Musulmon mamlakatlaridagi ilk bank tizimi, xotin-qizlar ta’limiga urg‘u – Islom qoidalarini yangi yo‘lga burgan Turkiston jadidlari


Saqlash
22:58 / 31.10.2024 538 0

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Misrda sodir bo‘lgan inqilobiy voqealar Turkiston ijtimoiy hayotida islohotlarning boshlanishi, ma’lum ma’noda siyosiy tafakkurning rivojlanishiga katta turtki berdi. Bu vaqtda Turkiston Qo‘qon xonligi hududida tashkil etilgan Turkiston general-gubernatorligi, yarim mustamlaka sharoitdagi Buxoro amirligi va Xiva xonliklaridan iborat edi. Misrda XIX asr oxirlarida boshlangan davlatchilik borasidagi islohotlar, ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar va ozodlik harakatlari diniy nuqtai nazardan baholandi. Bu borada afg‘onistonlik Jamoliddin Afg‘oniy (1839–1897) va uning misrlik shogirdi Muhammad Abdo (1849–1905)larning faoliyatlarini qayd etish mumkin.

 

Jamoliddin Afg‘oniy Turkiston mutafakkirlari Abu Ali ibn Sino va Abu Nasr Forobiyning mantiq va falsafaga oid asarlari bilan tanishib, ularning sakkiz asr oldin davlat va jamiyat haqida bildirgan fikrlarining XIX asrda ham eskirmaganini ko‘rgan, taraqqiyotning asosiy sharti – doimiy islohotlar qilishda deb bilgan. Sharq taraqqiyparvarlari orasida birinchilardan bo‘lib islomning diniy, ijtimoiy, falsafiy tizimini mustamlakachilikka qarshi kurash vazifalari asosida qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini anglab yetgan.

 

Jamoliddin Afg‘oniy 1869-yilgacha afg‘on amirlari xizmatida bo‘lgan va ularni davlat boshqaruvi, soliq tizimi, madaniy-ijtimoiy sohalarda islohotlar o‘tkazishga ishontirgan. Lekin mamlakatdagi ichki ahvolning beqarorligi, toj-taxt uchun kurash, ingliz mustamlaka idoralarining doimiy aralashuvi bu islohotlarning ko‘zga ko‘rinarli natija bilan tugashiga yo‘l qo‘ymaydi. Jamoliddin Afg‘oniy chet elga ketishga majbur bo‘lgan. Hayotining ko‘p qismini Hindiston, Misr, Iroq, Rossiya, Fransiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda o‘tkazadi. U misrlik Shayx Muhammad Abdo, tatar ma’rifatparvari Rizouddin ibn Faxriddin (1859–1936), afg‘on ziyolisi Mahmudbek Tarziy va turk shoiri Mehmed Amin kabilarning kamol topishida muhim rol o‘ynagan.

 

Jamoliddin Afg‘oniy

 

Jamoliddin Afg‘oniy va Muhammad Abdo o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun 1888-yili Rossiyada bo‘lib, musulmonlar bilan uchrashgan vaqtlarida faqatgina islomni isloh qilish va yangilash haqida emas, balki musulmonlarning fan va texnika yutuqlarini egallashlari haqida ham so‘zlaydilar. Jamoliddin Afg‘oniy o‘z nutqida Yevropa madaniyatini musulmon dunyosiga yuzaki joriy etishga qarshiligini aytib, Sharqning boy madaniyati va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ikkala madaniyatni bir-biriga yaqinlashtirish, shu tariqa o‘zining milliy uyg‘onishi uchun shart-sharoit yaratish kerak, deb ta’kidlaydi.

 

Jamoliddin Afg‘oniyning shogirdi Muhammad Abdo Misr muftiysi lavozimiga saylangach, islomning an’anaviy qoidalarini yangicha talqin qilish yo‘lidan borgan. Uning bu boradagi harakatlari musulmon mamlakatlarida bank tizimini joriy etish joizmi yoki gunohmi degan masala yuzasidan boshlangan munozarada o‘z aksini topgan. Muhammad Abdo 1899-yili bank omonatlari va ulardan foiz olish sudxo‘rlikka kirmaydi, u man qilingan “ribo” hisoblanmaydi, deb fatvo chiqargan. Bu fatvo mavjud moliya tizimini sarmoyadorlar manfaatiga moslashtirishni ko‘zda tutgan. Musulmon mamlakatlarida tadbirkorlikning rivojlanib borishi shariat qoidalarini ham, an’anaviy tamoyillarni ham yangicha talqin qilishga olib kelgan. Ammo Muhammad Abdoning bu fatvosi Buxoro muftilarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Jumladan, mufti Muhammad Ikrom o‘zining “Iyqozu-n-noimiyn va i’lomu-l-johiliyn” (“Uyqudagilarni uyg‘otish va johillarga bildirish”) asarida foiz evaziga berilgan har qanday pulni “ribo” deb hisoblab, Misr muftisi Muhammad Abdoning fatvosidan noroziligini aytgan.

