Orol dengizi aslida koʻl boʻlib, havzasining ulkanligi (kengligi 690 ming km2, suvining sigʻimi 1000 km3) uchun dengiz deb atalgan. Suvsiz quruq choʻl – Turon pasttekisligi oʻrtasida ulkan havza, oroldek boʻlib turganidan turkiy elatlar bu koʻlni Orol deb atashgan. Chindan‑da, Orol – turk va moʻgʻul tillarida “orol, dala-qirdagi oʻrmonli orol”; “daryo va koʻllar qirgʻogʻidagi butalar boʻlgan changalzor, oʻrmon”ni anglatadi[1]. Shuningdek, moʻgʻul tilida orol – “daryo”ni-da bildirgan. Tilshunos E.V.Sevortyan orol / aral soʻzidagi ar oʻzagini “suv”dan kelib chiqqan deb qaraydi, bunga koʻplab oʻrnaklar qatorida vengercha ar – “oqim”ni bildirishini keltiradi[2]. Taniqli geograf, toponimist E.V.Murzayev bu maʼlumotga qoʻshimcha qilib orol soʻzi turkcha ar – “ajratmoq”, “boʻlmoq”; ara – “ora, oraliq, ikkita obyekt oʻrtasidagi chaqirim, uzunlik” anglamidagi oʻzakdan kelib chiqqan boʻlishi kerakligini ilgari surgan[3].
Orol dengizida umumiy 300 dan ortiq yarim orol va qoʻltiqlar boʻlgan. Deylik, uning shimoliy qirgʻoqlarida eng katta qoʻltiqlaridan Chernishev, Paskevich, Sari-chigʻanoq, Perovskiy, janubi-sharqiy va sharqiy qirgʻoqlarida Tushbas, Ashshi-bas, Oqsagʻa, Suluv va b., Amudaryo bilan Sirdaryoga quyiladigan yerlarida esa Aji-boy, Tolliq, Jiltirbas qoʻltiqlari, Qulonli va Moʻynoq kabi yirik yarim orollari boʻlgan. Demak, bu tegrada orol, orolcha va yarim orollar koʻp boʻlganidan u “Orol” deb atalgan ekan. Biroq eng eski chogʻlardan Orol dengizi yoki koʻli shunday atalganmi? Quyida VI asrdan to XVIII asrgacha boʻlgan kezlarda Orol dengizi toʻgʻrisida birmuncha maʼlumotlar uchraydigan yunon, xitoy, arab va fors tillaridagi manbalar koʻzdan kechiriladi.
Yunon manbalari. Vizantiya elchisi Zemarx (568-y.) va uning yoʻldoshlari Turk xoqonligi Gʻarbiy qanoti xoqonlari qarorgohi boʻlmish Ek‑togʻ[4] va Talas shahridan ortga qaytayotganlarida Xoliatlar (Xorazm) oʻlkasiga kelishadi. Zemarxning aytishicha, Xoliatlar oʻlkasining hukmdori Istemi yabgʻudan Vizantiyaga elchisini yuborish, buyuk imperiyani oʻz koʻzlari bilan koʻrib kelishlari uchun izn olgan. Istemi Xoliatlardan boshqa hukmdorlarga esa rad javobini bergan.
Xorazm elchilari bilan birgalikda Zemarx va uning yoʻldoshlari Oix daryosi (Amudaryo yoki Sirdaryo)ni kechib oʻtib, uzoq yurishgach, keng va suvi koʻp koʻl (yunoncha λίμνη)ga yetib kelishadi. U yerda Zemarx 3 kun boʻladi, Georgiy ismli qisqa xabarlarni yetkazuvchi yoʻlchilaridan birini Vizantiya imperatori (yunoncha vasilevs)ga oʻzining qaytib kelayotganini yetkazish uchun yuboradi. Georgiy 12 ta turk bilan birga Vizantiya tomon suvsiz va kishilarsiz, biroq qisqa yoʻl orqali ketishadi. Zemarx esa koʻlning qumli sohili boʻylab 12 kun ichida yoʻl bosib, oʻtib boʻlmas yerlardan oʻtib, Ixa (Emba daryosi boʻlishi kerak) irmogʻiga yetib keladi[5]. Umuman, Zemarxning Orol toʻgʻrisidagi maʼlumotlarida biroz chalkashliklar bor. Shunga qaramay, A. Gumboldt, V. Bartold va boshqa koʻzga koʻringan olimlar Zemarx tilga olgan ulkan λίμνη – “koʻl” aslida Orol dengizi boʻlishi kerakligini ilgari surishadi[6].
