Sarlavhani o‘qib ajablanmang, malomat qilishga ham shoshilmang... Axir Abdulla Qodiriyning o‘z ta’biri bilan aytganda ham “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar”.
Ma’lumki, jahon adabiyotida detektiv asarlar dastlab XIX asrda, aniqrog‘i 1840-yillarda yozila boshlangan. Amerikalik yozuvchi va adabiy tanqidchi Edgar Allan Po (1809–1949) ushbu janrning asoschisi sifatida e’tirof etiladi va uning “Morg ko‘chasidagi qotillik” (1841), “Mariya Rojening siri” (1842), “O‘g‘irlangan maktub” (1844) kabi hikoyalari detektivning ilk namunalari hisoblanadi.
“Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati”da detektiv lotincha detectio – fosh qilish, inglizcha detect – ochilish, detective – josus kabi ma’nolarni anglatadi. Detektiv – biror jinoiy ish bilan bog‘liq bo‘lgan yashirin, sirli, mantiqiy jihatdan murakkab tahlil orqali ochishga bag‘ishlangan badiiy asarlar majmui. Detektiv asar syujet xarakteriga ko‘ra, ma’lum bir jumboqli hodisa sodir etiladi va fosh etilishi lozim bo‘lgan hodisaning oxirgi nuqtasidan tahlil boshlanadi.
XIX asr detektiv adabiyotining ulkan namoyandalari sifatida fransiyalik Emil Gobario (1832–1873), angliyalik Uilki Kolinz (1824–1889) hamda Artur Konan Doyl (1859–1930) nomini qayd etish mumkin. Konan Doyl yaratgan izquvar Sherlok Xolms siymosi detektiv adabiyotining eng mashhur obrazi hisoblanadi. XX asrga kelib detektiv adabiyoti, asosan, AQSh va Angliyada keng tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ikki mamlakatda yiliga besh yuzga yaqin detektiv chop etiladi. Artur Konan Doyl, Gilbert Kit Chesterton, Emil Gabario, Agata Kristi, Reks Staut asarlarida jinoyatning ochilishi mantiqiy asosda tasvirlangan bo‘lsa, Jorj Simenon, Masumato Seytyo detektiv adabiyotida ijtimoiy-ruhiy motivlarni paydo qildi. Keyinchalik Remond Chandler, Deshil Xemmet kabi amerikalik yozuvchilar qonun himoyachilarining jinoyat dunyosi bilan bevosita kurashi tasvirlangan turli-tuman detektiv asarlarni yaratdi.
Detektiv shu tarzda takomilga erishdi va dunyo kitobxonlari orasida sevib o‘qiladigan janrga aylandi. Rus adabiyotida detektiv Marietta Shaginyanning 1924-yilda yaratilgan “Mess Mend” roman-ertagi bilan paydo bo‘ldi va Nikolay Atarov, Roman Kim, Vadim Panov, Arkadiy Adamov, Yulian Semenov kabi yozuvchilar ijodida taraqqiy etdi. Rus detektiv adabiyotining mavzu doirasi nihoyatda keng bo‘lib, nafaqat jinoyat olami, balki turli ixtiro va kashfiyotlar, tarixiy hujjat va qo‘lyozmalarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq voqelarni fosh etish ham yetakchilik qilgan.
O‘zbek adabiyotida detektiv 1960-yillarda Iskandar Qalandarovning “Shoxidamas, bargida...” qissasi bilan vujudga kelgani aytiladi. Asar jamiyatning “qora guruhlari” qilmishlarini fosh etishga qaratilgan bo‘lib, unda o‘g‘rilik, zo‘ravonlik, qotillik, qallobliklar aks ettirilgan. Taassufki, muallif o‘z davrida adabiyotshunos Sobir Mirvaliyev tomonidan “sho‘ro voqeligiga yot asar” yozgani, “hayotimiz uchun tipik bo‘lmagan narsalarni umumlashtirish ketidan quvgan”i, militsiya xodimlari va jamiyat kishilarini shunday jinoyatlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bergan “merov, lapashang” sifatida tasvirlagani uchun ayblangan. Ammo o‘zbek adabiyotida ham ushbu janr taraqqiy etdi. O‘lmas Umarbekovning “Fotima va Zuhra” romani, “Yoz yomg‘iri” qissasi, Fayzulla Qilichevning “Zanjir”, Said Ravshanning “Chordoqda otilgan o‘q”, Omon Muxtorning “Mo‘jiza”, Botir Nosirovning “Oltin qasr fojeasi” kabi asarlari janr takomiliga xizmat qildi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning 1992–2000-yillar oralig‘ida yaratilgan 5 kitobdan iborat “Shaytanat” asari esa o‘zbek detektivining eng yuksak namunasi sifatida e’tirof etiladi. Hatto Tog‘ay Murod bu haqda to‘xtalib, “Bugungi kunda uloq Tohir Malikda ketdi”, degan edi. “Shaytanat” shu qadar shuhrat qozondiki, eng ko‘p o‘qiladigan va eng ko‘p chop etiladigan asarga aylandi. Tadqiqotchilar uni amerikalik yozuvchi Mario Pyuzoning mashhur “Cho‘qintirgan ota” romani bilan qiyosiy o‘rganib, o‘zbek detektivining jahoniy imkoniyatlarini ko‘rsatib berishdi.
