Muvaffaqiyatsiz 14-yurish, Sulton Jaloliddin haqida kotib yozgan kitob


Saqlash
18:06 / 01.12.2021 6692 1

Anushteginiylar sulolasi boshqargan Xorazmshohlar davlatining (1027–1231) ko‘p yillik tarixi o‘sha davr musulmon tarixchilari tomonidan yozilgan qator asarlarida o‘z aksini topgan. Ular asosida ushbu sulolaning so‘nggi vakili, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi hukmronligi, uning mo‘g‘ul istilochilariga qarshi qahramonona kurashi haqida G‘arbiy Osiyo sarhadlaridagi faoliyati kuzatish va tahlil etilganligini ko‘rish mumkin. Ayrim manbalar va adabiyotlarda uning ismi Mangburni shaklida ham keltiriladi.

 

Jaloliddin Manguberdi haqidagi XIII asrdan to hozirgacha yaratilgan asarlar salkam 500 jildga yaqin kitobni tashkil etadi. Bu asarlar shartli ravishda ikki davrga: birinchi davri – XIII–XVIII asrlarda yozilgan bitiklarga; ikkinchi davri – XVIII–XX asrlarda yaratilgan asarlarga bo‘lib o‘rganish mumkin. Birinchi davrda yaratilgan asarlarning aksariyati Sharq tarixchilarining, ijodkorlarining qalamiga mansub hisoblanadi. Ularda Jaloliddin hayoti, fa’oliyati, taqdiri haqida hikoya qilinadi. Mo‘g‘ullarga qarshi olib borgan kurashlari aks ettiriladi. Mazkur asarlar mualliflarining aksariyati Jaloliddinni ko‘rgan, bilgan, u haqda eshitgan, uning hayotidan xabardor insonlardir (Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. Kamol Matyoqubov tarjimasi. Toshkent: O‘zbekiston-Yozuvchi. 1999. 7-b).

 

Manbashunos olimlar mazkur davr xususida so‘z ketganda ko‘proq “Siyrati Jaloliddin Mankburni” va “Tarixi jahongusho” kabi asarlarga urg‘u berishadi. Chunki ularning mualliflari Shahobiddin an-Nasaviy va Alouddin Atomalik Juvayniy tasvirdagi voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ularda qaysidir ma’noda ishtirok etgan va tarix voqealariga imkon qadar xolis ko‘z bilan qarab, mushohada yuritgan.

 

Jaloliddinning hayti va kurashlari haqida eng mukammal manbalardan biri Shahobiddin an-Nasaviyning “Siyrat us-sulton Jaloliddin Manguberdi (Manguburnu)” asaridir.

 

Nasso (Niso) viloyatidagi qal’alardan birining sohibi bo‘lgan Nasaviy 1224-yilda xizmat yuzasidan Iroqqa borib qoladi va o‘sha yerda Sulton Jaloliddin xizmatiga kiradi. Shundan e’tiboran u Jaloliddinning ishonchli mulozimlaridan biriga aylanib, to 1231-yilgacha, ya’ni Jaloliddin Manguberdining fojiali vafotidan so‘ng Nasaviy xizmatni boshqa hukmdorlar qo‘l ostida davom ettirib, 1249-yilda Halab shahrida dunyodan ko‘z yumdi.

 

Tarix kitoblaridan ma’lum bo‘lishicha, sulton Jaloliddinning Nasaviydan boshqa kotibi ham bo‘lgan. Uning ismi Xoja Nuriddin Zaydariy Xurosoniy bo‘lib, fors tilida “Nafsat al-masdur fi futur zaman as-sudur va zaman su dur al-futur ” nomli biografik asar yozgan. Mazkur asar mazmuni va muallifi hali tarixchilarimizga noma’lum bo‘lgani uchun uni ayrim olimlar Nasaviy asariga aynanlashtirib, ikkinchi kitobi deb qarasalar, ayrimlari “Siyrati Jaloliddin Mankburni”ning boshqa nomi degan xato talqinlarga boradilar.

