Samarqandning tashrif qog‘ozi – Registon maydonining hozirgi ko‘rinishini XVII asrda shahar hokimi Yalangto‘shbiy Bahodir (1576–1656) olchin shakllantirgan.
Samarqand shahrini qaytadan tiklagan sohibqiron Temurbek davrida Registon savdo va hunarmand rastalari joylashgan markaz bo‘lgan, mirzo Ulug‘bek davrida esa ilm uchog‘iga aylangan. Shu yerda Ulug‘bek salobatli madrasa, yonida karvonsaroy, qarshisida esa ulkan gumbazli sufiylarning xonaqosini bunyod ettirgan. XVII asrga kelib Registonning ko‘hna imoratlari nuray boshlagach, Samarqand amiri Yalangto‘shbiy Bahodirxon ularning o‘rniga o‘zining mablag‘i hisobidan Ulug‘bek madrasasi qarshisida 1619–1938-yillar “Yalangto‘sh Bahodirxon” (“Sherdor”) madrasasini, yonida – karvonsaroy joylashgan yerda esa 1649–1959-yillar “Yalangto‘shbiy kichik madrasasi” (“Tilla Kori”)ni quradi. Shu sababli bu maydon XIX asrda ham “Bahodir maydoni” deb nomlangan. Natijada bugun butun dunyo sayyohlarini ohangrabodek o‘ziga jalb etib kelayotgan Amir Temur bayrog‘idagi uch halqa mazmun-mohiyatini aks ettirib turgan Registon deya atalayotgan me’moriy ansabl maydonga keladi.
O‘tmishda elimiz orasida dunyoga kelgan bolaga odatda ikki – o‘zbekcha va arabcha ism berilgan. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tug‘ilganda rasmiy “Muhammad”, yaqin kishilari uchun esa o‘zbekcha “Ulug‘bek” nomi bilan atalganini, Muhammad Shayboniyxonning ham ikki ismi bo‘lganini misol keltirish mumkin. Bu holat Yalangto‘shbiy Bahodirxon ismlarida ham aks etgan. Garchand u o‘zbekcha ismi bilan mashhur bo‘lgan bo‘lsa-da, rasmiy manbalarda uning Abdulkarim va Nizomuddin nomlari ham bo‘lgani keltiriladi. Yalangto‘sh Bahodirxonning uch farzandi – Iqlimabonu va Oybibi ismli qizlari va otasidan 6-7 yil ilgari vafot etgan Boybek ismli o‘g‘li bo‘lgan.
Yalangto‘sh yoshligidan Buxoro hukmdori Dinmuhammad e’tiborida bo‘ladi va o‘sha yerdagi madrasada diniy, dunyoviy va harbiy sohalarda tahsil oladi. 1593-yilda olchin urug‘i biyi etib tayinlanganda u o‘n yetti yoshda edi. Asta-sekin siyosiy davralarga kirib borayotgan Yalangto‘sh Bahodir 1611-1612-yillarda Vali Muhammadxon va ashtarxoniylar hukmdori Imomqulixon o‘rtasidagi ziddiyatlarga aralashib qoladi va Imomqulixonning qo‘llashi tufayli 1612-yilda dastlab Samarqand amiri va keyinroq otaliq maqomiga erishadi.
Yalangto‘sh Bahodirxon uch marta (1612–1632, 1633–1642, 1645–1656) Samarqand hokimi bo‘lgan. O‘z qo‘shini va boyligiga ega bo‘lib, Buxoro xonligining harbiy harakatlarida faol qatnashgan va katta shuhrat qozongan. 1623-yil va 1631-yilda Forsda hukmronlik qilayotgan Safaviy turklari qo‘shini Balx viloyati ustiga yurish qilganda Balx hokimi Nadr Muhammadxonga yordam bergan. Nadr Muhammadxon Imomqulixon o‘rniga taxtga o‘tirgach, Yalangto‘shga Kobul atrofidagi bir qator qabilalarni bergan. Xon tomonidan iqto tarzida in’om etilgan yerlarning katta qismi hozirgi Afg‘oniston hududida bo‘lgan.
