Tabassum zargariga ehtirom
XX asr o‘zbek adabiyotida sanoqligina hajv yozuvchilari o‘tgan. XXI asrdagilarni xayolan qidirib ko‘rsak, go‘yoki yon-atrofda hech kim yo‘qdek. Ayniqsa, yoshlar orasida hajv ustasi yarq etib ko‘zga tashlanmayotir.
Ne’mat Aminov (1937–2005) hayotga mudom hajv nazari bilan boqqan, butun ijodini hajviyotga bag‘ishlagan, turish-turmushini shusiz tasavvur etolmagan, hajviy asarlari va qarashlari ortidan kelgan ta’qib-u zarbalarga mardonavor bardosh bergan, ijtimoiy voqelikdagi jamiki illatlarni fosh etgan, hajv tig‘i ila jarrohlik qilgan, kishilik jamiyatini sog‘lom, pok, mukammal ko‘rmoqni orzu etgan fenomenal adib edi. Adabiyotimizda aminovona nazar, aminovona kuzatish, aminovona topqirlik, aminovona badiiyat, aminovona tabassum, nihoyat, aminovona satirik qahqaha-yu qahr-u g‘azab alohida ajralib turadi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayev Ne’mat Aminov adabiy xazinasini munosib qadrlagan ijodkorlardan. Chunki Ne’mat Aminov singari uning ham managi (iyagi) hajviyot “iloh”i tomonidan ko‘tarilgan. “Vijdon qo‘ng‘irog‘i” kitobida (Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2021) muallif adib hayoti va ijodini ilmiy yoritishni maqsad qilmagan. Undagi ma’lumotlar yalpisiga xotiralarga asoslangan. A.Jo‘rayev moziy mulkiga aylangan tabassum zargarining hayoti va ijodini tarixiy-adabiy jarayon silsilasida tasvirlagan. Ne’mat akaning kim ekani, adib sifatida qanday meros va uslubga egaligi, shaxsiy fazilatlari-yu ijodiy salohiyati to‘g‘risida zamondoshlari ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega edi. Lekin XXI asrda tug‘ilib, voyaga yetgan avlod vakillari uni deyarli bilmaydi. A.Jo‘rayevning kitobi ana shu kemtiklikni to‘ldirdi.
Zamondosh shoir-yozuvchilarning Ne’mat Aminovga bergan bahosi, u haqdagi xotiralar ulug‘ yozuvchi shaxsiyati hamda ijodiy portretini yorqin aks ettiradi. Adibning fitratida tabassum jo edi. Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov adib hajviyotida tabassum (yumor) bilan ijtimoiy dard (satira) uyg‘unligini bunday ifodalagan: “Mashhur yozuvchimiz Ne’mat Aminovning bir ko‘zida kulgi, bir ko‘zida esa qayg‘u bor edi”. Insonning tabiati-yu ijodiy salohiyati mutanosibligini bundan-da topqirlik va mahorat ila ifodalash mumkinmikan?..
Yana bir O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad ijodkor tabiatiga quyidagicha chizgi bergan: “Kulgi kirgan uyda chiroq yongandek bo‘ladi. Kulgan odamning yuzi juda chiroyli bo‘lib ketadi. Kulgi g‘amni quvib, quvonch olib keladi. Ko‘p xonadonlarga shunaqa fayz kiritayotgan hajvchilardan biri buxorolik talantli yozuvchi Ne’mat Aminovdir. Ne’matning hikoyalarini o‘qigan kitobxonning yuziga chiroyli tabassum yuguradi. Ne’mat hayotdagi kulgili holatlarni tez ilg‘ab oladi. Qulog‘i kulgili gaplarni tez eshitadi. Ko‘zi qiziq manzaralarni darrov ko‘radi...”
Ashurali Jo‘rayev kitobining dastlabki qismi ma’rifiy qissa shaklini olgan bo‘lsa, ikkinchi qismi Ne’mat Aminovning birqaynovi ichida jajji hajviy asarlaridan tarkib topgan. Huzur qilib o‘qiladigan bunday kitoblar ko‘p emas. “Vijdon qo‘ng‘irog‘i” nainki mutolaa, balki hajv zargari haqida ilmiy tadqiqot yaratish uchun tayyor manba hamdir.
