2023-yilning 12–19-oktyabr kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi tashabbusi bilan amalga oshirilgan ilmiy ekspeditsiya tarkibida Mo‘g‘ulistonda bo‘lganimizda To‘nyuquq yodgorliklarini borib o‘rgandik. Bu haqda ilmiy-ommabop maqola tayyorlashni o‘sha yerda niyat qilgandim, bu ish oson kechmadi. To‘nyuquqning hayoti, faoliyati, dunyoqarashi bilan bog‘liq manbalarni saralaganimda, maqolani yakunlashga kuchim yetmasligini angladim. 2023-yilning noyabrida boshlangan maqola tugallanishi bir yilga cho‘zildi, sabalari esa quyidagicha:
Birinchi sabab, To‘nyuquqning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq geografik va tarixiy bilimlarim kam edi. 2023-yilgi “Bobolar izidan...” ekspeditsiyamizda Olatov, Balxash atrofi, Irtish va Talas, Chuy vodiylari atrofini kuzatdim. Xakasiyadagi Enasoydan O‘rxunga boriladigan yo‘llarning gegrafiyasi va landshaftini ko‘rib chiqdim.
Ikkinchi sabab, To‘nyuquq bitiktoshlaridagi matnning olimlar tomonidan o‘qilishi va tarjimasida, shuningdek talqinida katta farqlar bor ekan. Qo‘limda asosan sovet davridagi manbalar bo‘lgani uchun yevropalik olimlar emas, yangi asrdagi turkiy olimlarning tadqiqotlaridan foydalanish istagi meni to‘xtatib turdi. Bu orada mo‘g‘ulistonlik olimlar va Mo‘g‘uliston milliy universiteti Turkologik tadqiqotlar institutida faoliyat olib borayotgan turkiyalik olimlar bilan maslahatlashdim. Nihoyat, taqdir taqazosi bilan 2024-yilning sentyabr oyida mashhur manbashunos olim, L.Gumilyev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti professori Tursinxon Zakenuli Qayirken Qozog‘istondan yurtimizga kelganda, u bilan ushbu maqola yuzasidan batafsil gaplashib oldik. Tursinxon Zakenuli To‘nyuquq haqida “Mangutosh” nomli roman yozgan. Shu bois uning aytgan ma’lumotlari badiiy ifoda bilan birlashib mantiqiylik kasb etadi.
Hozirgi Mo‘g‘uliston hududlarida turkiylar tarixi bilan bog‘liq juda ko‘plab yodgorliklar saqlangan. Ularning asosiy qismi O‘rxun daryosining qirg‘oqlarida joylashgan. Bu yodgorliklar 2004-yildan “O‘rxun daryosi vodiylari madaniy landshafti” nomi bilan UNESCO tomonidan Butunjahon kompleks madaniy obyekti sifatida ro‘yxatga olingan. Ular orasida To‘nyuquq, Bilge xoqon va Kultegin toshbitiklari, Qoraqo‘rim va Qarabalg‘asun (Ordu baliq) shahar xarobalari butun dunyoga mashhurdir.
Bilge xoqon va Qultegin yodgorlik toshlari O‘rxun daryosining o‘zanlaridan biri – Ko‘kshin O‘rxun o‘zanining qirg‘oqlarida, Qo‘sho Saydam manzilgohida joylashgan.
Chingizxon davlatining poytaxti bo‘lgan Qoraqo‘rim shahri Ulan-Batordan 360 km uzoqlikda, Qo‘sho Saydamga ketish yo‘lida joylashgan. Avval Qirg‘iz, keyin Uyg‘ur xoqonliklarining poytaxti bo‘lgan Qarabalg‘asun (O‘rdubaliq) shahrining xarobalari esa Qoraqo‘rimning shimoliy-sharq tomonida 17 km uzoqlikda joylashgan.
To‘nyuquq bitiktoshlari ular orasida eng qadimiysi bo‘lib, O‘tegen (Otuken) vodiysida, Orxun daryosining Tuul o‘zani atrofidagi Bain-Soqto manzilgohida joylashgan. Bu joyga eng yaqin qishloq etnik qozoqlar yashaydigan Nalayx qishlog‘idir.