Yalangto‘shbiyning keyingi faoliyati jang-u jadallar ichida kechadi. Imomqulixon askarlariga bosh bo‘lib, Toshkent, Sayram, Turkiston shahrini egallaydi, Esimxon, Tursun kabi Dashti qipchoq sultonlariga qarshi kurash olib boradi, Toshkentni turli xil ko‘chmanchilar bosqinidan himoya qiladi.
XVII asrning ikkinchi choragida hozirgi Qozog‘iston hududiga Xitoyning g‘arbiy yerlaridan kelgan jung‘orlarning bosqini kuchayadi. Bu bosqin Sharqiy Turkistonda boshlanib Dashti qipchoq, Turkiston yerlarida jung‘orlar bilan turkiy xonlar avlodlari o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash ko‘rinishida aks etdi. Gohida hudud talashib o‘zaro urushib turgan turkiy xonlar dini, tili, qondoshligi boshqa bo‘lgan tashqi dushman – jung‘orlar bostirib kelganda birlashar edilar. Ashtarxoniylar qo‘shini tashqi dushman kelganda Dashti qipchoqdagi qardosh xonlarga doimo yordamga borishgan.
Jumladan, Buxoro xonligi 1640-yili qozoqlarga yordam uchun Yalangto‘sh Bahodirxon boshchiligidagi 10 minglik qo‘shinni jung‘orlarga qarshi urushga yuboradi va dushmanni chekinishga majbur qiladi, biroq o‘z yerlariga qaytib borgan qozoqlarning tinch hayoti uzoqqa bormaydi. Samarqand qo‘shinining ortiga qaytib ketganini bilgan jung‘orlar xoni Botur-xuntayji yana katta qo‘shin bilan qozoqlar ustiga yopirilib keladi, Yettisuv yerlarigacha bo‘lgan hudud Jung‘orlar hukmronligi ostiga o‘tadi.
Bu safar ham Ashtarxoniylarning 30 minglik qo‘shini qardoshlarga yordamga otlanadi. Chimkent yonida bo‘lgan to‘qnashuvda ular g‘olib kelib jung‘orlarni hozirgi Almatiga qadar uloqtirishadi. Ularning omon qolgan qismi qozoqlar tomonidan yo‘q qilinadi.
1643-yili xuntayji Erdona Botur boshchiligidagi jung‘orlar qo‘shini qaytadan Dashti qipchoq yerlariga bostirib keladi. Orbo‘loq daryosi yonida jung‘or qo‘shini bilan qozoq xoni Jahongir sulton qo‘shinlari o‘rtasida ayovsiz jang bo‘lib o‘tadi. Buxoro xonligi bu jangga ham befarq bo‘lmaydi. Savashning avj pallasida mukammal darajada qurollangan Yalangto‘sh Bahodirxon boshchilik qilgan 20 minglik Samarqand qo‘shini qozoq qardoshlarga yordamga yetib boradi, dushman lashkarining ortidan qaqshatqich zarba berib, urush taqdirini o‘z foydasiga hal qiladi. Bu g‘alabaning qadri juda ulug‘. Dashti qipchoq, Turkiston yerlari Sharqiy Turkiston kabi jung‘orlar tomonidan bosib olinishidan omon qoladi, yurt mustaqilligi saqlab qolinadi.
Bu jangda jon olib-jon bergan ko‘plab askar ajdodlarimiz Orbo‘loq daryosi yonida shahid bo‘lishadi. Agar ular Xitoy hududidan kelgan ushbu bosqinchilarga yurtimiz ichkarisiga kirishga imkon berilganida, elimiz kelajagi, xonliklar hududi masalalari ancha ayanchli ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin edi.
