Ziyolilar, ma’naviyat sohasi vakillari vazifasini uddalayaptimi, nonini halollab yeyaptimi?..


Saqlash
17:56 / 11.11.2024 145 0

Yozuvchi Jo‘ra Fozil bilan suhbat.

 

– Jo‘ra aka, bedor bir ziyoli o‘laroq Siz bugungi dunyoning past-balandi, odamlarning kor-amalini mushohada etsangiz, obrazli tasavvur qilsangiz kerak. Agar men karikaturachi rassom bo‘lganimda, uzun til, chag‘ir ko‘z, xo‘ppa semiz qorin, boshsiz tana, yurib ketayotgan bo‘yinbog‘ yoki olti barmoqli qo‘lni chizgan bo‘lardim...

 

– Bugungi dunyo, odamlar haqida nainki ijod ahli, balki har bir uyg‘oq fikrli zamondoshimiz o‘ylashi shubhasiz. Zero keyingi yillarda kuzatilayotgan turli ofatlar, katta-kichik urushlar, ma’naviy xatarlar o‘zini insoniyat taqdiriga daxldor hisoblaguvchi har bir kishini teran mushohadaga undayotir. Ayniqsa, adabiyot, so‘z san’ati zamon-u makondan chetda tura olmaydi.

 

Davrning eng yomon illati poraxo‘rlik, korrupsiya degan bo‘lardim. O‘tgan yili Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurash ramzi sifatida “Ochiq qo‘l” monumenti o‘rnatildi. O‘zimcha shunday fikr qildim: mahobatli kompozitsiya fotih Iskandarning ochiq ketgan qo‘liga ishora bo‘lsa ajab emas. OAVda bot-bot korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan yoki mahkamaga tortilgan sudyalar, prokurorlar, hokimlar haqida xabar beriladi. Ana shu toifaga mansub hokimlardan birini yoshligidan yaxshi tanirdim. O‘zi chalasavod, mahmadana bo‘lsa-da, qay bir fazilati yoqib rahbarlik kursisiga o‘tirgan edi. O‘sha yigit (u mahallar hokim o‘rinbosari edi) yigirma yilcha oldin ma’naviyatga bag‘ishlangan yig‘ilishda menga so‘z berib, “Domla, bitta she’r aytib bering...” deya rosa xunobimni oshirgan, hamkasblarim “Bu kishi she’r emas, hikoya yozadi” desa ham, “Nahotki katta-katta kitoblarida bitta she’r bo‘lmasa?” deya tiqilinch qilgan edi...

 

Xo‘sh, nafs ko‘yiga kirganlarni adabiyot tarbiyalay oladimi? Menimcha, bu mushkul vazifa so‘z san’atining qo‘lidan keladi. Ulug‘ mutasavvif Jaloliddin Rumiy hikmatiga e’tibor bering: “Dori bor, ammo bemor uni ichmasa, vujud hazm etmasa, xastalik hech qachon chekinmaydi”. Ahmad Yassaviy umrining so‘nggi yillarini yer ostida, tanholikda o‘tkazgani ma’lum. Ul zot zolim hokimlar, adolatsiz qozilarning raiyatga o‘tkazgan jabr-sitamiga norozilik sifatida shunday yo‘l tutgan deyishadi. Yassaviy bobo zamonamizning ayrim mansabdorlari qilmishlarini ko‘rsa, ma’naviyatdan, axloqdan, insof-u diyonatdan ayro tushganimizdan voqif bo‘lsa, yer bag‘riga yanada chuqurroq kirib ketarmidi deng?!

 

Kamina dunyoi noqisning noxush manzaralaridan dilgir bo‘lganimda, mumtoz kuy-qo‘shiq tinglayman, dardimni oq qog‘ozga to‘kib solaman, tabiat qo‘yniga oshiqaman. Sokin tabiat insonni xuddi adabiyotdek tarbiyalay oladi.

 

Ha, adabiyot mudroq qalblarni uyg‘otib, yumuq ko‘zlarni ochishga xizmat qilishi kerak. Har qanday olamshumul kashfiyot inson koriga xizmat qilsagina buyuk atalishga loyiq. Biroq... boyagi xayoliy suratlaringizda tasvirlagan odamlarni faqat kitob o‘qitish bilan tarbiyalab bo‘lmaydi, nazarimda. Qorin bandalarini kitob o‘qishga o‘rgatish ham oson ish emas. Yana shunday kimsalar borki, binoyidek kitobxon, ammo qilib yurgan ishlarini ko‘rib tavba deysiz. Mutolaa hayotiy zaruratga aylanmas ekan, majburlov yo‘li bilan nimagadir erishish mushkul.

