“Otamning bolaligi bo‘lmagan” – Xudoyberdi To‘xtaboyev haqida qizi xotiralari


Saqlash
18:02 / 06.11.2024 770 0

“Ocharchilik yillari edi. Butun qishloqni aylanib, odamlardan oz-ozdan narsa – kimdandir sabzi, yana kimdandir guruch, kimdandir moy olib, do‘ppidaygina palov qildik. Hammamiz tamshanib, kutib o‘tiribmiz. Bir soatlar o‘tdi chamasi, palov ham pishdi. Issiqqina taomning hidi dimog‘imizga urildi. Biz bolalar qult etib yutinib qo‘ydik. Bir tovoq palov dasturxonga kelishi bilan o‘gay akamiz shartta tovoqni ko‘tarib, orqa-oldiga qaramay chopdi. Hammamiz uning ortidan hay-haylashib quvdik. Amallab yetib olsak, palovni yo‘l-yo‘lakay paqqos tushirgan ekan shovvoz. Xullas, palovdan quruq qoldik, bir luqma ham yeya olmadik...”

 

Bolaligimda shu hikoyani otamdan eshitsam, amakimizning palovni olib qochish sahnasini tasavvur qilib, miriqib kulardim. Ulg‘ayib bilsam, otamning qiyin kechgan bolaligi haqidagi bu hikoyalar kulib emas, yig‘lab eshitadigan aytimlar ekan.

 

Kattatagob xotiralari

 

Bolaligim otamning sehrli ertaklari-yu turli hikoyalari og‘ushida o‘tgan. Otam tug‘ilib o‘sgan Kattatagob qishlog‘i ham menga ertakdagi mamlakatday tuyulardi. Bolaligimning ilk xotiralari o‘sha qishloq bilan bog‘liq. Garchi Toshkentda tug‘ilib voyaga yetgan bo‘lsam ham, bolaligim haqida xayol sursam o‘sha qishloq ko‘z oldimda gavdalanaveradi.

 

Otam mashinani juda yaxshi haydardi. Mashinada Bog‘ishamoldan o‘tib, qishloqqa kirib borar ekanmiz, yaqinlashganimiz sari entikib, daqiqalarni sanay boshlardik... Muncha kilometr qoldi, muncha burilish qoldi... Qishloq sokin, bir yoqdan qushlarning sayrashi eshitilsa, bir yoqdan mototsikl-u traktorlarning tirillagan ovozi kelardi. Kattatagobga kiraverishda chapga qayrilib, kattagina bochkaning yonidan o‘tib, qishloqda qoramiz ko‘rinishi bilan hamma ortimizdan yugurar, bog‘chada ishlaydigan Oysha va Dono ammalarim ham chopqillab kelishardi. Hamma ammamlarnikida yig‘ilardi. So‘rida uzumlar uzilgan, qaymog‘-u turli noz-ne’matlarga to‘la dasturxon atrofida o‘tirib, shirin suhbat qurardik. Qishloq men uchun mehrga, muhabbatga to‘liq, quyosh taftiday issiq bir muhit edi. Otam kabi sodda va samimiy odamlarida mehr deganlari daryo edi nazarimda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ota yurtimizga sevgimiz bo‘lakcha bo‘lgan.

 

 

Hozir ham qalbimiz ota makon bag‘riga talpinaveradi. Afsuski, bugun bizni quchoq ochib kutadigan ammalarimiz, qalbi daryo mehribon insonlar va eng asosiysi, bizni mashinaga solib qishloqqa olib boradigan otam yo‘q, qishloq ham ularsiz huvillab, mung‘ayib qolgani tayin.