Agar “moziyga qaytib” ish ko‘radigan va detektiv unsurlarini jadid adabiyotidan qidiradigan bo‘lsak, Abdulla Qodiriyning 1935-yilda yozilgan “Shubha” hikoyasini o‘zbek adabiyotidagi ilk detektiv asar deyish mumkin. Bunga yetarlicha asos bor! Chunki adibning bu davrgacha bo‘lgan ijodiy faoliyatida bir necha ijodiy tajribalar amalga oshirilgan.
Birinchidan, Abdulla Qodiriy Alloh bergan noyob, benazir iste’dod sohibi edi. U 1915-yilda yozilgan “Juvonboz” nomli ilk hikoyasi O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor Sobir Mirvaliyevning ta’biri bilan aytganda “nafaqat adib ijodida, balki Fitrat, Cho‘lpon hikoyalari kabi butun bir XX asr o‘zbek adabiyotida realistik nasriy asarlarning tug‘ilishini boshlab bergan asarlardan biri sifatida ham ahamiyatli edi”. Eng qizig‘i, adibning ilk hikoyasi bo‘lgan “Juvonboz”da detektiv unsurlarini uchratamiz. Sa’dulla “raqiblari” bo‘lgan Eshnazar, Boqi sarkor va Kichikxo‘ja jo‘raboshini aldab bog‘ga chaqiradi va ziyofatda may berib, yiqitadi... Oradan bir-ikki kun o‘tgach, ularning yo‘qolgani ma’lum bo‘ladi. Politsiya qidirishni boshlaydi. Gumonlanuvchilar qatori Sa’dulla bilan Rahimjon ham so‘roq qilinadi, biroq ikkisi ham ularni tanimasliklarini aytishadi, ammo “baxtga qarshi, mazkur yo‘qolg‘onlar bilan ilgari gaplashib va samovar-choyxonalarda birga choyxo‘rlik qilub yurganlarini bir necha yigitlar ma’lum qilg‘anlikdan politsiya fahmlab, har ikkisining uylarini taftish qilib, ikkisidan ham qonlik ko‘ylaklar topdi. Politsiyaga bu katta nishona bo‘ldi”, deyiladi asarda. “Va Rahimjon bunga bir sabab ko‘rsatib berolmay yig‘lamoqg‘a boshladi va Sa’dullaning qochib ketgani, o‘ldurganliklariga katta dalil bo‘lurday bo‘lub qolg‘ani uchun politsiya to‘g‘ri ikkisini turmaga yopti” kabi tasvirlarni o‘zbek adabiyotidagi ilk detektiv uchqunlari deyish mumkin.
Ikkinchidan, yozuvchi 1923-yilda “Turkiston” gazetasining 5-yanvar sonida e’lon qilingan “Tilak” maqolasida “Kiraturg‘animiz 23 yildan tilak” deya orzulanar ekan, “avvalo “Turkiston”ni bir yaxshi domladan uch kun o‘qutib olinsun, soniyan (ikkinchidan), “Turkiston”da bu kungacha bo‘lib kelgan bo‘limlar shu yo‘sin bilan o‘zgartilsun” deya to‘rt tilakning birida “Felyeto‘n o‘rniga “Not pinkarto‘n” va “Sherlo‘k Xo‘lms” ajinalaridan bir parcha” berilishini aytadi.