 

Savolingizga javob beryapman-u mening ham xayolimga turli ramz, timsollar kelyapti. Masalan, ulkan muztoq. Uni loqaydlikning muztog‘i deb atasa bo‘ladi. Loqaydlik go‘zallikni, ezgulikni, agar qo‘yib bersangiz, butun borliqni-da mahv etadi. Bu muzliklarni mehr, ilm-urfon, kitobxonlik, adabiyot quyoshi eritishiga ishongim keladi.

 

– Ma’naviyat haqida o‘ylasam, yana bir masala yuragimni o‘rtaydi. Onalarimiz bizga, ayniqsa, ayollarimizga yoshlikdan “Turmush uyining uch devori zahar, bir devori shakar” deb tarbiya berganlar. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yurtdoshlarimiz o‘z haddini bilmay, sha’nini o‘ylamay arzimas, o‘tkinchi muammolar haqida ham pashshadan fil yasagudek bo‘lib ayyuhannos solyapti. Holbuki, ozgina sabr, mehnat, muomala-murosa qilinsa, hal bo‘ladigan ishlar. Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarib, global muammolar ko‘lami ham kengaymoqda. Shunday murakkab sharoitda biz millat sifatida oilani mustahkamlamas ekanmiz, najot topishimiz qiyinga o‘xshaydi.

 

– Albatta, har bir jamiyatning tayanchi, ustuni – oila. Inson bolasi oilada kiroyi tarbiya ko‘rsagina barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Men oddiy o‘zbek oilalarida sharqona axloq-odob va tarbiyaning mukammal ko‘rinishlarini ko‘p kuzatganman. Sharqona tarbiyada esa musulmon axloqi ustuvor. Bu – o‘zaro hurmat-izzat, kichiklarning kattalarga ehtiromi, birovni bekorga ranjitmaslik, “chumoliga ham ozor bermaslik” kabi qadriyatlardir.

 

Bozor iqtisodiyotining ijobiy jihatlarini inkor etmagan holda aytmoqchimanki, bebiliska daromad, tovlamachilik, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik va boshqa shubhali yo‘llar bilan pul topish istagi jamiyatni butunlay o‘zgartirib, izdan chiqardi. Bel og‘ritmasdan topilgan boylik ayrim zamondoshlarimizni havolantirib yubordi. Ular o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoq uchun dabdabali to‘ylar, bachkana urf-odatlarga ruju qo‘ydi. Kattaga hurmat, kichikka izzat ham unutilayotgandek. Oppoq soqolli mo‘ysafidga do‘q urayotgan, hatto qo‘l ko‘tarayotgan yoshlarni ko‘rib, ichdan zil ketasiz, “Shular ham o‘zbek bolalarimi?” deya yoqa ushlaysiz. Ko‘cha-ko‘yda yosh-yalangni kuzataman: qo‘lida smartfon, qulog‘ida eshitish moslamasi. Ko‘zlari hech nimani ko‘rmaydi, quloqlari ajnabiy ohanglardan boshqasini eshitmaydi. Na salom bor, na alik... Bu hol uchun faqat “ommaviy madaniyat”ni ayblash, menimcha, unchalik to‘g‘ri emas. O‘zimizda ham kamchilik-illatlar to‘lib yotibdi. Aksarimiz xatti-harakatimizni tanqidiy baholashga jur’at qilmaymiz. Ko‘pchilik oilalarda ham shu hol – hech kim o‘zining, farzand-nevaralarining kamchiligini ko‘rmaydi, tan olgisi kelmaydi. Aytaylik, siz radio-televideniye orqali to‘g‘rilik, halol mehnat va pokiza luqma haqida gapirsangiz-u, o‘zingiz qing‘ir yo‘l bilan olingan qimmatbaho xorij markabida yursangiz, oilangiz shohona qasrda yashasa, quruq safsatangizga kim ishonadi?! Puldorlarning quyushqondan chiqishi ayrim qo‘li kalta, ammo dabdabaga o‘ch kishilarni ham yo‘ldan ozdiryapti. Ular qanoatni unutib noshukrlik qilmoqda. Alhol, adolatsizlik alamzadalikka, alamzadalik esa qanoatsizlikka yo‘l ochadi.