 

Otamning erkatoyi

 

Men otamning erkatoyi edim. Biror kun ertaksiz uxlaganimni eslolmayman. Kech tushib uxlaydigan vaqt bo‘laversa, otamning oldiga yugurib borib, mahkam quchoqlab yotardim. Otam bir kun ertak, bir kun doston, yana bir kuni hikoya aytib berardi. Qiziq-qiziq voqealarni eshitib, u kishining bag‘rida uxlab qolardim. Onam dakki bersa, otam darrov yonimni olib, “Sanobar, bolani urishmang, qizim men bilan yotadi” derdi. Otamning himoyasi menga yanayam kuch berardi. Tunda sehrli ertaklarni eshitib mazza qilib uxlab tursam, onam ertalab nonushtani tayyorlab qo‘ygan bo‘lardi. Yana yugurib kelib otamning tizzasiga o‘tirib olardim. Tabiiyki, onamdan “tez pastga tush, joyingga o‘tir” degan dakkini eshitardim. Najot kutib otamga qarasam, u kishi “Sanobarxon, bilasiz, men bolalarsiz o‘tirolmayman, tomog‘imdan ovqat o‘tmay qoladi, Muattar tizzamda o‘tiradi” derdi. Otamning tizzasida o‘tirib nonushta qilar ekanman, luqmalar ham tomoqdan bir shirin o‘tardiki... Nonushtadan keyin hammamiz otamni ishga kuzatardik. Otamning biror marta ovozini balandlatib dakki berganini yoki qattiq gapirganini eslolmayman. Qirq to‘rt yil u kishi bilan hamnafas yashagan bo‘lsak, faqat otamning men bilan gaplashmay qolishidan juda qo‘rqardim.

 

 

Shivirlab berilgan saboq

 

Haliyam yaxshi eslayman, o‘rtoqlarim bilan muzqaymoqqa chiqsak, “ota, pul bering” deb yugurib kelardim. Ish stolida berilib ishlab o‘tirgan otam “kostyumimning o‘ng cho‘ntagi pastidagi cho‘ntakdan olasan” derdi. Pulni har doim so‘rab olganman. Bir kuni ishdan kelganida so‘ramasdan cho‘ntagini kovladim. O‘sha payt kimdir o‘tganini sezdim. O‘girilsam hech kim yo‘q. Xayriyat, ayniqsa otamdan cho‘chidim. Lekin ko‘rmadi. Shunday deb o‘zimni ovutib, xursand bo‘lib ko‘chaga yugurdim, muzqaymoqni paqqos tushirdim. Kechki oltida dasturxon atrofida o‘tirganimizda ham otam indamadi. Ha, demak, sezmabdi. Ertalab nonushtadan keyin otamni ishga kuzatish payti hamma bilan xayrlashayotib menga navbat kelganda sekingina qulog‘imga “Qizim, bundan keyin ruxsatimsiz cho‘ntagimni kavlamang, so‘rasangiz o‘zim beraman” dedi. Bu gapni shunaqangi sekin aytganki... Aslida hech kim eshitmadi, lekin mening nazdimda butun dunyo eshitganday bo‘ldi go‘yo. O‘sha payti yer yorilmadi, yerga kirmadim. Sholg‘omday qizarib ketdim, shekilli. Lekin otamning tarbiyadagi bu usuli va mana shu voqea umrbod yodimda qolgan. Otam jazo bermasdan meni jazoladi. Agar meni urishganida yoki qo‘rqitib qattiqroq dakki berganida shu ish balki yana qaytarilardi, balki men hammasini unutib yuborardim. Ammo otam unday qilmadi, hammaning oldida meni izza qilmasdan, bir umrga yetgulik saboq berdi. Men ham bugun to‘rt o‘g‘ilning onasiman. Har bir bolamning tabiatidan kelib chiqib muomala qilishni otamdan o‘rgandim. Otam bilan yashagan har bir kunimiz biz uchun eng katta saboq bo‘lgan. Ollohga shukur, ulug‘ insonlarning farzandi bo‘lish taqdirimizga bitilgan ekan. Keyinchalik farzand tarbiyasida otamning bu usulini ko‘p qo‘lladim.