O‘tegen (O‘tuken) vodiysi qadim davrlarda ham turkiylar uchun muqaddas joy sanalgan. Bilge xoqon bu yerni “turkiylarning yuragi” deb atagan. O‘rxun aynan shu vodiydan, tog‘ tepasidagi O‘tegen (O‘tuken) o‘rmonlari orasidagi irmoqlardan boshlanadi.
To‘nyuquq bitiktoshlari yozuvlari bilan birga 716–731-yillar oralig‘ida barpo etilgan. Manbalarga ko‘ra, toshbitiklar uning o‘zi tomonidan aytib yozdirilgan. Yodgorliklar epitafiya, ya’ni qabrtoshiga o‘yib yozilgan bitik ko‘rinishida bo‘lib, ular ikkita toshustunlardan iborat. Birinchi ustunning balandligi 1,76 sm, ikkinchisining balandligi 1,60 sm. Birinchi ustunda 36 qator (1–36), ikkinchisida ham 26 qator yozuv joylangan.
Hozirgi kunda har ikkala bitiktosh qazib olingan va vaqtincha saqlash uchun maxsus qurilgan inshoot ichida saqlab turilibdi. Eski o‘rnida esa Turkiyaning TICA tashkiloti tomonidan yangi usti yopiq bino barpo etilayapti.
Bitiktoshlar 1897-yilda D.A.Klemens, 1998-yilda V.V.Radlov, 1909-yilda G.R.Ramstedt, 1925-yilda B.Y.Vladimirsov, B.Barodinlar, Dendev tomonidan tadqiq qilingan[1]. 1957-yildan Mo‘g‘iliston fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari N.Ser-Odjav, S.Dorjsuren, D.Bayar, B.Rinchen boshqalar tomonidan o‘rganilgan[2]. 1962-yilda polshalik E.Triyarskiy[3] kelib bitiktoshlarni tadqiq qilgan.
1991-yildan keyin Mongoliyada turkiy toshbitiklarni o‘rganish bo‘yicha yangi davr boshlandi. 1997-yilda Mo‘g‘iliston fanlar akademiyasining tarix instituti hamda Turkiya ishbirligi va kordinatsiya agentligi (TICA) “Mo‘g‘uliston hududlaridagi turkiy yodgorliklarni o‘rganish, konservatsiyalash va rekonstruksiya qilish” loyihasini boshlashdi[4]. Hozirgi kunda o‘nlab turk olimlari To‘nyuquq bitiklarini tadqiq qilishda davom etmoqda. 2007-yildan Mo‘g‘uliston-Qozog‘iston qo‘shma loyihalari doirasida o‘nlab qozoq va mo‘g‘ul olimlari, xususan D.Bayar, R.Munxtulga, Z.Samashev, Y.Tulegenov va B.Napillar bitiktoshlarni o‘rganishdi[5].
Matnlarning o‘qilishida V.V.Radlov, X.N.Orxun, M.Sprengling, S.Y.Malov, P.Aalto, R.Jiro, M.Yergin, G.Klouson, G.Aydarov, B.Bazilxan, T.Tekinlarning variantlari muhim ahamiyatga ega. Ammo bugungi kunda Altay Amanjolov o‘qishi turkiy bitiklarning to‘g‘ri o‘qilishi bo‘yicha eng ishonchlisi sanaladi. Qozog‘istonda Altay Amanjolov butun umri davomida aynan qadimgi turkiy til grafikasi bo‘yicha o‘nlab ilmiy kitoblar, qo‘llanmalar va darsliklar tayyorlagan[6].
Bitiktoshdagi yozuvlar qadimgi turk yozuvida yozilgan bo‘lib, dastlabki satrlarda Bilge To‘nyuquqning Tabg‘achlar yurtida tug‘ilgani va o‘sha davrda turkiy ellar tabg‘achlarga tobe bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar berilgan:
Bilge Tuňuquq: ben özüm: Tabγač eliŋe: qïlïntïm: Türük budun: Tabγačqa: ükü erür erti: Men o‘zim Bilge To‘nuquq: Tabg‘ach elida tug‘ildim. Turk eli Tabg‘achga tobe erdi[7].
