Turk xoqonligigacha Markaziy Osiyoda ikkita yirik davlat – Eftallar davlati (V asr o‘rtalari – VI asr boshlari) va Jujan (yoki Juan‑juan, Ruoran) xoqonligi (402–555) bor edi. Eski turklarning o‘tmishi jujanlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘lib, Turk xoqonligining keyingi siyosiy voqeliklarida ham ularning o‘rni yo‘qolmagan.
Jujanlarning kelib chiqishi to‘g‘risida bir narsa deyish qiyin. Garchi bu masalaga ko‘p bora yuzlanilgan bo‘lsa-da, haligacha bir to‘xtamga kelinmagan. Xitoy yillliklari “Bey shi” va “Vey shu”ga ko‘ra, turli xil qabila va xalqlarning yig‘indisi o‘laroq yuzaga kelgan uyushmaga “Jeujan” yoki “Jujan” deb ot berilgan. Ushbu davlatning afsonaviy asoschisi atrofida turli ko‘chmanchilar uyushmasini “birlashtirgan” va u IV asrning 50-yillaridan to 555-yilgacha “juan-juan” yoki “jujan” deb atalgan. Jujanlarda etnik jamoa bo‘lmagan. Ular “umumiy taqdir” yordamida uyushgan, to‘g‘rirog‘i, u yoki bu darajada o‘z etnik muhitini tashlab ketgan kishilar bo‘lgan. IV asrning 50-yillari syanbi otliq qo‘shinning sobiq quli Mo‘gulyuy (Yugyulyuy) o‘limga hukm qilingan edi. Biroq u toqqa qochishga erishadi va uning atrofida o‘ziga o‘xshagan 100 ga yaqin qochoqlar to‘planadi. Shu tariqa Jujan xoqonligi tuzilgan edi.
Jujanlar bilan tinimsiz urush olib borgan, xoqonlikning dushmani Toba Vey[1] imperatori Tay Udi esa (424–452) ularni hasharotga qiyoslab, “Juan-juan” deb ot beradi[2]. Umuman, xitoy yilliklari ularni hunlar, ayrimlari esa dunxular (sharqiy xular; mo‘g‘ul tilli qabilalar)dan kelib chiqqan deb ko‘rsatadi[3]. L.N.Gumilyev ularning syanbi tili (mo‘g‘ul tillaridan biri)da so‘zlashganini aniqlagan[4].
Garchi jujanlar tarix maydoniga ancha oldinroq (“Ganmu”da ilk bor ularning oti 391-yilda uchraydi[5]) chiqqan bo‘lsalar-da, Jujan xoqonligining yuzaga kelishi Shelun bilan bog‘liq. Xitoy yilliklarida berilishicha, Shelun xoqon (402–410) 50 ga yaqin turk tilli qabilani o‘z ichiga olgan Tele qabilalar uyushmasini o‘ziga bo‘ysundirgach kuchayadi, harbiy islohot o‘tkazadi. Kichik davlatlar ularning bosqinchilik va talonchilik yurishlaridan ko‘p qiyinaladi, ularga bo‘ysunishdan boshqa yo‘llari qolmaydi.
Shunday qilib, xoqonlik chegarasi g‘arbda Kucha (Yansi) va Qorashahardan sharqda Koreya (Chaosyani)gacha, shimolda esa Baykaldan janubda “Buyuk Qum cho‘li” (Gobi)gacha kengayadi. Shundan so‘ng Shelun o‘zini “xoqon” deb atab, Jujan xoqonligi ostida mintaqada yana bir yangi imperiyani boshlab beradi[6].
Oldiniga Tabg‘ach (Toba-Vey; 386–533) sulolasi bilan yaxshi bordi‑keldisi bo‘lgan jujanlar Shelun xoqon (402–410) boshqaruvi chog‘ida bu sulolaning kuchayishiga yo‘l bermaslik siyosatini tuta boshlaydi[7]. Tabg‘ach sulolasi ham imperator Tay Udi (423–452) davriga kelib o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan, butun Shimoliy Xitoy uning boshqaruvi ostiga o‘tgandi.
Jujan xoqonligida esa Datan xoqon boshqaruvga kelgach (415–429) Tabg‘ach sulolasi bilan urush qayta boshlanadi. Jujanlar bir necha bor Tabg‘ach yerlariga yurish qilganlaridan so‘ng[8], ularga qarshi Gaochan (Turfon) va Tabg‘ach sulolasi o‘rtasida ittifoq tuziladi[9]. Tabg‘ach imperatori Tay Udi 429-yili jujanlarga qarshi yurish qilib, ularning Ichki Mo‘g‘uliston va Tarim havzasidagi boshqaruvini ancha pasaytirishga erishadi[10].
