Ikki tayanch ustunimiz yoxud iqtisodiyoti va ma’naviyati yuksak mamlakat qanday qurilmoqdа?


Saqlash
11:04 / 27.11.2024 188 0

Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek katta marra, ulkan maqsad sari dadil qadam tashlanmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda ilgari surilgan har bir tashabbus, har bir amalga oshirilayotgan islohotlar barchamizni shu ulkan orzu tomon yetaklamoqda. Bu orada katta o‘zgarishlar, olamshumul ishlar amalga oshirildi. Dunyo vatanimizni yangidan kashf qildi, tanidi. Xalqimiz ong-u shuuri, siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi.

 

Ayniqsa, uch kun davomida bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy voqeliklar, unda ko‘tarilgan masalalar, oldinga qo‘yilgan rejalar tom ma’noda vatanimiz taraqqiyotini yangi, hal qiluvchi bosqichga ko‘taradigan, ulkan marralar sari qadam qo‘yadigan istiqbolli jarayonlar debochasi bo‘ldi.

 

Buyuklar armoni

 

Qay bir alloma-yu mutafakkirlarimiz asarini o‘qimaylik, har birida katta bir armon, ulkan bir orzuni ko‘ramiz. Bu xalq dardini eshitadigan davlat, ma’rifati yuksak, axloqi baland jamiyat orzusidir.

 

Buyuk daho, hazrat Navoiy “Dardim og‘irroq tog‘din, xoshokdin jismim yengil”, deya yozganda bu og‘ir dard xalq dardi, raiyat ehtiyoji ekanini ayon qilgan. Allomaning birgina “Munshaot” asarini tom ma’noda davlat boshqaruvi sohasida o‘z davrining adolatli qonuni sifatida ko‘rish mumkin. Unda “Davlatning barcha bo‘g‘inidagi mansabdor va amaldorlar, raiyat ishlari bilan shug‘ullanadigan, qo‘lida imzo va muhr tutadigan barcha mas’ullar murojaat etuvchilarning ishlari ertangi kunga qoldirilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak, ta’ma maqsadida paysalga soluvchilar muqarrar jazolanishi lozim”ligi aytiladi. Shu orqali mutafakkir o‘z orzusidagi davlat boshqaruviga ko‘zgu tutadi aslida. Bugun bu orzu “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan aniq, qat’iy tamoyilda aks etmoqda.

 

Yoki Forobiy ilgari surgan axloq falsafasini olaylik. Mutafakkirning axloq va uning asosida yosh avlodga tarbiya berish g‘oyalari hozirgi kunda ham eng dolzarb masaladir. Forobiy yuksak axloqiy fazilatlarga rioya qilgan holda rivojlanayotgan har qanday davlat o‘z fuqarolarini, shak-shubhasiz, baxt-saodat yo‘liga olib chiquvchi kuchga ega bo‘lishini ta’kidlaydi. Alloma inson bilim va namunali axloq egasi bo‘lgandagina yaxshi odat va harakatlarni o‘zida mujassamlashtira olishini aytadi.

 

Bugun davlatimiz rahbari har chiqishlarida kuchli ilm va axloq bir bo‘lsagina yuksak natijalarga erishish mumkinligini bot-bot ta’kidlayotgani zamirida ham aslida taraqqiyot, baxt-saodat yo‘lidagi muhim qoida sifatida qarash lozimligi turadi.

 

“Xalq uyi”da xalq ovozi

 

Ibn Xaldun “Davlat – xalq ma’naviy irodasining ichki dinamik quvvatini aks ettiradi”, deydi. Ayniqsa, bu aks etish “Xalq uyi”da ravshanroq ko‘rinishi, xalq ehtiyoji, dardi, ovozi shu uy orqali balandroq yangrashi shart.

 

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida ham bunga qayta-qayta urg‘u berildi, deputat degan sharafli nomga sazovor bo‘lganlarning ulkan mas’uliyati eslatildi.