 

– Virtual makon boshqa illatlarni ham urchityapti: qalbaki baxt, yo‘qni bor qilib ko‘rsatib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, ijaraga mashina olib ota-ona, yor-do‘stlarga “hadya” etish, to‘y (hatto aza) dasturxonidagi ijaraga olingan ne’matlar... Yana bir antiqa holat: qari puldorga tegib olib, to‘yda soxta kuyov – yosh yigitni to‘rga o‘tqazib qo‘yilishiga nima deysiz! Bular komediyami yo tragediyami – bilmayman...

 

– Yo‘lini yo‘qotgan gumrohlarga achinaman, rahmim keladi. Yomoni shundaki, endi bu illatlarni achinish, rahm-shafqat bilan yo‘qotish mushkul. Ular bilan keng jamoatchilik, OAV, qo‘yingki, hammamiz kurashmog‘imiz darkor. Chin o‘zbekona odamgarchilik, aql, fahm-farosatni esa na ijaraga olib bo‘ladi, na xarid qilib! Ijara ne’matlarga hech e’tibor qilmagan ekanman, hayotdan butunlay orqada qolib ketibmanmi, degan xayolga ham boryapman. Ijaraga olingan kuyovto‘ralar haqida esa hatto gapirgim ham kelmayapti.

 

O‘tgan asr o‘rtalarida nikoh to‘ylari kamchiqimroq bo‘lsa-da, kelin-kuyov uchun liboslar, tilla taqinchoqlar, qimmatbaho buyumlar, uy, palos va zarur jihozlar ijaraga olinganini yaxshi eslayman. Noilojlik ortidan paydo bo‘lgan bu udum Buxoro shevasida “erati” deb atalar, shu so‘z zamirida ham buyum birovniki ekaniga nozik ishora, qolaversa, andak kamsitish ma’nosi bor edi. Bu narsalar uchun, adashmasam, haq to‘lanmasdi. Kelin yoki kuyov obro‘sini saqlash uchun o‘ylab topilgan yordam usuli edi-da. Bugungisi esa shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan boshqa narsa emas.

 

E’tibor qilsangiz, qarindosh-urug‘, aka-uka, opa-singil, hatto farzand va ota-ona o‘rtasidagi munosabatlarda ham yolg‘on, riyo, subutsizlik ko‘payib boryapti. Bir-birimizning ko‘zimizga tik qaragancha yolg‘on gapiramiz, va’daga vafo qilmaymiz.

 

Qarz oldi-berdisidan-ku aziyat chekmagan odam yo‘q hisobi. Aytaylik, siz kimgadir qarz berdingiz, qaytarish muddatini ham kelishdingiz. Afsuski, yillar o‘tsa-da, omonat qaytarilmaydi, qarzdor qochib yuraveradi. Agar oldi-berdini hujjatlashtirgan bo‘lsangiz, sud pulni undirish to‘g‘risida qaror chiqaradi, janobi qarzdor esa qamalsa qamaladiki, bir tiyiningizni ham qaytarmaydi, vassalom!

 

Kimdir bularni mayda gap deb hisoblar. Yo‘q, birodar, adashasiz, mana shu ikir-chikirlar katta illatlarga doyalik qiladi!

 

– Mamlakatimizda ma’naviyat masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilyapti. Ammo har qancha kuch va mablag‘ sarflamaylik, ko‘ngilto‘lar natijaga erisholmayotgandekmiz. Yurak larzaga tushadigan xabarlardan bezib qoldik: birov ikki qarich yer deb qo‘shnisiga bolta o‘qtalgan, o‘g‘il otasining, ota o‘g‘lining umriga zomin bo‘lgan, qay bir juvon bola tug‘ib daraxt tagiga tashlab ketgan-u boshqasi erining qasdiga bolalari bilan yuqori qavatdan sakragan, yana birovi mashina olib beraman deb yuzlab odamlarni chuv tushirgan... Kishi aytmoqqa xijolat bo‘ladi: yurtdoshlarimiz hali u mamlakatdan fohishaligi, qo‘shmachiligi uchun, hali bu yurtdan firibgarligi uchun tutib keltiriladi. Xullas, bugungi manzara qo‘lga dastro‘mol olib yig‘lagudek... Jo‘ra aka, siz ham, men ham ziyolimiz, ma’naviyat sohasining vakilimiz. Bizlar mamlakat bo‘yicha yuzlab-minglabmiz. Ba’zan achchiq o‘yga tolaman: demak, biz o‘z vazifamizni uddalay olmayapmiz, nonimizni halollab yemayapmiz...