G‘arbiy o‘lka (xitoycha Si‑yuy)larda[11] jujanlar bilan ittifoqchi bo‘lgan davlatlar bo‘lib, ulardan biri Yueban davlati edi. Biroq “Vey shu” yilligida ko‘rsatilishicha, Datan xoqon oldiga borayotgan Yueban hukmdori jujanlarning kir-chir, iflos turmushini ko‘rgach, bu ittifoqni tugatadi[12]. Shundan so‘ng Yueban hukmdori-da jujanlarga qarshi imperator Tay Udi bilan kelishib oladi, 448-yilda ikkala davlatning birlashgan qo‘shinlari jujanlarga qattiq zarba beradi[13].
Jujanlar o‘zlariga yangi ittifoqchi topish uchun Sharqiy Turkistondagi Gaochan, Xo‘tan kabi shahar-davlatlarda o‘z boshqaruvini o‘rnatadi. “Vey shu”da yozilishicha, 460–470-yillarda Tarim havzasidagi butun shahar-davlatlarni jujanlar egallab olganidan bu o‘lkalarning hukmdorlari Tabg‘ach imperatoriga yordam so‘rab yuzlanadilar[14].
Telelar va jujanlar. Umuman, xitoy yilliklarini o‘rganar ekanmiz, Jujan xoqonligining kuchayishi yoki kuchsizlanishida bosh rolni Tele (Gaoche) qabilalari o‘ynagani oydinlashadi. Telelar keyin-da boshqa davlatlar, aytaylik, Turk xoqonligida ham shunday rolni bajargan.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, jujan xoqoni Shelun (402–410) Tele qabilalar uyushmasini o‘ziga bo‘ysundirgach kuchaygan edi. Telelarning Bo‘rkli (Fufulo) qabilasi jujanlarga bo‘ysungan. Doulun xoqon (485–492) boshqaruvi kezlarida Tele eli 100 ming oiladan oshib ketgan, ularga Bo‘rkli urug‘idan bo‘lgan Afujilo va uning amakivachchasi syunki boshchilik qilgan[15].
Doulun xoqon (485–492) 487-yilda Tabg‘ach davlatiga bostirib kirmoqchi bo‘lganida, Afujilo jujan xoqonini bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi. Biroq xoqon uning so‘ziga kirmagach, Afujilo ukasi syunki bilan birga o‘z elini olib g‘arbga ko‘chadi[16]. U Gaochanni egallab, u yerda o‘zini mustaqil hukmdor deb e’lon qiladi[17]. Doulun xoqon ularning ustiga qo‘shin tortadi, biroq Afujilo uni tor-mor etadi[18]. 490-yilda Afujilo Tabg‘ach davlatiga elchi yuborib, jujanlarga qarshi birgalikda kurashishni bildiradi. Ko‘p o‘tmay Eftallar (xitoycha Idan, Yeda) Afujilo ustiga yurish qiladi, syunki o‘ldirilib, uning o‘g‘illari va nevaralari qo‘lga olinadi[19].
Jujanlarning eftallar bilan bordi‑keldisi yaxshi bo‘lgan deya olamiz. Negaki, jujanlarning so‘ngi xoqoni Anag‘uyning amakisi – Polominning uch singlisi ham eftal hukmdoriga turmushga chiqqan[20], qolaversa, eftallar, jujanlar va tibetliklar Tabg‘ach imperiyasiga qarshi ittifoqchi bo‘lib harakatlangan ko‘rinadi. Telelarga Afujilodan keyin Baliyan hukmdor bo‘ladi. Biroq syunkining o‘g‘li Mivotani taxt vorisi qilish uchun eftallar shu yillar ichida Telelarga qarshi bir necha bor urush ochadi va so‘ngida Baliyan o‘ldirilib, Mivota taxtni egallaydi[21].
Mivota Tabg‘ach sulolasi bilan bordi-keldini yaxshilab, elchilardan sovg‘a-salomlar yuborib turadi. Imperator Syuan Vu unga: “Eftallar, Jujanlar va Togonlik (Tibet)lar o‘zaro bir-birlari bilan Gaochandan o‘tadigan yo‘l orqali bordi-keldi olib boradi, ularni birlashtiradigan bitta yer ham shudir. Mana endi Gaochan vassalimizga aylangach, jujanlarning yo‘li to‘sildi. Ularning uncha katta bo‘lmagan tarqoq guruhlarigina ayrim chog‘larda talonchilik qilib, elchilarimizni ushlab qolmoqda. Bu jinoyatlarini, albatta, kechirib bo‘lmaydi”[22] deb yozib, Mivotani jujanlarga qarshi urushga undaydi. Shundan so‘ng Mivota Vey davlati qo‘shini bilan birga jujanlarga qarshi yurish qilib, jujan xoqoni Futuni o‘ldiradi.
Demak, Tele qabilalar uyushmasining harbiy qo‘shinidan bir Jujan xoqonligi emas, balki Tabg‘ach sulolasi o‘zining G‘arbiy yurtdagi bosqinchilik yurishlarida ham yaxshigina foydalangan ko‘rinadi. Aytish kerakki, tele qabilalari uyushmasi butun Yevrosiyo dala-qirlari bo‘ylab ko‘chib yurgan o‘ta keng qamrovli qabilalardan iborat edi.
