O‘zbek va turk tillarini o‘zaro qiyoslashda davom etamiz.
I. Turk tilida sira so‘zi bor. Uning ma’nosi navbat degani. O‘zbek tilidagi sira so‘zi esa aslo, umuman, zinhor kabi ma’nolarni ifodalaydi.
II. Bizda gal, safar, o‘rin so‘zlari qisman navbatga sinonim hisoblanadi. Ammo ular to‘la-to‘kis navbat o‘rnini bosolmaydi.
“Mening galim keldi” deyish mumkin, ammo “Bankda gal ko‘p edi” deb bo‘lmaydi. Safar va o‘rin so‘zlarida ham ahvol shu: “Keyingi safardagi”, “Keyingi o‘rindagi” desa bo‘ladi. Biroq “Safarim keldi”, “O‘rnimni o‘tkazib yubordim” deyolmaydi.
O‘zbek tilida ham bir paytlar navbat o‘rnida sira qo‘llangan. Boz ustiga u hozirgi turkchadagi kabi aynan va to‘la-to‘kis navbat ma’nosini ifodalay olgan.
O‘zbekcha wikepideyada ham sira so‘zining ham ravish (aslo, mutlaqo, hech) ma’nosi bilan birga navbat, muntazamlik, izchillik ma’nolari ham borligi aytiladi.
“Sirasini aytganda”, “bu sira”, “ora-sira” singari birikmalarda galma-gallik, ketma-ket kelish ma’nolari bor. “Sira unday bo‘lmaydi”, “Sira g‘am chekma” kabi gaplarda harakatning keyini ma’nosida kelgan.
Bora-bora bu so‘z hech qachonga ma’noviy yaqinlashib ketgan. “Bir sira ko‘zdan kechirish” navbati bilan qarab chiqishni bildirsa, “Sira ko‘zdan kechirmaslik”, umuman, qaramaslikni anglatadi. Ko‘rib turganingizdek, bu so‘z ham Chig‘atoy turklari tilida boshqa mazmunga evrilgan. Onado‘li turklari esa eski ma’nosini sira o‘zgartirmasdan qo‘llashmoqda.
III. Ma’lumki, hozirgi turkchada “yapmak” fe’li bor. Bu bizning tilimizga “qilmoq” ma’nosida o‘giriladi. Bir paytlar bu kalima o‘zbek tilida ham ishlatilgan. Keyinchalik esa usmoniylarda saqlanib qolgan so‘z, chig‘atoylar tomonidan unutilgan.
IV. Bizda ham hozir “yopmoq” fe’li bor. Lekin bu kalom “qilmoq” mazmunida emas, balki, ustini berkitmoq, ustidan nimadir tashlab qo‘ymoq ma’nosida qo‘llanadi. Bundan tashqari tilimizda “non yopmoq” degan so‘z birikmasi bor. Uning asl ma’nosi non qilmoq, non pishirmoqdir. Demakki, bu jumla hozir ham bizda faol qo‘llanadi. Nega deganda tandirda non yopish jarayoni usti berkitilayotganidan emas, balki pishayotganidan darak beradi. Turk tilidagi “kahvalti yapmak”, “ekmek yapmak” kabi iboralar ham o‘zbekchadagi “non yopmoq” bilan ayni mazmundadir.
Turkchada “yapmak” fe’li “yap” asosiga “mak” qo‘shimchasi qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. “Yap”ning o‘zi shunda II shaxs buyruq maylidagi fe’lni ifodalaydi. Endi o‘zbek tilidagi “yap” so‘zini ko‘rib chiqamiz: Siz noto‘g‘ri o‘qimadingiz. Bizning tilimizda ham aynan shu so‘z bor, aniqrog‘i avval bo‘lgan. Hozirda o‘zidan keyingi qo‘shimchalar bilan yaxlitlanib, o‘zi ham qo‘shimcha maqomiga tushgan. Ular quyidagilar:
-Yap+man;
-Yap+san;
-Yap+ti (yap+di);
-Yap+miz (yap+biz);
-Yap+siz;
-Yap+ti+lar (yap+di+lar).
Endi yuqoridagi so‘zlarning izohiga yuzlansak. Bu so‘zlar tarkibidagi -man, -san, -ti (-di), -miz (biz), -siz, -ti+lar (-di+lar) shaxs-son qo‘shimchalari hisoblanadi. Bu so‘zlarning aksariyati bir paytlar olmosh bo‘lib, boshqa so‘zga birikish natijasida avval qo‘shma so‘z, keyinchalik qo‘shimchaga aylangan (tarixiy shaklda borg‘aymen, ko‘rursen, etadurlar). Endi bu boshqa mavzu. Biz esa shu o‘rinda fikrimizni quyidagicha xulosalaymiz:
– O‘tmishda yopmoq alohida so‘z bo‘lgan;
– O‘g‘uz lahjasida bu so‘z yapmak shaklida aytilgan;
– Boraman, aytasan so‘zlarida bir -a tovushi orttirilgani holda yopmoq (yapmoq)da bunday o‘zgarish bo‘lmagan.
– Dastavval qilmoq ma’nosida o‘zi qo‘shilgan fe’l bilan qo‘shma fe’lni (non yopmoq), keyinchalik ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmasini (yura yapman, ko‘ra yapman) hosil qilgan;
– Bora-bora yetakchi fe’l tarkibidagi -a ravishdosh yasovchi qo‘shimchani o‘z tarkibiga qo‘shib olib, shaxs-son yasovchi qo‘shimchaga aylanib qolgan.
Anvar ESHNAZAROV
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q