 

– Siz sanagan fojeiy holatlar aslida har bir millatdoshimizni larzaga solishi kerak. Ammo bunday bo‘lmayapti-da. Nazarimda, jamiyat bunga ko‘nikish paydo qilgandek. Bu sira qabih jinoyatlarning tub ildizini sal oldinroqdan izlagan ma’qul. SSSR parchalangach, ko‘plab zavod-fabrikalar faoliyati to‘xtadi, ishsizlik ko‘paydi, odamlar hech nimaga ishonmay qo‘ydi. Ro‘zg‘or tebratish qiyinchiliklari oqibatida bolalar tarbiyasi buzildi. Axir, yarim och-yarim to‘q, ust-boshi yupun o‘smirlar, yoshlarga tarbiya qanday kor qilsin? Qiyin iqtisodiy ahvolga tushgan ilmiy-ijodiy soha vakillari, shoir-yozuvchilar, ziyolilar ham amallab ro‘zg‘or tebratish bilan ovora bo‘lib qoldi. Ijtimoiy-iqtisodiy bo‘hron, kamxarjlik va boshqa qiyinchiliklar odamlarni sekin-asta bir-biridan uzoqlashtirdi. Kishi ko‘ngliga vahm, dahshat soladigan hozirgi jinoyatlar ana o‘sha sinovli davr oqibati.

 

Har tur jinoyatlarga ba’zan arzimagan manfaat, rashk, hasad sabab bo‘layotgani ham kishini o‘yga toldiradi. Nega ayrim odamlar bunchalik qahrli, serjahl bo‘lib qoldi? Nega o‘zgalarni, hatto o‘z yaqinlarini ham ko‘rishga ko‘zi yo‘q? Gap faqat ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklardami? Menimcha, faqat bunda ham emas. Sabablarni tarbiya va yana tarbiyadan izlash kerak. Maktab, oila, mahalla va jamoatchilik tarbiyasi kutilgan natija bermayapti. Yaqinda bir tanishim shikoyat qilib qoldi: “Nevaram maktabga borgim kelmaydi, deb xarxasha qiladi. Surishtirib ko‘rsam, ko‘p darslar o‘qitilmas, muallimlar allaqaysi til o‘rgatish kurslari uchun pul yig‘ib olarkan-u, dars ham, xorijiy til mashg‘ulotlarini ham o‘tmas ekan”. Ana xolos! Bola ilk qadamdanoq yolg‘on-u manfaatparastlikka guvoh bo‘lsa, u ertaga olim bo‘ladimi yoki zolim?..

 

Jinoyatlar haqidagi axborotni tarqatishda ham ehtiyotkorlik lozim. Dahshatli tafsilotlar ayrim tajovuzkor, aqli noqis kishilarga, ayniqsa, yoshlar ruhiyatiga aks ta’sir etishi mumkin. To‘g‘ri, jinoyat jazosiz qolmasligi keng ommaga tushuntirilishi kerak, ammo xunuk gaplar erta-yu kech takrorlanaversa, inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ham unutmaslik darkor.

 

– Bir vaqtlar “Adabiyot o‘ladimi?” degan savol qizg‘in muhokama qilingan, ko‘pchilik ijodkorlar “Yo‘q, aslo, o‘lmaydi!” deya so‘z san’ati himoyasiga oshiqqan edi. Hozir Sizdan so‘rasam ham shunday deyishingiz aniq. Adabiyot o‘lmas, ijod ahli yozaverar, yozaverar... Lekin uni o‘qiguvchi topilmasa-chi? Odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi, axir! Asar o‘qilmasa, insonni o‘zgartirmasa, hatto keraksiz bir matohga aylanib qolsa ham, yozilgani uchungina “Adabiyot o‘lmaydi” deb bo‘larmikan?

 

– Men “Adabiyot o‘lmaydi!” deya baralla aytaman. Zero, adibning buning teskarisini aytib obidiyda qilishi askarning jangsiz taslim bo‘lganiday sharmandali holatdir!