 

“Siyrat as-sulton” asari esdalik tarzida yozilgan asar bo‘lib, muqaddima va 108 ta bobdan iborat. Asarning I–IV boblarida mo‘g‘ul-tatarlar, Chingizxonning kelib chiqishi, Chingizning xon bo‘lib ko‘tarilishi va uning Mo‘g‘uliston va Shimoliy Xitoyni bo‘ysundirishi masalalari qisqacha bayon etilgan. V–XXII boblar Xorazmshoh Alouddin Muhammadning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. XXIII bobdan boshlab kitobning to oxirigacha mo‘g‘ul istilosi va Xorazmshoh Alouddin Muhammad o‘z yurtini sharmandalarcha tashlab qochishi, sulton Jaloliddinning hayoti va uning mo‘g‘ul istilochilari bilan olib borgan qahramonona kurashi, uning Ozarbayjon hamda Iroqdagi faoliyati va nihoyat, fojiali halokati hikoya qilinadi. “Siyrat as-sulton” asarining, ayniqsa, 1224–1231 yillar voqealarini o‘z ichiga olgan boblari noyob va muhim ilmiy qimmatga ega, chunki bayon etilgan voqealarning ko‘pchiligida muallifning shaxsiy ishtiroki ko‘rinib turadi (Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. Kamol Matyoqubov tarjimasi. Toshkent: O‘zbekiston, 2006).

 

Nasaviyning Jaloliddin Manguberdini yaqindan bilgan, asarida bayon etilgan voqea-hodisalarning aksariyatida bevosita ishtirok etgan yoki shohid kishilarning xabarlariga tayangan, eng muhimi xolisona va haqqoniy so‘z aytishga intilganki, bular asarning ilmiy qimmati hamda ishonchlilik darajasini oshiradi. Nasaviy o‘z asarini bitishga Jaloliddin vafotidan qariyib 10 yil o‘tgandan so‘ng, 1241-yildan kirishgan va tabiiyki, erkin fikr bildirish imkoniga ham ega edi. Nasaviyning “Sirot as-sulton Jaloliddin Mangubur”ning arabiy asl matni va turli tillarga qilingan tarjimalari bir necha bor dunyo yuzini ko‘rdi.

 

Nasaviyning asari arab tilida yozilgan va uning to‘liq bo‘lmagan ikki nusxasi yetib kelgan. Undan bir nusxa Fransiya Milliy kutubxonasida va ikkinchisi Britaniya muzeyida saqlanayotir. Asarning arabcha matnini 1891-yili Oktav Uda nashr etgan. Shu olim uni 1895-yili fransuz tiliga ham tarjima etib, chop etgan (Paris, 1895. In PÉLOV, IIIe., sér., vol. IX-X). Shu tarjima asosida 1914–191-yillarda Yu.Ziyo va A.Tavhid, 1934-yili mustaqil tarzda Najib Osim asarni turk tilida, 1945-yili Muhammad Ali Nosix tomonidan arab tilidan fors tiliga, 1953-yili esa O.Uda tarjimasi asosida yana arab tiliga Hofiz Ahmad Hamdiy o‘girgan. Asar rus tilida qisman 1850 va 1900-yillari chop etilgan. Xususan, u taniqli sharqshunos olim Z.M.Bunyotov tomonidan rus tiliga o‘grilib, ikki marta (ikkinchisi arabcha matn bilan birga) chop etildi. Asar o‘zbek tilida ham K.Matyoqubov tarjimasida “Sulton Jaloliddin Manguberdi” nomi bilan ikki marta nashr etilgan (Ismat Ochilov. Yozma manbalarda Jaloliddin Manguberdi tavsifi// "Oriental Art and Culture" Scientific-Methodical Journal – (4) IV/2020. 64-b).

