
Ikki minginchi yilning kuzi... O‘sha kezlar birinchi o‘zbek professional teatr rejissyori Mannon Uyg‘ur nomi berilgan Toshkent davlat San’at institutining Yunus Rajabiy ko‘chasidagi 77-uyda joylashgan binosida o‘zgacha hayot qaynar, begona kimsa shahri azimning suronlaridan ayri, o‘ziga xos ijodiy muhit hukmron bu maskanga kelib qolsa hayratda qolishi tabiiy edi. Kamina, maktabni bitirib kelgan o‘spirin ham, bosqichma-bosqich imtihon topshirar ekanman, manzilda adashdim-ov, degan ishtibohga borganim rost. Teatrga bo‘lgan muhabbat juftakni rostlab qolishimga yo‘l qo‘ymagan.
O‘sha yili rejissyorlik guruhidan imtihonni O‘zbekiston xalq artisti, professor Anatoliy Qobulov olgan edi. Suhbat chog‘i u kishi menga kutilmagan savol berdi: “O‘g‘lim, juda yosh ekansiz, to‘rt-besh yilda bitirsangiz... yigirma yashar rejissyorni qayerda ko‘rgansiz? Masalan, men bunaqasini bilmayman...” “Mana, biz bo‘lamiz-da!” deya katta ketib, gapni cho‘rt kesdik. Ochig‘i, san’at instituti birinchi kurs talabalariga tekkan kasal bu. Bitirar chog‘i esa hech kim emasligini anglab, kibr-havodan asar ham qolmaydi, ichdagi pufak yoriladi va haqiqiy mehnatga, ustalar ta’biri bilan aytganda, “chang yutish”ga safarbar bo‘ladi. Ayniqsa, kaminaning kursdoshlari orasida iste’dod sohiblari talaygina edi: biri viloyat teatrida spektakl qo‘ygan, biri MXTda tajriba orttirgan, biri olti yil imtihon topshirib, yettinchi yiligina omadi chopgan, boshqa biri huquqshunoslikka havas qo‘ygan-u, mashhur rejissyorning sulolasi merosxo‘rsiz qolishi xavfi tug‘ilgach, bizning safimizga kirgan, yana boshqasi “oydan tushgan”. Xullas, oralarida maktabdan to‘ppa-to‘g‘ri institutga kelgani – faqat men.
O‘qishni boshlaganimizga uch oydan oshdiki, guruhimizning badiiy rahbari yo‘q edi. Qobulov domlaning aktyorlik va rejissyorlik kurslari bo‘lgani uchun bizga vaqt ajrata olmas ekan. Mahorat darslariga domlalar galma-galdan kirib turdi. O‘sha kezlar sezmagan bo‘lsak-da, qandayin san’at darg‘alari bilan uchrashganimizni endi-endi bilyapmiz. Ularning ko‘pi bugun oramizda yo‘q. Ulug‘ kinorejissyor, sobiq Ittifoq xalq artisti, professor Shuhrat Abbosovning saboqlarini tingladik. Biroq menga malol keladigani – uch soatdan ortiq cho‘ziladigan darslar nuqul rus tilida o‘tilardi. Guruhdosh vallamatlarning bari ruscha tushunadi yoki o‘zini tushungan ko‘rsatadi. Ustoz dastlabki darsdayoq ogohlantirgan edi: “Режиссура – профессия русскоязычная!”. Iloj qancha, ruscha bo‘lsa ruscha-da... Ustozning mayin ovozi meni allalaydi. “Разбудите пацана!” degan xitobdan uyg‘onaman. “Onasining erkasi, bir kepqopsiz-da!..” deya domla qo‘qoncha ohangda kesatadi.