 

Adabiyotning umrboqiyligiga nega bunchalik ishonishimni izohlashga harakat qilaman. Yigirma-yigirma besh yillar muqaddam, ahli oilam uchun bir qop un sotib olishga imkonim bo‘lmaganida ham men yozishdan to‘xtaganim yo‘q. “Nima qilasiz buncha yozib, ularni chop etishga qachon ulgurasiz?” deya ta’na-malomat qilardi ayrim hamqalam o‘rtoqlar. Keyin hayot xiyla iziga tushgach, o‘zim ham bu haqda ko‘p o‘yladim. Shunda muqaddas kitoblarning birida o‘qiganim yodimga tushdi: “Yozilgan nimarsa hech qachon to‘zimaydi”. Yo Xudo, men ana shu ulug‘vor hikmatdan kuch olganimni bilmagan ekanman-da!

 

Erinmagan odam borki, “Kitob kam o‘qilyapti” deb yozg‘iradi. Holbuki, yurtimizda xususiy nashriyotlar soni yuzga yaqinlashib qolgandir. Ular har yili ming-ming nusxada kitob chop etayotir. Shunday bo‘lsa-da, haqiqiy so‘z san’ati namunasi deb atamoqqa loyiq asarlar ko‘p emas. Aksar xususiy nashriyotlar detektivlarni chop qilishga ishqiboz. Kitoblar orasida sayoz, maza-matrasiz, sehr-joduga bag‘ishlangan qoralamalar ham talaygina. Ruhiyati navniholdek nozik yosh kitobxonga qaysi asar foydali, qay biri zararli ekanini tushuntirib beradigan haqiqiy adabiyotshunos va munaqqidlar kerak. Keyingi yillarda adabiy tanqidda zararli bir illat paydo bo‘ldi: badiiy asarga uning mohiyatiga qarab emas, muallifiga qarab baho berish. Muallif mabodo unvondor, mansabdor, puldor, oshna-og‘aynisi ko‘p kishi bo‘lsa, kitob deyarli o‘qilmay, shundoq bir varaqlab chiqiladi-yu ko‘klarga ko‘tariladi.

 

Adabiyotshunoslik va tanqidchilik zamonaviy milliy adabiyotga shunday nopisand bo‘lar ekan, sayoz, jo‘n asarlardan qay birini o‘qishni bilmay arosatda qolgan kitobxonni qoralash to‘g‘ri bo‘larmikan?

 

Shu kecha-kunduzda sun’iy ong balosi kirib bormagan soha qolmadi. Internetda sun’iy ong qurmag‘ur kimningdir nomidan, unga o‘xshatib gapirib, mashhur qo‘shiqchidan o‘n ming yevro undirgani haqida xabar tarqaldi. Qarang-a, sun’iy ong tuppa-tuzuk tovlamachi ham bo‘la olarkan! Hatto BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bashariyatni sun’iy ong xavfidan ogohlantirmoqda. Sun’iy intellekt – “temir odam” chapdastlik bilan hikoya, qissa, romanlarni yozib tashlayapti. Biz adabiyot o‘ladimi-qoladimi deya munozara yuritar ekanmiz, allaqachon sun’iy ong adabiyoti shakllanayotganini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak.

 

Boshqa tomondan, kitobxonlik aholining ijtimoiy holati, kayfiyati bilan ham bog‘liq masaladir. “Och qoringa – achchiq ayron” deganlaridek, bola-chaqasini boqa olmayotgan odamning ko‘ngliga mutolaa sig‘maydi-da.

 

Ulug‘ adib Chingiz Aytmatov deydiki, “Adib hayot bo‘ladimi-yo‘qmi, kitobxon albatta bo‘ladi!” Ana shu fikr menga kuch, taskin va umid beradi.

 

– Jo‘ra aka, tarixiy mavzularda “Ayriliq ostonasi”, “Buxoroyi sharif elchilari”, “Oshiq Buxoriy qissalari”, “G‘oziyon zindoni” kabi asarlar yozgansiz. Tarixiy asarlar yozuvchidan fakt va raqamlar shaklidagi o‘tmishga badiiyat vositasida jon va ruh bag‘ishlashni talab etadi. Qolaversa, buning uchun yuzlab manbalarni ko‘rib chiqish lozim. Masalan, Alisher Navoiy hayotini qalamga olmoqqa azm-u qaror qilgan yozuvchi u davrda choy hali Markaziy Osiyoga kirib kelmagani, ko‘proq sharbat ichilgani yoki patqalam emas, qamishqalam ishlatilgani kabi kichik detallardan ham xabardor bo‘lishi kerak. Aks holda, bilgichlar oldida uyalib qolishi hech gapmas.

