Bobur yana ko‘chiriladimi? “Andijon tajribasi”ga munosabatlar


Saqlash
11:09 / 20.11.2024 469 0

 

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida joylashgan Zahiriddin Bobur haykali koʻchirilishi rejalashtirilayotgani, buning hisobiga boʻshaydigan maydonga turli binolar, jumladan, savdo majmuasi barpo etish koʻzda tutilgani haqida xabarlar tarqaldi. Turli rasmiy idoralar va faollar bu xabarlarga oʻz munosabatini bildirdi.

 

Voqealar rivoji

 

Andijon hokimligi vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasining 16-bandida Andijon shahrida joylashgan Bobur haykali koʻchirilib, uning oʻrnida biznes markazi qurish reja qilinayotgani koʻrsatilgan.

 

Hokimlik bu qarorni koʻprik qurilishi sabab maydon yopiq koʻrinishga kelib qolishi bilan izohlagan. Loyiha Ilmiy kengash vakillari hamda boburshunoslar bilan kelishilgani aytilgan.

 

Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslim Ibrohimov holat yuzasidan munosabat bildirib, Bobur haykali joylashgan maydon oʻrnida turar joylar emas, savdo markazi qurilishini tasdiqladi.

 

“Maydon oʻrnida Savdo Mall majmuasi, koʻngilochar markazlar, ofislar va xizmat koʻrsatishga moʻljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan. Haykal esa Boburning oʻzi tugʻilib oʻsgan eski shahar hududidagi oʻzbek tarixini oʻzida aks ettirgan Registon maydoniga koʻchiriladi”, deyilgan munosabatda.

 

Voqealar boshlanishidan bir kun avval prezident Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining istirohat bogʻlari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash boʻyicha pozitsiyasini maʼqullagandi.

 

Faollar, blogerlar va bir necha davlat idoralari bu xabarlarga oʻz munosabatini bildirdi.

 

“Navbat Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Poyi Kalon majmuasiga ham keladi”

 

“Hali bular Samarqandda Registon maydonini, Buxoroda Kalon ansamblini ham “koʻchirib” (buzib deb oʻqing), oʻrniga sitimi, savdo markazimi, balomi, battarmi, nimadir quradi deb yozganlarimda, birinchidan, koʻproq kinoya qilgandim, oddiy qilib aytganda – hazillashgandim. Oʻzim yozgan oʻsha gaplarga sal boʻlsa-da ishongan vaqtimda ham, bunday ayanchli voqealarni oʻzim emas, kelgusi avlodlar koʻrishi mumkin, deb taxmin qilgandim.

 

Aftidan, bunday pastkashliklar, bunday jirkanchliklarga guvohi boʻlish “baxti” yaqin istiqboldayoq kutib turibdi, shekilli: Andijon shahri markazidagi Bobur haykalini koʻchirib, oʻrnida 16 va 20 qavatli “dom”lar qurish tashabbusi davlat tashkiloti darajasida ilgari surilganini, davlat darajasida kelishish jarayonida ekanini bilib, yana nima deb oʻylash mumkin? Koʻp oʻtmay, “Andijon tajribasi” sifatida, Samarqandda, Buxoroda, Xivada, Toshkentda ham qoʻllanishi hech gap emas.

 

Tavba, tavba! Insof bersin! Tinchlik boʻlsin!

 

PS. Qaysidir bir yili qaysidir bir qirgʻiz oqini aytgan “Sot, sot, sot, sot, so-o-ot, Qoʻltigʻingdagi juningni ham so-ot!” degan qoʻshiqni eshitadigan kayfiyat”, deya yozgan jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayev oʻz Telegram kanalida.

 

​“Bobur haykalini koʻchirib ‘domʼ qurishni boburshunoslardan soʻrashibdi”

 

Bakiro kanali muallifi Otabek Bakirov yangi loyiha boburshunoslar bilan maslahatlashilganiga eʼtibor qaratgan.

 

“Andijon viloyat hokimi soʻzchining maʼlum qilishicha, Bobur haykalini koʻchirish va maydonga “dom” qurish taklifiga Ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa olingan. Demakki, oqsoqollarni qoʻya turaylik, boburshunoslar (ismlari keltirilmagan) ham hokimga va domqurar investorlarga yoʻq, bu xato, uyat ish deya olishmagan. Balki maydon maydonligicha qolsin, dom qurishga ne hojat, degan fikrni ham amaldor va puldor toʻralarga yetkaza olishmagan.

 

Hokim soʻzchisi Navoiy bogʻining 10,7 gektar qismi oʻrniga siti qurilishiga toʻxtalmagan. Balki viloyat ekologlarining oʻzlari bogʻni qiyratib siti qurishni soʻragan boʻlishi mumkindir, balki navbatchi oqsoqollar oʻzi duo qilib berishgan.

