafasi qisib, jism-u joni azobda qolgan yozuvchi tong otishi qiyin bo‘lgan uzun kechalarda xotini unga xiyonat qilib yurgani haqidagi imzosiz xatlarni o‘qiganda xayoliga nimalar kelgani bizga qorong‘u. Biroq hamma narsa qaytguvchidir. Shu bois hech kimga, hech qachon azob bermaslik kerak...

 

Anna KIRYАNOVA,

yozuvchi va psixolog

 

Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22656
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//