Yangi uslub kashfiyotchisi
Ayrim katta yozuvchilarimiz, aksar yoshlarimizning asarlari o‘qishli chiqishiga to‘sqinlik qilayotgan jihat – tasvirdagi kitobiylikdir. Ular yozishni, tasvirlash usullarini kitoblardan o‘zlashtiradilar. Shu tariqa an’anaviylikka behad ruju qo‘yadilar. Ularning asarlarida g‘oya, mavzu, syujet va kompozitsiya, badiiy tasvir vositalari risoladagidek bo‘ladi. Ammo kitobxon qalbini sehrlaydigan badiiyat anqoga shafe. Chunki mualliflar tasvirda hayotdan uzilib qoladi, originallikka intilmaydi. Hali shakllanib ulgurmagan o‘zlik yuzlab kitoblardan o‘zlashtirilgan badiiy tajribalarga qorishib ketadi.
Milliy nasrimizda balqib chiqqan Tog‘ay Murod fenomenining muvaffaqiyati shundaki, u o‘z uslubini kashf eta bilgan. Uning uslubidagi asosiy fazilatlardan biri hayotiylikdir. U odamlar, voqealar hayotda qanday bo‘lsa, shundayligicha tasvirlaydi, ularni badiiy qoliplarga solishga urinmaydi. Tog‘ay Murod uslubida yarqirab turadigan yana bir fazilat – xalqchillik. U badiiyatdagi ko‘p jihatlarni ulug‘ daho – xalqdan olgan. Tasvir xalq dostonlariga hamohang. Xalq qo‘shiqlari asarlarga mahorat bilan singdirilgan. Muallif xalqning jonli til boyliklaridan ko‘p va xo‘b foydalanadi. Masalan, u “to‘xtadi” demaydi, “oyoq ildi” deydi.
“Oydinda yurgan odamlar” qissasining tarhi tozaligi yana shundaki, muallif shunchaki tavsif yo‘lidan bormaydi. Asosiy maqsad ikki insonning o‘zaro mehr-u muhabbati va sadoqatini ko‘rsatish, lekin biror o‘rinda “muhabbat” so‘zi qo‘llanmaydi, an’anaviy sevgi izhori kartinasi chizilmaydi. Tog‘ay Murod qahramoni Oymomaga nisbatan “xotin” yoki “xotinim” so‘zini emas, balki mehrga to‘liq “ayol”, “ayolim” so‘zini ishlatadi. Ayol ham Qoplonga biror marta tik qaramaydi, sensiramaydi, hatto sizlamaydi, “gapirsin” qabilida muomala qiladi.
Asarning boshlanishida bunday jumla bor: “Sovchilar qadami qizlik eshikka sharaf”. She’rday, shiorday jaranglaydigan bu jumladan ko‘p ma’noni uqamiz... “Cho‘g‘ Oymomaning yuzlaridan, Oymomaning yuzlari cho‘g‘dan qolishmaydi...” Ixcham va purma’no.
Qoplon o‘z dardini ichiga yutib yashaydi, lekin qishloq sovetining kotibi diyonatsizligiga chiday olmaydi. O‘ksinib yig‘laydi. “Inson, o‘g‘ri bo‘l, g‘ar bo‘l, evi bilan bo‘l-da!.. Shundan ko‘ra o‘lib ketganing yaxshi emasmi? Imon qani, odam degan noming qani?.. Inson, senga pul kerakmi? Pul qog‘oz-ku! Ana dalalar, ishla. Bu tuproq senga pul degan qog‘ozni xohlaganingcha beradi. Pul dalalarda oqib yotibdi. Inson, shu holatgacha yetdingmi-a?!”
Asarni o‘qisangiz, dastlab unda salmoqli bir masala qo‘yilmaganday tuyuladi. Aslida esa, asar markazida inson taqdiri turibdi. Tog‘ay Murodning asarlarida matn zamirida yotgan fikr-g‘oyalar (tagmatn) bor. Binobarin, mash’um tarixiy 16-plenumda ayblov tarzida aytilgan “uning asarlarida muhim bir g‘oya yo‘q” degan iddao o‘rinsiz edi.