Shunday kunlarning birida Drama va kino san’ati kafedrasi mudiri, xalq artisti, professor Turg‘un Azizov ustaxonamizga bir kishini boshlab kirdi. To‘lqinsimon timqora sochlari orqaga taralgan, noyob jinsi shim-u charm kamzuli o‘ziga nihoyatda yarashgan, yelkasiga qora sumka ilgan alomat bir inson. Turg‘un Tursunovich gapni olisdan boshladi, bu kishi ko‘p yillar Farg‘ona rus teatri, Sirdaryo viloyat musiqali teatri bosh rejissyori bo‘lib ishlagani, shu guruhga rahbarlik qilishga bazo‘r ko‘ndirgani-yu uning pedagog va rejissyor sifatida katta tajribaga ega ekanini ta’riflab, tanishtiruvni bunday yakunladi: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Valixon Umarov!
Ustoz bilan ilk uchrashuvimiz shu zayl kechgan. Turg‘un Azizov xonani tark etishi bilan Valijon akaning ilk jumlasi bunday bo‘ldi: “Так, ребята...”
Beixtiyor peshanamga shapatiladim: eh, bu yog‘i necha puldan tushdi?!
* * *
...1998-yilning bahor oylari Milliy teatrda Abdulhamid Cho‘lpon tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan yangi spektakl sahnalashtirilganini eshitdim-u shuni tomosha qilish istagi hech tinchlik bermay qo‘ydi. Adabiyot va san’atga ixtisoslashgan maktab o‘quvchisi edim, axir. Buning ustiga, gap Cho‘lpon haqida ketayotir... Teatrga tomosha boshlanishidan oldin yetib bordim. Odatda bu dargohga o‘qituvchilarimiz tez-tez olib kelardi. Ba’zan yolg‘iz o‘zim kelib, chiptasiz kirgan paytlarim ham bo‘lgan. Bu gal unday bo‘lmadi. Yangi spektakl, premyerasi yaqinda o‘tgan, tomoshabin ko‘p bo‘lsa kerak, degan o‘y bilan tomosha zaliga kirdim, chiptada ko‘rsatilgan o‘rindiqqa borib o‘tirdim. Zalda mendan boshqa besh-olti kishi bor, xolos. Spektakl boshlanishiga bir necha daqiqa qolganda nazoratchi ayol tomoshabinlar o‘n ikki nafarga yetmasa tomosha qoldirilishi haqida ogohlantirdi. Uchinchi qo‘ng‘iroq chalindi hamki, boshqa tomoshabin kelmadi. Hafsalam pir bo‘lib o‘rnimdan turdim. Muxlislardan biri nazoratchi ayolga yana o‘n daqiqa kutaylik, deya iltimos qildi. Rahbariyatdan so‘ray-chi, deya ortiga o‘girilgan ayol “Zamministr sahnaga chiqmoqchi bo‘lib turibdi-yu, odam kelmaganini qarang”, dedi o‘ziga o‘zi. Ketishga chog‘lanib turganimda zal eshigining ikkala tavaqasi lang ochilib, ma’mur o‘n besh-yigirma chog‘li tomoshabinni boshlab kirdi. Pedagoglar malakasini oshirish instituti tinglovchilari ekan. Xayriyat, degancha o‘rindiqqa joylashdim. Chiroqlar o‘chirilib, parda oldida O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov sham ushlagancha Cho‘lpon qiyofasida paydo bo‘ldi. Uning “Adabiyot yashasa – millat yashar” deya boshlanuvchi monologidan keyin parda ko‘tarildi. Sahnada ajib bir muhit namoyon bo‘ldi. Bu muhit bizni sahnaga olib chiqdimi yoki tomosha zaliga tushib bizni qurshab oldimi, aytolmayman. Bu rassom mahoratimidi yoki bastakor, yo chiroq ustasiningmi, bu haqda ham bir nima demog‘im qiyin. Lekin men o‘sha lahzalar tomosha zalida emas, balki Cho‘lponning Toshkentdagi hovlisida edim go‘yo. Spektakl so‘ngida yangragan o‘q ovozi meni larzaga soldi. Chiroqlar yongachgina tomosha zaliga qaytganimni his qildim. Teatr muxlisi sifatida doim spektakllar tomosha qilib yuradigan o‘spirin ruhiyatida go‘yo “Mana, teatr degani qanday bo‘ladi!” degan ovoz aks sado berdi. Teatrdan garangsib chiqarkanman, rejissyori kim ekan deya ko‘rimsizgina afisha yoniga bordim. “Muallif: Usmon Azim. Sahnalashtiruvchi rejissyor: Valixon Umarov”.
