Komil shaxs tarbiyasi doim dolzarb bo‘lgan. Dunyoning bugungi qiyofasi ana shu komil shaxsni tarbiyalashda bir qator muhim vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda. Davlatimiz rahbari: “Bugun faqat mana shunday ilg‘or yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan xalqqa ega bo‘lgan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga erisha oladi”, deb bejiz aytmadi.
Ma’naviyatli inson vatanparvar bo‘ladi. Buning uchun inson, xususan yoshlar dastlab o‘zligini yaxshi anglashi, tanishi va unga hurmat ruhida o‘sishi kerak. Bugun yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratilib, mamlakatimizda buning uchun bor kuch va imkoniyat ishga solinmoqda. Shunday vaziyatda ziyolilar oldingi safda turib, o‘zgarishlarga kamarbasta bo‘lishi shart. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining mediamahsulotlarni ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish zarurligi borasida qat’iy taklifi zamirida ana shunday ezgu niyat bor.
Gap millat ma’naviyati, yosh avlod tarbiyasi, insoniy qadriyat va fazilatlarni ulug‘lash hamda bu tushunchalarga xurujlarning oldini olish haqida borarkan, albatta, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Ochig‘i, bugun internet, ijtimoiy tarmoqlar dunyosiga nazar tashlasangiz, bilimsizlik, saviyasizlik insondagi go‘zal tuyg‘ularni yemirib, halokatga duchor qilishini his etasiz. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda quyushqonga sig‘maydigan beparda va beandisha vaysaqilik tobora urchimoqda. Go‘yo qochirim yo yumor o‘rnida aytilayotganday bo‘lsa-da, zamirida axloqsizlik bo‘rtib turgan bunday sharmsizlikka ko‘pimiz ko‘nikib boryapmiz. Aql-u hushi joyida, esi bor odam tilga olmaydigan shu taxlit uyatsiz gap-so‘zlarning aytilishi odatiy tus olmoqda. Ayrim rolikchilar yoki vaynerlar atrofida odam to‘plash, ommani o‘ziga qaratish uchun sharmandali yo‘lga o‘tib olgan. Bir-biriga kurakda turmaydigan gaplarni aytayotgan sin-sumbati tuppa-tuzuk, biroq botini abgor bunday kimsalarga boqib, bular san’at yoki jurnalistikani shallaqilik, sharmsizlik maydoni, nima qilib bo‘lsa ham omma e’tiborida bo‘lish vositasi deb tushunishiga shubha qilmaysiz...
Nega bunday bo‘lyapti? Nega tilimiz, muomala va fikrlashimiz shu darajada tubanlashib bormoqda? Axir tilni insoniylik darajasini belgilovchi, odamni hayvondan farqlab turuvchi eng oliy vosita deb bilamiz-ku. Hazrat Navoiy “Og‘ziga kelganni demak nodonning ishi, oldiga qo‘yganni yemak hayvonning ishi...”, deb bejiz aytmagan. Til, albatta, ma’naviy tafakkur bulog‘ining idrok va e’tiqod suvidan bahra olishi kerak. U fikrimiz chirog‘ini yoqadi hamda millatning qarashini namoyon qiladi. Shunday ekan, “og‘ziga kelganni demak”ka ko‘nikib borish millat ma’naviyatini, oqibatda o‘zini ham ich-ichidan yemiradi. Bunday holatda millat oyog‘ida tik turishi, g‘imirlab yuraverishi mumkin, biroq tirik murdadan farqi qolmaydi. Tirik murdaga aylangan millatni esa har qanday mafkuraviy shabada, hatto epkin ham bemalol o‘ynatishi mumkin.
Hech ham vahima qilayotganim yo‘q. Sezib turibmiz, faqat qanday chora topishni bilmayapmiz. Alaloqibat o‘zimiz ham ko‘nika boshlayapmiz. Go‘yo tubsiz bir chohga, zimiston qa’riga qulayotgandaymiz. Bu halokatli holat milliy immunitet pasayib borayotgani, o‘zlik, odamiylikka xos fazilatlar davr to‘zonlari ichida yo‘qolib, ko‘milib ketayotgani oqibatidir. Axloq, sharm-hayo, uyat, nomus degan fazilatlarni gumrohlik bozorida sotish ham odatiy tus ola boshladi. Bu bozorda ayol-u erkak aralash-quralash bo‘lib yotibdi. Mediaolam, internet, qo‘l telefoni degan tushunchalar millatimiz kelajagining ruhan va axloqan yetuk ulg‘ayishiga qarshi tajovuz quroli sifatida sharmsizlik, buzuqilik “jilvalangan” targ‘ibot mahsuliga aylanib bormoqda. Endi bu holatga befarq qarab, tomoshabin bo‘lib o‘tirishimizdan ma’ni yo‘q.