“Ot kishnagan oqshom” birinchi marta “Yoshlik”da chiqqan, jurnalga obuna edim. Ishdan qaytsam, yangi soni kelgan ekan, o‘sha zahoti asarni to‘liq o‘qib chiqqanman. Bir nafasda qo‘shiqday o‘qiladigan asar. Qissadagi ko‘p xatboshilar “birodarlar” nidosi bilan boshlanadi. Bu so‘z turli ma’nolarda – kontekstga mutanosib ravishda qo‘llanadi. Ba’zi xatboshilarda kitobxonni hamdardlikka chaqirsa, ba’zilarida ular bilan hamdardligini baham ko‘radi. Qahramonning fuqarolik tuyg‘ulari ifodalangan otashin nutqi ham shu hayqiriq bilan boshlanadi: “Birodarlar, biz hamisha adolat, adolat, deymiz. Tildan qo‘ymaymiz. Adolatsizlikni ko‘rib, xunibiyron bo‘lamiz. Hayotdan, taqdirdan noliymiz. Adolat yo‘q, adolat osmonda, deymiz. Birodarlar, adolat yerda! Oyoqlarimiz ostida! U tuproqqa qorishib yotibdi. Uni kim bundayin xor qilyapti? Biz – o‘zimiz! ...adolat jafo chekayotganda qochamiz. Undan yuz o‘giramiz. Ko‘rib ko‘rmaslikka olamiz. Bir iymonsiz adolatni bo‘g‘ayotganda, yo‘limizni chap solamiz. Yomondan qoch-da, qutul yo ton-da, qutul, deymiz o‘zimizga. Yomon bilan teng bo‘lmayin, deymiz. Uyga kelib, falonchini nohaqdan aybladi, o‘zi haqiqat yo‘q ekan, deymiz. Shuni o‘rtaga chiqib, yomonlarning yuziga aytib solmaymiz. O‘zimizni bilmaganga olib o‘tiraberamiz. Tilimizni tishlaymiz. Obro‘yimiz ketib qolishidan yo amalimizdan ayrilib qolishimizdan qo‘rqamiz. Yo o‘zimizga g‘anim orttirgimiz kelmaydi...”. Bu hayqiriq juda kuchli ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy mohiyatga ega. Bir mahallar maktabda G‘ofir, Jamila, Navoiy monologlarini yodlaganmiz. Hozirgi maktab ta’limida keng o‘quvchilar ommasiga yodlatilayotgan shunaqa monologlar bormikan?..
Tog‘ay Murod otni ham teran tushunish kerakligini uqtiradi: “Birodarlar, har otning o‘z fe’l-atvori, kayfiyati bor. Ot kayfiyati yo‘q kunlari insonga bo‘yin egmaydi. Ko‘p g‘ashiga tegabersak, yelkamizdan g‘archillatib tishlab olishdan ham, qovug‘imizga tarsillatib tepishdan ham qaytmaydi. Bunday vaqtlarda ayrim chavandozlar qamchi dastasi bilan otning boshiga uradi. Shunda ot jon achchig‘ida chavandozini yiqitib qochadi. Ot insondan bezadi, qaytadi! O‘zining devlar ajdodiga tortadi! Ajdodlarini qo‘msab, adirlarga qochadi. Galaga borib qo‘shiladi. Ayg‘ir, biyalari bilan ko‘rishib, iskashadi, suykashadi. Ajdodlarining havosini oladi! Iskashib, insondan noliydi. Dev boshim bilan insonga bosh egdim, ta’zim qildim, qul bo‘ldim, lekin el bo‘lmadim, deydi!” Zamondoshlarimiz esa insonni tushunishi qiyin. Bir otning shuncha dardi bo‘lar ekan, unga qanchalik mehr kerak ekan. Odamlar bir-birini qanchalik ezadilar-a! Odamga qanchalik mehr-oqibat kerak ekan unda?..