 

Pulning onasi tiyin bo‘ladi

 

Otam tartibga amal qiladigan odam edi. Yarim kechasi ikkida turib, ikki qoshiq asal yeb yotardi. Tongda uyg‘ongach, yo‘lakchaga chiqib badantarbiya qilishni ham kanda qilmagan. Badantarbiyadan keyin bog‘da aylanib kelib, yuvinib, nonushta qilib keyin ishga ketardi. Har kuni tongda to‘qsonga kiraman deb takrorlagan. Va bizgayam buni takrorlatardi. “Tildan chiqqan gap miyaga boradi, miyadan hujayralarga o‘tadi va organizm to‘qsonga kirishga o‘zini tayyorlaydi, shunday yashasang, ellik yoshingdayam yosh ko‘rinasan” derdi. Bu otamning bizga bergan hikmatlarining bittasi edi. U kishi juda hayotsevar inson bo‘lgan. Bir kuni, adashmasam, to‘qsonga kirishiga uch-to‘rt yil qolganida, “ona qizim, men endi hayot programmamni o‘zgartiraman” deb qoldi. Hayron bo‘lib qarab tursam, “110 gacha yashamoqchiman, xudo umr bersa, o‘sha yoshga yetaman” dedi. Rosti, o‘sha payt otamdan yashash uchun kuch olganman, qanday yashash kerakligini anglaganman. Ollohga shukur, u kishi bir kam to‘qson yil umr ko‘rdi. Uyda har qadamda otam tashkil qilgan tartibni his qilganmiz. Ishonsangiz, bitta taroqni o‘ttiz yil ishlatgan bo‘lsa, bitta botinkani yigirma yil kiygan. Hatto choy ichadigan choynagini ham o‘zgartirmasdi. Otam har bir narsani qadrlab, avaylagan. Biror narsaning qadriga yetmasak, “pulning onasi tiyin bo‘ladi, Olloh bergan ozgina ne’matning qadriga yetsang, shukur qilsang, o‘zi ko‘paytirib beradi” degan. “Besh so‘m topsang, ikki so‘mini albatta olib qo‘ygin, shunda zoriqmaysan!”. Bu ham otamning navbatdagi saboqlaridan edi. Pulni tejab, taqsimlab ishlatishni u kishidan o‘rganganmiz.

 

Otam mehnatkash odam bo‘lgan. Mehnatni qadrlagan. Bolaligimizga borib ish qilishdan bosh tortsak, “Yig‘lab-yig‘lab ariq qazgan, kulib-kulib suv quyadi, kulib-kulib ariq qazgan yig‘lab-yig‘lab suv quyadi” derdi. “Mehnat qilishdan qochma, bolam, yoshlikda mashaqqatli mehnat qilsang, qariganingda qiynalmaysan” deganlari hali-hali qulog‘imda. Bu gaplarni har kuni takrorlagani uchun qon-qonimizga singib ketgan. Bugun bolalarimizga ham otam bergan saboqlarni o‘rgatamiz. “Kim farzandini tarbiyalamoqchi bo‘lsa, avval o‘zini tarbiyalasin” degan gap bor-ku. Biz otamda shu gapning isbotini ko‘rganmiz.

 

Otamning ikkinchi yarmi

 

Aytishlaricha, ota-onam Toshkentga bitta jomadon bilan kirib kelishgan. Asta-sekin uy qurib, bog‘ qilib o‘z hayotlarini davom ettirgan. Biz olti farzand – to‘rt o‘g‘il, ikki qiz ota-onamning mehriga qonib katta bo‘lganmiz. Hayotimiz davomida otamdan olgan eng katta sovg‘amiz ham, boyligimiz ham u kishining onamga bo‘lgan mehri, muhabbati edi. Otam onamni qattiq sevib, ardoqlab yashadi. Biz ana shu muhabbatga cho‘milib yashaganmiz. Yoshligimda muhabbat haqidagi dostonlarni o‘qib, qahramonlarini tasavvur qilmoqchi bo‘lsam, birinchi bo‘lib ota-onam ko‘z o‘ngimda gavdalanardi.

 

Otam qachon uyga qaytsa, ishdan keladimi, bog‘dan keladimi “Sanobarxon!” deb kirib kelardi. Ishdan qaytsa qo‘lida dasta-dasta gul, bog‘dan qaytsa do‘ppisining ichida sarxil mevalardan terib kirgan. Ayvonimiz bir umr gulga to‘la bo‘lardi. Do‘ppisini to‘ldirib meva olib kelsa, birinchi onamga yedirib, keyin bizning og‘zimizga tutardi. Ota-onamning tortishishlari ham ajoyib edi. Mabodo,  urishib qolishsa ham besh daqiqada yarashib olardilar.