Zemarxdan soʻng oradan 1200-yillar oʻtib boshqa bir yunon sayyohi Vasilio Vattatse oʻzining 1727-yili Oʻrta Osiyoga qilgan sayohatida Orol toʻgʻrisida qiziq bilgilar yozib qoldirgan. Vasilio Vattatse (Basilio Battatzi) Konstontinopoldagi xristian cherkovi kohinining oʻgʻli boʻlib, savdo-sotiq ishlari bilan koʻp shaharlarda boʻlgan. U savdogarlik bilan birga diplomatik missiyani ham oʻtagan. Sayohatga va oʻtmishga boʻlgan qiziqishlari tufayli koʻp yillar Yevropa va Osiyodagi turli yurtlarda boʻladi[7]. Ana shu sayohatlariga tayanib, V. Vattatse yunonchada “Sayohatnoma” yozib qoldirgan, u 1886-yilda E. Legran tomonidan chop etilgan[8].
V. Vattatsening Yevropa ilm-fani oldidagi eng birinchi xizmati shuki, sayyoh Markaziy Osiyoda Orol dengizining borligini Yevropaga ilk bor tanitgan edi. Uning “Sharta, in qua cruditis spectanda exhibeteur pas Asiae […] Tabula Maris Caspii et Maris Aral” (London, 1732 g.) otli xaritasi fanda oʻzgacha oʻrin tutadi[9]. Lotin va yunonchada koʻplab bilgilar berilgan bu xaritadagi yozuvlarning asl nusxasi Qirollik Geografiya Jamiyatida (The Royal Geographical Society, mrAsia Div. 464), uning chop etilgan nashri Londondagi Britaniya kutubxonasining kartografiya boʻlimida saqlanmoqda (The British Library, Maps, Kingʻs Topographical Collection, 114, 53). Vatache xaritasida Kaspiy dengizi, Orol dengizi, koʻllar, daryolar, togʻlar va yer otlari koʻrsatilgan. Shu bilan birga, bu yerda yashovchi xalqlar va koʻchmanchi qabilalar otlari toʻgʻrisida soʻz borgan. Eng keraklisi, xaritada “Oʻzbekiston” atamasi tilga olingan[10].