Har ikki qissada bir xil tip bor. Jo‘ra bobo va Qoplon. Bu ikki obraz bir tipning takomili. Jo‘ra boboning taqdiri Qoplonning taqdiriga o‘xshaydi. U ham farzand dog‘ida kuyganlardan. Jo‘ra boboning tushunchasicha, farzandlarsiz jamiyatga munosib xizmat qilish mumkin emas. Farzandsiz kishining el qatori yashashga haqi yo‘qday. Ammo Jo‘ra boboning dardi ulkan dard emas. U yengilgina ovunadi. Uning orzusi ham yuksak emas. Orzusi – nom chiqarish, shuhrat. Shu uchun mashina oladi. Maqsad – ko‘chani changitib yursin, odamlar bu Jo‘ra boboning mashinasi desin. Jo‘ra boboning mashinasi osmonrang desin. Yo‘lda GAIlar ushlab hujjat ko‘rsin, uning nomini o‘qisin... Ammo mashina uning istagini qondira olmaydi. Mashinani sotib, puliga to‘riq ot oladi: “Jo‘ra boboning qayg‘usi yagona bo‘ldi: to‘rig‘i uloqchi ayirsa, bakovul uloqni Jo‘ra boboning oti ayirdi, deya jar solsa. Jo‘ra boboning oti, kel, haqingni ol, desa. Nomini tumonat odam eshitsa...” Jo‘ra boboning idroki, tushunchasi mahdud.
Yozuvchi tafakkuri xalq donishmandligi bilan uyg‘unlashib ketgan. Shu darajada uyg‘unlashib ketganki, ayrim fikrlar, jumlaviy andozalar bevosita yozuvchining o‘zinikimi yo xalq og‘zidan olinganmi – ajratish qiyin: “Chaqalar kun sayin bolalab, kattardi”, “Beshinchi sinf kallam bilan qoldim”, “Orqa kezanagi bolaning bilagiday bo‘lib turadigan ot yaxshi keladi”, “Ot olsang, Oboqlidan ol, Ayol olsang, Irg‘alidan ol”, “Ot olsang, ho‘kiz qorindan ol, Ho‘kiz olsang, ot qorindan ol”. Mana, yana fikr yombilari:
“Birodarlar, og‘zing qora qon bo‘lsayam, g‘animning oldida tupurma”.
“Yaxshi otdan yiqilsa, yomon ta’nali bo‘ladi”.
“Birodarlar, o‘zbek eli o‘r keladi, o‘zi o‘jar, zo‘r keladi”.
“Eshak yiqitsa, tuyog‘ini to‘shaydi, ot – yolini!..”
Navoiyshunoslik – jahon sahnida
30 jilddan iborat “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” (Toshkent, “Tamaddun”, 2022) to‘plami Alisher Navoiy nomidagi xalqaro fond tomonidan tayyorlanib, nashr etildi. Unga O‘zbekiston milliy mustaqilligi davrida yaratilgan eng yaxshi tadqiqotlar saralab kiritilgan. Mazkur fond Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan har yili 9-fevral kuni “Alisher Navoiy va Sharq renessansi” nomli xalqaro simpozium o‘tkazadi. Simpozium natijalari katta hajmda 1000 nusxada chop etib tarqatiladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan o‘tkazilayotgan an’anaviy “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi ilmiy konferensiya jahon ilmiy markazlariga ko‘chmoqda. Ushbu konferensiya 2023-yili Ozarbоyjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa, 2024-yilda Turkiyaning Bursa shahrida tashkil etildi. Dunyo navoiyshunoslarining ushbu konferensiyada e’lon qilingan yangi tadqiqotlari salmoqli ilmiy to‘plam sifatida chop etilmoqda.
* * *
Navoiyshunoslikdagi rivojlanib kelayotgan yo‘nalishlardan biri lug‘atlar yaratish va chop etishdir. Ma’lumki, Navoiy asarlari uchun lug‘at tayyorlash shoirning hayotlik davridayoq boshlangan. Dastlab fors tilida Tole Hiraviyning “Badoe ul-lug‘at”i shaxsan Husayn Boyqaroning buyrug‘i bilan taxminan 1500-yillarda tartib berilgan. Rajab ibn Ali Shomluning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti asosida “Lug‘ati Navoiy”si (1599), Turkiyada Mustafo binni Sodiqning “Abushqa”si, XVIII asrda Mirza Mahdixonning “Sanglox”i (1760), Fazlulloxon Barlosning “Lug‘ati turkiy”si (1779), Fath Alixonning “Kitobi lug‘ati atrokiya”si (1862), Shayx Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy”si (1881) yaratilgan. XVIII asrlarda G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida Navoiy ijodiga qiziqish uyg‘ongan. XIX asrda fransuz sharqshunosi Pave de Kurteyl “Dictionnaire turc-oriental” (“Sharq turkiy lug‘ati”) nomli lug‘atni nashr etadi. Unda Navoiy so‘zlariga fransuzcha izoh berilib, asarlaridan misollar keltirilgan. Hozirgacha shoir asarlari tiliga oid yigirmadan ziyod lug‘at tuzilgan.