 

Nasaviy o‘z asarida sarkarda Sulton Jaloliddin siymosini shunday tasvirlaydi: “U (Jaloliddin) qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, nutqi va ifodalariga ko‘ra turk, ammo forscha ham gaplashar edi. Uning jasurligi haqida aytadigan bo‘lsak... u sherlar ichra sher, mohir chavandozlar ichida eng botiri edi. U muloyim tabiatli bo‘lib, hech qachon jahllanmas va so‘kinmasdi. O‘zini jiddiy tutar, ammo u duch kelgan isyonlar davri tabiatiga ham ta’sir qildi. U fuqarolar turmushini yaxshilashga intilar, ammo tushkunliklar davrida hukmronlik qilgani uchun  zo‘rlik ishlatishga majbur bo‘ldi... Uning yorliqlaridagi tamg‘asida “Madad faqat Ollohdan” degan so‘zlar yozilgan edi” (Nosir Muhammad. Sirli zarvaraqlar. Tarixiy etyutlar. Toshkent: O‘zbekiston, 2016. 9-b).

 

“Siyrat as-sulton”da Nasaviy 1218-yildan 1231-yilgacha Jaloliddinning  vaqtincha bo‘lsa ham qo‘l ostida bo‘lgan saltanatda, ya’ni Xorazm, Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron, Iroq, Ozarboyjon, Gruziya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan voqealar, Xorazmshoh Alouddin Muhammad va Jaloliddin Manguberdi faoliyatlari, Chingizxon bosqini hikoya qilinadi. Asarda keltirilgan voqealar tafsiloti Xorazmshohlar mavqeida turgan tarixchi tarafidan bayon qilinadi. Nasaviy boshqa davr tarixchilaridan farqli o‘laroq Xorazmshohlar davlatining ichki va tashqi hayoti, Turkon xotun va uning mamlakat hayotidagi o‘rni, saltanatning yemirilishi sabablari, ko‘chmanchi turk qabilalarning (ayniqsa qipchoqlar va Turkon xotun urug‘idagilarning) sotqinliklari, Bog‘dod xalifasining ikki yuzlama siyosati, Jaloliddinning ichki va tashqi siyosati (ismoiliy va ayubiylar, g‘urriylar bilan munosabatlar), yurishlarining sabab hamda oqibatlari yangicha asosda bayon qilinib, talqini beriladi (Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy. Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti. Kamol Matyoqubov tarjimasi. Toshkent: O’zbekiston, 2006).

 

Asar ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, Jaloliddin Manguberdi og‘ir bir paytda, Movarounnahr urush domiga tortilgan, mamlakatning katta qismi mo‘g‘ullar tomonidan istilo etilgan, xorazmshohlar qo‘shini yakson qilingan, amirlarning bir qismi xoinlik, qolgani o‘z joni-mulkini asrash yo‘liga tushgan, sulton mamlakatni o‘z holiga tashlab qo‘ygan, o‘zaro sarosima va tahlika hukm surgan bir vaqtda tarix sahnasida paydo bo‘ldi. Jaloliddin shunday bir og‘ir vaziyatda, Vatan va xalq erki uchun kurashib, mo‘g‘ullarga qarshi 11 yil davomida kurash olib bordi, 14 marotaba mo‘g‘ullarga qarshi ot surib, uning 13 tasida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi (Masharipov Q. Jaloliddin Manguberdi harbiy san’ati. Parvon jangi// Xorazm Ma’mun akademiyasi axborotnomasi. 2020. № 10. 121-122-b).

 

Mazkur davrga oid muhim hamda batafsil manbalardan biri Alouddin Atomalik Juvayniyning “Tarixiy jahongushoy” asaridir. Juvayniylar xonadonining bir necha vakillari Xorazmshohning arkonlaridan bo‘lgan (Турсунов Н. Ҳафтхони Темурмалик. Хужанд: Хуросон, 2003. 16-б; 3. Давлатов М. Сопротивление таджикского народа монгольскому завоеванию. Душанбе: Деваштич, 2007. С. 12).