“Sayohatnoma”da yozilishicha, V.Vattatse 1727-yilda Markaziy Osiyoga sayohat uyushtirish uchun Konstantinopoldan chiqib, Moskvaga yoʻl oladi. Soʻng u Oks (Amudaryo) va Yaksart (Sirdaryo) daryolari tomon sayohat uyushtiradi. Oʻz sayohati davomida u Orol va Kaspiy dengizlari orasida katta choʻl borligini bilgan. Ungacha esa Orol dengizi ham Kaspiy dengizining bir boʻlagi yoki koʻrfazi, deb qarab kelingan edi. V. Vattatse Orol dengizini uch bor yayov aylanib chiqib, uni oʻz xaritasiga tushirgan. Uning Markaziy Osiyoga sayohatlari 1733-yilgacha davom etgan. Quyida “Sayohatnoma”ning Orol dengizi boʻyicha berilgan parcha keltiriladi:
“... Ushbu qabilaga yonma-yon deyarli bir xil urf-odatlar, bir xit til va bir xil dinga eʼtiqod qiluvchi, boshliq tanlashda ham yuqoridagidek boʻlgan xalq qozoqlar yashashardi. Ular qoraqalpoqlar bilan doimiy ahillikda edi. Odatda bu ikki urugʻni bitta nom – qirgʻizlar deb ham atashardi. Ular asosan Orol dengizi va Yaksart daryosi boʻylarida koʻchmanchilik qilib kun kechirishardi. Dengizning oʻng tomonida yashovchi qabilalar (bu dengiz mavjudligini ayrim odamlar bilardi) janubga yaqinroq boʻlib, ularning ildizlari tatarlarga borib taqalardi. Ularni ....... deb atashardi (bu nom dengiz nomidan kelib chiqqan, yoki aksi? Bu savolga javob topish kerak). Ular Orol dengiziga juda yaqin yerlarda oʻtovlarda, oʻz boshliqlari bilan bir qishloqda yashashardi. Ular ....ometan diniga eʼtiqod qilishardi. Bu hududning oʻng tarafida Orolga kelib quyiluvchi Oks daryosi joylashgan edi.
...Endi hikoyani davom ettirish uchun biroz ortga qaytib Astraxanga yuzlanamiz. Bu shaharni tark etgach, sayohatimiz beqiyos choʻlga duch keldi va bu choʻlda ot va tuyalardan foydalanishga majbur boʻldik.Oltmish ikki kun yoʻl yurib, nihoyat, Xivaga yetib keldik. Bunday xatarli va charchoqli sayohatni kim ham hikoya qilib beradi deysiz? Shu oltmish ikki kun ichida biz xuddi ummonda adashgandek boʻlib qoldik. Koʻzimizga faqat osmon va yer koʻrinar, daraxtlardan asar ham yoʻq: bu choʻlning adogʻi yoʻqday tuyulardi. Kunduzi quyosh bizga yoʻlboshchilik qilsa, kechalari esa samodagi yulduzlar bu ishni bajarishardi. Bu choʻlda biz son-sanoqsiz yurgan yovvoyi podalarga duch keldik. Bular: echkilar, qoʻylar, otlar, kiyiklar, undan tashqari, zaharli hashoratlar va yirtqich hayvonlar edi. Biz ketayotgan yoʻlda rovochlar ham koʻp oʻsarkan, lekin uni hech kim yemasdi.
Bunday katta sayohatda eng qiyini suv muammosi edi. Baʼzida besh-olti kunlab suvni uchratmasdik, shuning uchun, tuyalarda meshga suv solib yurardik. Mabodo falokatga uchrab yoʻldan adashadigan boʻlsak, butun karvon bunday keng sahroda suvsizlikdan halok boʻlishi aniq edi. Jonimiz sogʻ-omon boʻlsa‑da, xuddi murdalardek bir ahvolda Xivaga yetib keldik.
Yoʻlda ketayotib qalmiq qabilalarini uchratdim, ularning ayollari qurolni erkaklardek oʻynatishar, kerak boʻlsa, jangga ham kirishar ekan. Xudoni oʻzi bizni qoʻllab, xavf-xatar va yoʻqotishlarsiz bu oʻrda hududidan oʻtishimizga yordam berdi. Astraxandan joʻnab ketganimizdan olti-yetti kun oʻtgach, biz bir dengizga yaqinlashdik. Bu dengiz haqida qadimgi tarixchilar hech narsa bilishmagan, hozirgi tarixchilar ham uning mavjudligini inkor etishardi. Men Orol dengizi haqida soʻz yuritmoqchiman. Bu dengizga yetib kelganimizda, uning suvlari boshqa dengiz suvlaridek shoʻrligiga amin boʻldim. Uni aylanib chiqish uchun esa 30 kun kerak boʻlarkan. Oks va Yaksart daryolari shu dengizga quyilar ekan. Qadimgi tarixchilar aytishganidek, ular Kaspiyga quyilmas ekan. Bu ikki dengiz orasidagi masofa anchayin uzoqligiga hech qanday shubham yoʻq.