Bugun internet dunyosida ikki qutb bor. Biri ezgulik, inson kamoloti uchun xizmat qiladi, uning og‘irini yengillashtiradi. Ikkinchisi esa unga qarshi: har qanday ma’naviy tarbiyani majaqlab, yo‘qotishga shay turgan qutb. Odamzod, jumladan, biz ham ana shu ikki qutb orasida turibmiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ziyolilarining ma’naviyatimiz, milliy tarbiyamizga zid axboriy xurujlardan xavotir olayotganida asos bor.
Ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar o‘zi bilib-bilmagan holda ma’naviy tarbiyasizlik yo‘liga kirib qolyapti. To‘g‘ri, ruhan yuksak, ma’naviy barkamol, shuuri tiniq odam o‘zini axloqsizlik chohiga tashlamaydi. Unda ma’naviy immunitet yetarli bo‘ladi. E’tiqodi va qarashlarini ezgulik nuri bilan himoya qila oladi. Biroq bugun bunday odamlar, bunday yoshlar juda kam. Chunki kitob o‘qiydigan, mutolaa va adabiyotdan, bilimdan qalqon izlagan kimsalar shunchaki olomon bilan taqqoslaganda juda-juda oz. Ishonmasangiz, ana, qarang: ko‘cha-ko‘yda, mehmonda, to‘y-tomoshada, shifoxonada, hatto azada, jamoat ulovlarida, metroda, poyezdda, samolyotda, xullas, hamma-hamma joyda odam bolasi telefon uzlatida yashayapti. Yotganda ham telefon, turganda ham telefon... Telefon pandemiyasiga chalingan avlodning ertasini o‘ylab qayg‘uga cho‘kadi kishi. Bugun telefon yo kompyuter ekraniga kirib ketgan bu avlodning nimalar ko‘rayotgani, nimadan zavqlanayotgani bilan qiziqasiz. O‘n foizgina odam qo‘l telefoni yoki internet orqali biror asar, ma’naviy-tarbiyaviy ruhdagi matn o‘qiyotgan yoxud odob-axloqqa doir lavhalarni tomosha qilayotgan bo‘ladi. Pand-nasihat, yaxshilik, halollik aks etgan tasvirlar, adabiy-ma’rifiy chiqishlarni ko‘rib, albatta, ko‘nglingiz yorishadi. Ma’naviy ozuqa olasiz. Biroq bunday tasvirlarga qiziqish, ishtiyoq nechog‘liq, gap shunda... Ulardan ham yoshlar va o‘smirlardan ko‘ra ko‘proq o‘rta yoki keksa avlod bahramand bo‘lyapti.
Allaqayerdagi bo‘lmag‘ur kliplar, o‘ta be’mani, saviyasizlik bilan tayyorlangan roliklar, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarishlar, ko‘rsavodligi, bilimsizligi va iste’dodsizligi oshkor bo‘lganini anglamagan befahm masxarabozlar mahsuli, eng yomoni, sharmsizlik aks etgan tasvirlar, tilga olib bo‘lmaydigan gaplar, odam bolasiga isnod behayo qiliqlar, hirs va to‘shak targ‘ibotiga qorishgan lavhalar, inson ko‘rishga or qiladigan voqealar, fohishalikning ochiq-oydin targ‘iboti kundan kun kuchayib borayotgan pallada bunga indamay qarab turishning o‘zi ham jaholat tarafida bo‘lish demakdir. Bunday ko‘rgiliklarning hammasi ham G‘arbdan yoki bizdan olislardagi boshqalardan emas, siz bilan men yashayotgan jamiyatda, bizning oramizdagi odamlar tomonidan tayyorlanyapti. Shularni tayyorlayotgan ham kimningdir o‘g‘li yo qizidir. Uning ham ota-onasi, aka-ukasi, manzil-makoni, mahallasi, qo‘ni-qo‘shnisi bordir axir. To‘g‘ri tushuning, shunga o‘xshagan bitta-yarimtani deb butun millatning qadr-qimmati yerga urilishiga jim qarab bo‘lmaydi. Ba’zan tuppa-tuzuk ko‘ringan kap-katta kishilar sharmandali lavhalarni tayyorlab, ijtimoy tarmoqlarga joylayapti. Ko‘rib aqlingga sig‘dirolmaysan, bularni nima jin urdi ekan, deb o‘ylaysan. Bu yo‘lda topgan puli ham, yegan-ichgani ham harom emasmi, degan o‘yga borasan, kishi. Chunki qanchalab insonlar ruhiyati, ayniqsa, hali ong-u shuuri shakllanmagan o‘smirlar dunyoqarashini buzyapti, zaharlayapti bu toifa.