Keyingi satrlarda To‘nyuquq turkiylarning tabg‘achlarga tobeligi sababini, turkiy elni birlashtirishning zarurligini, o‘zining to umrining oxiriga qadar bajargan ishlarini yozgan. Matnda voqealar tavsifi qisqa, ammo mazmunli satrlarda davriylik tartibida bayon qilingan.
To‘nyuquq Xitoyga tegishli Tabg‘achlar yurtida taxminan 650-yilda, ashide urug‘iga mansub oilada tug‘iladi va shu yerda xitoycha ta’lim oladi. To‘nyuquq mansub ashide urug‘iga ko‘pincha ashina urug‘i bilan birga tilga olinadi va har ikkisi turkiylarning oqsuyaklar urug‘i sanalgan. Ashidelarga ko‘pincha xon, xoqon yoki erkin unvonlari qo‘shib aytilgan. Erkinlar orasida ayrimlariga tegin unvoni ham berilgan[8].
Shu o‘rinda “tabg‘achlar kim?” degan savol tug‘iladi. Tabg‘achlarning asli turk bo‘lgan. Qozoq olimi Oltoy Omonjo‘lovning ta’kidlashicha “tabg‘achlar xitoylashgan turkiylardir”. Ular xitoy madaniyatini qabul qilgan va o‘zligini unutgan edilar. To‘nyuquq tabg‘achlar orasida ulg‘ayar ekan doimiy kamsitishlardan bezib, turkiylarning ozodligi to‘g‘risida o‘ylaydi.
Ayni paytda, ashina urug‘idan bo‘lgan Qutlug‘ xoqon xitoylar istibdodidan bezib ozodlik yo‘lida qo‘zg‘olon boshlagan edi va o‘zi uchun eng ishonchli, ilmli, harb ilmini chuqur egallagan yo‘ldosh axtarayotgan edi. U To‘nyuquqqa “Menga qo‘shil! deb aytadi va Bilge To‘nyuquq unga qo‘shiladi”[9]. Shu tariqa, 682-yilda ashina xonlari urug‘idan bo‘lgan Qutlug‘ xoqon va ashide urug‘idan bo‘lgan Bilge To‘nyuquq turklarni Xitoy mustamlakasidan ozod qilish yo‘lida birlashadi.
To‘nyuquq va Qutlug‘ xoqon butun turkiylarni birlashtirish uchun bel bog‘lagan bu davr turkiy ellar bir-biriga nisbatan ishonchini yo‘qotgan, tahlikali davr edi. To‘nyuquq bu haqda “dushmanlarimiz atrofimizni xuddi yirtqich qushlar kabi o‘rab olgan, biz esa ular uchun o‘laksa kabi edik” deya yozadi. Sharqda qidanlar[10], g‘arbda turgeshlar[11], janubda tabg‘achlar, shimolda o‘g‘uzlar va Enasoy qirg‘izlari[12] ularni o‘rab olgan edi. Ikki turk ulkan rejalar tuzadi. Ammo qo‘shini, mablag‘i, el orasida e’tibori bo‘lmagani uchun elni birlashtirish qiyin kechadi. Ikkisi ot minib yurtlarni kezadi. Turkiy qavmlar orasiga kirib rejalarini tushuntirishadi. Kimlardir qo‘shiladi, ba’zilari esa xitoylarga bosh egsa-da tinch yurishni afzal ko‘radi.
To‘nyuquqning Qutlug‘ xoqon bilan birga amalga oshirgan ishlaridan asosiy maqsad mustaqillikka erishish uchun barcha turkiy xalqlarni birlashtirish bo‘lgan. Chunki xitoylarning soni juda ko‘p bo‘lib, birlashmasdan ularni yengib bo‘lmasdi. Shu sabab ular maqsadlari yo‘lida sobit turadilar va yirik qo‘shin tuzishga mavaffaq bo‘ladilar. Birlashgan turklar Qutlug‘ xoqonga “Elterish bilge xoqon” (ellarni birlashtirgan bilge xoqon) unvonini beradi.