1939-yilda Navoiy tavalludining 500-yilligiga tayyorgarlik jarayonida 4 jildli izohli lug‘at tuzish rejalashtirilgan va bu ish O‘zR FA Til va adabiyot institutiga topshirilgan, yetuk olimlardan nufuzli jamoa shakllantirilgan. Ikkinchi jahon urushi tufayli ish to‘xtab qolgan. Urushdan so‘ng masala yana kun tartibiga ko‘tarilgan. Lug‘atni bir necha bosqich va tasnif asosida tuzish rejalashtirilgan. Dastlab 1953-yilda “O‘zbek mumtoz adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at” nashr etilgan. 1972-yilda esa Alisher Navoiyning 525 yilligiga bag‘ishlab bir jildlik “Navoiy asarlari lug‘ati” tayyorlangan. Til va adabiyot instituti Tarixiy leksikologiya va leksikografiya bo‘limidagi katta jamoaning ko‘pyillik faoliyati natijasida 1983–1985-yillarda akademik Ergash Fozilov rahbarligida 4 tomlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” (ANATIL) tuzilgan va “Fan” nashriyotida nashr etilgan.
1972-yilda chop etilgan lug‘at foydalanish uchun qulay bo‘lib, u xalqimizga 50 yildan ortiq beminnat xizmat qildi va hamon xizmatda. Uning qayta nashriga katta ehtiyoj va zaruriyat bor edi. 2023-yili adabiyotshunos olim Sayfiddin Rafiddinov lug‘atning to‘ldirilgan va tuzatilgan ikkinchi nashrini yaratdi, kitob “Akademnashr”da (1000 nusxa) chop etildi. Nashrda S.Rafiddinov tomonidan bir qator lug‘atchilik islohotlari amalga oshirilgan. Sirasi, bunday lug‘atni qayta nashrga tayyorlash va isloh etish har qanday mutaxassisning qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun komil allomalar Porso Shamsiyev va Sobirjon Ibrohimovlarning panjalariga panja ura oladigan ilmiy qudratga ega, Navoiy merosini mukammal o‘zlashtirgan, matnshunoslikning ming bir murakkab muammosiga tishi o‘tadigan, turkiy til bilan birga fors, arab tillarini ham yaxshi biladigan, diniy manbalarni puxta o‘rgangan, xattotlik san’ati sir-u sinoatlarini, eski o‘zbek yozuvi sir-asrorlarini biladigan yetuk mutaxassis bo‘lish talab etiladi. S. Rafiddinovda ana shu fazilatlar mujassam. “Navoiy asarlari lug‘ati”ni takomillashtirib qayta nashr etish – zamonaviy bir kitobni qayta nashrga tayyorlashdek oson ish emas. Yillarni yamlab yutadigan muttasil qora mehnat mahsuli bu!