 

Zero, bu saylov yangi aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilgani bilan ham tarixiy voqelik bo‘ldi. Parlamentning huquq va vakolatlari ortdi, yangi xalq vakilligi tizimi sifatida mas’uliyati oshirildi. Faoliyat qog‘ozdan natijadorlik, vakolatdan samarali faoliyat tomon yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.

 

Italyan mutafakkiri Nikkolo Makiavelli eng ishonchli, eng mustahkam qo‘rg‘on xalq muhabbati ekanini ta’kidlagan. Bu muhabbat ishonch ko‘rinishida ko‘z oldimizda gavdalanmoqda. Ayniqsa, saylovlar xalqning islohotlarga, davlatga ishonchini ko‘rsatuvchi ko‘zgu ham. Bu yilgi saylovlarda 15 milliondan ziyod aholimiz, jami saylovchilarning qariyb 75 foizi faol ishtirok etgani buning dalilidir.

 

Bugun globallashuv jarayoni, geosiyosiy vaziyatlar taranglashuvi, dunyo xatar va tahlikaga to‘la ekani aytilmoqda. Albatta, bular shunchaki gaplar emas, har kuni ko‘z oldimizda gavdalanayotgan voqeliklarga aylanib bormoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 milliardga yaqin odam to‘qnashuvlar va zo‘ravonlik bo‘layotgan, beqarorlik hukm surayotgan mintaqalarda yashaydi. Achinarlisi, ularning uchdan bir qismidan ziyodi 15–24 yoshlilardir. BMT Bosh kotibi ham dunyoda har to‘rtinchi o‘smir zo‘ravonlik va qurolli nizolardan jabr ko‘rayotganini ma’lum qildi.

 

Shunday bir vaziyatda mamlakatimizda yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga imkoniyatlar yaratish yo‘lida tinmay yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilangan bo‘lsa, deputatlarimizning 11 nafari, ya’ni 7,5 foizi 35 yoshgacha ekani, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylangani fikrimizga dalil bo‘la oladi.

 

Yana bir jihat, ma’rifatli ayol – ma’rifatli avlod, ma’naviyatli jamiyat bunyod etishga hissa qo‘shadi. Buni tarix saboqlari, allomalarimiz hikmatlari orqali ham ko‘p va xo‘p o‘qiganmiz. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini yoki 57 nafarini ayollar tashkil etgani – mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolayotgani aytildi.

 

Yig‘ilishda parlamentning avvalgi faoliyati tahlil, kamchiliklari sarhisob qilinib, yutuqlari e’tirof etildi.

 

Ayniqsa, Parlament tadqiqotlari institutini Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgani deputatlar institut bilan faol ishlab, muammolarga ilmiy-amaliy yechim topishi, bu boradagi takliflarini qonunchilik tashabbusi darajasiga olib chiqishga imkon berishi muhim qadam bo‘ldi.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilinib, 2025-yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha katta marralar olingani aytildi. Bu maqsadlarga 46,5 trillion so‘m yo‘naltirilib, 100 ming gektar yer dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etish uchun 200 ming kambag‘al oilaga ijaraga berilishi ma’lum qilindi.

 

Bu kabi katta marra, ulkan maqsadlar ko‘p. Bunday jarayonlarning esa ta’sirchan parlament nazoratisiz amalga oshishi qiyin, albatta. Shu sababli deputatlarimiz ushbu yo‘nalishlarda mutasaddi idoralar oldiga aniq topshiriqlar qo‘yib, ularning ijrosini nazoratga olishi ko‘p masalalarning hal etilishiga, islohotlarning tizimli amalga oshishiga zamin bo‘ladi.

 

Ta’kidlash joizki, quyi palatadagi 12 ta qo‘mita o‘rnida 10 ta yangilangan qo‘mita tashkil etildi. Qo‘mitalar faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish ham muhim ahamiyatga egaligi aytildi. Har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi samarali yechim sifatida ta’kidlandi.

 

Davlatimiz rahbari “Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir”, deya ta’rifladi.

