Anton Chexov jahon adabiyotida nufuzli o‘ringa ega. Uning qanday yozuvchiligini asarlari aytib turibdi. Buyuk adib shaxs sifatida ham o‘rnak bo‘larli fazilatlarga ega edi.
Bu o‘rinda yozuvchi qalamiga mansub bir xatga e’tibor qaratmoqchimiz. Chexovning akasi Nikolay iste’dodli rassom edi. Biroq qat’iyatsizligi, ichkilikka mukkasidan ketgani sabab o‘zini o‘zi xarob qilib borardi. Adib u haqda: “Millatning kuchli bir iste’dodi o‘lyapti, hech bir sababsiz o‘lyapti”, degandi nadomat bilan. Yozuvchi akasining zaif tomonlarini bilar va uni o‘ylab hamisha qayg‘urardi.
Chexov akasiga bir xat yozadi. Maktubdagi fikrlar bevosita siz-u bizga tegishli bo‘lmasa-da, unda katta ibrat bor.
***
“Seni “tushunishmayotgani”dan menga tez-tez nolib turarding. Bu masalada hatto Gyote ham, Nyuton ham arz-dod qilmagan… Seni juda yaxshi tushunishadi… Agar sen o‘zingni o‘zing tushunmasang, bu boshqalarning aybi emas…
Ukang va yaqin kishing sifatida ishontirib aytaman: men seni tushunaman va holatingni ich-ichimdan his qilib turaman… Barcha yaxshi sifatlaringni besh qo‘limday bilaman, ularni qadrlayman va chuqur hurmat bilan qarayman. Xohlasang, seni tushunishimni isbotlash uchun bu sifatlarni sanab berishim mumkin. Menimcha, o‘ta darajada mehribonsan, olijanobsan, xudbinliging yo‘q, oxirgi noningni ham birov bilan baham ko‘rasan, samimiysan; hasad va nafratdan yiroqsan, ochiqko‘ngilsan, odamlarga ham, jonivorlarga ham shafqatlisan, birovning ustidan kulmaysan, kin saqlamaysan, ishonuvchansan… Senda boshqalarda yo‘q katta ustunlik bor: iste’dodlisan. Bu iste’dod seni millionlab kishilardan baland ko‘taradi. Chunki Yer yuzida har ikki million kishiga bitta rassom to‘g‘ri keladi…
Iste’dod seni o‘ziga xos vaziyatga qo‘yadi: hatto qurbaqa yoki o‘rgimchak bo‘lsang ham, seni hurmatlayverishadi. Chunki iste’dod egasining ayblaridan ko‘z yumiladi. Sening bittagina aybing bor. Yolg‘on tayanching ham, baxtsizliging ham, boshog‘riqlaring ham shundan. Haddan ortiq tarbiyasizsan. Kechirasan-u, lekin to‘g‘risiyam shu. Gap shundaki, hayotning o‘z qonun-qoidalari bor… Madaniyatli davrada o‘zingni erkin his qilishing, unda begona va ortiqcha bo‘lmasliging uchun ma’lum shaklda tarbiyalangan bo‘lishing kerak. Iste’dod seni shu muhitga olib kiradi, sen unga mansub bo‘lasan. Va o‘z navbatida seni bu muhitdan tortadi ham, sen madaniyatli kishilar va ko‘cha odamlari orasida muvozanat saqlay bilishing kerak…
Iste’dodlari bo‘lsa, uni hurmatlaydilar. Uni deb huzur-halovat, aysh-ishrat, ichkilik va maishatlardan voz kechadilar.
Kunduzi ham, kechqurun ham to‘xtovsiz ishlash, tinmay o‘qish, sinchiklab o‘rganish, irodali bo‘lish kerak. Har bir soat oltinga teng… Yakimankaga borish va qaytib kelish foyda bermaydi. Bariga qat’iyat bilan tupurish va qo‘l siltash zarur… Biznikiga kel, aroq shishangni sindir-da, yotvolib o‘qi. Hech qursa Turgenevni, axir uni o‘qimagansan-ku…
Tarbiyali odamlar, fikrimcha, quyidagi talablarga javob berishi kerak:
Ular insonni hurmat qiladi, shu sababli hamisha iltifotli, muloyim, xushmuomala, murosali… bo‘ladi. Ular bolg‘acha yoki yo‘qolgan o‘chirg‘ich sababli janjal ko‘tarmaydi; birov bilan yashab, keyin buni ta’na qilmaydi, ketayotib: “Siz bilan yashab bo‘lmaydi!” demaydi. Ular shovqin, sovuq, ko‘p qovurib yuborilgan go‘sht, ovqatning tuzi o‘tkirligi yoki uyida mehmonlar borligi tufayli g‘azabga minmaydi…
Ular faqatgina kambag‘allar yoki qarovsiz mushuklarga achinmaydi. Ular oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan narsalar uchun ham qayg‘uradi…
Ular o‘zlarini madaniy tarbiyalab boradi. Kiyimini alishtirmay uxlamaydi, uylarini taxtakanaga to‘ldirmaydi, yoqimsiz havodan nafas olmaydi, isqirt polda yurmaydi, kerasinkadan ovqatlanmaydi…
Ular mayda-chuyda narsalarga berilmaydi. Mashhurlar bilan tanishish, salonda duch kelgan odamni hayratlantirish, qovoqxonalarda dong taratish bilan mashg‘ul bo‘lmaydilar.
Ularning yuragi toza, yolg‘on gapirishdan qattiq qo‘rqadilar. Hazillashib ham yolg‘on gapirishmaydi. Yolg‘on tinglovchiga haqorat bo‘lib tushadi va uning nazarida so‘zlovchini qadrsizlantiradi. Ular o‘zini ko‘z-ko‘z qilmaydi, ko‘chada ham o‘zini yaxshi tutadi, birodarlarining ko‘ziga kul sochmaydi. Ular vaysaqi bo‘lmaydi, so‘ralmagan paytda hamma narsani ochiq-oydin gapiravermaydi… Begona quloqlar hurmati uchun ko‘pincha sukut saqlaydilar.
Ular birovning mulkini hurmat qiladi, shu bois qarzlarini qaytaradi.
Boshqalarning rahmini keltirish yoki yordam olish uchun o‘zlarini yerga urmaydilar. O‘zining ko‘ngilxushligi uchun birovlarning tuyg‘ularini o‘yin qilmaydilar. Hech qachon “Meni tushunishmayapti!” demaydilar.
Va hokazo. Xullas, tarbiyalanganlar shunday bo‘ladi… Tarbiyalanish va o‘zing kirgan muhit darajasidan tubanda qolib ketmaslik uchun faqatgina Pikvikni o‘qish va “Faust”dan parcha yodlab olish kifoya qilmaydi. Yoki izvoshga o‘tirib Yakimankaga yo‘l olish, bir haftadan so‘ng u yerdan ham bartaraf bo‘lish yetarli emas…”
Anton CHEXOV
Moskva, 1886.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi.
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q