 

 

Onam otamning kotibasi edi. Otam vaqtini taqsimlab, doim bitta daftarga yozib qo‘yardi. Esimda, bir kuni telefon jiringladi. Uyimizda ikkita parallel telefon bo‘lardi. Otam go‘shakni ko‘tarsa, bir maktabga uchrashuvga taklif qilishayotgan ekan. U kishi “Yo‘q-yo‘q, vaqtim yo‘q, men charchadim, borolmayman” deb gapning dangalini aytib tursa, narigi go‘shakdan onam “Otasi, o‘sha kunga vaqtingiz bor, borsangiz bo‘ladi” desa bo‘ladimi. Otam bosiqlik bilan “Tek o‘tiring, Sanobarxon” desa ham onam rosa tortishdi. Narigi odam qolib, ikkovi tortishib ketishdi. Otam oxiri rozi bo‘ldi. Maktabga borib, doimgiday bir quchoq gul bilan uyga qaytdi. Ular oltmish yil birga yashagan bo‘lsa, otam qo‘lida gulsiz kirib kelmagan. Hamma joyda guldonlarimiz to‘la gul bo‘lardi. Onamga gullarni berib, bo‘lgan voqealarni rosa bir soat gaplashib o‘tirishardi. O‘zi har doim ishdan kelishi bilan xonasida ikkovi uzoq suhbatlashishardi.

 

Onamning o‘limidan oldin otamga mehrim yanada yuksalgan. Volidamiz qattiq betob bo‘lib to‘shakka mixlanib qolganida otam onamni juda yaxshi parvarish qildi. Omonatini topshirar mahal otamni ichkariga olib kirdik. U kishi onamni qo‘yib yuborgisi kelmay, “Sanorbarxon, hali tuzalib ketasiz, ikkalamiz sayohatlarga boramiz” dedi. Shunda men “Otajon, onamga umid berayapsiz, ketolmayapti” dedim. Keyin otam “Sanobarxon, siz boravering, men ortingizdan darrov yetaman, ikkalamiz bir joyda yotamiz, qabrimizning ustiga shiypon qurishadi, daraxtlar ekishadi” degandi, onamning joni uzildi. Otam chiqib ketdi. Otamga dalda bo‘lib, tasalli berish uchun yoniga kirdim. Qo‘lini silab, “Otajon, onamning yo‘qligini sizga bildirmaymiz” deb yuziga boqsam, “Oltoving bir bo‘lsang ham men uchun onangning o‘rnini bosolmaysan” deb ko‘zini qattiq yumib oldi. Shunda bilganmanki, onam otamning  haqiqiy ikkinchi yarmi bo‘lgan.

 

Dabdabani jini suymasdi

 

Onam chiroyli narsalarni xush ko‘ruvchi, zodagoncha hayot kechirishga intilib  yashardi. Otam esa qishloqning to‘pori, jaydari bolasi bo‘lgan. Shu bois onam bilan ba’zan tortishib ham qolishardi. Onam oppoq dasturxonlar to‘shab, qoshiq-vilkalar, gullar, chashkalarni risoladagiday qo‘yib, nonushtani yo bo‘lmasa kechki ovqatni stol ustiga tortsa, boqqa ishlashga chiqib ketgan otam chang, tuproq kiyimlari bilan kelib o‘tirib olardi. Ustini almashtirishni ham istamasdi. Onam hamma narsa ko‘nglidagiday bo‘lmaganidan koyinib gapirib qolsa, otamning parvoyiga ham kelmasdi. Aytganida turib olardi, anchagina qaysar edi. Hozir ham shu voqealarni kulib eslaymiz. Ota-onamning to‘yi bo‘lganiga ellik besh yil to‘lishi munosabati bilan Bobur akam ikkalasini Fransiyaga taklif qildi. Onam juda xursand bo‘ldi, alohida tayyorlandi. Reja bo‘yicha bir oy aylanib kelishlari kerak edi. Otam samolyotdan tushishi bilan akamni bir chetga tortib, “O‘n kunda yurtga qaytamiz, bog‘imni ko‘pga tashlab qo‘yolmayman, xomtok qilishim, daraxtlarimning tagini yumshatishim kerak” deb ogohlantiribdi. U kishi chindan ham vatanini, uyini, bog‘ini juda yaxshi ko‘rardi. Hamma o‘rtoqlari oilasi bilan chet el safarlariga borsa, otam umuman bormasdi. O‘zi o‘rganib qolgan narsalarni o‘zgartirishni sira istamasdi. Hatto kiyinish masalasida ham shunday edi. Umuman yangi kiyim kiygizolmaganmiz. Bitta kiyimini avaylab-asrab, tozagina qilib yillab kiyardi.

