“Miniatyura” – fransuzcha “miniature”, lotincha “miniut” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “qizil bo‘yoq” ma’nosini anglatadi. Istilohiy ma’noda esa badiiy usullari o‘ta nafis bo‘lgan kichik hajmli, mo‘jaz tasviriy san’at asarlarini bildiradi. Bunda, asosan, o‘rta asr qo‘lyozmalarini ziynatlash uchun yaratilgan nafis mo‘jaz rasmlar, ba’zi hollarda suyak, pergament, toshqog‘oz, chinni, ashyoviy buyumlar, ya’ni tamakidon, soat, uzuk va boshqalarga ishlangan kichik hajmdagi rangtasvir namunalari tushuniladi.
Miniatyura san’atining asosi naqshdan boshlangan. Shuning uchun Eronda bu san’at “naqshi nigor” deb ataladi. Unga she’riyat, musiqa, raqs va teatr san’ati kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Bu mo‘jaz san’at namunalaridagi kompozitsion qurilish masalasi ham haligacha ko‘pchilik mutaxassislarni qiziqtirib keladi. F.Kovalev ta’rificha, “Kompozitsiya tasviriy san’at asarining shaklan qurilishi bo‘lib, u muallif tasavvurini ochib berishga qaratiladi. Kompozitsiya – badiiy asarning idrok etilishini belgilab beruvchi, mazmuni, xarakteri va maqsadiga asoslanuvchi tuzilmasidir” (Ковалев Ф. Золотое сечение в живописи. Киев, 1989. Стр. 40). Olim kompozitsiyaning yaxlitlik, nisbat, simmetriya va ritm kabi to‘rt qoidasini tahlil etadi. Uningcha, kompozitsiya tabiatan mavjud va agar rassom kompozitsiya qoidalariga bo‘ysunmasa, uning asari mukammallik kasb etmaydi.
So‘fiylar qarashlariga ko‘ra, “Haqiqiy dunyoda mavjud bo‘lgan uyg‘unlik, simmetriya, tartib, nisbat, yorug‘lik va rang kabilar Olloh kamoloti in’ikosidan boshqa narsa emas” (Курбанмамадов А. Эстетическая доктрина суфизма (опыт критического анализа). Душанбе, 1987. Стр. 13). M.Nazarlining fikricha, so‘fiylikda rassom ijodi ilohiy jarayon sifatida tavsiflanadi. Tadqiqotchi Sharq miniatyurasidagi kompozitsiyani tasavvuf g‘oyalari bilan uyg‘un holda ochib berishga harakat qiladi. Xususan, miniatyura kompozitsiyasi bir qancha markazlarning mavjudligi bilan xarakterlanishi, undagi har bir markaz o‘ziga xos tugal mazmunga ega bo‘lgan kompozitsiyaning ibtidosini ifodalashini yozadi (qarang: Назарли М. Два мира восточной миниатюры. Москва, 2006. Стр. 194).
Movarounnahrda miniatyura san’ati XVI–XVII asrlarga kelib o‘ziga xos tarzda rivojlangan. Bu davrda Eron va Hindiston bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarning kuchayishi miniatyura san’atiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Sharq miniatyura san’ati orqali milliy liboslar tarixini o‘rgangan san’atshunos Z.Rahimova ham miniatyurada kompozitsiya qoidalarining Hindiston va Eron san’ati ta’sirida rivojlanganini ta’kidlaydi (qarang: Раҳимова З. К истории костюмам народов Узбекистана. Костюм Бухары и Самарканда XVI–XVII веков. Ташкент, “Санъат”, 2005. Стр. 15).
XX asr oxiri – XXI asr boshlarida o‘zbek rassomlari o‘ziga xos maktab yaratdi. Sh.Shoyoqubovning yozishicha, “O‘zbek miniatyurachi rassomlarining asarlari uslubiy birlikning rivojlangan, shaxsiy, individual asosda shakllanishiga misol bo‘lib, ularning asarlariga xos emotsional boylik va yaxlitlik shu bilan izohlanadi” (Shoyoqubov Sh. Zamonaviy O‘zbekiston miniatyurasi. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2006. 11-bet).
R.Fathullayevning qayd etishicha, Sharq miniatyurasida chiziq asosiy tasviriy vositalardan biri hisoblanadi. U obrazni yaratish, harakatlarni ifodalashda asosiy estetik element sifatida namoyon bo‘ladi (Фатхуллаев Р. Рукописная книга и искусство миниатюры Востока. Ташкент, 2021. Стр. 11).
Maxsus lug‘atda kompozitsiyaga quyidagicha ta’rif berilgan: “Kompozitsiya – badiiy asarning tuzilishi, asarda tasvirlanayotgan narsalarning obrazlari va badiiy vositalarning muayyan maqsadga xizmat qiladigan tartibda joylashuvi va ularning muvofiqligi” (Ibrohimov A., Sulaymonov A. Kitobat san’atiga oid atamalarning izohli-illyustrativ lug‘ati. Toshkent, “Akademnashr”, 2018. 58-bet).
P.Shobarotov kompozitsiyani miniatyuradagi tasviriy unsurlarni mutanosib ravishda ma’lum bir qoidalarga bo‘ysungan holda joylashtirish deya ta’riflaydi: “Musavvir o‘zi chizmoqchi bo‘lgan loyihani yuzaga to‘g‘ri joylashtira olishi lozim. Kompozitsiyada barcha unsurlarni to‘g‘ri joylashtirolmaslik natijasida asosi bo‘sh san’at asarlari vujudga keladi. Asar mavzusidagi unsurlar to‘g‘ri joylashsa, kompozitsiya shuncha mukammal bo‘ladi” (Shobaratov P. Miniatyura. Toshkent, 2011. 5-bet).
Tadqiqotchi A.Rahmatullayeva syujet va obrazlarni badiiy va ilmiy asarlarga ishlangan miniatyuralar misolida o‘rgangan. B.Hojimetov esa XX asr 30-yillaridan mustaqillikkacha bo‘lgan davrdagi o‘zbek miniatyura san’atini tadqiq etib, uning rivojlanish yo‘nalishlarini ko‘rsatgan.
Yuqorida keltirilgan fikrlardan miniatyurada kompozitsiya nihoyatda muhim o‘rin tutishi, ushbu hassos san’atning ruhi ma’no bo‘lsa, uning tani kompozitsiya ekani oydinlashadi.
Erkin JABBOROV,
Qarshi davlat universiteti dotsenti
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Mo‘jiz rasmda mo‘jaz ma’no” maqolasi
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q