Bu payt turkiy ellar xitoy madaniyatini va ularga tobeligini tan olgan, xitoylarga qarshi bo‘lgan va siyosiy jarayonlarga loqayd qavmlardan tarkib topgan edi. Ular qarshilarni o‘zlariga qo‘shib olish, xitoyparastlarni qattiq jazolash, loqaydlarni esa bo‘ysundirish yo‘lidan borishadi.
Vaziyat qiyin bo‘lishiga qaramay ular tez orada Tan imperiyasiga qarshi jang boshlashadi. Tan imperiyasini, qidanlarni, to‘g‘uz-o‘g‘uz[13]larni, Enasoy qirg‘izlari va turgeshlarni qisman bo‘ysundiradi. Ayni shu davrda turkiy qavmlar Otyuken (O‘tegen) vodiysiga ko‘chirib kelinadi va saltanat shu yerdan boshqarila boshlaydi. Bu yer Xitoy hujumidan saqlanish uchun, qolaversa shu joydan Mo‘g‘ulistondan tashqari Janubiy Sibir va Manjuriyaning bir qismini nazoratda saqlab turish uchun qulay edi[14].
Qutlug‘ xoqon 693-yilda vafot etganidan so‘ng o‘rniga ukasi Mochur xoqon bo‘ladi[15]. To‘nyuquq esa uning buyruqchi[16]siga aylanadi. Mochur tez orada Tan imperiyasini jangda yengib so‘ngra qidanlarni, to‘g‘uz-o‘g‘uz[17]larni, Enasoy qirg‘izlari[18] va turgeshlarni to‘liq o‘ziga bo‘ysundiradi. Shu sabab bo‘lsa kerak unga Qapag‘on unvoni beriladi. Qapag‘on turkiy “qap” o‘zagidan qoplovchi, o‘ziga bo‘ysunduruvchi ma’nosini bildiradi. To‘nyuquq xoqonlikning hududlarini kengaytirish va siyosiy barqarorligini ta’minlashda Qapag‘on xoqon bilan uzangi yo‘ldosh bo‘ladi.
Qapag‘onxon davrida qidanlar, yashil o‘g‘uzlar bo‘ysundiriladi. Bu davrda Enasoy qirg‘izlari katta xavf solib turar edi. Shuning uchun To‘nyuquq Soyon tog‘lari orqali Enasoyga o‘tib, Ag‘ban[19] atrofida qirg‘iz xoqonligini to‘liq zabt etadi. Xoqonini o‘ldirib, qolgan qirg‘izlarni o‘zlariga bo‘ysundiradi[20].
Keyingi hujum Turkesh xoqonligini zabt etishga qaratiladi. 711-yilda To‘nyuquq Qapag‘onning o‘g‘li Inalxon bilan Yarish vodiysidagi[21] Turkesh xoqonligini zabt etadi.
Shundan keyin qo‘shinlar Shoshni va So‘g‘dni egallaydi. Turk хoqonligining chegaralari Temir qapiq (temir darvoza)gacha yetadi[22]. Shu tariqa Bilge To‘nyuquqning qo‘mondonligi ostida jami 23 ta shahar turkiylar qo‘liga o‘tadi[23]. 716-yilda Qapag‘on xoqon bayirqu urug‘ining jangchilari tomonidan o‘ldiriladi va uning o‘rniga Inalxon xoqonlikka o‘tiradi.
Ammo amalda qo‘shinlar va hokimiyat qo‘lida bo‘lgan Qultegin uni va butun a’yonlarini o‘ldirib o‘rniga o‘zining akasi Bilgexonni xoqonlik taxtiga o‘tirg‘izadi. To‘nyuquqga esa teginilmaydi. Chunki yangi xoqon uning kuyovi bo‘lib, qizi Qutlug‘ Sabog‘ Xotunga uylangan edi. To‘nyuquq Qulteginning bu to‘ntarishini oqlamaydi, shuning uchun xafa bo‘lib, bir muddat davlat ishlariga aralashmay yuradi. Ammo vaziyat yomon, hamon Xitoyning xavfi sezilib turar, qolaversa bu to‘ntarishlar Xitoyning foydasiga ishlayotgan edi. Bilgexon ham uni maslahat berish uchun chorlay boshlaydi va u yana “boyla bag‘a tarxan”, ya’ni xoqonning bosh maslahatchisiga aylanadi. Shundan so‘ng, yangi xoqon – Bilgexon, ukasi Qultegin va qaynotasi To‘nyuquq turkiylarni Xitoy madaniyatidan va Tan imperiyasining siyosiy ta’siridan ozod qilish yo‘lida birlashadilar. Bu uchlikning birgalikdagi boshqaruvi davrida turkiy xoqonlik Tan imperiyasi bilan to‘liq tinchlik sulhini tuzadi va endi urushlar emas, balki mamlakatni mustahkamlash, harbiy salohiyatini oshirish, madaniyatni yuksaltirish yo‘lidan boradilar[24]. Tinchlik davrida xoqonlikda ilm-fanga, savdo va iqtisodiy aloqalarga katta e’tibor qaratiladi. To‘nyuquq tili bilan aytganda: El yema el bolti, bodun yema bodun bolti (Davlat davlat bo‘ldi, xalq ham xalq bo‘ldi)[25].