 

Darhaqiqat, xalqimizda “Olim bo‘lma, odam bo‘l”, degan purma’no gap bor. So‘nggi vaqtlarda oramizda mizantropiyalar guruhi paydo bo‘la boshladi. Ya’ni, ko‘rinishi bashang, qo‘sh-qo‘sh diploma-yu maqtanib tugatolmaydigan yutuqlari bor. Lekin axloqiy me’yor va qadriyatlarni tan olmaydi, uni keraksiz sarqit, deb qaraydi. Aslida har narsadan inson degan nom, axloq, vatanparvarlik ustunligi – bu ayniqsa, xalq vakillari uchun eng muhim ta’rif, nazarimizda.

 

Miqdor va sifat o‘zgarishi

 

Falsafada miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga aylanishi qonuni mavjud. Dialektikaning bu qonuni harakat va rivojlanishning qay tarzda yuz berishini tushuntirishga xizmat qiladi. Bu qonunga ko‘ra, ko‘zga tashlanmaydigan, asta-sekin yuz beradigan miqdor o‘zgarishlari (miqdorlarning ortishi yoki kamayishi) muayyan vaqt o‘tgach, jiddiy va katta sifat o‘zgarishlariga, eski sifatdan yangi sifatga o‘tilishiga olib keladi. Bu qonun tabiat, jamiyat va tafakkur rivoji bilan bog‘liq barcha jarayonlarda amal qiladi.

 

Prezidentimiz ishtirok etgan navbatdagi muhim uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi bo‘ldi.

 

Unda miqdordan sifat o‘zgarishi tomon amalga oshirilgan ishlar, muhim islohotlar aytildi. Senatni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish maqsadida senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga qisqarib, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirildi. Lekin senatorlarning vakolatlari va mas’uliyatlari oshirildi.

 

Yig‘ilish davomida yuqori palataning avvalgi tarkibi faoliyati tahlil qilindi, erishilgan yutuqlar aytildi, ular mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgani ta’kidlandi. Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgan, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritilgan. Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshgan. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetgan.

 

Yig‘ilishda yana bir bor bugun dunyodagi vaziyat tinchlik va birlikda harakatlanish ahamiyatini yanada oshirayotganiga urg‘u berildi.

 

Davlatimiz rahbari ta’kidladiki:

 

Mana shunday g‘oyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman.

 

Bugun Prezident tomonidan tez-tez ilgari surilayotgan birlashish falsafasi butun dunyo uchun ham zarur ehtiyojga aylanib bormoqda. Jaloliddin Rumiy hazratlari “Men yetmish uch mazhab ila birdurman” degan so‘zlarida insoniyatning birligi, yakdilligi hayot qonuni ekaniga ishora qilinadi. Bugun dunyoning turli burchaklarida yashashiga qaramay insonlar taqdiri bir-biriga bog‘liq, tinchligi hamkorlikka, bu olam, bu tabiatdan oqilona foydalanishda birlashishga zarurat borligini ko‘rsatib turibdi. Bugun o‘z ishiga tanqidiy baho berish, rivojlanishga harakat, hamkorlikda ishlash ko‘plab dolzarb masalalarga yechim bo‘lishi ayon.

 

Shu munosabat bilan, Prezident Senat oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Bular orasida qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etish, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish, xususan, 2025-yildan boshlab tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlar raislik qilmasligi aytildi.

 

Ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat berayotgani ta’kidlandi.

 

Yangilangan Konstitutsiyamizda Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklatilgan. Davlat rahbari Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratishi kerakligini aytdi.

 

Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi dastur va rejalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda senatorlarning ishtiroki juda muhimligiga urg‘u berildi.

 

Qonun qudrati ijro bilan

 

“Siyosatnoma” asarida “...farmonning hurmati va kuch-qudrati shunday bo‘lishi kerakki, ijro etilmaguncha uni hech kim qo‘lidan qo‘yishi kerak emas”, deyiladi. Darhaqiqat, ijro kuchi islohotlarning tub mohiyatini ko‘rsatadi, xalqning davlatga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi.