 

Ayni shu davrda Buxoro amiri Sayyid Abdulahadxon banklar ochish hamda tadbirkorlar, savdogarlar va dehqonlarga kam foizli kredit berish tizimini joriy qilgan. Chunki hind va Buxoro sudxo‘rlari tomonidan yuqori foizli pullar berilishi barcha toifadagi kishilarning moddiy ahvoli yomonlashishiga olib kelgan edi.

 

Muhammad Abdo

 

Muhammad Abdo ijtihod huquqini[1] ilgari surib, har bir davrning shart-sharoitidan kelib chiqib islom aqidalarini talqin qilish zarur, deb hisoblagan. Ba’zi urf-odatlar va ta’qiqlarni yengillashtirishni yoqlab chiqqan. Uning g‘oyalari tatar taraqqiyparvarlari Abu Nasr Kursaviy va Shahobiddin Marjoniy g‘oyalari bilan uyg‘un bo‘lib, Buxoroda ham keng tarqalgan.

 

Muhammad Abdo tomonidan Al-Azhar universitetining qayta tashkil etilishi va undan keyingi davrlarda ham Misr ma’rifatparvarlarining tashabbusi bilan dunyoviy ilm beruvchi oliygohlarning tashkil etilishi Turkiston taraqqiyparvarlari tomonidan e’tirof etilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy maqolalarida ham Misrdagi ta’lim islohotlari tilga olingan, iste’dodli yoshlarning oliy ta’lim uchun yuborilishi zarurligi ta’kidlangan. U “Ta’mini istiqbol” maqolasida: “Hozirgi madrasalarda sarfi va nahfi arabiy o‘qigan talabalardan Turkiston va Buxoroni har bir shahridan aqal martaba to‘rt nafardan Misr ul-Qohira tahsili ilmi diniy va falsafai zamoniy va adabiyoti arabiy uchun yubormoq kerak. Va bular Misrda uch yil muddat tahsili ilmg‘a mashg‘ul bo‘lub, so‘ngra vatanimizg‘a kelib, ilmi kalom, tafsir, hadis, adabiyoti arabiya va aqliyoti zamoniya ta’limiga qo‘shish qilsinlar”, deb uqtirgan.

 

Buxoroda chop etilgan “Buxoroi sharif” va “Turon” gazetalarida Misrdagi taraqqiyot, islom davlatida dunyoviy fanlarning keng o‘qitilishining yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatuvchi qator maqolalar chop etilgan. “Turon” gazetasida chop etilgan Mirzo Jalol Yusufzodaning “Ibrat” sarlavhali maqolasida Misrning qadimdan ilm yeri ekani, Al-Azhar dorulfununida yuzlarcha mudarris va 10–15 ming nafar talaba tahsil olayotgani, xalqning kuchi bilan millionlab pul sarflab yangi oliygohlar qurilayotgani, dorulfununlarda dunyoviy fanlarga keng o‘rin ajratilgani, G‘arb davlatlaridan ortda qolib ketmaslik va mamlakatni taraqqiy ettirish uchun misrliklar bu yo‘lni tanlaganlari yozilgan. Maqola muallifi “Misrlilarning jadvallarida berilgan ilm va fanun (qonun)dan xabarsiz qavm va millat jamiyat bashariya to‘fonda qatorinda hisob qilinmaydur. Mana shul sababdan misrlilar o‘zlarini bashariyat huzuriga isbot qilmoq uchun bu qadar g‘ayrat qilibdurlar. Misrlilar bu g‘ayrat fidokorliqlari ilan yang‘i bir ish qilmabdurlar, balki, o‘zlarining va umummusulmonlarning g‘ayib qilgan va yo‘qotgan narsalarini topubdilar. Chunki, musulmonlar bundan 4-5 yuz yil avval shundayin ilm va fanlar tahsil qila edilar. Va mundayin madrasalarga molik edilar. Bu kun Misrda aholining hamiyati ilan barpo bo‘lgan dorilfununlardek dorilfununlar va dorilulumlar islom hukumatlari  tarafindan bino qilingan edi”, deb turkistonliklar va buxoroliklarni misrliklardan o‘rnak olishga chaqiradi.