Hun imperiyasi yemirilgach, xitoy yilliklarida “tele” tәk-lәk deb yuritilgan qabilalar Buyuk Xitoy devorining shimoli-g‘arbidagi Xesi yo‘lagidan to O‘rta Yer va Qora dengiz qirg‘oqlarigacha bo‘lgan ulkan tegralarda tarqoq yashardilar[23]. Telelar xitoy tilida “di”, “chidi”, “dingling”, keyinroq esa “gaoche” (gaoguy – baland aravaliklar) deb atalgan[24]. “Vey shu”da berilishicha, ularning ilk hukmdori hun shanyuyining[25] jiyani bo‘lgan[26]. Telelar ikki guruhga bo‘lingan bo‘lib, ularning birinchisi 6 ta katta qabiladan, ikkinchisi esa 12 ta qabiladan iborat bo‘lgan[27].
“Bey shu”da berilishicha: “Telelarning ota-bobolari hunlarning avlodlaridir. Ularning urug‘-qavmlari eng ko‘p bo‘lib, G‘arbiy dengizning[28] sharqidan tortib tog‘ jilg‘alari bo‘ylab o‘rnashgan. Tug‘la (Lo daryosi – N.V.Kyuner) daryosining shimolida bo‘ga (pugu), to‘ngro (tunlo), uyg‘ur (beyxe), bayirqu (bayegu), bo‘rkli (fulo) kabi qavmlar bo‘lib, ularning barchasi “erkin” (xit. sizin) unvoni bilan boshqarilgan. Yana mingchin (menjen), turg‘ish (duju), azgil (xesi), g‘un (szyexun), qushur (xusye) kabi qavmlar bo‘lib, ularning lashkarlikka yaraydigan 20 ming kishisi bor edi. Avirg‘ulning g‘arbi, Kangitning shimoli va Oqtog‘ atroflarida chuba, bulag‘, azlar, supu, nax, o‘g‘uz, xakkas, ertush, o‘nqu qabilalari bo‘lib, ularning lashkarlikka yaraydigan chamasi 20 ming kishisi bor edi. Oltintog‘ning g‘arbi-janubida sirtardush, ayavir, zapandir, dash kabi qabilalar bo‘lib, ularning 10 mingdan ko‘proq lashkari bor edi. Kangiyaning shimoli, Edil daryosi bo‘ylarida adiz, gasar, baxu, pecheneg, orol dengizliklar, habiyach, cherches, yayirmu, gut kabi qabilalar bo‘lib, ularning 30 mingdan ko‘proq lashkari bor edi. Tengi dengizining sharqiy va g‘arbiy tarafida sarurg‘ul, saskin, marchi, sarqish kabi qabilalar bo‘lib, ularning aholisi 8 mingdan ko‘proq edi. Farangning sharqida askil, alaniylar, boshqirt, qutrig‘uz, xuum kabi qabilalar bo‘lib, ularning aholisi 20 mingga yaqin edi. Shimoliy dengizning janubida tubas kabilar bor edi. Garchi ularning urug‘-qabilalari o‘xshash emas-u, barchasi tele deb ataladi. Ularning qabila boshliqlari yo‘q bo‘lib, sharqiy va g‘arbiy turklarga tobe edi. ... turk eli qurilgandan keyin sharq va g‘arb taraflarga jazo yurishi qilishda telelarning kuchidan foydalanib shimol taraflarni tizginladi[29].
Xitoy yilliklarida yozilishicha, ularning tili hunlar tilidan birozgina farq qilgan[30]. Shuningdek, mazkur manbalarning telelarning kelib chiqishi bilan bog‘liq afsonaviy shajaralariga ko‘ra, hun shanyuylaridan birining qizi bo‘ridan o‘g‘il tug‘adi va telelarning avlodi shunday ko‘payadi[31]. Turklarning shajaralariga o‘xshash telelar-da o‘zlarining kelib chiqishini bo‘ri bilan bog‘lashlari qiziq. To‘qqiz o‘g‘uz (xitoycha hsing Chiu) tele qabilalar ittifoqi xitoy yilliklarida ba’zi o‘rinlarda Turk (xitoycha Chiu hsing T'u-chüeh) deb ham atalgan[32].
Jujan xoqonligi boshqaruviga Futuning o‘g‘li Cheunu xoqon (508–520) keladi. U Doulo fubado ufa kexan unvonini oladi. Bu unvon Vey sulolasi tilida[33] “boshqaruvni yorituvchi” ma’nosini bildiradi[34]. Yapon turkologi Shiratoriga ko‘ra‚ ushbu unvonning birinchi qismi doulo aslida mo‘g‘ulcha türu – “boshqarma/mahkama”‚ “davlat boshqaruvi”ni anglatadi[35].
Cheunu xoqon davrida jujanlarga budda dini kirib keladi. Yangi xoqon kuchli va harbiy ishlarga usta edi[36]. Shuning uchun u 516-yili telelar bilan bo‘lgan urushda ularni butunlay yengib, Mivotani qo‘lga oladi. Otasining o‘chini olish uchun Mivotani noan’anaviy usulda o‘ldirib, dashtliklar udumiga ko‘ra uning bosh chanog‘idan qadah yasattiradi[37].