 

Fransiyada yana bir qiziq voqea bo‘lgan. Akam ularni gipermarketda aylantirib yurganda, “Ota, sizga bitta kostyum-shim sovg‘a qilaman” debdi va bir kostyum-shimni kiydirib ko‘rmoqchi bo‘lsa, otam olmayman deb, jahl qilib do‘kondan chiqib ketibdi. Akam bilan onam ko‘rishga olingan kiyimlarni qaytarib berib do‘kondan chiqishsa, otam yo‘q emish. U kishi fransuz tilini bilmaydi. Rosa izlab topisholmagach, oxiri akam radiodan o‘zi o‘zbekcha gapirib, amallab topishgan. Xullas, otam o‘ta mehribon, lekin dabdabani jini suymaydigan juda qaysar odam edi. Qiziq voqealarga boy Fransiya safari tugab yurtga qaytishgach, otamdan ko‘ra onamning safar taassurotlari ko‘p bo‘lgan, hayajonlanib ko‘p narsalarni gapirib bergan. Otam esa yana bog‘iga, ijodiga sho‘ng‘igan.

 

Shirin qovunlar mamlakati

 

Otamning bolaligi bo‘lmagan. Shu bois bo‘lsa kerak, bolalarni juda yaxshi tushungan, o‘zi ham boladay edi. Joiz bo‘lsa, bolalarning mohir psixologi edi. Davr otamning bolaligini o‘g‘irlagan. U kishining eslashicha, ikki yoshlar bo‘lgan chamasi yoki undan xiyol esliroq... “Quloqning bolasi” degan da’vo bilan bobomizni uydan olib ketishgan ekan. Bobom qarshilik ko‘rsatgan shekilli, to‘rt-besh kishi o‘rtaga olib tepkilab tashlashgan... “Shu manzara sira-sira ko‘z oldimdan ketmaydi” deb ko‘p eslardi otam. Nazarimda, otamning orzu-umidlarga to‘la bolaligi ana shu tepkilar ostida qolib ketgan. U kishi yana “Bolalik va o‘smirlik yillarim urush yillariga to‘g‘ri kelgan, ota-onasiz qolgan yetim o‘rtoqlarimning qayg‘ularini ko‘rganman” derdi. Otamning asarlarini o‘qir ekanman hammasi u kishining o‘zi haqida yozilganday tuyulardi menga. Masalan, birgina “Besh bolali yigitcha” romanini oling. Asarning bosh qahramoni Orifjon bilan tanisharkansiz, unda Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zini ko‘rasiz. U kishining qahramonlari ham o‘zi kabi sodda, o‘zi kabi to‘pori. Ilk marta qo‘limga kitob olib otamning “Shirin qovunlar mamlakati” asarini o‘qiganman. Shundan keyin qo‘limdan kitob tushmaydigan bo‘lgan. Otamning bir yaxshi odati bor edi. Har bir asarini yozar ekan, yozuv xonasiga olib kirib hammamizga bobma-bob o‘qib berardi. Hammamiz fikrimizni aytardik. Otam kitoblari-yu ertaklari bilan har birimizda adabiyotga mehr uyg‘otgan. U kishi nafaqat bizning, balki millionlab bolalarning qalbida kitobga, adabiyotga mehr uyg‘otgan adib.

 

 

Butun dunyoda millionlab bolalar otamning asarlarini o‘qib katta bo‘lgan, bo‘lishmoqda. Otam har bir qahramonida – Hoshimjonlari-yu Orifjonlarida yashaydi.

 

Maktabimizga otam ikki marta kelgan. U kishi maktabga kelsa, men berkinib olardim, nega unday qilganimni hozir uncha tushunmayman, uyalgandirman balki... Lekin hozir “Xudoyberdi To‘xtaboyevning qizimisiz?” deyishsa, ich-ichimdan quvonib, shunday otaning qizi ekanimdan faxrlanib ketaman.