Yuqorida aytib oʻtgan Orol dengizini birinchi boʻlib Yevropaga men tanitdim, aniqlagan kashfiyotlarim natijalari Londonda joʻgʻrofiy tadqiqot olib borayotgan barcha olimlar eʼtiborini oʻziga qaratdi. Xiva tomon sayohatimiz davom etarkan, Orol boʻylab ancha kun kun yurdik. Oksning chap qirgʻogʻida yoʻlimizni davom ettirib, Xudo yordami bilan Xiva shahriga yetib keldik”[11].
Xitoy manbalari. “Shi‑szi”da berilgan Amudaryo‑Sirdaryo oraligʻidagi yerlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar u yerda boʻlgan elchi Chjan‑szyan (eradan oldingi 139-yil)ning esdaliklariga tayanib yozilgan. Chjan‑szyanning aytishicha, Yuytyan (Xoʻton)dan gʻarbdagi daryolar gʻarbga qarab oqadi va Shixay (“Gʻarbiy dengiz”)ga borib quyiladi[12]. Bu yerda tilga olingan “Gʻarbiy dengiz”ni xitoyshunoslar Orol dengizi bilan qiyoslashadi. Biroq shunisi borki, xitoy yilliklarida “Gʻarbiy dengiz” oti bilan Xitoydan gʻarbdagi har qanday dengiz yoki koʻl, aytaylik, Kaspiy dengizi, Oʻrta yer dengizi kabilar koʻzda tutilgan[13]. Matnda qaysi dengiz toʻgʻrisida soʻz borayotganini undagi geografik obyektlarning oʻrnashuviga qarab oydinlashtirsa boʻladi.
723-726-yillarda Gʻarbiy oʻlkalar (xitoycha Si‑yuy) – Sharqiy Turkiston‚ Amudaryo – Sirdaryo oraligʻidagi yerlar, Shimoliy Hindiston va Afgʻonistonga sayohat qilgan xitoy sayyohi Xuey Chao xu xalqlaridan shimolda to “Shimoliy dengiz”gacha, gʻarbda “Gʻarbiy dengiz”gacha, sharqda esa Tan imeriyasigacha boʻlgan tegralarda chorvador turk tilli elatlar yashashini yozib qoldirgan[14]. Arxeolog A.N. Bershtam “xu” atamasi ostida mintaqaning oʻtroq aholisi koʻzda tutilganini, “Shimoliy dengiz” – Orol dengizi, “Gʻarbiy dengiz” esa Kaspiy boʻlishi kerakligini yozib, Xuey Chao keltirgan bilgi koʻproq Sirdaryo boʻylarida yashovchi chorvador turklar bilan bogʻliq ekanini ilgari surgan[15].
“Sin Tan-shu”da berilgan Gʻarbiy oʻlkalar toʻgʻrisidagi bilgilar 751-yili Talas urushida qoʻlga tushgan Du-xuan otli tan askari (751-762)ning esdaliklariga tayanib yozilgan boʻlib, unga koʻra, Lin (Tangri‑togʻ) togʻidan shimolga oquvchi daryolarning barchasi turklar yeridan oqib oʻtib, Shimoliy dengizga quyiladi[16].