Bilge xoqon davridagi tinchlik uzoqqa cho‘zilmagan. Tan imperiyasi 720-yilda basmillar, kidanlar va tatablarni o‘zlariga og‘dirib, turklarga qarshi qo‘yishni rejalashtiradi. Basmillar turkiy xalq bo‘lgan, biroq M.Koshg‘ariy basmillarning tili turkiydan sal farq qilganini aytib o‘tgan[26], kidanlar va tatablar esa mo‘g‘ul xalqlari bo‘lgan. Buni yaxshi bilgan Tan qo‘shinlari qo‘mondoni Van Szun ulardan o‘z maqsadlarida foydalanishni rejalashtiradi. Basmillarni shimoldan, kidanlar va tatablarni sharqdan xoqonlikka qarshi yo‘naltiradi. Ammo Bilge To‘nyuquq ularga qarshi yaxshi reja tuzadi va avval basmillarni Beshbaliq atrofida qo‘lga oladi. Ularni o‘zlariga bo‘ysundirib, kutilmaganda Gansuga hujum uyushtiradi va unga qo‘shib Sharqiy Turkiston hududlarini ham qo‘lga oladi. 721-yilda turklar Tan imperiyasining ittifoqchisiga aylangan kidanlar va tatablarni ham yakson qiladi. 722-yilga kelib Tan imperatori mag‘lubiyatiga iqror bo‘ladi va Sharqiy Turk xoqonligini butun dunyo tan oladi.
Sharqiy Turk xoqonligining shakllanishi va tarkib topishida Bilge To‘nyuquqning o‘rni beqiyos. Uni tom ma’noda mustaqillik kurashchisi deb atasa bo‘ladi. U xitoy falsafasi, xususan, daosizm va buddaviylik falsafasini chuqur o‘rganadi. Ularning turkiy madaniyatni yo‘qotishga qaratilgan strategiyasini anglab yetadi. Va agar turkiylar birlashmasa va qarshi turmasa xitoy madaniyati turk madaniyatini barbod qiladi, natijada yer yuzida turkiylarning oti ham qolmaydi, degan xulosaga keladi. Shu yo‘lda kurashadi va davlat tuzilishida eng asosiy siyosiy rahnamoga aylanadi:
To‘nyuquq o‘zi yozib qoldirgan bitiktoshda “Xitoyga qarshi birlashish” g‘oyasini olg‘a suradi va bu turkiy xoqonlikning mafkurasi bo‘ladi.
To‘nyuquq xoqonlikning barcha janglari taktikasi, strategiyasini ishlab chiqadi va ijtimoiy-iqtisodiy sohani boshqaradi. Xoqonlikning tashqi aloqalari, soliq siyosati, qurilish, ishlab chiqarish, qurol ishlab chiqarish va hunarmandchilik ishlari uning maslahatlari bilan amalga oshiriladi.
To‘nyuquq turkiy tilni o‘sha davr uchun eng mukammal holatga keltiradi. Uning bitiklarida til normalari, adabiy qoidalarga amal qilingan, hikoya qilish usullari juda yengil, folklor elementlari va qofiyalar mahorat bilan qo‘llangan.