Lug‘atning yangi nashrida yigirmadan ziyod ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish mumkin. Ularning hammasi lug‘atni takomillashtirish va foydalanishda qulaylikka qaratilgan. Birinchi nashr amalga oshirilgan davrda, barcha sohalar singari, navoiyshunoslik ilmi ham sho‘ro mafkurasi iskanjasida edi. Diniy qarashlar qat’iyan taqiqlangan edi. Mutafakkir merosining lug‘aviy boyligi esa islomiy so‘z-tushunchalardan ham tarkib topgan. Dahriyona jamiyatda yashab, diniy so‘z-iboralarni aslidagiday talqin qilish imkonsiz bir sharoitda lug‘atchilar joriy siyosatga muvofiq ish tutishga majbur bo‘lganlar. Qur’onda kelgan payg‘ambarlar yoki diniy atamalar “afsonaviy”, “mifga ko‘ra” deya talqin etilgan. Yangi nashrda chohi Bobil, Horut va Morut farishtalari so‘zlaridan shu xil sifatlashlar olib tashlangan. Bunday sifatlashlar Iso alayhissalom, Namrud, Somiriy, Nuh alayhissalom nomlarida ham tahrir etilgan. Hadisi shariflar bilan bog‘liq tushunchalar asl manbalarga muvofiqlashtirilgan. Xato tarjima qilingan diniy jumlalar asliyatiga moslashtirib tahrir etilgan. Navoiy asarlaridan keltirilgan va noto‘g‘ri o‘qilgan ba’zi jumlalar sahih holatga keltirilgan. Ayrim izohlardagi zapas, normal, poroshok, shtraf, piyanista, xristian, moment, remont, plan, proyekt kabi ruscha so‘zlar o‘zbekchalashtirilgan. Birinchi nashrda ayrim diniy-tasavvufiy so‘z-tushunchalarga zamonaviy mafkura tazyiqi sabab juda qisqa izoh berilgan. Yangi nashrda bunday o‘rinlar (masalan “silsila” so‘ziga berilgan izoh) qo‘shimcha sharhlar bilan to‘ldirilgan. Eski nashrdagi ba’zi izohlarda avliyolarga xos karomat tushunchasi payg‘ambarlarga xos mo‘jiza bilan aralashtirib yuborilgan. Yangi nashr muallifi esa karomat avliyolarga, mo‘jiza esa faqat payg‘ambarlarga xos fazilat ekanidan kelib chiqib tuzatishlar qilgan. Lug‘atda misol tariqasida keltirilgan ayrim baytlar matniy nuqsonli bo‘lgani uchun yangi nashrda ular Navoiy mukammal asarlar va to‘la asarlar to‘plamlariga muvofiq sahih holga keltirilgan. Ikkinchi misrasi tushib qolgan ayrim baytlar to‘ldirilgan. Yangi nashrga zarur deb topilgan so‘zlar ilova qilingan.
Tahrirlarda mulohaza uyg‘otuvchi ayrim jihatlar ham yo‘q emas. Masalan, “Nashrga tayyorlovchidan” sarlavhali kirish maqolada bunday jumla uchraydi: “Imlo xatosi ko‘rinib turgan mutammakin, mustahik, muzzahab, mullama’, mullaxas, mutasavvuf, allachi kabi so‘zlar: mutamakkin, mustahiq, muzahhab, mulamma’, mulaxxas, muttavalli, yallachi kabi so‘zlarni to‘g‘rilab yozdik”. Avvalo, birinchi qatordagi mutasavvuf so‘zi o‘rnida ikkinchi qatorda mutavalli so‘zi turgani ajablanarli. Mayli, buni texnik xato deylik. Ikkinchidan, so‘zlarning nuqsonli shakllari orasida mutasavvuf so‘zining to‘g‘ri ko‘rinishi, so‘zlarning sahih shakllari qatorida esa mutavallining nuqsonli shakli turishi g‘alatdir. Bu ham mayliga, tasodifdir. Uchinchidan, mutasavvufday faol so‘z eski lug‘atda ham, yangi nashrda ham yo‘q. Bu enda jiddiy kamchilik. Chunki bu so‘zning yozilishida ilm va olimlar o‘rtasida bahs bor. Ko‘pchilik mutasavvuf deb yozsa, ayrimlar qat’iyan mutasavvif deb qo‘llaydi. Bu bo‘yicha lug‘atda aniq nuqtai nazar aks etishi lozim edi.
Yangi nashrda tole’, misra’, ta’yin, vido’ kabi so‘zlar hozirgi imlomizga moslab ayirish belgisisiz yozilgan. Biroq bir bo‘g‘inli nav’, naf’, jam’, man’ kabi so‘zlar oldingi nashrda ayirish belgisi bilan berilgani uchun o‘z holicha qoldirilgan. Bunday ikki xil yozish matnchiligimizdagi umumiy illatdir. Mazkur so‘zlarning bari hozirgi o‘zbek tili imlo lug‘atlarining asosi – 1976-yili O‘zR FA nashriyoti tomonidan chop etilgan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da ayirish belgisisiz to‘g‘ri yozilgan. Biz keyingi nashrlarga emas, shu lug‘atga qat’iy amal qilishimiz lozim.