Ustoz bilan g‘oyibona tanishuvimiz ana shunday kechgan edi.
* * *
Valixon Mirvosilovich drama rejissyorligi kursiga badiiy rahbar bo‘lib kelganida qishki imtihonlarga oz fursat qolgan edi. Dastavval kuzatuvlar, etyudlar bo‘yicha vazifa berdi. Asosiy talab “harakatlantiruvchi so‘z” hamda “tabiiy sukunat”ni aks ettirishimiz lozim. “Ta’ziya” etyudi sahnalashtirilayotir – jarayonning o‘zi tabiiy sukunatni talab qiladi. Butun guruh qatnashadigan bo‘ldi. Men yana jamoaga begonalashdim, sababi – bu holatga ko‘nikolmadim. Boz ustiga, guruhdoshim sahnada musibatni rasmana boshidan kechirgandek yig‘lab, “otasi vafoti”dan o‘ksib ta’ziya qabul qilmoqda. Harchand urinmayin, kulgidan o‘zimni tiyolmayman. “Ona suti og‘zidan ketmagan go‘dak, yuribsan-da erkalanib, tush sahnadan!” degan tanbeh eshitdim. Tabiiyki, bu “siylov” rus tilida yangradi.
Guruhimiz ustoz boshchiligida taxminan ikki hafta aktyorlik mahoratidan imtihonga tayyorlandi. Izoh tariqasida aytib ketay: rejissyorlik bo‘limi talabalari uch yil aktyorlik mahoratini egallab, diplom spektaklida rol o‘ynab, keyin rejissura saboqlariga o‘tadi.
Imtihonga qaytsak, kamina ko‘p ham imtihon dasturiga aralashmay, ustoz yonida tashkilotchilik, aniqrog‘i, “dasturxonchilik” bilan mashg‘ul bo‘ldim. Imtihondan kafedramizning kazo-kazo domlalari ko‘tarinki kayfiyatda chiqdi. Ora-orada, “Это же Валихон!”, “Просто прелесть!”, hattoki “Шедевр!” degan xitoblarni ham eshitdim. Birov e’tibor bermasa-da, o‘zimcha taltayaman: “Bizning domla-da!” Shuncha maqtovlardan keyin muhokamada so‘ngso‘z olgan mo‘ylovdor domla “Siz hammani laqillatib, professionalizm qoidasini buzdingiz!” desa bo‘ladimi! Keskin yangragan bu ayblovdan hamma hayron. Mo‘ylovdor domla birinchi bosqichda talabalar predmetsiz ishlashni o‘rganishi lozimligi, hozirdan sahnada rol o‘ynash tartib-taomilga zidligini da’vo qildi. Shunda ustoz “Agar aktyorlarni o‘qitganimda shunday yo‘l tutardim. Bular rejissyor, ular eng avvalo sahnada o‘zini topa bilishi kerak”, dedi bosiqlik bilan... (Ustoz bilan Mo‘ylovdor domla o‘rtasidagi ziddiyat biz institutni tamomlagandan keyin ham davom etdi. Ustoz basma-bas muvaffaqiyatli kurslar chiqardi, o‘nlab spektakllar sahnalashtirdi. Mo‘ylovdorni esa onda-sonda ko‘rib turaman, haliyam institutda yoppasiga hammani Stanislavskiy sistemasiga xiyonatda ayblab yuradi. Na iloj, rejissura qarama-qarshilikni xush ko‘radi.)
Keyingi semestrga ta’tildan qaytganda kamina auditoriyaga viqor bilan kirdim: xuddi ustoz kabi jinsi shim, charm kurtka kiyib olganman, sumkani yelkaga ilib, quyuq o‘sgan qo‘ng‘iroq sochimni orqaga taraganman... Shunday qilsam katta rejissyor bo‘laman, deb o‘ylagandirman-da.