Ayrim olimlar xitoy yilliklaridagi Shi‑xay (“Gʻarbiy dengiz”) va Jen-xay (“Tuz‑koʻl”) oronimlarini-da Orol dengizi bilan qiyoslashadi[17]. Taniqli sharqshunos Sh.S. Kamoliddinning fikricha, Orol dengizining mahalliy oti Tuz-koʻl boʻlgan, undan xitoyliklar Jen-xay, toʻgʻrisi Tuz‑koʻl koʻrinishida olganlar, chunki XVIII asrdagi Markaziy Osiyo xaritalaridan birida Orol dengizi aynan Salt water Lake – “Tuzli suv koʻli” deb koʻrsatilgan[18]. Biroq “Hudud ul‑olam” (X asr)da qarluqlar yeridagi uzunligi 10 farsang, kengligi 8 farsang boʻlgan Tuz‑koʻli toʻgʻrisida soʻz ketib, undan qarluqlarning 7 ta qabilasi tuz olishlari yozilgan. Sharqshunos V. Minorskiy Tuz‑koʻlni Issiq‑koʻl bilan tenglashtirgan va uning yaqinidagi Tuzun‑arj otli yerni Uzun‑agʻoch deb tiklagan[19]. Aslida ham xitoy yilliklarida Issiq‑koʻl xitoycha Jen‑xay deb yuritilgan. Shuningdek, xitoy yilliklarida Lobnor koʻli ham Tuz‑koʻl (xitoycha Jen‑xay) deb atalgan. Demak, xitoy yilliklarida Orol dengizi Shi‑xay (“Gʻarbiy dengiz”), Bey‑xay (“Shimoliy dengiz”) otlari bilan yuritilgan ekan.
Arab va fors manbalari. Birmuncha keyingi chogʻlarda yozilgan arab va fors manbalarida esa Orol dengizi koʻproq “Xorazm koʻli” deb yuritilgan. Oʻrnak uchun, Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi toʻgʻrisida Ibn Rust (oʻz bitigini chamasi 903‑913-yillar orasida yozgan) anchayin keng bilgilar qoldirgan. Uning soʻzlariga qaraganda, daryoning oʻzi aylanasi 80 farsax boʻlgan koʻlga quyiladi; uning gʻarbiy qirgʻoqlari boʻylab Siyax‑kuh (Qora‑togʻ) otli togʻlar choʻzilib ketgan, sharqiy qirgʻoqlari esa botqoqlik, qalin chakalakzor daraxtlar (saksovul) bilan qoplangan. U yerga deyarli kirib boʻlmaydi, u yerdan toʻngʻizlar kirib‑chiqib ochgan tor va tekis boʻlmagan yoʻl orqali oʻtsa boʻladi. Va qirgʻoq adogʻidagi yoʻl boʻylab shimol tomon Yangi qishloqning hukmdori oʻtadi[20]. Geograf L.S. Berg oʻzining ilmiy ekspeditsiyasiga tayanib, Ibn Rust Orol dengizining sharqiy qirgʻoqlarini oʻta toʻgʻri tasvirlaganini va XX asr boshlarida ham bu yerlar arab geografi aytganidek ekanini yozadi[21].
Arab mualliflaridan al‑Balxiy, Istahriy va Ibn Xavqallarning izlanishlarida ham bir‑birini deyarli takrorlagan maʼlumotlar uchraydi. Istahriy ishini kengaytirgan geograf ibn Xavqal (X asr) oʻzining “Kitob surat al-ard”ida Xorazm koʻli toʻgʻrisida shunday yozib qoldirgan:
Xvorazm koʻli qirgʻogʻida Jagʻir Ugʻur[22] nomli togʻ bor. Uning yonida suv muzlab, yozda ham erimaydi. U yerda toʻqayzorlar bor. Menga aytishlaricha, Xvorazm koʻlining aylanasi ilm ahlining bir toʻxtamga kelgan fikriga koʻra, taxminan yuz farsaxga teng. Uning suvi shoʻr. Unda [koʻzga] koʻrinadigan [suvning] ketish yeri yoʻq. Unga Jayhun daryosi, ash‑Shosh daryosi va oʻsha yerlardagi boshqa suvlar quyiladi. U kichik boʻlsa ham, uning suvi chuchuklanmaydi, sathi esa koʻtarilmaydi. Aftidan, Allohga esa bu yaxshiroq ayon, u bilan al‑Xazar dengizi (Kaspiy) orasida suv yoʻli boʻlib, uning suvi al‑Xazar koʻlining suvi bilan qoʻshiladi. Bu haqda [ayrim] odamlar hikoya qilganlar, lekin men buning haqiqatdan shundayligiga amin boʻlmadim. Bu ikki koʻl orasidagi [masofa] yigirma marhalaga yaqin[23].