Cheunu xoqon odatdagidek telelarni o‘ziga bo‘ysundirgach, yanada kuchayadi. Tabg‘ach sulolasi bilan tenglikka tayanilgan tinchlik bitimini tuzadi. Biroq telelar 520-yili Cheunu xoqonga qarshi bosh ko‘tarib, uni urushda yengadi. Yengilgan xoqon o‘z onasi va yaqinlari tomonidan o‘ldiriladi. Jujanlarning so‘nggi o‘tmishida bosh rol o‘ynagan Cheunu xoqonning ukasi Anag‘uy (Anaxuan, Tubin xon; 520–552) boshqaruvga shunday keladi.
Anag‘uy xoqon bo‘lgach uning uzoq qarindoshlaridan biri Silifa Shifa unga qarshi bosh ko‘taradi, natijada Anag‘uy ukasi bilan Tabg‘ach imperatori saroyiga sig‘inishiga to‘g‘ri keladi[38]. Tabg‘ach imperatori Anag‘uyni yaxshi kutib olib, uni jujan xoqoni deb tan oladi. Bu yoqda esa Anag‘uy qochib ketgach, uning amakisi Silifa Polomin Silifa Shifani yengib, o‘zi hukmdor bo‘lib oladi[39].
Umuman, Anag‘uy xoqon boshqaruvi kezlarida hokimiyat uchun kurash cho‘qqisiga chiqqan, xitoy yilliklarida yozilganidek: “davlat parchalanib, har bir urug‘ alohida-alohida yashamoqda, vaqti-vaqti bilan bir-birining ustiga bosqinchilik yurishlarini qilmoqda edi”[40].
Bu vaziyat Tele qabilalariga qo‘l keladi. Telelarga Mivotaning o‘rniga ukasi Ifu hukmdor bo‘lgach, 521-yilda jujanlarni tor-mor etadi. Jujan hukmdori Silifa Polomin esa Tabg‘ach saroyiga qochib ketadi[41]. Tabg‘ach sulolasi o‘zining azaliy orzusiga erishadi, ya’ni ashaddiy dushmani bo‘lgan Jujan xoqonligi amalda uning vassaliga aylangan edi.
Tabg‘ach imperatori Anag‘uyni ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi. Tabg‘ach yordamida Anag‘uy yana oldingi elini qaytarib oladi, boyligiga erishadi. Hatto, 532-yilda imperator bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lashni taklif ham qiladi[42]. Imperator ham bunga ko‘nadi, biroq nikoh bo‘lmasidan oldin Shimoliy Xitoyda siyosiy vaziyat o‘zgarib ketadi. Tabg‘ach imperiyasida ham ichki kurashlar kuchaygan bo‘lib, 10 yilga cho‘zilgan (524–534) urushlar tufayli Tabg‘ach imperiyasi ikkiga: Sharqiy Vey (534–550) va G‘arbiy Vey (535–557) sulolalariga bo‘linib ketadi[43]. Bunday qaltis vaziyatda har ikkala davlat ham jujanlarni o‘zlariga ittifoqchi qilish uchun Anag‘uy xoqon bilan nikoh rishtalarni bog‘lashga urinadilar. G‘arbiy Vey imperatoriVindi 535-yiliyoq o‘z amaldorlaridan birining qizini Anag‘uyning ukasiga turmushga berib, Anag‘uyning qiziga esa o‘zi uylanadi. Shundan so‘ng Anag‘uy xoqon G‘arbiy Vey davlati tomonida turib, ularning hududiga bosqinchilik yurishlarini qilmaydi, deb yoziladi xitoy yilliklarida. Shu yilning o‘zida Sharqiy Vey davlati ham o‘z malikalaridan birini Anag‘uyga turmushga beradi[44].
Oldiniga G‘arbiy Vey davlati tomonida bo‘lgan Anag‘uy xoqon imperatorga bergan qizi kasal bo‘lib o‘lgach, vaziyatdan foydalangan Sharqiy Vey davlati G‘arbiy Vey imperatorini uning qizini ataylab o‘ldirganlikda ayblab, xoqonni o‘zlariga og‘dirib olishga erishadi. Sharqiy Vey saroyidan yana bir malikaning Anag‘uyning o‘g‘liga uzatilishi (541) bilan bu munosabat yanada mustahkamlanadi[45]. Shundan so‘ng Anag‘uy to‘rt yil ketma-ket Sharqiy Vey davlatiga sovg‘a-salom bilan elchilar yuborib turadi. Anag‘uy xoqon bu choqqa kelib xitoy tarixchilari tili bilan aytganda, yana “shimolda birdan bir hukmdorga aylanib, o‘ta kuchayadi”[46].
