Kundalik odatlarga rioya qilish natijasida o‘quvchida mas’uliyatni his etish, ongli tarzda intizomga bo‘ysunish ko‘nikmasi shakllanadi. Odat asta-sekin shaxsiyatning fe’l-atvoriga aylanib boradi. Insonda fazilat ham, illat ham shu tarzda yuzaga keladi. Misol uchun, bola har kuni darsga kech qolaversa yoki uyqudan uyg‘onishi bilan telefon o‘ynasa va bu hol takrorlanaversa, illatga aylanadi. Agar tarbiyaviy tadbirlar rejasi to‘g‘ri tuzilib, kuniga uch-to‘rt bet kitob o‘qish, badantarbiya qilish, til o‘rganish yoki tozalik ishlariga mashg‘ul bo‘lish kabi odatlar me’yorga aylantirib borilsa, o‘quvchi o‘z hayotiga befarq bo‘lmaslikka o‘rganadi, unda vaziyatni tahlil etish, to‘g‘ri baholash qobiliyati paydo bo‘ladi. Muttasil o‘qib-o‘rganish insonni yangitdan shakllantiradi. O‘qilgan har bir kitob eski g‘oyalarga yangicha qarashni o‘rgatadi. Ma’naviy jihatdan chinakam o‘sish jarayoni asta-sekin, ya’ni muntazam amaliyot bilan yuz beradi.
Bir misol keltiramiz. Bambuk daraxti dastlabki besh yil ichida bo‘y ko‘rsatmaydi. Chunki u zo‘r berib ildiz otayotgan bo‘ladi. Oltinchi yili esa ko‘kka shunday bo‘y cho‘zadiki, olti haftada naq o‘ttiz metrgacha o‘sadi. Shu kabi, fazilatlar ham avvaliga shaxsda hech qanday o‘zgarish yasamagandek tuyuladi. Besabrlik ko‘pchiligimizga xos – darrov natija kutamiz. Tarbiyada ham ko‘zga ko‘rinarli samara, ya’ni o‘sish ko‘rmagach, tarbiyachining hafsalasi pir bo‘la boshlaydi. Holbuki, tarbiya masalasida jo‘jani kuzda sanashga to‘g‘ri keladi.
Tarbiya – buyuk ish. Barcha buyuk ishlar kichik qadamlardan boshlanadi. Har bir odat jajjigina qarordan kelib chiqadi. Bu qarorlar har kuni takrorlangani sayin ildiz otib, kuchayib boradi. Bu odatlar zamirida esa maqsad yotishi kerak. Aniq maqsad sari intilish orqaligina natijaga erishiladi. Yosh avlod ongida aniq maqsadni shakllantirish uchun, avvalo, uning kun tartibini o‘rganish lozim. Shu maqsadda bir akademik litsey o‘quvchilari orasida “Mening kun tartibim” degan so‘rovnoma o‘tkazilganda, 22 nafar boladan kitob o‘qishini – 3, dars tayyorlashni 9 nafari qayd etgan. Ko‘rinadiki, kenja avlodni havoyi gaplar bilan kitobxonlikka o‘rgata olmaymiz.
Yaponiyaliklar kunni mutolaa bilan boshlar, agar nonushta dasturxonida yangi keltirilgan gazeta yoki jurnal bo‘lmasa, o‘zidan ko‘ngli to‘lmas ekan.
O‘tkazilgan tadqiqot o‘quvchilarda bo‘sh vaqtini bekorchi ishlarga sarflash ko‘rsatkichi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Nomaqbul usul, xulq-atvorga ta’sir etuvchi omillarni hisobga olmaslik oqibatida ijobiy odatlarni o‘zlashtirish qiyin kechadi.
Insoniy fazilatlarni shakllantirishning asl o‘chog‘i – oila. Bu borada asosiy dastak otaona qo‘lida, bola tarbiyasi uchun, avvalo, ular javobgar. Bolaning yaxshi yo yomon bo‘lishi otaona tomonidan tuzilgan ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlar rejasiga bog‘liq. Shu bois ham buyuk rus adibi Anton Chexov “Farzandlaringizga tarbiya bermang, ular baribir sizga o‘xshab ulg‘ayadi. Shu sabab, avvalo, o‘zingizni tarbiya qiling” deganida haq edi.
Yaxshi odam birdaniga yomon, odobli bola o‘z-o‘zidan badxulq bo‘lib qolmaydi. Demak, qayerdadir tarbiya zanjiri, uzluksiz ta’lim, me’yor, muvozanat buzilgan. Nimagadir e’tibor susaygan yoki haddan ziyod kuchaygan. Yoki tarbiyada tanaffus ro‘y bergan...
Yoshlarimizning ma’naviy komil inson bo‘lishi, go‘zal fazilat egasiga aylanishi bosqichma-bosqich amalga oshadi. Bunda ta’lim tizimi hamda muhitning o‘rni beqiyosdir.
Oygul KAJANOVA,
mustaqil tadqiqotchi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q