 

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, tarixiy mavzuga qo‘l urgan adib o‘sha makon va zamonni birbutun idrok etishi, yurak­yurakdan his qilishi, minglab tafsilotlarni puxta o‘rganishi kerak. Boz ustiga, qahramonlar tilidan bayon etiladigan fikrlar tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelishi haqida ko‘p bosh qotirishi lozim. Aks holda, siz aytganingizdek qovun tushirib qo‘yib zukko kitobxonlar oldida uyalib qolish mumkin.

 

Har bir tarixiy-badiiy asar – adib uchun yangi sinov. Professional bokschi har bir jangda nimaga qodir ekanini zarbalari bilan isbotlashga majbur bo‘lganidek, yozuvchi ham har bir asarida o‘z so‘zi, bilimi, dunyoqarashi nimaga loyiq ekanini qayta-qayta isbotlamoqqa majburdir.

 

Atoqli adib Konstantin Paustovskiy “Tasavvur – badiiy ijod ustunlaridan biri” deb ta’kidlaydi. Ilmiy manbalarda biror voqea-hodisa falon vaqt, falon joyda sodir bo‘ldi, deya muxtasar tarzda bayon qilinadi. Qolganini so‘z san’atkorining o‘zi taxayyul kuchi bilan tasvirlaydi. Qahramonlar qanday kiyinishi, qay lahjada so‘zlashi, ahvol-ruhiyasi – bari tasavvur mahsuli. Yagona shart shuki, tasavvur tarixiy haqiqat sarhadlarini buzmasligi kerak.

 

“Ayriliq ostonasi” romanini yozishda Hazar dengizidan Tinch okeangacha bo‘lgan hududda imperiya barpo etgan turkiy millat va elatlarning bobokaloni O‘g‘uzxon hayotiga doir juda ko‘p adabiyotlarni o‘qib-o‘rgandim. Janglarda ishlatilgan qurol-aslaha haqida katta-kichik detallar qidirishga majbur bo‘ldim. Masalan, O‘g‘uzxon ixtiro etgan ovozli yoy o‘qi qanday ekanini bilish uchun talay manbalarni varaqladim. Oxir-oqibat, o‘q naysimon shaklda bo‘lgan degan to‘xtamga keldim. Hali qog‘oz ixtiro etilmagan davrda qahramonlar maktublarni nimaga, qanday bitgani haqida ham ko‘p bosh qotirishga to‘g‘ri keldi.

 

– Badiiy tarjima bilan ham shug‘ullanasiz. Konstantin Paustovskiyning “Sevgi” romani va talay hikoyalarini, yana Viktor Astafevning “G‘amgin sarguzasht” romanini o‘zbekchalashtirgansiz. Tarjima mashaqqatli, lekin, shunday desak bo‘larmikan – foydasi kamroq yumush. Xuddi birov uchun – o‘quvchining rohati-yu muallifning shuhrati deya mehnat qilayotganga o‘xshaysiz. Ikki o‘rtada yo ozgina qalamhaqi olasiz, yo kitobni o‘z hisobingizdan chiqarib, sotolmay sarson bo‘lasiz. O‘quvchi tarjimani ura-ura qilib o‘qiydi-yu, ko‘p hollarda mutarjimning kimligini bilmaydi, qiziqmaydi ham. Tarjimon o‘z ruhiga yaqin ijodkorni tanlaydi deyishadi. Lekin, nazarimda, Siz tarjima qilgan mualliflar bilan uslubingiz o‘rtasida uyg‘unlik sezilmaydi.

 

– “Sardaftarimni kovlab” qo‘ydingiz, Ilhomjon inim. Tarjima uchun juda ko‘p vaqt sarfladim, ranj-u alam chekdim. Tarjima san’atidan yiroq, ammo uning ortidan bola-chaqa boqayotgan kishilarning qarshiligiga duch keldim. Shu bois tarjima kamfoyda mashg‘ulot degan gapingizga qo‘shilaman. Alhol, pulni, foydani o‘ylagan odam tarjima ko‘chasiga yo‘lamagani ma’qul. Badiiy ijod ham sohibiga hamisha davlat va shuhrat olib kelmaydi-ku! Nachora, so‘z san’atini chidaganga chiqargan.