Jujan xoqonligida boshqaruv. “Sin go” – bu “chorvasi bilan birga harakatlanuvchi” chorvadorlar yoki “dehqon bo‘lmagan” elatlarning davlati (xitoycha bu tu-chje). Ko‘chmanchi davlat ko‘chuvchi, u chorvasi izidan harakat qiladi. Xitoy yilliklarida Jujan xoqonligiga qarata “go lo” (ko‘chib yuruvchi, ko‘chmanchi davlat) atamasi uchraydi. Xitoyshunos V.S.Taskin ushbu atamani “o‘tov davlati” ko‘rinishida o‘girgan. Shuningdek, Van Mou o‘zining “Dao shan sin xud” nomli asarida bunday davlat uyushmalariga shunday ta’rif beradi: “Devorlar bilan o‘ralgan shaharlarga [ega] davlatlar (xitoycha yu chan go) bo‘ladi, ko‘chmanchi davlatlar (xitoycha yu sin go) bo‘ladi”[47].
Ashina turklari jujanlardan ko‘plab davlatchilik udumlarini meros qilib olgan. Xitoy yilliklarida yozilishicha, oliy boshqaruvchining unvoni o‘laroq “xoqon”, bosh xotini – malikaning unvoni esa “xotun” Ashina turklariga ularning eski xo‘jayinlari – jujanlardan qolgan edi. Turkcha o‘zakdan yasalgan erkin, eltabar kabi unvonlarning xitoy yilliklarida sizin, silifa ko‘rinishida Turk xoqonligidan oldinroq jujanlarda uchrashi, izlanuvchilarning turklar ushbu unvonlarni ulardan olgan deyishlariga qo‘l kelgan[48]. Shu o‘rinda, ushbu unvonlarning jujanlarda uchrashini Jujan xoqonligining ma’lum (nisbatan ko‘proq) qismi turk tilida so‘zlashuvchi elatlar ekani bilan tushuntirish kerak. Buni Jujan xoqonligining yuzaga kelishida turklar ham qatnashgani, xitoy yilliklarida ularning tili qorishiq bir til (balki turk-mo‘g‘ul-manjur) ekani to‘g‘risidagi ma’lumotlardan bilsa bo‘ladi[49].
“Vey shu”da jujanlar bilan bog‘liq ushbu bilgilar qiziq: “Juanjuanlardagi udumga ko‘ra‚ hukmdorlar va amaldorlar bajargan ishlariga ko‘ra unvon olishadi. Bu xuddi “O‘rtaliq davlat” (Xitoy)da o‘lgandan keyin beriladigan unvonlarga o‘xshab ketadi‚ faqat ularda o‘lganidan keyin faxriy unvonlar berilmaydi”[50]. Chindan, birorta turk bitiktoshida‚ xitoy yilliklari yoki boshqa yozma manbalarda turk amaldori o‘lganidan so‘ng unga unvon berilgani to‘g‘risida bilgilar uchramaydi.
Turklar o‘z davlatlarini “xoqonlik” deb atashlari shunchaki emasdi. Negaki, Jujan xoqonligi o‘rniga kelgan turklar o‘zlarini ushbu xoqonlikning merosxo‘ri deb bilar, ko‘pgina siyosiy boshqaruv tizimlari ham turklarga jujanlardan o‘tgan edi. Jujanlarga esa o‘zlaridan oldin Markaziy Osiyoning xo‘jayinlari bo‘lmish syanbi va hun davlatlaridan meros qolgan edi[51]. Demak, Turk xoqonligi davlat boshqaruvidagi qator unvonlar jujanlardan o‘tgan ekan. O‘z o‘rnida jujanlar ushbu unvon va udumlarni hunlardan o‘zlashtirganlar.
Xususan, jujanlar hunlarning oldingi yerlarini egallashga kirishganlar va Xangay tog‘larini o‘z xoqonliklari markazi o‘laroq belgilaganlar. Hunlarning oldingi bosh qarorgohi Lun-chen (“Ajdarho shahri”) shahri o‘rnida jujanlar Mumo-chen shahrini qurib, uni xoqonlikning poytaxti etib belgilaydi: “Tyan Szyan boshqaruvi chog‘i (501-519) juan-juanlar din-linlarni yengib, o‘zlarining oldingi yerlarini qaytarib oldilar, ilk bor tashqi va ichki devorlar bilan o‘ralgan shahar qurdilar va uni Mumochen deb atadilar” [52]. A.V.Tivanenkoga ko‘ra, g‘alabalar natijasida Markaziy Osiyoning barcha qadimiy muqaddas tegralarini (O‘tukan) egallab, jujanlar mintaqada yanada katta siyosiy ta’sirga ega bo‘ldilar[53].
