O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘ldi.
O‘z tilini saqlab qolish uchun kurash o‘zbek xalqining keyingi asrlardagi hayotida doim dolzarb va ezgu g‘oyalardan biri bo‘lib keldi. Negaki, Chor Rossiyasi hukmronligining ilk davridayoq Turkistonda olib borilishi ko‘zda tutilgan ruslashtirish siyosatining mohiyatida mahalliy xalqning tiliga nisbatan ham qattol munosabat bor edi. Sharqshunos-missioner N.Ilminskiy Chor Rossiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning yozuvini kirill alifbosiga o‘tkazish konsepsiyasini ishlab chiqdi [1: 43]. Garchi imperiya davrida buni amalga oshirishga jur’at etishmagan bo‘lsa-da, keyingi bolsheviklar mustamlakachiligi davrida bu ish osongina hal etildi.
Bu muhim masala, albatta, Turkiston ziyolilarining doim diqqat-markazida turdi. Ismoil Gasprali: “Millat bu – til va din birligi, ushbu ikki narsadan biri yo‘qotilsa, millat o‘zligini yo‘qotadi”, [1: 32] deydi. Jadid ziyolilari ham buni chuqur anglab yetgan edilar. Shuning uchun ham ona tili rivoji uchun qayg‘urishdi. Matbuotda barchaning e’tiborini shu masalaga qaratishdi. Jumladan, Abdurauf Fitrat “Tilimiz” maqolasida shunday yozadi: “Dunyoning eng boy tili turkchadur, eng baxtsiz tili xud turkcha... Dunyoning eng boy tili bo‘lg‘an turkchamiz yolg‘uz arabcha qumruqlar (zabt etilish) bilan emas, forsi(y)cha tepkilari bilan daxi ezilmishdir. Ko‘zlarimizni to‘rt ochib qarayliq, dunyoning eng buyuk hakimi bo‘lg‘an Ibn Sino turkdir. Ikkinchi Arastu atalg‘an Forobiy turkdir. Arab tilini mangulik tirg‘izib kelgan Javhariy turkdir. “Vahdati vujud” falsafasining imomlaridan bo‘lg‘an Jaloliddin Rumiy turkdir. Forsiy adabiyotining payg‘ambarlaridan bo‘lg‘an Nizomiy daxi turkdir. Shu yerlarda otlari yozilg‘an kimsalar-da yolg‘uz turk ulusini emas, butun dunyoning ulug‘ kishilarindan erurlar... Bunlar o‘z bitiklarini turkcha yozsalar edi, bukun turk ulusining holi, ehtimolki, boshqa turli bo‘lur edi. Baxtsizlik bundan-da ortiq bo‘lurmikin?!” [2: 124] deydi.
Ashurali Zohiriy ham “turkiy tilning uzoq davr arab va fors tillari tazyiqi ostida qolib kelganidan, so‘nggi paytda esa uning butunlay “arabiy imlo tartibida yoziladirg‘on, o‘ndan bir kalimasini ham kishi yozib anglamaydurg‘on bir darajaga yetib qolg‘onlig‘idan” qayg‘urar ekan, shunday yozadi: “Buning bilan kundan kun, yildan yil o‘tkan sari tilimiz oqmay qolg‘on suvdak muzlamoqqa boshladi. Hatto ba’zi kishilarimiz arabiyga xeyli iqtidorli bo‘lsa, o‘z tilimizning eng keraklik qoidalarini ham bilmaydurg‘on bo‘ldilar” [3: 30].
Jadid ziyolilari o‘zbek tilining qonun qoidalarini ishlab chiqish, lug‘atlar tuzish ishiga sidqidildan kirishishdi. Aytish joizki, bugungi o‘zbek adabiy tili rivojida Fitrat, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Elbek, G‘ozi Olim Yunusov singari tilshunos olimlar katta hissa qo‘shishdi.
Chor imperiyasi ag‘darilib, bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, mahalliy millatlarni bo‘ysundirish maqsadida 1918-yili turkiy til – davlat tili deb e’lon qilindi. Albatta, keyingi 50 yil davomida hukumatga tilmochlar yordamida rus tilida murojaat qilgan Turkiston xalqini bu quvontirdi. Lekin ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, berilgan va’dalar faqat qog‘ozlarda qolib ketmoqda. Jadid ziyolilaridan biri Hoji Muin 1921-yili “So‘z, qaror va ish” sarlavhali maqolasida buni afsus bilan: “Bu uch yarim yillik inqilobiy davrda ko‘b so‘zlar so‘ylandi, mitinglar qilindi, tashviqotlar etildi. Va g‘oyat mutaraqqiy yaxshi qarorlar chiqarildi, lekin yo‘q darajasinda oz ish qilindi... Turkistonda aksar aholi musulmon bo‘ldig‘i e’tiborga olinib, mundan uch yil burun turkcha til – rasmiy davlat tili deb e’lon etilsa-da, buni amalg‘a kirgizmak uchun hanuz jiddiy tadbir ko‘rolmadik. Balki bu “eski hammom – eski tos” mazmunicha ko‘p mahkama va idoralarda hanuz rus tili hukmfarmoyishdadir” [4], deb yozadi. Tarixdan ma’lumki, jadid ziyolilarining til masalasidagi orzulari ham amalga oshmadi, aksincha, ko‘p o‘tmay ular millatchilikda ayblandi.