Abdulaziz Buxoro xoni sifatida tarix sahnasiga ko‘tarilgach, 1646-yili Hindistondagi boshqa bir ajdodimiz Shohjahon bilan Balxda hukmronlikni o‘rnatish uchun keskin ziddiyat va keyinchalik urush kelib chiqadi. Shohjahonning kuchli qo‘shiniga bas kelish qiyin edi. Xo‘jamqulibek Balxiyning “Tarixi qipchoq xoni” manbasiga ko‘ra, Abdulazizxon barcha o‘zbek amir va beklarini ulug‘ qurultoyga yig‘ib, qanday qilib g‘alaba qozonish maslahatini o‘rtaga soladi. Unga ko‘ra Toshkentda o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq beklari bir kamarga birikkandek birlashishga ahd qilishadi va Hindiston qo‘shiniga qarshi kurashga otlanishadi. Garchi Yalangto‘sh Bahodir Abdulazizxon bilan ziddiyatda bo‘lsa-da, bu yurishda unga hamroxlik qiladi. Shohjahondan Balx tortib olingach, Abdulazizxon bilan Yalangto‘sh o‘rtasida iliqlik yuzaga keladi.
Ota yurt – Turon Shohjahon va Yalangto‘sh Bahodirxon orasida toy-talash bo‘lgan bir vaqtda Boburiy hukmdor qilich bilan bo‘lmasa-da, Samarqand hukmdorini o‘ziga xos tarzda yengmoqchi bo‘lgan. Bu bahs dunyoni hayratda qoldiruvchi ulkan imorat ko‘rinishida amalga oshishi va dovrug‘ taratishi kerak edi.
Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida keltirilganidek: “Bu Madrasa [Samarqand Registonida] Ulug‘bek madrasasining qarshisida, uning kunchiqar tomonidadir. Bu Madrasa viloyatpanoh Yalangto‘shbiy otaliq tomonidan solingan. Yalangto‘shbiy olchin aymoqindandir. 1028 [1618-19]-da ushbu Madrasa solindi... Qiziqi shundakim, madrasaning solinishi tarixi “Yalangto‘sh Bahodir” topilibdir”. Ya’ni, madrasaning “Yalangto‘sh Bahodir” deb atalishi nafaqat uning ijodkori nomini, balki arab harflari san’ati – abjad hisobida binoning qurilish yilini – 1619 ni ham anglatgan.
1619-yili qurilishi boshlangan “Yalangto‘sh Bahodir” (“Sherdor”) madrasasi salobati va go‘zalligi nuqtai nazaridan atrofga dong tarata boshladi. Shohjahon – imperatorlik (1628–1658) nomini olgan va jahonni san’at-u shijoati bilan egallashni rejalashtirgan Shahobiddin Muhammad Xurram Yalangto‘sh Bahodirga javoban dunyoda tengsiz me’moriy obida qurishni niyat qiladi. 1932-yili Tojmahalni qurishga kirishadi va unga 20 yildan ortiq vaqt sarflaydi. Agra imoratining ovozasi kundan kun kuchayayotgan vaqtda samarqandlik hukmdor bunyodkorlik yalovini qo‘ldan bergisi kelmaydi, birgina “Yalangto‘sh Bahodir” (“Sherdor”) kamdek bilinadi. 1646-yili Shohjahonning me’moriy javobiga javob tarzida navbatdagi, “Yalangto‘shbiy kichik madrasasi” (“Tilla Kori”) deb atalgan yana bir go‘zal me’moriy binoning qurilishini boshlaydi va shu bilan bahsga yakun yasab, hozirgi Registon ko‘rinishiga asos soladi.
Bu ikki hukmdor ajdodimiz mashhur Registon va Tojmahal me’moriy obidalari bilan insoniyat aqlini lol etishdi, tarixda ulug‘ bunyodkorlar sifatida nom qoldirishdi. Imorat solish bahsida yengilgan bo‘lmadi, buni anglash va uning qadriga yetish hozirga qadar muammo bo‘lib qoldi.
Erkin MUSULMONOV,
Samarqand chet tillari instituti
Qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori
Til
Ma’naviyat
Til
San’at
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q