Adabiy tilimizdan jo‘nab ketgan “jo‘nalish” so‘zi – “yo‘nalish” xato variantmi?


Saqlash
10:24 / 21.11.2024 20 0

Ona tilimizda eng ko‘p qo‘llanib kelayotgan so‘zlardan biri  “yo‘nalish”dir. Bu so‘zning tub o‘zagi aslida “jo‘na” fe’li bo‘lgan jo‘na, jo‘namoq. “Jo‘na”ga fe’lning vazifa shakllari, nisbat va shaxs-son qo‘shimchalari qo‘shilganda so‘z quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi: Jo‘nang, jo‘nat, jo‘nash, jo‘novchi, jo‘nar.

 

Quyidagi gaplarga e’tibor beraylik:

 

1.                 Men siz bilan yurishni xohlamayman, jo‘nang, jo‘nang! (Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”)

 

2.                 Sen Jahongirni qishloqqa jo‘nat, deb tayinlaydi. (Husniya Pardayeva “Tog‘lar chorlovi”)

 

3.                 Xalqaro reys uchun yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jo‘nash vaqtidan 3 soat oldin boshlanadi. (Qanot Sharq Airlines e’lonidan)

 

4.                 Yo‘nalish bo‘yicha Jyenevadan har 10 daqiqada jo‘novchi 45 ta poyezd harakatlanadi. (Kun.uz xabaridan)

 

5.                 Jo‘nar ekanman, ko‘nglimdagi niyat qat’iy qarorga aylanib ulgurgan edi: men afsona ko‘chasidan albatta chiqib olaman! (Xayriddin Sultonov “Ra’no gulining suvi”)

 

Bulardan tashqari o‘zbek tilida jo‘namoq fe’li ishtirok etgan quyidagi so‘zlarni ham uchratish mumkin:

 

1.                 Jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi Qashqadaryo shevalarida o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasi bilan almashib qolish hodisasi kuzatiladi.

 

2.                 Jo‘natmalar o‘z vaqtida yetib borishi uchun pochta xodimlari tun-u kun mehnat qilishmoqda.

 

Endi savol tug‘iladi: Jo‘nalish nega yo‘nalish bo‘lib ketdi?

 

Ayni zamonda j harfi bilan boshlanuvchi ba’zi so‘zlarni ishlatishga istihola qilamiz. Hozirgi o‘zbek adabiy tiliga faqat qarluq lahjasiga doir so‘zlarni kiritishni ma’qul topamiz. Shu sababli ba’zan qipchoq, ba’zan o‘g‘uz lahjalaridagi asliy nomlar adabiy tilga biroz o‘zgarish bilan kiritiladi.

 

Avvalo, qipchoq lahjasi elementlaridan biri sifatida j tovushining so‘z boshida kelishi aytiladi. Shu boisdan, jilon, jil, jilamoq, jurmoq kabi so‘zlar adabiy tilga qarluq lahjasidagi variantlardan olingan. Ayrimlarida j tovushi y tovushiga almashgan bo‘lsa, yana ba’zilarida so‘z boshidagi j tovushi tushirib qoldirilgan. Ammo doim ham qipchoq lahjasida j orttirilmaydi. Aksincha, so‘zning asil shakli shunday ko‘rinishda bo‘ladi.

 

“Yo‘nalish”ga ba’zi mutaxassislar asos “yo‘l” bo‘lgan, unga fe’l yasovchi -a qo‘shimchasi qo‘shilgan deyishadi. Ularning fikricha, yo‘lovchi aynan jo‘novchidir. Lekin bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Yo‘l+a+v+chi shaklida so‘z hosil qilingan deylik va uni oxiridan tahlil qilib kelaylik. Yo‘lovchi so‘zi biron manzilga borayotgan kishini, yo‘lov esa borish jarayonini bildiradi. Bu yerda -a qo‘shimchasi v undoshi ta’sirida o tovushiga o‘zgargan desak, “yo‘la” so‘zi hech qayerda uchramaydi. Demak, bu so‘z yo‘l+ov+chi shaklida hosil qilingan. Ana shundagina yasama so‘zlarning ma’nosi anglashiladi.

 

Endi “Jo‘novchi”ni tahlilga tortamiz. Asos va qo‘shimchalar quyidagi tartibda joylashgan: Jo‘na+v+chi. Jo‘novchi-boruvchi, jo‘nov-boruv, jo‘na-bor degan ma’nolarda keladi. Bundan qipchoq lahjasidagi “jo‘l” va qarluq lahjasidagi “yo‘l” aslida bitta so‘zligini ta’kidlagan holda, jo‘namoq esa mutlaqo boshqa so‘z degan xulosaga kelishimiz mumkin. Ana shunda “yo‘nalish” so‘zi xato variant ekani, jumlaning asil shakli “jo‘nalish” bo‘lgan degan xulosaga kelishimiz mumkin.

 

Navbatdagi tadqiqotlarimizda esa “yo‘l” va “jo‘l” so‘zlari asos bo‘lgan shaxs va joy nomlarini tahlil qilamiz. Ko‘ramiz umumturkiy tillarda qaysi biri ko‘proq ekan?

 

Anvar ESHNAZAROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//