Internet ovunchoq emas. U bizga g‘oya va maqsadlarimiz, istagimizni nur bilan yoritish, dunyoqarashimizni o‘zgartirish uchun manba yoki vosita bo‘lishi kerak aslida. Qo‘l telefoni ham uzog‘imizni yaqin qiladigan olis bilan bog‘lanish manbayi. Uning imkoniyatlari mafkuramizga ziyon qilmasligi, unga bog‘lanib, qul bo‘lib qolmasligimiz kerak. Hozir juda ko‘pchiligimiz mobil telefondan bir qadam ham uzoqlasholmaydigan bo‘lib qoldik.
Gaplarimdan ensangiz qotmasin. Ayni damda bolangizga qarang: u nima bilan band. Telefon ichiga kirib ketguday darajada, siz qolib shu taskin-tasallini shu zormandadan topayotgan bo‘lsa, xavotirim bejiz emasligini his qilasiz. Yoki farzandingiz telefon ko‘rish o‘rniga kitob mutolaasi bilan bandmi? Ota-onalarning o‘zi o‘rnak bo‘lib kitob o‘qiyaptimi? Xonadoningizda shunday muhit hukmron bo‘lsa, xavotir olmasangiz ham bo‘ladi. Qaniydi shunday bo‘lsa...
Ma’naviyatga mutasaddilar, elning ziyoli qatlami, adib va shoirlar ommani, ayniqsa, yosh avlodni ezgulik yo‘liga boshlash, mutolaaga oshno qilish, qalbini odamiylik yog‘dusi bilan charog‘on etish yo‘lida tinim bilmayapti. Bu zahmatli mehnat, xatti-harakatni to‘fonga qarshi chiqishga qiyoslamoq mumkin va bu boradagi barcha urinishni ko‘ksida yuragi bor, milliy g‘ururi hali o‘lmagan har bir odam qo‘llab-quvvatlaydi, ularning safida bo‘ladi...
Media olamida nojoiz, xavf-xatarga to‘liq, yovuzlik va fahsh targ‘iboti urchigan tasvirlar, roliklar tarqatilayotgan, teleekran orqali efirga maza-matrasiz, tuturiqsiz lavhalar hamda o‘ta bachkana, xonanishin seriallar uzatilayotgan ekan, bu holatga millat ma’naviy yuksalishi uchun jiddiy xavf sifatida qarash lozim. Ommani olomonlikka boshlovchi bu taxlit xavf hamda qutqu, tomoshabinning qalb ko‘zini ko‘r qiladigan bunday media va ekran mahsulotlariga befarq qarab turishning o‘zi ham millat kelajagiga xiyonatdir. Shu bois, mediamahsulotlarni ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish masalasidan ham hech qanday siyosiy xato qidirmaslik kerak. Bu xatti-harakatni senzura, so‘z yo fikrni cheklashga urinish, demokratiyaga qarshilik, deb xulosa qilish ham kerak emas. Zero, milliy qadriyatlar va axloq tushunchasi ko‘p narsadan ustun. Ertalab yuz-qo‘lini yuvmay to‘shakda qahva ichadigan demokratiyaning yo‘rig‘i ma’naviy me’yorlarimizga mos kelmagani kabi axloqsizlik oqovasi ham ruhiyatimiz, milliy tarbiyamizga ziddir. Shu bilan birga uning ta’siri bugun bizda sezilayotgani, odamlar ongi loyqalanayotgani ham sir emas.
Qo‘chqor NORQOBIL,
yozuvchi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 30-noyabr, 244-son.
“Hech narsa ma’naviy me’yorlarimiz, milliy
tadbirimizga zid bo‘lmasin” maqolasi
Ma’naviyat
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q