Demak, yuqoridagilardan Xorazm koʻli (Orol dengizi)ning aylanasi 80 yoki 100 farsax boʻlganini bilsa boʻladi. Shuningdek, Xorazm koʻlining suvi shoʻrligi, chunki uning ostida Xazar dengizi bilan bogʻlovchi yerosti kanali borligi toʻgʻrisidagi maʼlumot Idrisiyda ham uchraydi. Masʼudiyning “Muruj az‑zaxab” (IX asr)da Orol dengizi toʻgʻrisida shunday yozilgan:
Jayhun deb ataluvchi Balx daryosining bir qancha suv boshilari boʻlib, u Termiz, Isfayram va Xurosonning boshqa qismlari orqali oqib oʻtib, Xvorazmgacha yetib boradi hamda u yerda koʻplab kanallarga boʻlinadi. Uning qolgan suvlari esa Xvorazmning bosh shahri (Kat)dan quyidagi qirgʻogʻida Jurjon shahri bor koʻlga quyiladi. Bu yerlarda undan boshqa koʻl yoʻq; aytishlaricha, u butun dunyodagi eng katta koʻldir, chunki uning eni va boʻyiga kengligi chamasi 30 kunlik yoʻl chiqadi. Unda kemalar qatnaydi va koʻlga Jadis shahri yaqindagi Farob oʻlkasidan oqib keluvchi Fargʻona va Shosh (Sirdaryo) daryolari kelib quyiladi. Bu daryo boʻylab kemalar koʻlgacha keladi. U koʻlda koʻp masjidlarga ega turklarning Yangishahr (arabcha “al-madina al-jadida”) degan shahi [bor][24]. Bu yerda bir qismi koʻchmanchi, bir qismi oʻtroq yashovchi turklarning gʻuzz qabilasi koʻpchilikni tashkil etadi. ... ular 3 guruhga [boʻlinadi]: quyi [gʻuzzlar], yuqori va oʻrta [gʻuzzlar][25].
Maʼsudiy oʻzining boshqa “Kitob at-tanbih” ishida esa Orol va Kaspiy dengizlari oʻrtasida bogʻliqlik borligini yanglish chamalab, shunday yozgan:
Kelif daryosi nihoyat Xvorazm oʻlkasidan oqib oʻtib, Jurjon shahri yaqinidagi Jurjon deb ataluvchi koʻlga kelib quyiladi. Bu dunyodagi ulkan koʻldir. Uning eni va boʻyiga koʻndalang oʻlchami 40 kunlik yoʻl. Koʻldan Xazar dengiziga borib quyiluvchi katta daryolar oqib chiqadi. Xuddi shu koʻlga Shosh daryosi quyiladi. Ularning kemalari Barka degan katta daryo boʻylab keladi va bu daryo ham xuddi Fargʻona va Xoʻjand daryolariga oʻxshab shu koʻlga quyiladi. Bu daryo Farob oʻlkasi tomon oqadi; bu katta va tez oquvchi daryodir. Undan kemalar yuklari bilan koʻlning oʻzigacha keladi[26]. Istahriy va undan keyingi geograflar “Xorazm koʻli” (arabcha Buxayrat al‑Xarazm) deb atashgan Orolni yopiq shoʻr, tuzli koʻl deb tasvirlashgan. Istahriy Choch oʻlkasi chegaralarini tasvirlab turib, ushbu viloyatning chegaralaridan biri Choch daryosi (Sirdaryo) vodiysigacha tutashadi, oʻsha yerda u Xorazm koʻliga quyiladi deb yozib qoldirgan[27].