Mo‘g‘ul arxeologlari Mumo-chenni Mo‘g‘ulistondagi Ungetudagi shahar xarobalari bilan tenglashtirishadi[54]. Bu yerdagi qazishmalarda ko‘plab qurilish materiallari: pishiq g‘isht va loydan yasalgan qoliplar, zarb qilingan turli xil temir buyumlar va tosh haykallar topilgan, – bu jamiyatning moddiy rivojlanish darajasi ancha yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Mazkur shahar milliy ziyoratgohga aylandi, keyingi turk va mo‘g‘ul sulolalarining muqaddas yeri – O‘tukan shunday kelib chiqqan edi. Xitoy yilliklarida Turk xoqonlari o‘z poytaxtlarini qachon O‘tukanga ko‘chirishgani oydinlashmagan. Shunga qaramay, ayrim izlanuvchilar turklar jujanlarni yengach, tez orada o‘z markazlarini O‘tukanga ko‘chirishgan, deb qaraydilar[55]. To‘g‘rirog‘i, jujanlar hokimiyatining qonuniy vorisi o‘laroq turklar ularning siyosiy markazini qo‘lga kiritishgan. Shuningdek, jujanlarning Assen urug‘i 433-yilda Kanju viloyatidagi Oltin tog‘ning kungay etaklarini egallab, o‘z qarorgoh shahrini Szinshan – “Oltin tog‘” deb atashgan.
Ashina turklari jujanlarga o‘lpon to‘lab turgan qabilalardan biri edi. Syanbilarga yengilgan Ashina qabilasi vakillari Gaochan (Turfon) vohasiga qochishadi va Bo‘gda-ula tog‘i (Urumchining shimoli-sharqidagi tog‘)dagi g‘orlarga berkinishadi. Keyinchalik Shimoliy Lyan davlatiga kirib, bu yerda mohir metallurglar o‘laroq nom chiqargach, jujanlar o‘zlarining Gaochandagi boshqaruvi chog‘larida (460-yillar) ularni temir konlariga boy Oltoy etaklariga ko‘chirib keltirishadi[56].
Oltoy tog‘laridagi g‘orlar keyinchalik ham “urug‘ g‘ori”, “ajdodlar g‘ori” deb ardoqlangan va turk xoqonlari har yili bu g‘orlarga kelib qurbonlik marosimlarini bajarishgan[57]. Turkolog D.Sinorning ko‘z-qarashicha, “urug‘ g‘ori” deb ataladigan bu g‘orlar aslida konlar bo‘lgan[58]. Buni Rashid-ad-din va Abulg‘ozi Bahodirxon ishlarida “turk ellarining ajdodlari kelib chiqqan yer” deb ko‘rsatilgan Ergenakun yoki Arqanaqun g‘ori to‘g‘risidagi yozuvlardan bilsa bo‘ladi[59].
Demak, Ashina qabilasi jujanlar qo‘l ostida bo‘lgan kezlarda ularga temir va undan yasalgan buyumlarni o‘lpon sifatida to‘lab turishgan. Bular orasida hujum va mudofaa qurollari hamda ot anjomlari o‘zgacha o‘rin tutgan.
Tele qabilalarining qo‘zg‘olonini bostirib jujanlar oldida ulkan xizmat ko‘rsatgan, qolaversa, o‘z kuchiga ishongan Bumin yabg‘u Anaxuan xoqondan qizining qo‘lini so‘raydi. Jujan xoqoni esa Buminning elchisiga: “Sen mening temirchimsan, bunday deyishga qanday hadding sig‘di?” deya qo‘pollik bilan yo‘q deydi[60]. Bumin ham oradagi munosabatni butunlay uzish uchun Anaxuan xoqonning elchisini o‘ldirtiradi[61].
Shundan so‘ng G‘arbiy Vey davlati bilan bordi-keldisini bildirib qo‘yish uchun 551-yili ular bilan qarindoshlik iplarini bog‘laydi. 551 (552)-yili Bumin yabg‘u jujanlarga qarshi qo‘shin tortib, ularni tor-mor etadi. Jujan xoqoni Anag‘uy o‘zini o‘zi o‘ldiradi. Uning o‘g‘li Yanlochen yaqinlari bilan Si davlatiga[62] qochib ketadi[63]. Anag‘uy xoqonning o‘limi Bumin va uning xalqi uchun o‘ta muhim voqea edi va mintaqada yangi imperiya – Turk xoqonligi quriladi.
Anag‘uy xoqonning amakivachchasi Dinchju Sili 553-yili jujanlarga xoqon bo‘ladi. 552-yil o‘lgan Bumin xoqonning o‘rniga o‘g‘li Qora Issiq xoqon (Kolo; 552-553) taxtga o‘tiradi. U jujanlarni yengadi, ko‘p o‘tmay o‘ladi. Yengilgan jujan xoqoni o‘z amaldorlari tomonidan o‘ldirilib, o‘rniga o‘g‘li Kudi xoqon bo‘ladi. Turk xoqonligida esa boshqaruvga Qora xoqonning ukasi Muqan xoqon (553–572) keladi[64]. Yangi xoqon “irodali, qattiqqo‘l, jasur va aqlli edi, ko‘proq urushlar bilan shug‘ullandi”[65]. U 553-yili jujanlarni yenggach, Kudi o‘z xalqi bilan Si davlatiga qochib boradi. Ko‘p o‘tmay Si imperatori jujanlarni chegaralarini talon-taroj etganligi uchun o‘z yeridan haydab chiqaradi hamda ular yana turklar va qitanlar bilan to‘qnashadi. Jujanlarning qolgan-qutgan mingga yaqin oilasi Dinshutsi boshchiligida G‘arbiy Vey saroyiga sig‘inadi. Biroq turklar bilan ittifoqchi bo‘lgan G‘arbiy Vey imperatori jujanlarni turklarning elchisiga topshiradi. Va u 3000 jujanni qatl ettiradi[66]. O‘z o‘rnida turklar ham G‘arbiy Vey davlatining Togonga qarshi urushida ittifoqchi bo‘lib qatnashib, ularni yengadilar[67]. Shunday qilib, Jujan xoqonligi Markaziy Osiyo yerlaridan butunlay yo‘q qilinadi.