 

Xudoyberdi To‘xtaboyevning bog‘i

 

Otam hovlimiz oldidagi qarovsiz bir joyni bog‘ qilgan. U kishi doim mehnatdan mazza qilardi. Bog‘imizda hamma mevali daraxt bor edi. Shaftoli, olma, o‘rik, jo‘xori-yu qulupnaygacha bog‘imizdan chiqardi. Bozordan umuman meva sotib olmaganmiz.

 

Ayniqsa, shaftoli daraxtini yaxshi eslayman. Otam ulfatlari kelsayam shaftoli bilan siylardi, hatto onam to‘ylarga ham tog‘orada shaftoli olib borardi. Otam bog‘da ishlayotgan bo‘lsa, “Kel, shaftoli beraman” deb meni chaqirardi. Yugurib borib qo‘limni daraxtga uzatganimni bilaman, “E-e, daraxtdagisi hali shirinmas, eng shirini tagiga tushgani bo‘ladi” derdi-da, yerda yotgan shaftolini o‘rtasidan ochib, “Ma, ol” deb berardi. “E, men buni yemayman” deb burnimni jiyirsam, o‘zi mazza qilib yeb olardi. Otam shunaqa sodda va kamtar edi. Umrining oxirigacha shunday qoldi.

 

Bu bog‘ otamning eng yaxshi, eng go‘zal kunlariga guvoh bo‘lgan. Erkin Vohidov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov, Mirpo‘lat Mirzo va yana ko‘pchilik adiblar kelib, bog‘da shaxmat o‘ynashardi. Lekin otam “Mening ulfatlarim – bolalar” deb, har doim tug‘ilgan kunida yoki yozgi ta’tilda boqqa bolalarni chaqirib osh berardi. Hatto 2012-yil dekabr oyida katta bir to‘yxonada yubiley qilganimizda ham bolalarni chaqirganmiz. Otam ataylab chaqirmasa ham har kuni uyimiz maktablardan kelgan o‘quvchilar bilan to‘la bo‘lardi. Otamning uyi barakali uy edi.

 

Farzand dog‘i

 

2005-yili tog‘day zabardast qirq uch yoshli akamdan qo‘qqisdan ayrildik. Kutilmaganda sovuq xabarni eshitib, hammamiz nima qilishimizni bilmay qoldik. Og‘ir judolik bo‘ldi. Bu dardni jigaridan ayrilganlar yaxshi his qiladi. Ortidan uch farzandi qoldi. “Ota-onam endi buni ko‘tarolmasa kerak” deb o‘ylagandim. Lekin har qanday musibatda ota-onam jipslashib olardi. Biz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ygan paytimiz ota-onam bizga dalda bo‘ldi. O‘zlarining kuyganini bizga sezdirishmadi. Ota-onamning juda kuchli inson ekaniga o‘shanda amin bo‘lganman. Yaqinda 2020-yili opamdan ham ayrildik. Lekin opamning ketganini otamga bir yilgacha aytolmadik, ko‘tarolmaydi deb o‘yladik. “Sen erka qizim bo‘lsang, opang mening onam” derdi otam. O‘sha paytlari u kishi yurak xuruji bilan reanimatsiyada edi. Chiqiboq opamni so‘radi. “Opam kovid bo‘ldi, Amerikaga jo‘natmoqchimiz” deb aldashga majbur bo‘ldim. “Agar ketsa, yo‘lkirasini men to‘layman” dedi otam sho‘rlik. Xullas, u kishi har kuni opamni so‘rardi. Bir yillar o‘tib kimdandir eshitib qolibdi. O‘sha kuni uyga kelish, bor gapni aytish menga juda og‘ir bo‘ldi. Kelsam otam har doimgiday ko‘zi yumuq kresloda o‘tiribdi. “Ona qizim, keldingmi?” dedi. Hamma narsani so‘radi. Odatda ko‘p gapirmagan otam o‘sha kuni rosa ko‘p gapirdi. Lekin opam haqida og‘iz ochmadi. Men ham gapirolmadim. Qo‘lini silab o‘tirdim. Oxiri sekingina “Muhabbat ham ketibdi-da” dedi. “Ketdi” deyishning o‘zi juda og‘ir. Otam judayam og‘riqli narsalarni deyarli gapirmasdi. Opam haqida ham boshqa gapirmadi. Shu voqeadan keyin juda tez orqaga ketdi. Dardi ichida edi. Otam qancha katta shaxs bo‘lgan bo‘lsa, dardga sabri ham buyuk ekan. Biror marta dard oldida egilib qolganini eslolmayman. Iztirob chekkanini ko‘rmaganman. Faqat kresloda o‘tirib ko‘zini yumib olardi. Umrining oxirlarida faqat kresloda o‘tirib uxlaydigan bo‘ldi.