 

Jumladan, Bahauddin ibn Ali Juvayniy 1192-yilda Sulton Alouddin Takesh (1172–1200) xizmatiga kiradi. Uning nabirasi Alauddin Atomalik Juvayning bobosi Shamsiddin Muhammad (1200–1220), keyinchalik Jaloliddin Manguberdining bosh vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ammo uning o‘g‘li Bahouddin taxminan 1232-yilda bir guruh aslzodalar bilan birga mo‘g‘ullar xizmatiga kirishga majbur buladi va o‘g‘li Alouddinni ham xizmatga jalb etadi.

 

“Tarixi jahongushoy 1252–1260-yillar oralig‘ida fors tilida ta’lif etilgan, uch jilddan iborat: 1-jild mo‘g‘ullar tarixi, Chingizxonning davlat tepasiga kelishi va istilochilik yurishlaridan to Kuyukxon davri (1246–1248)gacha kechgan voqealar, shuningdek, Jo‘jixon, Chig‘atoy va avlodlarining tarixini aks ettiradi; 2-jild Xorazmshohlar tarixi va Movarounnahr va Xurosondagi mo‘g‘ul hukmdorlari kechmishiga bag‘ishlangan; 3-jildda Xuloguxonning Eronni zabt etishi (1256–58), Ismoiliylar davlati tarixi batafsil bayon etilgan. O‘rta Osiyo tarixi uchun asarning 1-2-qismlari alohida qimmatga ega (Alouddin Atomalik Juvayniy. Tarixi jahongusho. Tarjumon Nazarbek Rahim. Toshkent: Mumtoz so‘z, 2015. 4-b).

 

Juvayniy asarida qisqa bo‘lsa-da Jaloliddin shaxsiyati va fa’oliyatiga oid muhim ma’lumotlarni keltiradi: “Jaloliddin Sulton Muhammadning o‘g‘illari orasida yosh jihatidan kattasi, jasorat va bilim jihatidan ustuni, saltanat toji va ilohiyot chirog‘ining nuri Sulton Jaloliddin edi” (Alouddin Atomalik Juvayniy. Tarixi jahongusho... 364-b).

 

Shuningdek, asarda muallif Jaloliddin Manguberdining Chingizxonni hayratga solgan jasorati, aql-zakovati haqida quybdagilarni keltiradi: “Chinzigxon uning daryodan o‘tib kelayotganini ko‘rgach, suv bo‘yiga ot surdi. Mo‘g‘ullar ham o‘zlarini daryoga otmoqchi bo‘ldilar, biroq Chingizxon ularni to‘xtatdi. G‘animlar kamondan o‘t otmoqqa kirishdilar. Bu holni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan kishilarning aytishiga qaraganda, daryoda o‘q zaxmidan halok bo‘lganlar qonidan suv qizarib ketgan ekan. Sulton bitta qilich, nayza va qalqon bilan daryodan o‘tdi. Chingizxon va barcha mo‘g‘ullar hayrat barmog‘ini tishlar edilar. Chingizxon ul holni mushohida etgach, o‘g‘illariga yuzlandi va: “Otadan ana shunday o‘g‘il qolishi kerak. Modomiki, u ikkita sel-suv va olov selidan o‘tib salomatlik sohiliga yetar ekan, demak undan ko‘p ishlar va sanoqsiz jang-jadallar zohir bo‘lajak, uning ishlariga oqil kishi qanday qilib ko‘z yumishi mumkin” – dedi (Bo‘riyev O., Toshev N. Jaloliddin Manguberdi (Davri. Sarkardalik fa’oliyati. Manbalar). Toshkent: Fan, 1999. 51-52-b).