* * *
“Rejissyor jasoratli bo‘lishi shart. Uning jasorati – prinsipida, to‘g‘ri deb bilgan g‘oyalariga boshqalarni ishontira olishida! Haqman desang-u, birov senga ishonmasa yoki shubha bildirsa, demak, qayerdadir xato qilyapsan...” Bu – ustozning bizga bergan o‘gitlaridan biri. Ustoz guruhimizning har bir a’zosiga fe’l-atvoriga qarab muomala qilardi. Men guruhda eng yoshi kichigi bo‘lganim uchun ba’zan erkalab qo‘yar, ammo barchaga birdek mehr ko‘rsatar edi. “Bizning kasbda institutni tugatding – bo‘ldi, degan gap yo‘q. Diplom olding – rejissyor bo‘lib qolmaysan. Umrbod ustoz-shogird munosabati saqlanib qoladi, doimiy aloqa, ijodiy maslahatlashuvlar davom etadi” deganida u nechog‘li haq ekan! Hozir ham yo‘ldosh sayyoralar kabi aylanib, u kishining atrofidan ketolmaymiz.
Darvoqe, rejissyor jasoratidan so‘z ochdim. Institutni tamomlagunimga qadar ustoz ko‘plab teatrlarda spektakl sahnalashtirdi. 2002-yildan O‘zbek Milliy akademik drama teatriga bosh rejissyor etib tayinlandi. Shu jarayonlarda deyarli doim yonida bo‘lib ko‘p saboqlar olganman. Muqimiy teatrida “Alpomishning qaytishi”, Milliy teatrda “Bir qadam yo‘l”, “O‘tgan zamon hangomalari”, “Adibning umri”, “Ayolg‘u”, “Daraxtlar tik turib jon beradi” kabi o‘nlab asarlar yaratildi. Bugun hech istiholasiz aytish kerakki, nomi zikr etilgan spektakllarning har biri o‘zbek teatr san’ati tarixida katta hodisa bo‘lgan. Yigirma yillik kuzatishlarimga tayanib ayta olamanki, teatrshunosligimiz asosiy tadqiqot obyekti sifatida aynan shu asarlarni o‘rganayotir.
* * *
2002-yilning yozi. Usmon Azim qalamiga mansub “Bir qadam yo‘l” asarining jamoatchilik ko‘rigi bo‘lyapti. Muhokamada inobatli idoralardan kattakonlar qatnashmoqda. Mo‘ysafid teatrshunoslar spektaklni ma’qul deb turibdi. Siyosiy arboblarga esa mavzu hassos, nozik tuyuldi. Mashvaratni boshqarayotgan amaldor domlamiz vaziyatni yumshatib, ijodkorlarni spektakl talqini xususida o‘ylab ko‘rishga ko‘ndirdi. Shu tariqa ketma-ket oltita ko‘rik o‘tkazildi. So‘nggisi yopiq holda kechdi: teatrning hukumat a’zolari uchun ajratilgan xonasida keskin ruhda muhokama boshlandi. Muallif jig‘ibiyron bo‘lib, bildirilgan takliflarni inkor etdi. Asabiy holatni yumshatish uchun go‘yo tanaffus e’lon qilindi, bir amaldor yozuvchi akamiz Usmon Azimga toza havoga chiqib kelishni taklif qildi. Valixon aka yolg‘iz qolishi bilan butun boshli sahna ko‘rinishi, qaltis sanalgan dialoglarni qisqartirish talabi qo‘yildi. Ustoz agar suhbat shu ohangda davom etsa, xonani tark etaman, spektakl shu holida qabul qilinsa qilindi, men unga boshqa o‘zgartirish kiritmayman, dedi shartta kesib. Bugun bu voqeani kulibgina, “Shunga shunchami?” deb eslash mumkindir, ammo yigirma yil avval bunday qat’iyat bilan ish tutish tasavvurga sig‘mas oqibatlarga duchor qilishi hech gap emas edi. Amaldorlar ilojsiz qoldi, chunki teatr arboblari, mutaxassislar oldingi ko‘riklarda spektakl tomoshabinga ko‘rsatilsin, deya tavsiya bergan. Madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi katta san’atkor ham “Hech qanday siyosiy xato ko‘rmayapman”, dedi g‘udranib. Bildirilgan mulohazalar inobatga olinib, “Tomoshabinga ko‘rsatish mumkin” degan mazmunda mujmal bayonnoma tuzildi. Darvoqe, shu muhokamani mo‘jazgina kamerada o‘zim tasvirga olgan edim.