Markaziy Osiyodagi koʻpgina shaharlar biror-bir daryoning yaqinida boʻlgani uchun, daryo otining shaharga koʻchishi yoki daryoni uning boʻyidagi shahar oti bilan atash udumi eskidan keng yoyilgan[28]. Bu mintaqada kelib chiqishi turkcha boʻlgan toponimlarning oʻzagi koʻproq ancha yirik daryo va koʻl otlarida saqlanib qolganida ham yaxshi kuzatiladi[29]. Shu singari arab geograflaridan Ibn Hoʻrdodbeh (IX asr) Orol dengizini Kurder koʻli (arabcha buxayra) deb atagan[30]. Izlanuvchilar bu gidronimni Kerder shahri otidan olingan deb qarashadi[31]. Najib Bekranning “Jahonnoma” bitigi (XIII asr)da va undan manba oʻrnida foydalangan boshqa izlanuvchilarning ishlarida ham Orol dengizi “Xorazm koʻli” deb atalishidan tashqari Sirdaryoning quyi oqimidagi Jand shahriga nisbat berilib “Jand koʻli” deb ham yuritilgan.
Fors tilida yozilgan “Hudud ul‑olam”da esa Orol dengizi dunyoning yetti dengizidan biriga kiruvchi Xvorazm dengizi deb yuritilgan boʻlib, u Xorazm shahridan 40 farsang uzoqlikda, dengizning aylanasi 300 farsang ekani berilgan[32]. Bir soʻz bilan aytganda, Orol dengizi yunon manbalarida shunchaki “koʻl” deb, xitoy manbalarida esa geografik oʻrniga qarab – “Gʻarbiy dengiz” yoki “Shimoliy dengiz”, arab va fors manbalarida esa koʻl boʻyidagi shahar otlaridan kelib chiqib Kurder / Kerder, Jurjon, Jand deb yuritilgan boʻlsa, koʻproq voha oti bilan Xorazm deb atalgan ekan.
Munira HOTAMOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
[1] Murzayev E.M. Slovar narodnыx geograficheskix terminov. – M., 1984. – S. 42.
[2] Sevortyan E. Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazыkov (obщyetyurkskiye i mejtyurkskiye osnovы na glasnыye). T. 1. – M., 1974.
[3] Murzayev E.M. Slovar narodnыx geograficheskix terminov ... – S. 42.
[4] Turklar “Ek‑togʻ”, yunonlar esa “Oltin togʻ” deb atagan togʻ soʻnggi izlanishlarga koʻra, Tekes va Kunges daryolari havzasidagi Yulduz vodiysida joylashgan.
[5] Dobrovits M. The Altaic World through Byzantine eyes: some remarks on the historical circumstances of Zemarchusʼ Journey to the Turks (AD 569–570) // Acta Orientalia Academiae Scientiarum Hungaricae. – Volume 64 (4). – Budapest, 2011. – P. 390‑393; Jdanovich O.P. Posolstvo Zemarxa v stavku tyurkskogo kagana (Perevod i kommentarii fragmentov truda Menandra Protektora) // Zolotoordыnskiye obozreniye. – Kazan, 2014. – №2(4). – S. 16.
[6] Bartold V.V. Svedeniya ob Aralskom more i nizovyax Amudari s drevneyshix vremen do XVII veka // Sochineniya. T. 3. – M., 1965. – S. 37-38; Dobrovits M. The Altaic World through Byzantine eyes... – P. 390‑393.
[7] Leo Bagrow. History of Cartography, revised and enlarged by R.A.Skelton. Second edition. Chikago: Precedent Publishing inc., 1985. – R. 230.
[8] Voyages de Basile Vatace en Europe et Asie. Ed. by Emile Legrand. Paris: E. Leroux, 1886.
[9] Karta, di es tois filomathesi parekhetai eidein meros ti tes Asias . . . Nin proton tipois ekdotheisa parʼ ema, Basileia Batatzi . . . Scale [1: 7 500 000]; 38x32,5 cm.