Qodiriy nazarda tutgan “Not pinkarto‘n” – Pinkerton bo‘lib, detektiv adabiyot qahramonining nomi. Bu 1850-yilda Amerika qidiruv agentligini tashkil etgan izquvar Allan Pinkerton nomi bilan bog‘liqdir. Uning nomidagi detektiv asarlar XX asr boshlarida Amerika va Yevropada nihoyatda ommalashgan. “Sherlo‘k Xo‘lms” esa mashhur Artur Konan Doylning asarlarining bosh qahramoni bo‘lgan Sherlok Xolms. Ushbu misollar Abdulla Qodiriyning Amerika va Yevropa detektiv adabiyotidan to‘la xabardor bo‘lganidan dalolat beradi.
Uchinchidan, Abdulla Qodiriy “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1935-yil 14-mart sonida o‘z ijodi to‘g‘risida yozar ekan, “Yozuvchi bo‘laturgan har bir kishi adabiyotdagi oqim va maktablarni yaxshi bilib olishi kerak. Eng yaxshi yozuvchilarning asarlarini bir necha qaytalab o‘qish zarur”, deya ta’kidlagan edi. Bu adibning yuqoridagi fikrlari va sa’y-harakatlariga to‘la misol bo‘la oladi.
Qodiriy ijodiga yuksak ehtirom bilan endi “Shubha” hikoyasiga qaytamiz. Mazkur hikoya detektiv asarlarning uch asosiy shartiga qanchalik mos kelishiga e’tiborimizni qaratamiz.
1-shart. Yechimini kutayotgan voqeaning asos qilib olinishi. “Shubha” hikoyasida kolxozning 3 gektar g‘o‘zasi suvga bostirilib, 2000 bog‘ quruq bedasiga o‘t qo‘yilgani va bu jinoyat kim yoki kimlar tomonidan sodir etilganini aniqlash voqeasi qalamga olingan.
2-shart. Syujet boshida o‘rtaga tashlangan jumboqning asar oxirigacha yechilmasligi, voqealar tizimida o‘quvchining to‘liq hayajonda ushlab turilishi, unga o‘z yechimlari variantlarining taqdim etilishi, yechim tomon yo‘nalgan barcha holat va bosqichlardan qadam-baqadam olib o‘tilishi. Hikoya avvalida kolxoz raisi G‘oziyev “Kolxozimizdan va qishlog‘imizdag‘i yakka xo‘jaliklar orasida bunchalik jinoyatga jasorat qilaturg‘an dushmanlar topilar deb o‘ylay olmayman”, deydi ikkilanib. Komissiya raisi esa G‘oziyevning kolxoz damlariga ishonchini ma’qullagan kishi bo‘lib, “Qishlog‘ingizga shu o‘n kun ichida chetdan hech kim kelmaganmidi?” degan masalani o‘rtaga qo‘yadi. Kolxoz xo‘jalik mudiri Zuhurov o‘ng‘aysizlanadi. Chunki uning uyida 8 kundan beri “Qizil sharq” zavodida qora ishchi bo‘lib ishlaydigan do‘sti To‘ychiboyev mehmonga kelgan bo‘lib, mehnat ta’tiliga chiqqan va istirohat uchun do‘stinikida edi. Shundan keyin To‘ychiboyevdan shubha qilish boshlanadi. Zuhurov uyga kelgach, do‘stiga voqeani gapirib beradi va “G‘anim siz ekansiz”, deydi kinoya bilan.
“– Komissiya juda to‘g‘ri shubhalangan, – dedi To‘ychiboyev tovushini yana ham do‘rillatib, – modomiki, siz o‘z ichingizda g‘anim ko‘rsata olmagansizmi, komissiya shu o‘rtada chetdan kelguchini so‘ragan, bunda komissiya juda haqli, juda!
Zuhurov To‘ychiboyevning maqsadiga tushunib yetolmadi, baharhol yana unga savol nazari bilan qarab qoldi”.
Yozuvchi kolxozdagi sodir etilgan jinoyat va komissiya a’zolarining savol-javoblarini eshitgan mehmonning holatini shunday tasvirlaydi: “To‘ychiboyev chordanasini buzib, o‘choq qurib oldi va ikki qo‘li bilan tizzalarini bag‘riga tortib ushladi, hozir uning ko‘zida muhim bir sirni ochishga tirishuvchi tergovchining holati bor edi”.
Ana shu joyda mehmonning tergovchilik, izquvarlik holatiga o‘tiladi. To‘ychiboyev Zuhurovdan kolxoz raisi, muovini va idora a’zolarini birma-bir so‘rab-surishtirib chiqadi. “Idoraning beshinchi a’zosi, o‘rta dehqon, firqasiz Tursun Xoliqovning ba’zi jihatlari unga qiziqroq tuyulganga o‘xshaydi”.