Oradan bir yilcha o‘tdi. G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adib asarlari asosida Usmon Azim yozgan “O‘tgan zamon hangomalari” komediyasining yakuniy tayyorgarligi, ya’ni “progon”i ketayotgan edi. Xizr qiyofasidagi podsho “Shohlar – Xudoning yerdagi soyasi, ularning haqiga duo qilasizmi?” deya so‘raydi, shunda Hasan Kayfiy “Soyadan nimadir umidvor bo‘lgan odamning o‘zi ahmoq”, deb javob qaytaradi. Tanaffus chog‘i podsho roli ijrochisi, xalq artisti Erkin Komilov ustozning yoniga kelib, “Valixon, rostdan shu spektaklni topshira olamizmi?” deb so‘radi. Sarosimali bu savolga Valixon aka kulib, Hasan Kayfiydan iqtibos keltirib javob qaytardi: “Aql bilan mehnat salomat bo‘lsa bas”! “Devorning qulog‘i”dan ehtiyot bo‘ladigan zamonlar edi-da. Qarangki, shu spektakl uzoq yillar Milliy teatr repertuaridan mustahkam o‘rin egalladi. Men ana shunda rejissyor jasorati nima ekanini tushunganman.
* * *
Dramaturg va rejissyor hamkorligi, do‘stligi, bir yoqadan bosh chiqarishi deganga o‘xshash ta’rif-tavsiflarni eshitsangiz, aslo ishonmang, safsata bari! Ikkovlon do‘st bo‘lib bir dasturxon boshiga keldimi, bilingki, natija rasvo bo‘ladi. Bu borada ham ustoz tajribalaridan misol keltiraman.
Oybek tavalludining 100 yilligi keng nishonlanadigan bo‘ldi. Milliy teatr, taomilga ko‘ra, yubiley kechasi yangi sahna asari bilan tomoshabinni xushnud etmog‘i lozim edi. Drama yozish Usmon Azimning, sahnalashtirish Valixon Umarovning chekiga tushdi. Bir yoqda Usmon aka syujetga xamirturush qidirmoqda, boshqa tomonda Valijon aka spektaklning umumiy kompozitsiyasi haqida bosh qotirmoqda. Teatr bosh rassomi Baxtiyor To‘rayev ham sahna ko‘rinishining bir nechta variantini yaratayotir. Bir-ikki aktyor Oybek domla rolini o‘ynayman deb old sochini jingalak qilib, do‘ppi kiygancha “Na’matak” she’rini o‘qib yuribdi. Xullas, ish avjida. Usmon Azim oz fursatda manbalarni o‘rganib, ilk qoralamani taqdim etdi. Vaqt tig‘iz emasmi, teatr badiiy kengashi ham ishni tezlatish uchun asarni qabul qilib, “ishlab chiqarish”ga tushirdi. Asosiy balogardon – muallif bilan rejissyor! Atrofda maslahatgo‘ylar ham bor. Bariga ko‘z-quloq bo‘lib yurgan edim-u, andak g‘ofil qolibman. Bir vaqt Usmon aka bosh rejissyor xonasidan asabiy chiqib keldi-yu nigohlarini menga qadadi:
– Menga qara, Jo‘ra, (men shundog‘am u kishidan ko‘z uzmay turibman) shu ustozing umrida pyesa o‘qiganmi, dramaturgiyani tushunadimi? (Ochig‘i, o‘ttiz yillik rejissyorga nisbatan bu rasmana haqorat edi.) Nuqul matnda dialoglar katta, voqea yo‘q, degani degan. O‘zi ega bilan kesimning farqiga bormaydi-yu, mening dialoglarimdan qusur topganiga o‘laymi! Bo‘ldi, bas! Men endi barmog‘im uchini ham qimirlatmayman. Shuni o‘zi sen qo‘ysang bo‘lmaydimi-a, harholda adabiyotni uncha-muncha tushunasan...