 

Ikki o‘rtada ruhan va qalban yaqinlik bo‘lmasa, tarjimaga unnamaslik kerak. Uslubdagi yaqinlik esa, menimcha, butunlay boshqa masala. Men aynan Paustovskiydek yoza oladigan boshqa bir adibni bilmayman. Adib romantizmining buyukligi shundaki, u hatto o‘lim haqida yozganida ham kitobxon tushkunlikka tushmaydi. Adibning “Ingliz ustarasi” degan hikoyasini o‘girganda buni his etgan edim. Men tarjima eshigini qoqqan zamonda Paustovskiydek zabardast adibning kitoblarini topish nihoyatda qiyin edi. To‘qqiz jildli asarlariga obuna chiptasini tuman markazidagi kitob do‘konidan xarid qilganman. To‘plamning har bir jildi Moskvadan ikki oyda yetib kelardi. Qalingina jildni bir hafta-o‘n kunda “xatm” qilardim-u navbatdagisini kutishga sabrim chidamay, yana qayta-qayta o‘qirdim. Nihoyat, bir yildan ziyod vaqt mobaynida to‘qqiz jildning hammasini qo‘lga kiritganman. Ularni yigirma yil mobaynida, takror-takror o‘qiganimdan keyingina birinchi roman tarjimasiga kirishgandim.

 

Paustovskiyning menga, umuman, o‘zbek xalqiga yaqinligi haqida ikki og‘iz izoh. Biz o‘zbeklar romantizmga moyilmiz. Paustovskiy esa romantik adabiyotning eng yirik, ko‘zga ko‘ringan vakili. Shu boisdanmi, tarjima qilayotganimda omma uni sevib o‘qishiga umid qilganman. Lekin... Paustovskiyni o‘qiydiganlar hozir o‘tgan asrning 60-yillaridagiga nisbatan ancha kam. Ayrim ziyolilar, adiblar, olimlar va haqiqiy kitobxonlar – shu, xolos.

 

Tarjima asnosida V.Astafev, K.Paustovskiyning uslubi menga ta’sir etmay qolmadi. Bu hol yozganlarimda yaqqol sezila boshlagach, ulardan uzoqlashishga qaror qildim. Astafev asarlari 32 yil, Paustovskiy roman va hikoyalari esa 25 yil o‘tib chop etildi. Ular “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligiga kiritildi.

 

– Bizga “Adabiyot – adab demak”, “Adabiyotning bori – tarbiyadir” deb o‘rgatilgan. So‘z san’atining tarixi ham bu xil yondashuv ustuvor bo‘lganiga shohidlik beradi. Adabiyot butun jamiyatning murabbiysi o‘laroq maydonga chiqqan davrlar ham bo‘lgan. Afsuski, bugun unday emas. Nima deysiz, jamiyat va inson ruhiyatidagi “yirtiqlar”ga adabiyot yamoq bo‘la olarmikan?

 

– Adabiyot tarbiya vositasi ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Lekin so‘z san’ati shunchaki didaktika bilan emas, balki ramzlar, nozik ishoralar vositasida tarbiyalaydi. Yalang‘och, quruq g‘oyalar aks ta’sir etib, odamlarni ezgulikdan bezdirishi ham mumkin. Ulug‘ so‘z san’atkori Anton Chexov qalam ahliga bunday o‘git beradi: “Siz insonni yaxshi-yomonga ajratib o‘tirmang, unga o‘zini bor bo‘yi bilan, aniq-tiniq ko‘rsating. Shunda u o‘zi xulosa chiqarib oladi”.

 

Baloyi nafs qutqulari sabab adabiyotning jamiyatdagi o‘rni yo‘qolib borayotgani achchiq haqiqat. Shunday bo‘lsa-da, so‘z san’ati jamiyatni, odamlarni o‘zgartirishiga ishonchim so‘ngani yo‘q. Insonni o‘zgartirish koinotni o‘zgartirish bilan barobar, deyishadi. Bu muqaddas vazifaga pok ko‘ngil va toza qo‘l ila kirishmoq lozim.

 

Ilhom G‘ANI suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Loqaydlik muztog‘lari” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 111
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//