 

Prezidentimiz ishtirokidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisida bu boradagi vazifalar, istiqboldagi rejalar aytildi.

 

Davlatimiz rahbari, avvalo, o‘tgan besh yildagi dasturlar ijrosiga to‘xtalib o‘tdi. Bu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda.

 

Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari esa 40 milliard dollardan oshdi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.

 

So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 9 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘paydi.

 

Maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshdi. Barcha hududlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ochilib, tashkilot xodimlari tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan edi. Barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘zida 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

 

Shunday sur’at jadal davom ettirilsa, 2030-yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 200 milliard dollarga yetkazish salohiyati borligi ta’kidlandi. Bu aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga asos bo‘ladi.

 

Xususan, aholi jon boshiga daromadlarni 5 ming dollardan oshirish, kambag‘allik darajasini 5 foizga tushirib, ehtiyojmand aholi uchun mustahkam ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘larni 2 barobar ko‘paytirib, tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish va kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan to‘liq qamrovni ta’minlash, yiliga 150 ming kvartirali yangi zamonaviy uy-joylarni barpo etish imkoniyati yaratiladi.

 

Prezidentimiz bu maqsadlarga erishish uchun hukumat bilan parlament hamkorligi muhim ekanini ta’kidladi.

 

Parlament nazorati – bu avvalo “xalq nazorati, xalq so‘rovi” ekani ta’kidlandi. Bu borada barcha rahbarlar mas’uliyat va javobgarlikni to‘liq his etishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Muhimi barcha ko‘zlangan marralarga yetilmoqda. Faqat mamlakat yetakchisi aytganidek: “Bugun faqat mana shunday ilg‘or yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan xalqqa ega bo‘lgan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga erisha oladi”.

 

Yig‘ilishda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi ham taqdim etildi.

 

Yuqorida keltirganimiz, birlashish g‘oyasi bugun, ayniqsa, tabiat va inson munosabatlari, umumiy yashash makonimiz doirasida zaruratga aylanib bormoqda.

 

Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan edi. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etildi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.

 

Bu harakatlar, bu g‘oya va tashabbuslar ortga qaytmasligiga ishora sifatida Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

 

Ma’naviyat va iqtisodiyot o‘q tomirlarimiz

 

O‘tkazilgan mazkur yig‘ilishlar yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichi, ulkan marralar tomon dadil qadam tashlayotganini ko‘rsatdi. Maqolamiz boshida buyuklarimiz orzu qilgan davlat haqida gaplashgan edik. Bu davlat nafaqat, qonunlari, xalqqa xizmat qilishi, ularning holidan xabardor bo‘lishi, ularning ovoziga, siymosiga aylanishi, shu bilan birga, ma’naviyati yuksak, axloqi baland, qadriyatlar qadrlangan yurt hamdir.

 

Bugun bu orzu davlat rahbari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ta’kidlanganidek: “Bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – ma’naviyatdir. Ma’naviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”.

 

Al-Xorazmiyning ajoyib tenglamasi bor. Unga ko‘ra:

 

Agar inson yaxshi xulq sohibi bo‘lsa, u 1 ga teng.

Agar inson husn sohibi bo‘lsa, birning yoniga nolni qo‘sh = 10 bo‘ladi.

Agar inson boy bo‘lsa, yana bir nolni qo‘sh = 100 bo‘ladi.

Agar nasl-nasabli bo‘lsa, yana bir nolni qo‘sh = 1000 bo‘ladi.

Agar 1 raqami, ya’ni xulq yo‘q bo‘lib ketsa, insonning qiymati yo‘qqa chiqib, nollarning o‘zi qoladi = 000.

 

Ko‘zlangan katta marralarga ma’naviy buyuk xalq iqtisodiy qudrat bilan yetib boradi.

 

 Otabek HASANOV,

 Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 27-noyabr, 141-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22523
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//