O‘lay agar, shu choqqacha ega-kesimni farqlab spektakl qo‘ygan birorta rejissyor borligini eshitmaganman. Boz ustiga, bu jarayonda men choy-poy damlab, dastyorlik qilib yurgan bo‘lsam! Nima ham derdim, sukut saqladim.
Usmon aka shu “tempo-ritm”ni buzmay shitob bilan tashqari chiqib ketdi. Men esa Valixon akaning xonasiga oshiqdim. Bu yoqda ustoz ham jig‘ibiyron bo‘lib, kimga “yorilish”ni bilmay turgan ekan.
– Usmon akanggayam hayronman, kechasi bilan tunchiroq yoqib yozib chiqibdi. Jonli voqea yo‘q, dialoglarni eshitgan tomoshabin uxlab qoladi, intrigani-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Aytsang – tushunmaydi. Jo‘ra, kel, shu asarni men sahnalashtirmay qo‘yaqolay...
Lom-mim deyolmay nigohim bilan so‘radim: “Boshqa kim sahnalashtiradi?” Javob bo‘lmadi.
Ikki kundan keyin adabiyotshunos Shuhrat Rizayev yozgan taqrizni olib kelib ikki ustozga o‘qib berdim. Domlaning tahlili, jo‘yali maslahatlari ish berdi shekilli, keyingi kundan murosa-yu madoraga borildi. Men qog‘oz-qalam olib mirzolikka o‘tdim. Usmon Azim yozgan biror dialog o‘zgarmadi. O‘rni almashdi, xolos. Rejissyor topilmasi, kompozitsiya to‘g‘ri qurilgani, aktyorlar ijrosi sabab muallifning har bir so‘zi sahnada o‘zgacha yangradi. Asar katta olqish-u e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. Premyera kuni sahnada navbatdagi muvaffaqiyatli hamkorlik mevasini ko‘rdik. Bu dramaturg va rejissyorning yuzxotirlardan xoli hamkorligi mahsuli edi. Shu tariqa talay o‘lmas asarlar dunyoga keldi. Kamina esa hamon “ega-kesim” haqida bosh qotirib yuraman...
* * *
– Героя определяет его поступок! (Qahramonni qilgan qilig‘i tanitadi!) Bu – dramaturgiyaning asosiy, o‘zgarmas qoidasi. Garchi muallif batafsil yozmagan bo‘lsa-da, qahramonning gap-so‘zi, tutumi, personajlarning munosabati uning tarjimai holiga oydinlik kiritadi. Xo‘sh, Hamlet kim?
Ustozning savoliga birin-ketin, o‘ylab-o‘ylamay javob qaytarildi. Biz oxirgi kursda Shekspirning bir necha shoh asarini tahlil qilganmiz. Shular orasida eng ko‘p bahs-munozara, tortishuvga sabab bo‘lgani “Hamlet” edi. Guvillab ketgan guruhni tinchlantirish uchun ikkinchi savol tashlandi:
– Orangizda kim “Hamlet”ni sahnalashtirishni xohlaydi?
Deyarli butun guruh qo‘l ko‘tardi. Hatto asar voqeasini dars boshlanishidan bir oz oldin bilag‘on guruhdoshimizdan so‘rab olgan do‘stimiz ham. Shu o‘tgan yillar davomidagi kuzatishlarimdan yana bir narsaga amin bo‘ldim: rejissyor zoti borki, “Hamlet”ni sahnalashtirsam deydi. Aksariyat aktyor Hamletni o‘ynash uchun shu sohani tanlagan. Hatto bizdan bir kurs yuqori o‘qigan sochlari fatila-fatila qiz ham “Hamlet”ni ayol kishi o‘ynamasin degan qonun qayerda bor?!” deya jiddiy da’voni ilgari surgani yodimda. “Shekspir bobo asar ibtidosidayoq Hamlet Daniya shahzodasi ekanini aniq va lo‘nda qilib bitib ketgan, axir!”