Ashina turklarining mintaqa g‘arbidagi harbiy yurishlari to‘g‘ridan to‘g‘ri jujanlar bilan bog‘liq edi. G‘arbdagi urushlar ko‘proq Sharqiy Yevropaga qochgan‚ Ashina turklarining sobiq xo‘jayinlari bo‘lgan jujanlar yoki avarlarni ortidan ta’qib qilish va ularni butunlay yo‘q qilishga qaratilgan edi. Turk xoqonligi ittifoqchisi Vizantiyani ularning g‘animi jujan (avar)larga yordam berganlikda ayblagan edi. “Lyan shu”da (A)varlar jujanlarning bir qismi deb eslatilsa, yana ayrim xitoy yilliklarida ular Katta Yuechjilarning avlodi deb yozilgan[68].
Shunday qilib, yuz yildan ko‘proq Markaziy Osiyoning siyosiy, etnik va madaniy o‘tmishida sezilarli o‘rin tutgan Jujan xoqonligi qulaydi. Biroq Sharqiy Yevropada uning vorisi o‘laroq Avar xoqonligi quriladi va uzoq vaqt Vizantiya imperiyasi va boshqa ko‘plab davlatlarni qo‘rquvda ushlab turadi.
Munira HOTAMOVA,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] 385–556-yillarda bugungi Xitoy yerlarida boshqaruv o‘rnatgan, xitoy yilliklarida “Toba sulolasi” yoki “Shimoliy Vey sulolasi” deb atalgan, kelib chiqishi ko‘chmanchi qabilalarga borib taqaladigan sulola.
[2] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Том 1. М.–Л.: Изд-во АН СССР, 1950. – С. 184-185.
[3] Sinor D. The establishment and dissolution of the Turk empire // The Cambridge History of Early Inner Asia. Ed. by D.Sinor. Cambridge, 1990. – Р. 292.
[4] Гумилев Л.Н. Древние тюрки. М.: Наука, 1967. С. 12.
[5] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 185.
[6] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 186-187; Peter B. Golden. An Introduction to the History of the Turkic Peoples. Weisbaden, 1992. – P. 77.
[7] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 185; Гумилев Л.Н. Древние тюрки... С. 12.
[8] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 189-190.
[9] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 250; Sinor D. The establishment... Р. 293.
[10] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 189-190; Peter B. Golden. An Introduction... Р. 75.
[11] 1914-yilda yapon olimi X.Ryotay “Siyuy (G‘arbiy o‘lka, yurt) atamasi ilk bor Oldingi Xan chog‘ida uchraydi, biroq uning mazmuni tushunarsiz bo‘lgan. Bizningcha, bu atama Xan sulolasining chegara qorovullik mahkamalari Yuymen va Yanguandan g‘arbdagi tegralarga qarata ishlatilgan bo‘lib, bu yerlarning aniq chegarasi har qaysi davrning geografik bilim doirasidan kelib chiqqan” deb yozgan edi. Qarang: Малявкин А.Г. Танские хроники о государствах Центральной Азии. Тексты и исследование. Новосибирск: Наука, 1989. – С. 110.
[12] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 2. – С. 259.
[13] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 260; Sinor D. The establishment... Р. 294.
[14] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 2. – С. 247.
[15] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 216.
[16] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 216-217.
[17] Краткая история... 1991. С. 73-74.
[18] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 195, 217.
[19] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 217.
[20] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 203.
[21] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 217.
[22] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 217-218.
[23] Xo‘jayev A., Xo‘jaev K. Qadimgi manbalarda... 2001. 15-b; Istoriya Kazaxstana... 2000. S. 35.
[24] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 213-214.
[25] Shanyuy – hunlar o‘zlarining oliy hukmdorlarini “tangriqut”, ya’ni Tangri farzandi deb atagan. Xitoy manbalarida qadimgi o‘qilishida “tanyi”, hozirgi o‘qilishida esa “shanyuy” deb transkripsiya qilingan. Ходжаев А. Сведения... 2004. 25-б.
[26] Хo‘жаев А., Хo‘жаев К. Qадимги манбаларда...8-б; Биchурин Н.Я. Собрание… Т. 1, с. 213-214.
[27] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 213-214.