 

Mazkur voqea XIX asr Qo‘qon tarixnavislik maktabining yirik vakillaridan biri bo‘lgan turli sulolalar qatori Xorazmshohlar davriga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lgan, ammo mutaxassislar nazaridan chetda qolgan va yetarlicha o‘rganilmagan, qisqa bo‘lsa-da boshqa manbalarda uchramaydigan nodir ma’lumotlarni aks ettiruvchi “Muntaxab at-tavorix” asari va uning muallifi Muhammad Hakimxon talqinida quyidagicha bayon etiladi: “Sulolaning yettinchi vakili Sulton Jaloliddin bo‘lib, laqabini Manguberdi derlar. Ba’zilar aytibdurlarki, bir ming yuz marotiba jang qilibdur, shuning uchun mazkur laqabni olmish. Otasi vafotidan keyin taxtga o‘tirib, juda shujoatli podshoh edi. Chingizxon bilan ko‘p janglar qildi. Chingizxon elchi yuborib dedi: “Agar bizga tobe’ bo‘lsa, uning mulkini qaytarib berurman”. Sulton Jaloliddin qabul qilmadi va mo‘g‘ullarga hujum qildi. Harakat qilib Jayxun daryosiga yetdilar va Sulton Jaloliddin hamrohlari bilan o‘zlarini suvga otdilar, barchalari g‘arq bo‘lishdi.

 

Sulton Jaloliddin va uch to‘rt kishi daryodan salomat o‘tdilar. Chingizxon davlat arkonlari bilan Sulton Jaloliddin ishiga tasannolar aytdilar va Jaloliddin daryodan o‘tib o‘z kiyimini oftobga yoyib va otini boylab, Chingizxon tarafiga orqasini o‘girib, bemalol o‘tirar edi. Chingizxon uning bu jasoratidan ularni qo‘lga olishiga ko‘zi yetmas edi. Oqibat Chingizxon makr ishlatib dedi: “Mening oldimga kelishing orzuida edim, angladimki, bu muddao amalga oshmaydi. Endi sendan bir iltimosim bor: o‘rningdan tursang va men sening qomatingni ko‘rsam. Shu men uchun yetarli”. Sulton Jaloliddin qabul qilib, o‘rnidan turdi va bir necha qadam qo‘ydi va o‘z o‘rniga o‘tirdi. Chingizxon dedi: “Endi sen mening that-u tasarrufimga kirding. Ixtiyor o‘zingda, qayerga borsang bor”. Sulton Jaloliddin Chingizxonning muddaosi nimada ekanini tushunib yetdi...” (Мухаммад Хакимхан. Мунтахаб ат-таварих. Подгот. факсим. текста, введ. и указ. А. Мухтарова/ Мухаммад Хакимхан. В двух книгах. Книга 1. Душанбе: Дониш, 1983. С. 85).

 

Ta’kidlab o‘tish joizki, Sulton Jaloliddin Manguberdining Kavkazorti va Kichik Osiyodagi faoliyati, mahalliy sulolalar bilan munosabati kabi muhim masalalarda an-Nasaviy va Juvayniy asarlari qimmatli ma’lumotlar beradi.

 

Shunday qilib, Shahobiddin an-Nasaviy va Alouddin Atomalik Juvayniy “Siyrati Jaloliddin Mankburni” va “Tarixi jahongusho” Xorazmshohlar davlati, mo‘g‘ullar istilosi, maxsusan Sulton Jaloliddin Manguberdi shaxsiyati va o‘z vatani ozodligi yo‘lida qo‘liga qilich olib, dushmanga qaqshatqich zarbalar keltira olgan Xorazmning mard o‘g‘loni Jaloliddin Manguberdi harbiy fa’oliyatini o‘rganishda birlamchi manba hisoblanadi. Tadqiq etilgan manbalarda keltirilgan Jaloliddin Manguberdining hayoti va vatanga e’tiqod yo‘lidagi faoliyatini o‘rganish o‘smir yoshdagi o‘quvchilarning vatanga e’tiqod, cheksiz muhabbat, g‘urur va iftixor, vatan va xalq tinchligi yo‘lida jon fido etish, insonparvarlik kabi qarashlarini rivojlantirish va shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Jamoliddin ABDUKARIMOV,

Akademik Bobojon G‘afurov nomli

Xo‘jand davlat universiteti katta o‘qituvchisi

1 Izoh

Navro'zbek

01:11 / 23.11.2023

Menga kitob kerak qayerdan topsam bo'ladi

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//