...Bizning shekspirshunoslar “Hamlet”ni sahnalashtirish talabgori sifatida qo‘llarini yanada baland ko‘taradi. Bu safda kamina bilan “arazchi” kursdoshim yo‘q edik, xolos.
Hamlet – qasoskor, Hamlet – alamzada, Hamlet – qotil, Hamlet – adolatparvar, Hamlet – Klavdiyning o‘g‘li va hokazo talqinlar yangradi.
– Har bir rejissyorning o‘z Hamleti bo‘lishi shubhasiz. Muammoga Hamlet nuqtai nazaridan javob izlash uchun, avval uning savollariga o‘zingiz javob topa olishingiz kerak. Ana o‘sha kun “Hamlet”ga qo‘l ursangiz bo‘ladi.
...Oradan yigirma yil o‘tdi. Ustoz Rus akademik drama teatrida “Hamlet”ni sahnalashtirdi. Sahnadagi bosh rol ijrochisi tomoshabinni o‘z haqiqatlari ortidan ergashtirdi. Aktyorning xatti-harakati, sahnadagi muhit bizni nafaqat voqealarga ishontirdi, balki qahramon dardiga sherik qildi. Spektakl so‘ngida Hamlet taqdiriga achindik ham. Demak, ustoz “Hamlet”ning savollariga javob topa bilgan. Ammo o‘tgan yigirma yil davomida auditoriyada qo‘lini baland ko‘targan talabgorlardan hech kim bu ishni uddalay olmadi.
* * *
– Aktyorni ortiqcha muhokama, bahs-munozaralarga ko‘mib tashlamaslik kerak. Odatda biz, rejissyorlar asarning har bir bo‘lagiga alohida to‘xtalamiz va qahramonlar xususida basma-bas izohlarni qalashtirib, ijrochining boshini qotiramiz. Bu aktyorni o‘z vazifasidan chalg‘itadi.
– U holda aktyorga qanday vazifa yuklanishi kerak, ustoz?
– Qahramoni kim ekani, qanday vaziyatda nima deyishi kerakligini yaxshi anglagan aktyor sahnadagi vazifasini qoyilmaqom bajaradi. Sahnada eng muhimi – tushunib rol ijro etish!
– Masalan?
– “Insonning hamma jihati go‘zal bo‘lishi kerak: husni ham, libosi ham, qalbi ham, tafakkuri ham!” Chexovning “Vanya tog‘a” asari qahramoni tilidan aytiladigan ushbu so‘zlar tomoshabin qalbiga kirib borishi aktyorning aqli va mahoratiga bog‘liq. Beo‘xshov intonatsiya, hissiz talaffuz barini chippakka chiqaradi.
Nazarimda, aktyor va rejissyor ijodiy munosabati borasida ortiqcha izohga hojat yo‘q.
* * *
Bitiklarimning shu yeriga kelganda, “Nega endi men ustoz haqida bunday erkin, mutoyiba bilan yozyapman?” degan istihola kechdi ko‘ngildan... Aslida, qog‘ozga tushmagan xotiralarim yana talaygina. Ustoz bilan o‘tgan kunlar menga katta maktab bo‘ldi. Ba’zan hayotda o‘zim duch kelgan muammolarga ustoz tajribasidan foydalanib yechim topganman.
...Biz guruhda o‘n nafar talaba edik, bu degani – o‘n xil fe’l-atvor. Domla bizga erinmay, sidqidildan saboq berdi, biz yalqovlik, dangasalik qildik. Kezi kelganda qattiqqo‘l bo‘ldi, jahon adabiyoti durdonalarini majburlab o‘qitdi. Moddiy tomondan qiynalib qolganlarga ish topib bergan, shartnoma pulini to‘lagan, kasal bo‘lganga qarashgan, biz uchun yonidan xarjlab ijara uy yollagan vaqtlari ham bo‘ldi. Epsizroq shogirdlariga diplom himoyasi uchun o‘zi sahnalashtirgan spektakllarni shunchaki tuhfa ham qilib yubordi. Shunga o‘xshash yana talay jo‘mardliklar... qaysi birini aytay!