 

Darvoqe, soʻzchining eʼtiroziga koʻra Bobur haykali oʻrniga tushadigan “dom” emas, zamonaviy bino ekan”.

 

Boburshunoslar ham bexabar

 

Keyinroq “Daryo” nashri Bobur haykali koʻchirilishi masalasi muhokamasida ishtirok etgani aytilayotgan andijonlik boburshunoslarning bir nechtasi bilan bogʻlangani, ular bu haqda tarmoqlardan eshitgani, muhokama oʻtkazilganidan bexabarligi maʼlum boʻldi.

 

Jumladan, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisining oʻrinbosari Rustamjon Mamasoliyevning maʼlum qilishicha, qaror loyihasi va muhokamadan fond va boshqa boburshunoslarning xabari boʻlmagan.

 

“Dastlab ushbu munosabatni oʻqib, Telegramʼdagi boburshunoslar guruhiga yuborib, birortasining xabari bor yoki yoʻqligini soʻradik. Biroq hech kimdan tasdiqlovchi xabar olmadik. Agar xabarlari boʻlganida, birinchi maʼlumot ulardan chiqqan boʻlardi.

 

Fond raisi bilan bu haqda hali gaplashmadik. Lekin bu boʻyicha gaplashamiz, balki munosabat ham bildirarmiz.

 

Balki Bobur haykalini yanada munosibroq joyga koʻchirish vaqti kelgandir. Albatta, buni masalaga jiddiyroq yondashib, soha mutaxassislari bilan oʻzaro maslahatlashib amalga oshirgan maʼqul”, deydi Rustamjon Mamasoliyev.

 

Istirohat bogʻlari, maydonlar aslida xalq mulkidir

 

Sobiq deputat, jamiyat faoli Rasul Kusherbayev Bobur haykali atrofidagi voqealarga munosabat bildirib, “Qiyin tanlov: xalq manfaati ustunmi yo biznes guruhlar manfaatimi?” deya savol qoʻygan.

 

“Andijonda xalq mulki boʻlgan Bobur haykali joylashgan maydon yoʻq qilinib oʻrnidagi 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turar-joy majmuasi barpo etilishini rejalashtirilibdi.

 

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻining 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli va 7 ta 28 qavatdan yuqori turar-joy va xizmat koʻrsatish majmualari barpo etilishi koʻzda tutilgan.

 

Istirohat bogʻlari, maydonlar aslida xalq mulkidir.

 

Oddiy aytganda ushbu ikki holat xalqdan yerlar tortib olinib, biznes uchun tikilayotganini koʻrsatmoqda. “Soqqa” turganda xalqqa tupurilgan.

 

Yoʻq bu ishlar xalq uchun deyilsa marhamat: unda hokimlik binolari oʻrnida koʻp qavatli uylar qurilib, “siti piti”lar qurishsin. Shunda ishonsa boʻladi.

 

Ayni vaqtda Andijon misolida qiyin tanlov turibdi: xalq manfaati ustunmi yo biznes guruhlar manfaatimi?

 

Keyin bu ishlar uchun bogʻ va maydonlar egasi boʻlgan Andijon xalqidan bir ogʻiz soʻraldimi?”, deb yozgan faol.

 

Davlat idorasi munosabati

 

Madaniy meros agentligi Bobur haykali Andijon shahar A.Fitrat koʻchasida joylashgan “Jome meʼmoriy majmuasi” arxitektura yodgorligi hududiga koʻchirilishi haqidagi murojaat muassasaga shu yilning 8-noyabrida kelib tushganini xabar qilgan. Ushbu murojaat Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasiga yuborilgan.

 

Agentlikning bayonotidan koʻproq haykal koʻchirilishi boʻyicha qonun-qoidalarni oʻqish mumkin. Shuningdek, agentlik haykal koʻchirilishiga rozilik bermagani, masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olish uchun tushunchalar berganini bilish mumkin.

 

Bu Bobur haykalning birinchi marta koʻchirilishi emas

 

Hozirda Andijon shahrining Bogʻishamol madaniyat va istirohat bogʻiga oʻrnatilgan Zahiriddin Muhammad Bobur haykali ham dastlab 1983-yilda viloyat kutubxonasi oldiga oʻrnatilib, kommunistlar tomonidan olib tashlanib, omborda saqlangan.

 

Mustaqillikdan soʻng Vazirlar Mahkamasining “Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish haqida”gi qaroriga muvofiq 1993-yilda Andijon viloyati hokimligi atrofidagi maydonga oʻrnatilgan. 2005-yilda yuz bergan may voqealari ortidan hokimlik atrofini yanada kengaytirish maqsadida yodgorlik hozirgi oʻrniga joylashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 97
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22026
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//