[10] Kamoliddin Sh.S. Vasilio Vatachening Oʻrta Osiyo xaritasi // Moziydan sado, №4. T., 2005. – 16-17‑betlar.
[11] Voyages de Basile Vatace en Europe et Asie / Ed. by Emile Legrand. – Paris, 1886.
[12] Bichurin N.Ya. (Iakinf). Sobraniye svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena. T. 2. – M.-L., 1950. – S. 149‑150.
[13] Bichurin N.Ya. (Iakinf). Sobraniye svedeniy o narodax ... T. 2. – S. 151.
[14] Bernshtam A. N. Tyurki i Srednyaya Aziya v opisanii Xoy Chao (726) // VDI. – M., 1952. – №1. – S. 194.
[15] Bernshtam A. N. Tyurki i Srednyaya Aziya v opisanii Xoy Chao ... – S. 192‑195.
[16] Berg L.S. Aralskoye more. Opыt fiziko‑geograficheskoy monografii. – SPb., 1908. – S. 4.
[17] Kamoliddin Sh.S. Drevnetyurkskaya toponimiya Sredney Azii. – T., 2006. – S. 25‑26; Xoʻjayev A. Fargʻona tarixi. – Fargʻona, 2013. – 34‑b.
[18] Kamoliddin Sh.S. Drevnetyurkskaya toponimiya Sredney Azii ... – S. 25‑26.
[19] Hudud al-ʼAlam. The regions of the world, a Persian geography / Translated and explained by V.Minorsky. – London, 1970. – R. 54, 98.
[20] Bartold V.V. Svedeniya ob Aralskom more i nizovyax Amudari ... – S. 40‑41.
[21] Berg L.S. Aralskoye more. Opыt fiziko‑geograficheskoy monografii ... – S. 8.
[22] V.V.Bartold bu togʻni Chaqir‑oʻguz deb bergan. Qarang: Bartold V.V. Svedeniya ob Aralskom more i nizovyax Amudari... – S. 42.
[23] Ibn Xavqal. Kitob surat al-ard: Movarunnahr / Arab tilidan tarjima va izohlar muallifi Sh.S.Kamoliddin. – T., 2011. – 38‑39‑b.
[24] Yangikent Sirdaryoning chap qirgʻogʻida, Qazali (Kazalinsk)ning janubidagi Jankent xarobalari oʻrnida boʻlgan.
[25] Macoudi. Les prairies dʼor. Texte et traduction C.Barbier de Meynard. T. 1. – Paris, 1861. – P. 211-212.
[26] Berg L.S. Aralskoye more. Opыt fiziko‑geograficheskoy monografii ... – S. 9.
[27] al-Istaxri. Kniga putey i gosudarstv (Kitab masalik al-mamalik) (persidskiy perevod) // Materialы po istorii kirgizov i Kirgizii. – M., 1973. – S. 258.
[28] Murzayev E.M. Toponimika Sinszyana // Geograficheskiye nazvaniya. – M., 1962. – S. 124.
[29] Murzayev E.M. O proisxojdenii geograficheskix nazvaniy // Priroda. – 1956. – №7. – S. 40; Guliyeva L.G. Tyurkskaya gidronimiya Kubani // ST. – Baku, 1976. – №2. – S. 50.
[30] Ibn Xordadbex. Kniga putey i stran / Perevod s arabskogo, kommentarii, issledovaniye, ukazateli i kartы N. Velixanovoy. – Baku, 1986. – S. 136.
[31] Kardar/Kurdar – Amudaryoning oʻng qirgʻogʻida, bugungi Kegaylidan 10 km gʻarbda Hayvonqalʼa nomli shahar xarobasi oʻrnidagi shahar.
[32] Hudud al-ʼAlam. The regions of the world, a Persian geography / Translated and explained by V.Minorsky. – London, 1970. – R. 53.
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q