To‘nyuquq xitoylarning madaniyatini, qadriyatlarini, harbiy san’atini va falasafasini chuqur o‘rganadi. Turkiylar uchun xitoy madaniyati qanchalar xavfli ekanini uqdirishga harakat qiladi, unga qarshi yangi g‘oyalarni ilgari suradi. Shuning uchun unga el orasida “Bilge”[27] unvoni beriladi. Bitiklarda ham To‘nyuquq nomi doim bilge unvoni bilan birga – “Bilge To‘nyuquq” shaklida yozilgan[28]. Bilge so‘zi o‘sha davrda donishmand, faylasuf ma’nosida qo‘llanilgan. Bilik so‘zi esa falsafa, hikmat, donishmadlik ilmi ma’nolarini anglatgan. Shuning uchun Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”i ham aynan falsafiy-didaktik asarlar sirasiga kiradi. Mo‘g‘ullar To‘nyuquqqa mergen unvonini qo‘shib ishlatishadi va mergan mo‘g‘ul anglashimida donishmand, faylasuf ma’nosini beradi[29].
Bilge To‘nyuquq 732-yilda vafot etadi. Uning vafotidan so‘ng 731–734-yilda Qultegin, uch yil o‘tib 734-yilda Bilge xoqon ham vafot etadi. 734-yilda taxta Bilge xoqon va Qutlug‘ Sabog‘ Xotunning o‘g‘li To‘nyuquqning nevarasi Yo‘llig‘ tegin taxtga o‘tiradi. Yo‘llig‘ tegin davlatni besh yil boshqaradi va 739-yilda vafot etadi. Shundan so‘ng taxtga uning ukasi Bilge Qutlug‘xon o‘tiradi. Bilge Qutlug‘xon yosh bo‘lgani uchun amalda saltanatni Qutlug‘ Sabog‘ Xotun boshqaradi. Ammo keyinchalik yana fitnalar boshlanadi va Sharqiy turk xoqonligi parchalanib ketadi.
Ammo...
Ammo bu safar turkiylar xitoyga to‘liq tobe bo‘lib qolmaydi. Xoqonlik o‘rniga yangi turkiy davlatlar, xususan qarluq, uyg‘ur xonliklari tashkil topadi.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] Клеменц. Д.А.Археологический дневник поездки в Среднюю Монголию в 1891 г. // Сборник трудов Орхонской экспедиции, II, Санкт-Петербург, 1895 С. 48–59; Радлов В.В. Атлас древностей Монголии. СПб., 1899, вып. I; 1892, вып. II; 1893, вып. III; 1896, вып. IV; 1899.; Ramstedt G.J. Seven journies Eastward, 1898–1912. Bloomington, Indiana, 1978. Р. 194–196; Ramstedt G.J. Seven journies Eastward, 1898–1912. Bloomington, Indiana, 1978. Р. 194–196.; Владимирцов Б.Я. Этнолого-лингвистические исследования в Урге, Ургинском и Кентейском районах // Северная Монголия. Вып. II. Ленинград,1927. С. 36–42.; Увгун Дэндэвийн дурдатгал. Д.Наваан тэмдэглэн бичив. Улаанбаатар, 1963. 23 т.
[2] Сэр-Оджав Н. Шинэ олдсон турэг бичээсийн тухай // Studia Archaeologica. Tomus. I.Fasc. 7. Улаанбаатар, 1960. 16 т.; Баяр Д. Туулын хундий дэх Турэгийн умнух уеийн хун чулууны тухай // Монголын эртний туухийн судлал. Studia Archaeologica. Tomus VII. Fasc. 10. Улаанбаатар, 1979; Ринчен Б. Монгол нутаг дахь хадны бичээс гэрэлт хушууний зуйл //Corpus Scriptorum Mongolorum. Tomus XVI. Fasc. 1. Улаанбаатар, 1968.
[3] Tryjarski E. On the archaeological traces of Old Turks in Mongolia // East and West. Rome, 1971. Vol. 21. №1–2. Р. 121–135.
[4] Монгол-Туркийн хамтарсан, Монгол орон дахь турэгийн уеийн зарим хушуу дурсгалыг хадгалж хамгаалах, судлах, сэргээн засварлах туслийн эхний жилийн археологийн судалгааны тайлан. Улаанбаатар, 1997.