[28] G‘arbiy dengiz – xitoy tarixchilari ko‘pincha Orol, Kaspiy kabi dengizlarni tushunganlar. Ходжаев К. Китайский историк о путях миграции и месте возрождения потомков Ашины – племени тюрк // “O‘zbek xalqining kelib chiqishi...” seminar materiallari. Т., 2004. С. 37; Кляшторный С.Г. Древнетюркские руниchеские памятники как источники по истории Средней Азии. М.: Наука, 1964. С. 103.
[29] Shimoliy sulolalar tarixi. Bey shu. – Urumchi, 2002. 568–570-b.; Кюнер Н.В. Китайские известия о народах Южной Сибири, Централной Азии и Далнего Востока. – М., 1961. С. 38-39.
[30] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 214.
[31] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 214-215.
[32] Малявкин А.Г. Историchеская география Централной Азии (Материалы и исследования). Н.: Наука, 1981. С. ; Sinor D. The establishment and dissolution of the Turk empire // The Cambridge History of Early Inner Asia. Ed. By D.Sinor. Cambridge, 1990. Р. 289.
[33] “Vey sulolasi tili” – ushbu tilni ayrim izlanuvchilar turkcha deb qarashsa, boshqalar mo‘g‘ulcha bo‘lgan, deb talqin qiladilar. Qarang: Boodberg P.A. The Language of the T'o-Pa Wei // Harvard Journal of Asiatic Studies. – 1936. – Vol. 1. No. 2. – P. 167–185.
[34] Материалы по истории древних коchевых народов ... – С. 279.
[35] Материалы по истории древних коchевых народов ... – С. 413‚ к. 51.
[36] Биchурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 196-197.
[37] Биchурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 197, 218.
[38] Биchурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 198.
[39] Биchурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 200, 201.
[40] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 202.
[41] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 218-219.
[42] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 218.
[43] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 204; Peter B. Golden. An Introduction... Р. 75; Гумилев Л.Н. Древние тюрки... С. 10.
[44] Биcчурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 205.
[45] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 206.
[46] Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах… Т. 1. – С. 207.
[47] Кычанов Е.И. Кочевые государства от гуннов до манчжуров. Москва, 1997. – С. 264.
[48] Таскин В.С. Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху. М., 1984. – С. 279-280, 414.
[49] Таскин В.С. Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху. М., 1984. – С. 47-48.
[50] Таскин В.С. Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху. М., 1984. – С. 269.
[51] Peter B. Golden. An Introduction... 1992. Р. 146; Бичурин Н.Я. Собрание... Т.1, с. 228.
[52] Таскин В.С. Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху. М., 1984. – С. 290.
[53] Дробышев Ю.И. История взаимодействия человека и природы в Централно-азиатских кочевых обществах раннего средневековя. Автореф. ... канд.ист.наук. – М., 2008. – С. 16.
[54] Таскин В.С. Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху. М., 1984. – С. 290; Данилов С.В. Древние и средневековые города в кочевых обществах Централной Азии.: Дисс. ... док. ист. наук. – Улан-Удэ, 2005. – С. 237.
[55] Дробышев Ю.И. История взаимодействия человека и природы в Централно-азиатских кочевых обществах раннего средневековя. Автореф. дис. канд. истор. наук. М., 2008. – С. 18.
[56] Кляшторный С.Г. Памятники древнетюркской писменности ... – С. 291-293.
[57] Бичурин Н.Я. Собрание сведений ... I. – С. 230-231.
[58] Sinor D. The establishment and dissolution of the Turk empire // The Cambridge History of Early Inner Asia. Ed. by D. Sinor. – Cambridge, 1990. – Р. 296.
[59] Рашид-ад-дин. Сборник летописей. Том I. Книга первая. Перевод с персидского Л.А. Хетагурова. – М.-Л.: Изд-во АН СССР 1952. – С. 152; Abulg‘oziy. Shajarayi turk. Nashrga tayyorlovchilar: Q.Munirov‚ Q.Mahmudov. – T.: Cho‘lpon, 1992. – B. 28-29; Бичурин Н.Я. Собрание сведений ... II. – С. 223–227.
[60] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах ... Т. 1. – С. 228.
[61] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах ... Т. 1. – С. 228.
[62] Si davlati – 550-yil Sharqiy Vey davlati vaziri Gao Yuanning o‘g‘li Gao Yan o‘zini hukmdor deb e’lon qiladi va Bey Si, ya’ni Shimoliy Si davlati (550–577)ga asos soladi. Бичурин Н.Я. Собрание... Т. 1. – С. 207.
[63] Бичурин Н.Я. Собрание... Т. 1. – С. 207, 228.
[64] Бичурин Н.Я. Собрание... Т. 1. – С. 228.
[65] Бичурин Н.Я. Собрание... Т. 1. – С. 229.
[66] Бичурин Н.Я. Собрание... Т. 1. – С. 208, 231.
[67] Бичурин Н.Я. Собрание... Т. 1. – С. 231.
[68] Sinor D. The establishment... 1990. Р. 298-299.
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q