Lug‘atchining mana bu qarashida ham ikkilanish bor, qat’iyat yo‘q: “Arabcha deb berilgan xotin va xoqonlarning ko‘plik shakli xavotin, xavoqin kabi so‘zlar asli turkiy so‘zlar. Ular arabiylashgandan keyin arabcha yoki arabiylashgan so‘z deb beriladimi? Yoki shu holicha yoziladimi, buni o‘ylab ko‘rish kerak”. Nazarimizda, ikkilanmay, ushbu so‘zlarni arabiylashgan yoki turkcha-arabcha deb bergan ma’qul edi. Lekin ular yangi nashrda ham avvalgidek arabcha deb berilibdi.
Umuman, “Navoiy asarlari lug‘ati”ning yangi nashri navoyishunoslikning muhim yutuqlaridan biri bo‘ldi.
* * *
“Ilmda lug‘atchilik eng mashaqqatli soha. Lug‘at tuzuvchining qismati og‘ir. Ba’zan lug‘atchi bir lug‘atni tuzish uchun butun umrini sarflaydi. Shuning uchun ko‘p lug‘atlar nashr etilganda, lug‘at yaratuvchining ismi sharifi ramka ichida yoziladi. Chunki lug‘at nashri amalga oshgunicha uning muallifi olamdan o‘tgan bo‘ladi”. 1970-yili endigina Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) O‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirganimizda, tilshunos ustoz Miraziz Mirtojiyev shu fikrlarni aytgan edi. O‘tgan ellik yillik faoliyatimizda ustoz ushbu fikrlarida naqadar haq ekanligiga iymon keltirdik. Ko‘p lug‘atchilar bilan birga ishladik, talay lug‘atlardan bahramand bo‘ldik. Butun umrini, ijodiy faoliyatini shu sohaga bag‘ishlagan va ko‘ngli to‘lib, tuzgan lug‘atlari o‘zi barhayotligida nashr etilib, xalq tasarrufiga muvaffaq bo‘layotgan olimlar ham bor. Ular baxtiyor insonlar, albatta. O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori ilmiy tadqiqot institutining yetakchi ilmiy xodimi Berdak Yusuf ana shunday baxtli insonlar sirasidandir. Uning muallifligida nashr etilayotgan 5 jildli “Navoiy tili lug‘ati” (1-jild. Toshkent, “Sharq”, 2018; 2-jild, Toshkent, G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022) olimning butun umrlik ijodiy mahsulidir. Hozirgacha ushbu muhtasham lug‘atning ikki jildi nashr etilib, xalqqa tortiq etildi. “Navoiy tili lug‘ati” – yuqorida biz tilga olgan lug‘atlarning vorisi, davomi desak, yanglishmagan bo‘larmiz.
“Navoiy tili lug‘ati” oldingilaridan mukammal bo‘lishi kutilmoqda. Uni tuzishda dunyo adabiyotidagi Pushkin, Abay, Saltikov-Shchedrin, Lermontov, Abdulla To‘qay kabi yirik adabiy siymolar tiliga bag‘ishlab maxsus tuzilgan lug‘atlar tajribasiga tayanilgan. Lug‘at nomi g‘ayrioddiy tuyulishi mumkin. Aslida 1939-yilda rejalashtirilgan lug‘atning nomi ham shunday bo‘lishi kerak edi. Anglashiladiki, muallif o‘tgan asr Navoiy asarlari lug‘atchiligi ibtidosidagi nomni tiklagan. Chunki o‘sha davrdayoq mazkur lug‘at uchun “Pushkin tili lug‘ati”, “Shchedrin tili lug‘ati”, “Abay tili lug‘ati” andoza bo‘lgan.
O‘tgan asr boshida professor Aleksandr Borovkov boshchiligidagi jamoa Navoiyning “Chil hadis”, “Nazm ul-javohir” va “Devoni Foniy”dan boshqa hamma asarlarini tekshirib, tanlab olish yo‘li bilan 200 mingga yaqin so‘z va misollarni kartochkalarga ko‘chirib, “Navoiy lug‘ati” so‘z jamg‘armasini yaratgan va shu asosda “Navoiy tili lug‘ati”ning bir jildini 70 bosma taboq hajmida tuzib, bosmaga tayyorlagan. Ammo bu lug‘at Ikkinchi jahon urushi boshlangani sababli bosilmay qolib ketgan. Demak, Navoiy so‘z boyligi miqdori noaniqligicha qolgan. Chunki u davrda Navoiy merosi ilm tasarrufida to‘liq mavjud emas edi. 1980-yillarda navoiyshunos olim Bahrom Bafoyev doktorlik dissertatsiyasini yaratish chog‘ida shoir ishlatgan so‘zlarni sanab chiqdi va qator maqolalari hamda “Navoiy asarlari leksikasi” nomli monografiyasida natijani e’lon qildi: 26 ming 35 ta so‘z. Olim har yilgi navoiyshunoslar konferensiyasida o‘z qat’iyatini ko‘rsatish uchun so‘zni shu raqamni uqtirish bilan boshlashdan erinmasdi.