 

Misrda XIX asr boshlaridayoq maktab ta’limini isloh qilish uchun boshlangan harakatlar, asr oxiriga kelib madrasa tizimini o‘zgartirish zaruratini ko‘rsatgan. Misrning markaziy shaharlarida diniy va dunyoviy bilim beruvchi dorilfununlarning tashkil etilishi natijasida yangi usul maktabi bitiruvchilari istagan yo‘nalishlarida oliy ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lganlar hamda Misr davlatining ishlab chiqarish hamda sanoat sohasida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘ldirib borganlar. Bu paytda butun Turkistonda dunyoviy bilimlarni o‘rgatuvchi birorta oliy ta’lim muassasasi yo‘q edi. Tibbiyot tabiblikka, sanoat va ishlab chiqarish esa qo‘l mehnatiga asoslangan edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitratlar Misrning zamonaviylikka intilayotganini, mamlakat taraqqiyoti ilm-fanni rivojlantirish bilan belgilanishini mutaassib ulamolar va xalqqa tushuntirishga harakat qilganlar. Turkistonda ham dorilfununlar, dorilmualliminlar ochilishini orzu qilganlar. Iste’dodli yoshlarni Misrga borib diniy va dunyoviy bilim olishga da’vat etib, o‘qish istagida bo‘lganlarga homiylik qilganlar.

 

Jamoliddin Afg‘oniy va Muhammad Abdoning islom dini islohiga oid qarashlari Turkiston taraqqiyparvarlari nashri “Al-Isloh” jurnalida tahlil qilingan bo‘lsa, diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlarni chuqur o‘rganish,  maorif va ta’lim-tarbiya ishlarini tubdan yaxshilash, gazeta va jurnallar nashr qilish, fan va texnikani o‘rganish, Yevropa davlatlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi jipslashish, davlat boshqaruvidagi monarxiya tartiblaridan voz kechish haqidagi g‘oyalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Nosirxonto‘ra Komilxonto‘ra o‘g‘li va boshqalar tomonidan o‘rganilgan hamda Turkiston jamiyatida targ‘ib qilingan.

 

Namangan jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakili, davlat va jamoat arbobi, milliy istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahnamosi Nosirxonto‘ra Sayid Komilxonto‘ra o‘g‘liga bu ikki shaxs g‘oyalari sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. U 1913-yildan jadidchilik harakatida faol qatnashgan. 1915-yili Nosirxonto‘ra Sayid Kamolxonto‘ra o‘g‘liga orenburglik taraqqiyparvarlar Muhammad Vali va Ne’matulla Hazrat Jamoliddin Afg‘oniy hamda Muhammad Abdolarning Istanbulda nashr qilingan asarlarini yetkazganlar. Bu kitoblar bilan tanishib chiqqan Nosirxonto‘ra Sayid Kamolxonto‘ra o‘g‘li Muhammad Vali va Ne’matulla Hazratlar  bilan yozishmalar olib borib, fikr almashgan. Nosirxonto‘ra Sayid Kamolxonto‘ra o‘g‘li Jamoliddin Afg‘oniy va Muhammad Abdolarning islom dini sofligini asrash borasidagi fikrlari, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotni isloh qilishga oid qarashlari Turkiston uchun ham zarurligini uqtirib, uni targ‘ib qilishga harakat qilgan.

 

Turkiston va Misr taraqqiyparvarlarining oila va xotin-qizlar masalasidagi qarashlari ham turlicha bo‘lgan. Jumladan, Jamoliddin Afg‘oniy hamda Muhammad Abdo izdoshlaridan bo‘lgan Qosim Amin (1865–1908) asosiy e’tiborini ayollarning ijtimoiy mavqe, ta’lim olishi va oiladagi nufuziga qaratgan. U ayollar masalasini islom dinini isloh qilish nuqtai nazaridan keng yoritib bergan. Sharq mamlakatlarida ayollarning o‘ranib yurishi masalasi, ta’lim olishi yuzasidan mavjud muammolarga islom dini sababchi emasligini Qur’oni karim va hadislardan iqtiboslar keltirib isbotlashga harakat qilgan.