 

Tarbiya

 

Otam bizning ko‘nglimizni avaylardi. Hatto ovqatlarimizning tuzi ko‘p yo kam bo‘lib qolsa ham “Juda shirin bo‘libdi” deb ishtaha bilan yeb olardi. Lekin, shuncha mehribon bo‘lsa-da, baribir u kishidan hayiqardik. Biror muammo chiqib qolsa ham onam “Otang ranjiydi, otang bilsa xafa bo‘ladi” desa bo‘ldi, biz farzandlarga shu gapning o‘zi yetardi. Otam yo‘q degan masala qayta muhokama qilinmagan uyimizda. Ba’zan erkaligimiz tutib maktabga borgimiz kelmay qolsa, otam qirq kilometr uzoqlikdagi maktabga borish uchun mashinaning ustida qish kuni muzlab qolganini aytib berardi. Ha, o‘shanda otajonim qattiq muzlab qolgan ekan. Borgandan keyin bitta muallimi duxtirlarga olib borib, o‘ziga keltirib olgan ekan. Bu voqeani eshitganimizdan keyin uyalganimizdan ham maktabga ketardik.

 

 

Otam har doim “Farzandlaringizning ko‘ngliga yaxshilik urug‘ini seping, kun kelib meva tugsa o‘zingiz bahramand bo‘lasiz” derdi. U kishi bizning ham, nabiralarining ham ma’naviy kamolotiga jiddiy e’tibor qaratgan. Odatda nabiralari kichkina bo‘lsa qo‘liga olmasdi, lekin sal ulg‘aygach, birinchi o‘rgatgan narsasi qo‘lini qulog‘ining orqasiga qo‘yib “ba-a” derdi. Shuning uchunmi, nabiralarning hammasi u kishini “ba bobom” deb chaqirishardi. Uch-to‘rt yoshga yetganidan keyin tizzasiga o‘tirg‘izib, turli ertaklarni erinmasdan aytib berardi.

 

Hisobraqam

 

Otam mening nomimga bankdan hisobraqam ochdirgan edi. Balki boshqa farzandlariga ham shunday qilgandir, noqulay bo‘lgani uchun aka-opalarimdan so‘ramaganman. “To‘rtta o‘g‘ling bor, farzandlaringga kerak bo‘lsa ishlatasan” derdi. Hanuzgacha bankka borib, otamning hisobraqamga tashlagan pullaridan ishlataman, bolalarimning to‘yida “bobongdan senga to‘yona” deb beraman.

 

Ota-onam menda yashaydi

 

Xayrlashar chog‘ otam jimgina ketdi. Hech kimni qiynamadi, o‘zi ham qiynalmadi. Ollohga shukur, fayzli va barakali yashadi. Mehnatdan kuch olgan qo‘llaridan ushlab rozilik so‘rar ekanman, kalimasini qaytartirish ham nasib qildi. Ota-ona chin dunyoga ketar ekan, endi siz uchun hech narsa oldingiday bo‘lmaydi. Biror tansiq taom yesam, shuni otam yoki onam yaxshi ko‘rardi deyman, go‘zal joylarga sayohatga chiqsam ham albatta ota-onam yodimga tushadi. Dunyoga ularning ko‘zi bilan boqaman. Men ularni yo‘qotmaganman. Ota-onam menda yashaydi!

 

Muattar TO‘XTABOYEVANING xotiralarini

 Guljahon NAMOZOVA oqqa ko‘chirdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

Otamning do‘stlari bolalar edi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//