Bolsheviklar dohiysi V.I.Lenin 1922-yili “Lotinlashtirish bu – Sharqdagi ulug‘ revolutsiyadir”, deydi. Lotinlashtirish turkiy xalqlarni bir-biridan, tarixidan uzish uchun uzoqni ko‘zlab qilingan siyosatga qo‘l kelar edi. Turkistonda 1930-yilga kelib eski arab alifbosidan lotin grafikasiga, 1940-yildan rus grafikasi asosida kirill alifbosiga o‘tildi. Bu Chor Rossiyasi davrida ishlab chiqilgan rejaning amalga oshishi edi.
Albatta, faqat alifbo o‘zgargani yo‘q. Sovet hokimiyatining o‘zbek tilini rus tili hisobiga “boyitish” rejasi o‘z samarasini bera boshladi. Ilgari bemalol qo‘llanib kelingan so‘zlar endi arxaik so‘z sifatida rus tilidan kiritilgan so‘zlarga almashtirildi. Bu haqda matbuotda bong urildi. Masalan, “O‘zbek tilini ko‘p asrlar davomida arab va fors so‘zlari bosib ketgan bo‘lib, keng mehnatkashlar ommasi tushunishi qiyin bo‘lgan arxaik terminlar bilan to‘lib-toshgan edi. Burjua millatchiligi ta’siri ostida bo‘lgan ba’zi matbuot xodimlari sotsializm qurilishi davrida vujudga kelgan yangi internatsional so‘zlarni arxaik, arab-fors so‘zlari bilan almashtirishga harakat qildilar. Masalan, ular “sovet” so‘zi o‘rniga “sho‘ro”, “respublika” o‘rniga “jumhuriyat”, “doklad” o‘rniga “ma’ruza”, “kommunist” o‘rniga “ishtirokiyun”, “sotsializm” o‘rniga “ijtimoiyun” so‘zlarini ishlata boshladilar. Partiya va sovet matbuoti bu oqimlarga qarshi kurash olib borib va o‘z amaliy ishi bilan o‘zbek tilining chet el so‘zlaridan tozalanishiga va o‘zbek tili lug‘at sostavining rus va internatsional so‘zlar, terminlar va iboralar bilan boyishiga yordam berdi” [5], deyiladi 1967-yili “Mahalliy matbuot xodimlariga yordam” jurnalida.
Shu tarzda o‘zbek tilidagi so‘zlarni “ruscha-internatsional” so‘zlarga almashtirishga ruju qo‘yildi. XX asrning 60–70-yillar matbuotini varaqlasak, har bir material sarlavhasida hech bo‘lmaganda ikki yoki uchta rus tilidan kirib kelgan so‘z qo‘llanilganini ko‘ramiz. Masalan, “Planni oshig‘i bilan bajargan udarnik” singari.
O‘sha davr haqida yozilgan maqolalarda tilni saqlab qolish uchun qilingan ishlar ham qayd etilgan. Jumladan, Ibrohim Rahim “Guliston” jurnaliga muharrir bo‘lgach, “revolutsiya” – “inqilob”, “redaksiya” – “tahririyat”, “avtor” – “muallif”, “poeziya” – “nazm” yoki “she’riyat”, “proza” – “nasr”, “filosofiya” – “falsafa” tarzida ruscha so‘zlarning o‘zbekchasi muomalaga kiritiladi. Bu, albatta, “rus tiliga nisbatan qo‘pollik” deb qabul qilinib, jurnal bosh muharriri Ibrohim Rahim millatchi tamg‘asi bilan ishdan olinadi.
Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek ziyolilari qarab turishmadi. Qayta qurish yillarida matbuotda til masalasi bot-bot ko‘tarildi. Nihoyat, mustabid tuzumning so‘nggi yillarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga erishildi. Bugun davlatimizda boshqa tilni ikkinchi til sifatida qo‘llashni yoqlab chiqayotgan o‘zbek farzandlari o‘z ona tili mavqeyi uchun kurashish burchi ekanini unutib qo‘yayotgani yangi xavotirlarni uyg‘otadi. Zero, tarix saboqlari unutilmasligi, millat sifatida kelajak uchun qayg‘urish hissiyoti hech birimizni tark etmasligi lozim.
Nilufar NAMOZOVA,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti dotsenti
“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali 2024-yil 10-son.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdurashidov Z. Turkistonda jadidchilik. – Toshkent: Akademnashr, 2023.
2. Fitrat A. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2006.
3. Tog‘ayev T. Ashurali Zohiriy va uning tilshunoslik merosi. – Toshkent: Nodirabegim, 2021.
4. Hoji Muin. So‘z, qaror va ish. // “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1921-yil 26-may.
5. Sovet milliy matbuotining vujudga kelishi va mustahkamlanishi // Mahalliy matbuot xodimlariga yordam. 1964-yil 6-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q