Lekin yillar o‘tib ilmiy jarayonda bu natijaga ham ishonchsizlik paydo bo‘ldi. Navoiy bundan ko‘proq so‘z ishlatgani haqidagi fikr ilgari surildi. Filologiya fanlari doktori, professor Ergash Umarov ilmiy maqolalaridan birida shoir merosi 30–35 ming so‘zga ega bo‘lganini ta’kidladi. Navoiyning birin-ketin nashr etilgan 20 tomlik “Mukammal asarlar to‘plami” va 10 tomlik “To‘la asarlar to‘plami” ham shunday fikrga asos beradi. “Navoiy tili lug‘ati” ana shu to‘plamlar asosida yaratilmoqda. Olimlarning qayd etishlaricha, jahon adabiy lug‘atchiligida eng ko‘p, ya’ni 21 ming 197 ta so‘z “Pushkin tili lug‘ati”da aks etgan. “Navoiy tili lug‘ati”ning 1-jildida 4730, 2-jildida 3724 ta bosh so‘z borligi qayd etildi. 5-jild bosilib chiqmaguncha, Navoiy qancha so‘z ishlatganini aniq aytib bo‘lmaydi. Chunki keyingi jildlar hali ishlanish jarayonida. Lug‘at muallifi B.Yusufning aytishicha, Navoiy ishlatgan so‘zlarning hammasi lug‘atda to‘liq aks etadi. Uning taxminicha, bizning shoirimiz ishlatgan so‘zlar Pushkinnikidan ko‘p bo‘lib chiqadi. Biroq bu hali shoirning faqat o‘zbek (turkiy) tilida yozgan asarlaridagi so‘z boyligi, forsiy asarlarida ishlatgan so‘zlar bundan mustasno. Navoiy zullisonayn shoir sifatida fors tilida ham ko‘p asarlar yozgan va o‘sha asarlarda qo‘llagan so‘zlari ham shoirning so‘z boyligiga kiradi. Nazarimizda, lug‘atshunoslar bu haqda hali o‘ylab ko‘rganlari, ilmiy tadqiqot boshlaganlari yo‘q.
Xo‘sh, “Navoiy tili lug‘ati” yuqorida eslatilgan 4 tomlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”dan (ANATIL, 1983–1985) qanday farq va afzalliklarga ega? Bu haqda lug‘at tuzuvchisining o‘zi kirish so‘zida 14 bandda batafsil ma’lumot bergan. Biz ulardan birinigina muxlislar e’tiboriga havola etamiz: “ANATILda atoqli otlarga berilgan izohlarning ba’zilari noto‘g‘ri. Masalan, “Shirin – Armaniston mamlakatining hukmdori Mehinbonuning jiyani, Farhodning sevgilisi. (Xazoyin ul-maoniy, 1b – 22)”. Shirin so‘ziga berilgan bu izoh noto‘g‘ri. Haqiqatga zid. Chunki hech qachon Mehinbonu degan inson Armanistonning hukmdori bo‘lmagan. Izoh shunday bo‘lishi kerak edi: Shirin – “Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni bosh qahramonlaridan biri”.
Lug‘at yaqin yillarda to‘liq chop etiladi, degan umiddamiz. Lekin jami 2000 nusxa lug‘at olimlar va ziyolilar jamoasigagina yetishi mumkin, xolos. Demak, lug‘atlarning qayta-qayta nashrlarini, adadlarini ko‘paytirish lozim. Shu bilan birga, Navoiy kabi mumtozlarimiz asarlarining ommaviy nashrlariga lug‘atlar ilova qilinsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Nusratullo jumaxo‘ja,
adabiyotshunos
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 2-son.
“Ko‘ngilga yaqin kitoblar” maqolasi
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q