[5] Баяр Д., Мунхтулга Р. Монгол-Казахстаны хамтарсан археологийн хайгуул судалгааны тайлан / ШУА-ийн Археологийн хурээлэн гар бичмэлийн сан хумруг. Улаанбаатар, 2007.
[6] А.С.Аманжолов «История и теория древнетюркского письма», Алматы, «Издательство «Мектеп», 2003.
[7] Базылхан Б.Тоньюкукийн түрэг руни бичээс . Bulleten the IAMS News Information on Mongol Studies. 1993, № 2 (12), 1994, № 1 (13), х.55.
[8] Liu Mau-tsai. Die chinesischen Nachrichten zur Geschichte der Ost-Türken. 1-2. Weisbaden, 1958. (101/102).
[9] Orhun H.N. Eski Türk yazıtları. – Ankara: Türk Dil Kururmu Yayınları, 1994. – s. 100, 102.
[10] Qidanlar (kidan, sidan, qitay, xitay) – mo‘g‘ul xalqi. O‘z davlatchiligiga ega bo‘lgan va XIII asrdan keyin ko‘plab turkiy va mo‘g‘ul xalqlari tarkibiga kirgan.
[11] Jetisu gegorafik hududida shakllangan turkiy etnos.
[12] Enasoy va Oltoy-Sayon hududlarida yashagan qirg‘izlar.
[13] To‘g‘uz-o‘g‘uz – Mo‘g‘uliston hududlarida shakllangan o‘g‘uz urug‘laridan tarkib topgan etnik birlik. https://cyberleninka.ru/article/n/tokuz-oguzskaya-problema-v-istorii-izucheniya-drevnih-uygurov-tsentralnoy-azii
[14] Кляшторный С.Г. Древнетюркские рунические памятники как источник по истории Средней Азии // История Центральной Азии и памятники рунического письма / Яковлев В.В. – СПб.: Филологический факультет СПбГУ, 2003. – 560 с.
[15] Кляшторный С.Г. Древнетюркские рунические памятники как источник по истории Средней Азии // История Центральной Азии и памятники рунического письма / Яковлев В.В. – СПб.: Филологический факультет СПбГУ, 2003. – 560 с.
[16] Turk xoqonligida vazir buyruqchi deb atalgan.
[17] To‘g‘uz-o‘g‘uz – Mo‘g‘uliston hududlarida shakllangan o‘g‘uz urug‘laridan tarkib topgan etnik birlik. https://cyberleninka.ru/article/n/tokuz-oguzskaya-problema-v-istorii-izucheniya-drevnih-uygurov-tsentralnoy-azii
[18] Enasoy va Oltoy-Sayon hududlarida yashagan qirg‘izlar. Ularning avlodlari hozigi xakaslardir.
[19] Хакасиянинг бош шаҳри – Абакан, хакасча Абаған дейилади..
[20] Giraud R. To‘nyukuk’un Orhon’dan Temir Kapı’ya gidiş yolu // V. Türk Tarih Kongresi. – Ankara, 1956. 12–17 Nisan. 317–322 с.
[21] Қирғизистондаги Қўчқор водийси.
[22] Малов С.Е. Памятники древнетюркской письменности.Тексты и исследования.// М. Л.: 1951. 451 с.
[23] Гумилев Л.Н. Древние тюрки. – СПб.: СЗКЭО, 2002. – 576 с.
[24] Гумилёв Л.Н. Древние тюрки. – М.: Наука, 1967. – С. 315–316, 323; 12, 84.
[25] To‘nyuquq bitiktoshi. 56- qator.
[26] “Devonu lug‘otit turk”. 1-tom. Toshkent: Fan. 1960. 66-b.
[27] Bilge – bilimdon, faylasuf.
[28] Тишин В.В. Очерки историографии общества и государственности тюркских каганатов VI-VIII вв / Васильев Д.Д. – Астана: «Гылым» баспасы, 2019. с. 207.
[29] Буянбадрач Ч. Тоньюкукын гэрэлт хөшөө (түүх соёлын дурсгалт газар). http://www.touristinfocenter.mn/cate5_more.aspx?ItemID=11
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q