Hozir ham domlani tinch qo‘ymaymiz, do‘ppi tor kelib qolsa, “ustoz, ustoz” deb yonlariga chopamiz. Ota-ona uchun farzandi necha yoshga kirsa ham bola bo‘lganidek, ustoz uchun ham shogirdlar xuddi shunday ekan. Kamina Sirdaryo, Samarqand teatrlarida spektakl sahnalashtirar ekanman, Valixon aka tomosha zalining orqa qatorida o‘tirib dalda bo‘lgan.
Ko‘p yillardan beri institutda dars beraman. Ba’zan hamkasb domlalar o‘zaro suhbatlarda “Iqtidorlisi nari tursin, hatto risoladagidek talaba yo‘g‘-a!” deb noliymiz. O‘zimiz-chi, Valixon Umarovdek jonkuyar, talabchan domla bo‘la oldikmi?
Yaqinda ustoz bilan gaplashganimizda Sirdaryo teatriga “Alpomish” spektaklini qo‘ygani ketayotganini aytib qoldi. “Nima qilasiz o‘zingizni qiynab?” dedim ajablanib. Javob bunday bo‘ldi: “O‘zimni qiynayotganim yo‘q, qo‘limdan keladigan ishni qilyapman, xolos”.
Ochig‘i, hozirgi zamonda hamma ham o‘zi biladigan ish bilan mashg‘ul emas. Keyingi qisqa fursatda Valijon aka nafaqat poytaxt, balki viloyat teatrlarida ham o‘ndan ortiq turli janrdagi spektakllarni sahnalashtirdi: Samarqand viloyat musiqali drama teatrida “Ko‘chki”, “Qirol Lir”, “Tanho yulduz”; Buxoro teatrida “Richard III”; Qashqadaryo teatrida “Abu Muin Nasafiy”; Andijon teatrida “Bobur. Sog‘inch”; Rus akademik drama teatrida “Alisher Navoiy”, “Tanho qayiq”, “Hamlet”, “Pushkin. So‘nggi kunlar”; Milliy teatrda “Cho‘lpon” va hokazo... Ijodiy jarayon ushbu teatrlar aktyorlari uchun katta maktab bo‘lgani aniq. Chunki Valixon aka shunchaki sahnalashtiruvchi rejissyor emas, mohir teatr pedagogi hamdir. Yoshulli ustozning g‘ayrat-u shijoati hamkasblari-yu shogirdlariga o‘rnak bo‘lgulik!
Qariyb 25 yildan buyon teatr san’atida rejissura muammosiga yechim qidiriladi, ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari uyushtiriladi. Ma’ruzachilar, baraka topsin, rejissyor qanday bo‘lishi-yu nima ish qilishi lozimligi xususida nutq irod qiladi. Ammo men hali ma’lum me’yorlarga “sig‘ib”, yo‘riqnoma asosida ishlagan rejissyorni uchratmadim. Rejissura – san’at, rejissyor – shaxs! 110 yildan buyon professional faoliyat olib borayotgan o‘zbek teatri ko‘plab san’at namoyandalarini elga tanitdi. Bir asrdan ziyod davr mobaynida yetishib chiqqan usta rejissyorlar sanalganda esa o‘nta barmog‘imiz bazo‘r bukiladi, xolos. Teatrda rejissura eng muhim masala, rejissyor eng katta shaxs. Inchunin, O‘zbekiston xalq artisti Valixon Umarovdek katta shaxslarga ehtiyoj hamisha kuchli.
Jo‘rabek RO‘ZMETOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Aql bilan mehnat salomat bo‘lsa...” essesi
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Til
San’at
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q