Ikki do‘st jinoyatchini aniqlash haqida suhbatlashar ekan, kutilmaganda To‘ychiboyev bu ishlarni o‘zi qilganini aytadi, ammo Zuhurov unga ishonmaydi. To‘ychiboyev “Chunki siz, qishloq xalqi oshnalikka qurbon bo‘lgan xalqsizlar, men buni yaxshi bilaman”, deydi. Hatto sheriklari borligini, istasa, ular bilan tanishtirishini bildiradi. Bu esa detektivning “voqealar tizimida o‘quvchining to‘liq hayajonda ushlab turilishi, unga o‘z yechimlari variantlarining taqdim etilishi” talabiga to‘la mos keladi.
Hikoyaning keyingi bobida Zuhurov bilan To‘ychiboyevning miltiq va arqon olib, qorong‘i tunda Tursun Xoliqovning hovlisiga borgani tasvirlanadi. Mazkur bobda “Itlar besh daqiqa chamasi hurib, so‘ngra birin-sirin qo‘rg‘ondan uzoqlasha boshladilar. Bir ozdan so‘ng qo‘rg‘on tevaragi tinch holga aylanib, hasharot tovushlari eshitildi. Jo‘xorilarning qo‘rg‘onga yaqin joyi yana shaldirab ketdi. Oradan ikki ko‘laga chiqib, sekin-sekin qo‘rg‘on devori ostigacha yurib keldi. Shunda ikkisi ham biroz to‘xtab, nedir shivirlashgandan so‘ng qo‘rg‘on ixotasi bo‘yincha yuri boshladilar. Qo‘rg‘onning uch tomonidan aylanib, bo‘g‘otning qaddi yerga yaqinroq ko‘ringan bir joyida oldinda boruvchi ko‘laga to‘xtab, bo‘g‘otni kuzatdi”, yoki “Ko‘laga tom bo‘ylab emaklab ketdi: qo‘rg‘on tomi devorning sharqi bilan janubida bo‘lib, shimol va g‘arb quruq paxsadan iborat edi. Emaklovchi sharqiy tomdan o‘tib, janubiy tomning o‘rtasigacha keldi va shunda bir oz to‘xtab olgandan so‘ng hovli tomonni bo‘g‘otiga qarab surila boshladi”, yoki “Qo‘rg‘ondan qirq-ellik odim yiroqlashgan edi, yaqin oradan to‘pponcha tovushini eshitdi. Yana o‘n qadam bosmasdan ikkinchi, uchinchi martaba o‘q otilib, Zuhurovning quloqlari tikkaydi va to‘xtadi… Ko‘ngliga qo‘rquv aralash taajjub joylashgan edi. Yana o‘q otildi…” kabi izquvarlik tasvirlari zamonaviy detektivlar badiiyati bilan bo‘ylashadi. Jarayonda Solih, Hamroboy va Qulining siri fosh bo‘ladi. Xoliqov esa uyida o‘g‘rilarga joy bergani uchun ayblanadi. Natijada, dastlab gumonda bo‘lgan To‘ychiboyev asar oxirida jinoyatni fosh etgan qahramonga aylanadi.
3-shart. Syujet qurilishi (jinoyat – qidiruv – fosh etish). “Shubha” hikoyasi syujet qurilishiga ko‘ra, (jinoyat – kolxozning 3 gektar g‘o‘zasi suvga bostirilib, 2000 bog‘ quruq bedasiga o‘t qo‘yilgani, qidiruv – Zuhurov bilan To‘ychiboyevning tundagi harakatlari, fosh etish – jinoyatchilarning firqasiz Tursun Xoliqov hovlisida qo‘lga olinishi) detektiv asarlarning formulasiga to‘la mos keladi.
Darvoqe, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ikkinchi bo‘limidagi Otabek Marg‘ilonda “Raqib izidan” tushishi, ularning qabih rejasidan ogoh bo‘lishi va “Dushanba kun kechasi” bobidagi hovli ortida Homid va uning gumashtalari kirdikorlarini fosh etishi yoki “Mehrobdan chayon” romanidagi “Do‘stliq “karomati” yoki asar so‘ngidagi “Qo‘rqinch bir jasorat” bobida qalamga olingan voqelar Abdulla Qodiriyning detektiv talablaridan to‘la xabardorligi va uning hadisini olganidan dalolat beradi.
Yuqoridagi misollardan kelib chiqib, Abdulla Qodriyni o‘zbek detektivi asoschisi, “Shubha” esa birinchi o‘zbek detektivi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xoliyor SAFAROV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q